Ikkinchi bosqich - nisbiy kompensatsiya bosqichi, u bola 2-3 yoshlarda bo‘lganida boshlanib, yigirma yilgacha davom etishi mumkin. Bu davrda kichik qon aylanish doirasida uzoq davom etuvchi gipervolemiya, chap bo‘lmacha-qorincha teshigining nisbatan stenozi, chap bo‘lmachaning kengayishi, o‘pka venalarida bosimning oshishi kuzatiladi. Bular o‘z navbatida o‘pka arteriyasida bosimning oshishi va o‘ng qorinchaning sistolik zo‘riqishiga olib keladi. Bunda arteriolalar spazmi natijasida tomirlar qarshiligi biroz ortadi.
Uchinchi bosqich - ikkilamchi sklerotik o‘zgarishlari bosqichi, kasallik davolanmasa o‘pkaning to‘qimasida va kichik tomirlarida qaytmas chandiqli o‘zgarishlar rivojlana boshlaydi. Bu o‘pkada periferik qarshilik oshib ketishiga olib keladi. Chap qorinchadagi hajmiy zo‘riqish kamayadi va o‘ng qorinchaning sistolik zo‘riqishi ortadi. Shunday qilib kasallikning 3-bosqichi - o‘pka to‘qimasining ikkilamchi sklerotik o‘zgarishlari bosqichi boshlanadi. Bu bosqichda nuqsonning alomatlari yo‘qolib, o‘pka gipertenziyasi alomatlari yuzaga chiqadi. Bu holat Eyzenmenger sindromi (o‘pka to‘qimasida sklerotik o‘zgarishlar, o‘pka arteriyasi gipertenziyasi, o‘ng qorincha gipertrofiyasi) deyiladi.
Klinikasi
OAYning klinik ko‘rinishi turlicha va gemodinamikaning o‘zgarishlarini bosqichlariga qarab turli darajada o‘zgaradi.
Bemorlarning shikoyatlari, boshqa tug‘ma nuqsonlar bilan og‘rigan bemorlar shikoyatidan kam farq qiladi. Ko‘pincha bemorlar jismoniy harakat paytidagi hansirashga, tez charchash, darmonsizlikka shikoyat qilishadi. Katta yoshdagi bolalarda va katta kishilarda yurak mushaklarining qon bilan ta’minlanishi buzilishi sababli yurakning tez urishi, yurak sohasidagi og‘riqlar kuzatiladi. Bunday bemorlarda nuqsonni xirurgik korreksiyalagandan keyin, etiologiyasi noma’lum bo‘lgan burundan qon ketishi to‘xtaydi. Qaytuvchi nervni keskin kengaygan o‘pka arteriyasi bilan bosilishi natijasida vujudga keladigan ovozning bug‘ilishi nisbatan kam kuzatiladi.
Anamnezida davolanishi samarasiz bo‘lgan tez-tez shamollash, kaytalanadigan pnevmoniyalar. Ko‘p bolalar uzoq vaqt davomida surunkali pnevmoniya diagnozi bilan vrach nazoratida bo‘ladilar.
Ochiq arterial yo‘l bilan og‘rigan bemorlar ko‘rilganda, jismoniy rivojlanishdan kechikayotganligi, bolaning kech o‘tirishi, yurib ketishi, va o‘yinlarga qiziqmasligi kuzatiladi. Bolalarning aqliy rivojlanishi ham orqada qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |