Gipsli bog‘lamlar to‘g‘risida tushuncha
Gipsdan birinchi marta arab hakimlari foydalanishgan. Rus jarrohi N. I. Pirogov gipsni birinchi marta harbiy dala sharoitlarida Qrim urushida ishlatgan. Kalsiyning oltingugurt tuzi 140 0C da qizdirib, gips olinadi. Gips qattiq bog‘lovlar uchun ishlatiladi. Tashqi ko‘rinishidan gips oq rangli, mayda va kukunsimon unga o‘xshash modda, suv bilan aralashtirilganda bo‘tqasimon massa hosil bo‘ladi. U tez qurish va qotish xususiyatiga ega.
Gips bog‘lamining ustunligi:
– immoblizatsiyani ta’minlaydi;
– jarohatlangan oyoq-qo‘lning maksimal tinch holatini ta’minlab beradi;
– ikkilamchi infeksiya tushishidan va qo‘shimcha jarohatdan saqlaydi;
– jarohatdan ajralayotgan suyuqliklarni o‘ziga so‘rib oladi, chunki gips katta gigroskopik xususiyatga ega.
Gipsli bog‘lamlarning turlari:
a) tuynuksiz;
b) tuynukli;
v) ko‘prikli;
g) longetli;
d) korsetli;
e) krovatli.
Longetli bog‘lam – bint bir necha qavat qilib, taxlab tayyorlangan tayoqcha ko‘rinishidagi gipsli bog‘lam.
Korsetli bog‘lam umurtqa pog‘onasi kasalliklarida va sinishlarida ishlatiladi. Uni tayyorlash uchun 12–14 ta gipsli bint va bir dona kengligi 16 sm bo‘lgan bint kerak bo‘ladi.
Krovatli bog‘lam – yechib yana qo‘yish mumkin bo‘lgan bog‘lam, asosan tananing bir qismiga qo‘yiladi va bemorning uzoq muddatga yotishiga mo‘ljallangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |