EKGda yurakning o‘ng bo‘limlari zo‘riqishi va gipertrofiyasi qayd qilinadi.
FKGda sistologik shovqin va ikkinchi ohangning bo‘linganligi qayd qilinadi.
Rentgenogrammada o‘pka arteriyalari tasvirining kuchayganligi va “o‘pka ildizi pulsatsiyasi” kabi maxsus alomatlar kuzatiladi. Yurak soyasi o‘ng bo‘limlar hisobiga kengaygan. Birinchi yon proyeksiyada retrokardial soha o‘ng bo‘lmacha hisobiga toraygan. Ikkinchi yon proyeksiyada ham shu alomatlar ko‘riladi.
ExoKG juda katta diagnostik ma’lumotlar beradi.
Yurak kateterizatsiyasida zondning o‘ng bo‘lmachadan chap bo‘lmachaga bemalol o‘tishi va o‘ng bo‘lmachadagi qonning kislorodga to‘yinganligi asosiy diagnostik alomat hisoblanadi. Angiografiya yaxshi ma’lumotlar bermaydi.
Davolash
Bo‘lmachalararo to‘siqning defektini davolashning yakkayu yagona usuli defektni tikish yoki yamashdir. O‘pka gipertenziyasining 0 va 1-bosiqichi hamda 4 yoki 5-rivojlanish bosiqichida bo‘lgan bemorlardan tashqari hamma bemorlarga operatsiya absolyut ko‘rsatma hisoblanadi. Operatsiya o‘rta sternotomiya bilan boshlanadi va taftish qilingach, kovak venalar va aortaga kanyulalar yuboriladi. 3 smdan kichik bo‘lgan defektlar tikiladi. Kattalari esa autoperikard yoki sintetik to‘qimalar yordamida yamaladi. BATYni quruq yurakda ko‘z bilan ko‘rib turib tikish o‘ta samarali operatsiya hisoblanadi. Defekt to‘liq mahkamlanganda, o‘pka gipertenziyasi bo‘lgan bemorlarda ham gemodinamikaning yaxshilanishi tezda ro‘yobga chiqadi. Bu operatsiyalardan keyin o‘limga emboliya, bosh miyaning gipoksik ishemiyasi, sepsis va o‘tkir yurak yetishmovchiligi kabi asoratlar olib kelishi mumkin.
LYUTEMBAXER SINDROMI
Lyutembaxer sindromi juda kam uchraydigan nuqson bo‘lib, u bo‘lmachalararo to‘siq defekti va chap atrioventrikulyar teshik stenozi bilan xarakterlanadi. Defekt odatda ikkilamchi bo‘ladi va oval deraza sohasida joylashadi. Mitral klapandagi o‘zgarishlar turli bo‘lib u orttirilgan va tug‘ma stenozning hamma bosqichlarini ifodalaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |