ANTIGENNING FAOL QISMI (epitop) - aminokislotali antigen — oqsil qoldiqlari fazoviy faol qismining joylashgan joyi. Antigen sirtida birikuvchi maydon hosil qilib, maxsus antitelo (immun tanacha)ning maxsus markazi bilan yopishadi yoki uni yopishtiruvchi guruh sifatida xizmat qiladi.
ANTIGEN O‘ZGARUVChANLIGI — bakteriyalar va viruslarning ma’lum sharoitda antigenlik xususiyatini o‘zgartirishi, bunda ayrim antigenlik belgilari yo‘qoladi yoki yangi belgilar paydo bo‘ladi.
ANTITELOLAR — organizmga antigenlar tushganida qon va to‘qimalarda ularga qarshi paydo bo‘ladigan immunoglobulinlar — immun tanachalar. A. organizm yoki idishdagi antigenlar bilan birikish xususiyatiga ega. A. antigen organizmga tushgandan keyin, limfoid to‘qimaning plazmatik hujayrasida hosil bo‘ladi. A. faqat tegishli antigenga xos bo‘ladi, ya’ni faqat o‘zi hosil bo‘lishi uchun yuborilgan antigen bilan birikish (reaksiyaga kirish) xususiyatiga ega. Yuqumli kasalliklarning immunologik diagnostikasi antigen — antitelo birikish reaksiyasiga asoslangan. Kasal organizmning qon zardobida A. borligini maxsus virus yoki bakteriya antigeni bilan aniqlash o‘sha hayvonning aynan shu virus yoki bakteriya bilan kasallanganligini bildiradi. A. 5 sinfga: A, M, Ye, D va J immunoglobulinlarga bo‘linadi. A. asosan organizmga tushgan bakteriya va viruslarning ekzo- va endotoksinlarini, ilon, qora qurt zaharini va boshqa antigenlarni neytrallaydi (zararsizlantiradi). Immunoglobullinlarga qarang.
ANTITELOLAR TURLARI:
Avid antitelolar — aynan bir xil antigen bilan ikkinchi marta muloqotda bo‘lganda hosil bo‘ladigan antitelolar.
Gomologik antitelolar — aynan bir antigenga qarshi maxsus antitelolar.
Gumoral antitelolar — qon zardobi tarkibidagi antitelolar.
Monoklonal antitelolar) — antigenning kimyoviy tarkibi va molekulalarining joylashuviga qarab, tanlab ta’sir qiluvchi o‘ta maxsus antitelolar.
Neytrallovchi antitelolar — antigen bilan birikib yuqumli kasal qo‘zg‘atuvchini zararsizlantiruvchi antitelolar.
Do'stlaringiz bilan baham: |