Yurakning qon bilan ta’minlanishi. Aortadan 2 ta koronar arteriya ajraladi. Chap koronar arteriya aorta piyozchasi orqa sathidagi Valsavi chap koronar sinusidan boshlanib, chap qorinchaning orqa sathida tugaydi. O‘ng koronar arteriya aorta piyozchasining oldingi sathida joylashgan o‘ng Valsavi sinusidan boshlanib, o‘ng toj tarnovchasi orqali o‘tib sinus tuguni va o‘ng qorinchani qon bilan ta’minlaydi. U yurakning orqa sathiga o‘tadi va oldingi qorinchalararo arteriya bilan anastomoz hosil qiladi. Yurak venalari koronar sinusga yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘ng bo‘lma va o‘ng qorinchaga quyiladi.
Sinus tuguni (Keys-Flyak) o‘ng bo‘lmachaning devorida, ikkala kovak venalar o‘zagi o‘rtasida joylashgan. Undan impuls bo‘lmacha-qorincha (Ashoff-Tavar) tuguniga yuboriladi. Bu tugun esa o‘z navbatida Gisss tutamiga aylanib, qorinchalararo to‘siqning chap tomoniga o‘tadi va o‘ng va chap oyoqchalarni hosil qiladi. O‘ng oyoqcha to‘siqning o‘ng tomonida oldingi, o‘rta va orqa sohalarga ajraladi. Chap oyoqcha esa to‘siqning chap tomonida Purkinye tolalarini hosil qiladi. Sinus tugunidan impuls bo‘lmachalar miokardiga tarqalib, ularni qisqartiradi, keyin qorinchalar miokardiga beriladi va sistola boshlanadi. Yurak sikli qorinchalar sistolasi va diastolasiga bo‘linib, oxirida bo‘lmachalar sistolasi bilan yakunlanadi. Sistola vaqtida qorinchalardan chiqayotgan qon hajmi yuraking sistolik hajmi deyiladi. Yurakdan 1 daqiqada chiqayotgan qon hajmi-yurakning daqiqaviy hajmi deyiladi. Me’yorda katta va kichik qon aylanish doiralarining daqiqaviy hajmi teng bo‘ladi.
Yurakning tug‘ma nuqsonlari
Tug‘ma yurak nuqsonlari, yurak embriogenezi jarayonlarining buzilishi yoki postnatal davrida normal shakllanishining kechikishi oqibatida paydo bo‘ladi. Yurakning tug‘ma nuqsonlari bolalarda uchraydigan barcha tug‘ma nuqsonlarning 30% ni tashkil qiladi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda 0,7-1,7% gacha uchraydi. Erkaklarda (57%) , ayollarga nisbatan (43%) tashkil qiladi. Ammo tug‘ma nuqsonlarning ayrim turlari (OAY, BATE va b.) ayollarda ko‘proq uchraydi. Yurakning tug‘ma nuqsonlari barcha autopsiyalarda 1,9% gacha aniqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |