Oyoqlarga qo‘yiladigan bog‘lamlar
Son va tizzaga qo‘yiladigan bog‘lamlar joyidan qo‘zg‘alib ketmasligi
uchun bint spiralsimon o‘rash yo‘li bilan qo‘yiladi.
Tizza bo‘g‘imi sohasiga toshbaqasimon qo‘shiluvchi yoki tarqaluvchi bog‘lamlar qo‘yiladi.
Boldir-tovon bo‘g‘imiga sakkizsimon bog‘lam qo‘yiladi. U boldirning pastki uchdan bir qismida sirkular yo‘l bilan boshlanib, keyin qiyshiq holda tovonning orqa tomoniga tushadi, uning atrofida aylantirilib tepaga ko‘tariladi, avvalgi yo‘l bilan kesishadi va boldirda mahkamlanadi.
Qattiq bog‘lamlar. Maxsus shinalar
Qattiq bog‘lamlar fiksatsiyalovchi va ekstensiyali turlariga bo‘linadi.
Fiksatsiyalovchi: Ekstensiyali:
1) simli (narvonsimon); Diterixs shinasi
2) to‘rsimon;
3) fanerli;
4) kartonli.
Narvonsimon shina (Kramer shinasi) – rux bilan qoplangan va toblangan po‘lat simlardan tayyorlangan bo‘lib, narvon shakliga ega, 12x100 va 10x60 sm o‘lchamli turlari bor. Uni istalgan shaklga keltirish mumkin, qo‘yish texnikasi ham juda sodda, shuning uchun ham uni qo‘l va oyoq jarohatlarida qo‘llash mumkin.
To‘rsimon shina (Filbri shinasi) – yumshoq va ingichka simdan tayyorlangan bo‘lib, o‘lchami 12 x 100 sm, juda oson bukiladi va egiladi, istalgan shaklga keltirish mumkin, lekin u yetarli darajada qattiq emas va juda egiluvchan. Fanerli shinalar singan yoki chiqqan qo‘l va oyoqlarni immobilizatsiya qilishda yengillik bilan moslashadigan vositalar hisoblanadi.
Diterixs shinasi qo‘l va oyoqlarni harakatsizlantirish bilan bir vaqtda ularni cho‘zish (ekstenziya) imkonini beradi. Ushbu shina son suyagi, tosson va tizza bo‘g‘imlari singanda qo‘llaniladi, to‘piq, boldir – oyoq panjasi bo‘g‘imi va panja jarohatlanganda qo‘llash man etiladi. Shina 4 qismdan iborat: 1) panjaosti qismi; 2) tashqi (katta o‘lcham); 3) ichki va 4) chilvirli tayoqcha buragich. Shinaning asosiy kamchiligi son va bolder sohasining orqa tomonidan mahkamlaydigan detali yo‘q, shuning uchun ham singan suyak bo‘lakchalarining orqaga siljishi kuzatilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |