Mavzu: maxsus (psixologiya) fanlarini o‘qitish jarayonida qo‘llaniladigan ta’lim shakllari reja
Interfaol ma’ruza va unga qo‘yiladigan talablar
Download 107.62 Kb.
|
2-маъруза
Interfaol ma’ruza va unga qo‘yiladigan talablar
Ta’lim tizimi taraqqiyotining zamonaviy jihati talabalarning ijodiy va mustaqil idrok etish faoliyatini takomillashtirishni talab qiladi. Bu o‘qituvchining ma’ruzaga tayyorlanishi quyidagi masalalarni yechishga qaratilgan bo‘lishi lozimligini bildiradi: materialni talqin qilish va tizimlashtirish, uni tinglovchilarga yetkazib berish, eng asosiysi ularni faol fikrlashga jalb etish. Interfaol ma’ruzaga qo‘yiladigan asosiy talablar quyidagilar: muammolilik, ichki muloqot; izchillik, tizimlilik; aniqlik, ziddiyatsizlik; isbotlay olishlilik; o‘quv materialining verbal, abstrakt (mantqiy strukturalar, matematik modellar va h.k.), obrazli (rasmlar, sxemalar), emotsional (o‘qituvchining holati) birligi. An’anaviy ma’ruza o‘quv materialini reproduktiv bayon qilishga asoslangan bo‘lib, u turli xildagi informatsion-retseptiv metodlar yordamida amalga oshiriladi. Biroq e’tiborni muammoli, muloqotli, shaxsga qaratilgan bayon kabi produktiv metodlarga qaratish zarur. Xuddi shu metodlar ma’ruza o‘qishda talabalarni faollashtiradi. Ma’ruza darsida talabalarni faollashtirishning boshqa yo‘llari ham bor. U talabalarning ma’ruzaga tayyorgarligini tashkil qilishdan iborat. Bizga ma’lumki didaktikada ikki xil o‘quv-bilish faoliyati mavjud: reproduktiv va produktiv. Bularga mos ravishda ikki xil axborotni ajratish mumkin: nusxalanadigan va bashorat qilinadigan. Nusxalanadigan axborot talabalar tomonidan tayyor holda o‘zlashtiriladi. Uning manbai o‘quv materiali asosan tushuntiruv-illyustrativ usulda bayon qilingan kitoblar (o‘quv qo‘llanma, darslik va h.k.) dan iborat bo‘lib, talaba ularni mustaqil ravishda kamida birinchi va ikkinchi daraja (bilish va takrorlab berish) da o‘zlashtirishi lozim bo‘ladi. O‘qituvchining vazifasi esa mustaqil o‘qish uchun axborot manbalarini metodik jihatdan to‘g‘ri tanlashdan iborat bo‘ladi. Bular birinchi qadamdir. Ikkinchi qadam nusxalangan axborotdan bashorat qilinuvchi axborotga o‘tishdir. Bashorat qilinadigan axborot – talaba tomonidan u aytilmasdan oldin hosil qilinadigan axborot bo‘lib, talaba ongida bilimlarni va ularni olish yo‘llarini quradi. Bu qadamni amalga oshirish uchun o‘qituvchi talabalar diqqatini navbatdagi ma’ruza mashg‘ulotida ko‘riladigan muammoga jalb qiladi (ilgarilab o‘qitish tamoyili). Eng asosiysi – muammolarni to‘g‘ri ajrata olish, belgilash va shakllantirishdir. Shunday qilib, o‘quvchi ma’ruzadan oldin o‘qituvchi bergan vazifani bajarish vaqtida, ma’lum materialni biladi (reprodutsirlangan axborot) va ma’ruzada belgilangan muammolar haqida ham ma’lumotga ega bo‘ladi (bashorat qilinadigan axborot). Ravshanki, bunday vaziyatda o‘qishga kuchli intilish - motivatsiya paydo bo‘ladi. Talaba o‘qituvchi tomonidan muammoning yechimi qanday berilishini va uning xayolidagi yechimga qanchalik mos kelishiga qiziqadi. Shunday ma’ruzalarda talaba va ma’ruzachi teng huquqli hamkorlar kabi bo‘lishadi. U ichki muloqotga asoslangan bo‘ladi. Bu ma’ruzada o‘rganish samaradorligini oshiradi. Qanday qilib ma’ruzaga samarador tayyorlanish mumkin? O‘qituvchini ma’ruzaga tayyorlanishining quyidagi evristik algoritmini keltiramiz: 1) ma’ruzaning mavzusini belgilab olish; 2) ishchi reja tuzish; 3) ishchi rejaga asosan adabiyotlarni qarab chiqish, buning natijasida ishchi konspekt tuziladi. 4) ishchi konspektga asosan ma’ruzaning predmet rejasini tuzish. U mavzuning aniq nomi, tayanch tushuncha va atamalarni, ma’ruza rejasini o‘z ichiga oladi. Rejaning har bir punkti tezis ko‘rinishida tasvirlanishi kerak (tezis uch qismdan iborat bo‘ladi: so‘z yuritilayotgan ob’ekt – nima haqda so‘z boradi; predikat – u haqda nima deyiladi; ob’ekt va predikatning aloqasi); 5) ma’ruza matnini tuzish, xuddi shu narsa mazmun mantig‘ini ochib beradi. Mashg‘ulotlarda ma’ruza matnidan foydalanmagan ma’qul, u yordam bermaydi, balki o‘qituvchini auditoriyadan chalg‘itadi. qo‘zg‘aluvchan reja tuzish. Ana undan ma’ruzada foydalanish mumkin va zarur. Qo‘zg‘aluvchan reja asosiy va qo‘shimcha axborotni aniqlab beradi, zaruriyat tug‘ilsa o‘quv materialini oson o‘zgartirish imkonini beradi. Ma’ruzani qanday o‘qish kerak? Ma’ruza o‘qiganda o‘qituvchi eng avvalo o‘rganilayotgan materialga o‘z munosabatini, o‘z nuqtai nazarini ifodalashi lozim. Ma’ruzani o‘qib berish kerak emas. Eng yaxshisi materialni oddiy so‘zlashuv tezligida bayon qilish va yozib olish uchun asosiy fikrlarni ajratish ma’qul. Interfaol ma’ruza tashqi tomondan monologik bo‘lsa ham, aslida dialogikdir, ya’ni o‘qituvchi o‘qilayotgan materialga talabalarning diqqatini, ularning kayfiyatlarini, munosabatlarini his qilishi zarur. Xuddi shu narsa teskari aloqani hosil qiladi va o‘qituvchiga o‘quv jarayoniga tuzatish kiritish imkonini beradi. Talabalarning ma’ruza mashg‘ulotida ishlashlari murakkab jarayon bo‘lib, u uchta faoliyatni o‘zida mujassamlashtiradi: eshitish, anglash, yozib borish. Eshitish jarayonini optimallashtirish mumkin, agar: notiq ma’ruzasidagi asosiy joylar fikran ajratib olinsa; ma’ruzada yoritilayotgan asosiy holatlar joriy va bosqichma-bosqich tahlil va sintez qilinsa; o‘qituvchi aytmoqchi bo‘lgan gapni oldindan bilib olishga harakat qilinsa; ma’ruzani oxirigacha diqqat bilan eshitishlariga erishilsa. Talabalarni asosiy joylarni ajratib olishga o‘rgatish uchun, eng avvalo ularning diqqatini shunday joylarni aniqlab beradigan kirish jumlalariga qaratish zarur. Joriy va bosqichma-bosqich tahlil o‘quv materialini bayon qilish mantig‘i va tizimini his qilishga imkon beradi. O‘qituvchi nutqini oldindan bilish esa diqqatni tashkil qilish vositasi hamda o‘quv materialrini anglash va boshlang‘ich yodda saqlab qolish usuli hisoblanadi. Agar o‘qituvchi aytayotgan narsa qiziqish uyg‘otsa, unda o‘z-o‘zidan navbatdagi fikrni topish istagi tug‘iladi. Agar mana shunga muvaffaq bo‘linsa, u holda yodda saqlash va o‘quv materialining umumiy o‘zlashtirishi yaxshilanadi. Ma’ruzani oxirigacha diqqat bilan eshitishni hosil qilish uchun talabaga iroda omillarini ishga tushirishga, o‘z-o‘zini ishontirish va o‘z holatini boshqarish uslublaridan foydalanishga yordam berish zarur. Agar talaba ma’ruzani konspekt qilib borsa, tinglash natijasi yanada samarador bo‘ladi, Ma’ruzani yozishda daftar chetidan xoshiya qoldirish zarur. U yerga talaba o‘z fikrlarini, paydo bo‘lgan savollarni, tavsiya etiladigan adabiyotlarni, ma’ruzaning u yoki bu qismini mustaqil qayta ishlashi uchun vazifani, zarur chizma, rasm, sxema va h.k.larni yozib borishi mumkin. Ma’ruzani konspekt qilish vaqtida satrlar orasida joy qoldirsa foydali bo‘ladi. U boshlang‘ich matnga bir nechta qator qo‘shish, tagiga chizish, asosiysini ajratib olish uchun xizmat qiladi. Asosiy axborotni to‘liq, yordamchi axborotni esa qisqacha yozish mumkin, ya’ni ma’ruza yozishda filtrlash va matnni siqish uslublaridan foydalanish ma’qul. Konspektni puxta yozib borish uchun tez yozish uslublarini egallash foydali bo‘ladi. Bu uslublarning asosi – shartli belgilardir (ierogriflar, piktogrammalar, ramzlar, kvantorlar va h.k.). Talabalarning konspekt bilan ishlashlarini quyidagi algoritmga keltirish mumkin: o‘qilgan narsani anglash uchun ma’ruza materiallarini bir necha marta takrorlash kerak (birinchi besh soatda, ertasiga va bir sutkadan so‘ng va h.q.); daftar xoshiyasiga qo‘yilgan barcha vazifa va belgilarni ishlab chiqish; yozuvlarni texnik qayta ishlash (tagiga chizish, asosiysini ajratish, xulosa, isbot, ma’ruzaning har bir savolini mantiqiy jihatdan yoritilishini belgilash); ma’ruza matnini kitob bilan solishtirish; ma’ruza matnini aynan takrorlash. Download 107.62 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling