4.2 Jurnalist Huquqlari
1-modda. Ommaviy axborot vositalari
Ommaviy axborot vositalari deganda gazetalar, jurnallar, teleko‘rsatuv va radioeshittirish programmalari, hujjatli kino, ommaviy axborot tarqatishning boshqa davriy nashrlari tushuniladi.
Matbuot, televideniye va radio, boshqa ommaviy axborot vositalarining tahririyatlari muayyan ommaviy axborot vositasining vakili hisoblanadilar. Tahririyat o‘z Ustavi asosida ish olib boradigan yuridik shaxsdir. Tahririyat iqtisodiy mustaqillik asosida xo‘jalik faoliyatini yuritishi mumkin.
2-modda. So‘z erkinligi va ommaviy axborot vositasi
O‘zbekiston Respublikasida barcha ommaviy axborot vositalari erkindir.
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida har bir fuqaroning so‘z erkinligiga, ommaviy axborot vositalarida chiqish, o‘z fikri va e’tiqodini oshkora bayon etish huquqiga kafolat beradi.
Ommaviy axborot vositalari axborotni izlash, tanlash, qabul qilish va ommalashtirishda qonunga muvofiq ish olib boradilar.
Ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
3-modda. Ommaviy axborot vositalarining tili
Ommaviy axborot vositalari o‘z faoliyatlarini O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni asosida olib boradilar. Jumhuriyat fuqarolarining o‘z ona tillarida axborot olish va axborot berish huquqlariga kafolat beriladi.
4-modda. So‘z erkinligini suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘yilmasligi
Ommaviy axborot vositalaridan davlat sirini yoki qonun bilan maxsus saqlanadigan o‘zga sirni ochish, mavjud davlat tuzumi va ijtimoiy tuzumni zo‘rlik bilan ag‘darib tashlashga yoki o‘zgartirishga da’vat qilish, urushni, zo‘ravonlik, shafqatsizlikni, irqiy, milliy, diniy ustunlikni targ‘ib etish, sharmsiz suratlar tarqatish uchun, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa xatti-harakatlarni qilish maqsadida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Fuqarolarning shaxsiy hayotiga o‘zlarining ruxsatisiz aralashish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanish taqiqlanadi hamda qonunga muvofiq jazolanadi.
Prokuror yoki tergovchining yozma ruxsatisiz dastlabki tergov materiallarini e’lon etish, nomini ko‘rsatmaslik sharti bilan ma’lumot bergan shaxsni aytish (sud oshkor etishni talab qiladigan hollar bundan mustasnodir), balog‘atga yetmagan qonunbuzarning shaxsini uning roziligisiz yoki uning qonuniy vakili roziligisiz oshkor qilish, muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib shu ishni sudda ko‘rib chiqish natijalarini oldindan aytish yoki o‘zgacha yo‘l bilan sudga uning qarori yo hukmi qonuniy kuchga kirmay turib ta’sir ko‘rsatish man etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |