Bintli bog‘lamlar
Bintlar ingichka (3–5–7 sm), keng (15–16 sm) va o‘rtacha (10–12 sm) bo‘ladi. Ingichka bintlar qo‘l va oyoq barmoqlarini; o‘rtacha bintlar boshni, panjalarni, bilakni, oyoq panjasini, boldirni; keng bintlar ko‘krak qafasini, ko‘krak bezlarini va sonni bog‘lashda ishlatiladi.
To‘g‘ri qo‘yilgan bintli bog‘lam desmurgiyaning quyidagi asosiy talablarini qondirishi kerak:
– tananing kasal qismini to‘liq yopishi;
– qon va limfa aylanishini buzmasligi;
– bemor uchun qulay bo‘lishi;
– imkoniyat boricha estetik jihatdan chiroyli bo‘lishi lozim.
Bintli bog‘lamlarni qo‘llashning asosiy qoidalari
1. Kasalni shunday o‘tqazish yoki yotqizish kerakki, bintlanayotgan
tana qismi harakatsiz va bintlashga qulay bo‘lsin.
2. Bintlayotgan odam bemorning yuziga qarab turishi kerak va u bintlash vaqtida kasalni vizual kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lsin.
3. Bintlash doimo periferiyadan markazga (quyidan yuqoriga) qarab amalga oshiriladi.
4. Bintlash o‘ng tomondan chap tomonga qarab soat strelkasiga qarama- qarshi amalga oshiriladi.
5. Bintlash birinchi mustahkam aylana qo‘yishdan boshlanadi.
6. Keyingi har bir aylanish avvalgi aylanishning yarmini yoki uchdan birini berkitishi kerak.
7. Bint o‘ramini bintlanayotgan yuzada g‘ildiratib, undan ko‘tarmay aylantirish kerak.
8. Bintlash ikki qo‘llab amalga oshiriladi: bir qo‘l bilan bint o‘ramini g‘ildiratish, ikkinchi qo‘l bilan o‘ralgan bintni tekislab turish kerak.
9. Bintni bir xilda tortish kerak, chunki uning yo‘llari chalkashib har xil burmalar hosil qilmasligi kerak.
10. Bintlash vaqtida tananing bintlanayotgan qismi shunday holatda joylashtirilishi kerakki, shu holat bintlab bo‘lgandan keyin ham saqlansin.
11. Tananing konus shakliga ega bo‘lgan qismlariga (son, boldir) bog‘lam qo‘yilayotgan vaqtda bintning tanaga jipsroq joylashishi uchun har 1–2 aylanishdan keyin bir marta o‘qi atrofida burash kerak.
12. Bog‘lamning oxirida bint mahkamlab qo‘yiladi (tugib qo‘yiladi).
Do'stlaringiz bilan baham: |