EPIZOOTOLOGIK USULLAR - epizootik jarayonlar qonuniyatlarini o‘rganish usullari. Bu usullarning asosiylaridan biri epizootologik tekshirish usuli bo‘lib, unga qiyosiy-geografik ta’riflash, epizootologik tekshirish va tajriba o‘tkazish usullari tizimi kiradi.
EPIZOOTOLOGIK TEKShIRISh — xo‘jalik, manzil, tuman, viloyat va respublikada epizootologik holatni aniqlash uchun o‘tkaziladigan tekshirishlar. E.T. asosida kasallikka diagnoz qo‘yish, infeksiya qo‘zg‘atuvchisi manbaini, uning tarqalish yo‘llarini aniqlash muhim ahamiyatga ega.
EPIZOOTOLOGIK TAJRIBA — epizootologik jarayonni har taraflama batafsil o‘rganish, turli profilaktik va davolash vositalari samarasini tekshirish maqsadida laboratoriya hamda chorva mollarida o‘tkaziladigan tajribalar.
EPIZOOTOLOGIK TAHLIL (gr. analysis — tahlil) — ma’lum bir joyda (xo‘jalik, aholi yashaydigan punkt, tuman, viloyat, respublika) va vaqtda (oy, yil) epizootik jarayon harakatini hamda xarakterini o‘ziga xos usullar yordamida o‘rganish.
Epizootologik tahlil uchun statistik usullardan foydalaniladi. Epizootologik statistika bir xil hodisani baholashda mutloq ko‘rsatkichni nisbiy ko‘rsatkichga aylantiradi. Nisbiy ko‘rsatkichlar intensiv va ekstensiv bo‘ladi. Intensiv ko‘rsatkichga: kasallanish darajasi, o‘lim miqdori, o‘lim darajasi va halokatlilik darajasi (letalnost) kiradi.
KASALLANISH — biror bir kasallik bilan og‘rigan hayvonlar sonini xarakterlovchi ko‘rsatkich, kasalga uchragan hayvonlarning shu kasalga moyil hamma hayvonlarga nisbati. Bu ko‘rsatkich 100, 1000, 10000, 100000 hayvonga nisbat qilib olinadi. Masalan, shu kasallikka moyil 1000 boshdan 15 tasi kasal bo‘lsa, 1,5 foizni tashkil qiladi.
O‘LIM DARAJASI — yuqumli kasalliklarning og‘ir-yengilligi borasidagi ko‘rsatkich bo‘lib, o‘lgan mollar bosh sonining kasallikka moyil bo‘lgan hayvonlar bosh soniga nisbati foiz bilan ifodalanadi. O‘lim darajasini 10 000 bosh moyil hayvonga nisbatan olsa ham bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |