Microsoft Word ch aytmatov sarvqomat dilbarim lotin ziyouz com doc
Download 372.9 Kb. Pdf ko'rish
|
Sarvqomat dilbarim Ch.Aytmatov
www.ziyouz.com kutubxonasi
47 yuziga keltirib urar edi. Ko‘l esa chayqalib to‘lg‘anardi. Men yotoqxonaga zo‘r-bazo‘r yetib oldimu yechinib o‘tirmasdan o‘zimni karavotga tashladim. Ertalab boshimni ko‘tara olmasdim, sirqirab rg‘rirdi. Tashqarida yurakni siquvchi qor aralash yomg‘ir shivalab yog‘ardi. Ishga borishga hafsalam kelmay, uch soatlar chamasi ag‘anab yotdim. Bunday hodisa, ya’ni hattoki, ishning ham ko‘nglimga xush kelmayotganligi hayotimda birinchi marta sodir bo‘layotgan edi. Ammo keyin o‘zimdan o‘zim uyalib ketdimu yo‘lga chiqdim. Mashina majoli qurigandek imillab borardi, to‘g‘rirog‘i, o‘zimning tabiatim xira edi. Buning ustiga, havo ham aynagan edi. Qarshimdan kabinalari va bortlari qorga botgan mashinalar chiqib turardi. Demak, dovonda qor yog‘ayotgan ekan. Mayli, yog‘sa yog‘aversin, menga nima, bo‘ron turib bermaydimi, menga baribir, nimadan qo‘rqaman, nima bo‘lsa bo‘lar... Avzoyim juda buzuq edi. Tepamda turgan ko‘zguchaga qarab ko‘nglim aynab ketdi: soqol- mo‘ylovim o‘sib ketgan, xuddi kasaldan turgandek yuzlarim so‘lg‘in, qovog‘im shishgan edi. Yo‘lda bir oz tamaddi qilib olsam bo‘lardi, ertalabdan beri tuz totganim yo‘q, ammo ovqatga ishtaham yo‘q bo‘lsa ham ichishdan qochmasdim. O‘zingga bir marta erk berdingmi, bas, keyin to‘xtatib olish qiyin. Birinchi stakandan so‘ng ancha tetiklanib, o‘zimga keldim. Mashina ham yengil yurib borayotgandek bo‘ldi. Keyin yana yo‘lda yugurib kirib yuz gramm ichib chiqdim, keyinroq buning ustiga yana ozroq otib oldim. Yo‘l g‘irillab ortda qolib borar, oyna tozalovchi cho‘tkalar u yokdan bu yoqqa borib kelardi. Mashina bilan jangga kirib borayotgandek egilib olib, og‘zimdagi sigaretani chaynardim. Qarshidan kelib, kabina oynalariga ko‘lmak suvlarni sachratib, g‘izillab o‘tib ketayotgan mashinalarnigina ko‘rardim, xolos. Men ham tezlikni oshira bordim, kech kirib qolgan, toqqa kelganimda zim-ziyo tun edi. Mana shu yerga kelganimda aroq o‘z kuchini ko‘rsata boshladi. Madorim qurib, ko‘zim tinib, yo‘lni ko‘rish tobora qiyinlasha bordi. Kabina ichida dimiqib ketdim, ko‘nglim ayniy boshladi. Hali hech qachon bunchalik mast bo‘lmagan edim. Yuzimdan sharros ter quyilardi. O‘zimni mashinada emas, go‘yo olg‘a tomon shiddat bilan tun bag‘rini yorib borayotgan ikkala chiroq nurlari o‘rtasida o‘tirib ketayotgandek his qilardim. Nurlar bilan birgama-birga men ham goh yorug‘lik tushib turgan chuqurlikka zarb bilan otilib tushar, goh titrab-qaltirab qoyalar ustida o‘rmalovchi nurlarga tirmashib yuqoriga ko‘tarilar, goh nurlar ketidan quvlab u yoqdan bu yoqqa yugurayotgandek bo‘lardim. Har daqiqa sayin holdan toyib boraverdim. Biroq har qancha og‘ir bo‘lsa ham to‘xtamasdim, chunki ruldan qo‘limni uzdimmi, bas, mashinani endi boshqara olmasligimga aqlim yetib turardi. O‘sha paytda dovonning qaerida borayotganimni aniq eslayolmayman. Oh, Do‘lan, Do‘lan, Tyan-Shanning haybatli beli! Senda yurish bunchalar mushkul! Ayniqsa tunda, yana men singari kayfi oshgan shofyor uchun! Mashina allaqanday balandlikka zo‘r-bazo‘r ko‘tarildi-yu, birdaniga pastlikka, tog‘ etagiga qarab sho‘ng‘idi. Ko‘z o‘ngimda tun gir-gir aylanib, hammayoq ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi. Qo‘llarim endi menga itoat qilmay qo‘ygandi, rul chambaragidan sirg‘alib tushar, tezlik richagini tuta olmas edi. Borgan sari mashinaning tezligi oshib, pastga tomon uchib borardi. So‘ng allanimaga urildi shekilli, taraqa-turuq, sharaqlagan ovozlar eshitildi. Chiroqlar o‘chib, ko‘z o‘ngimni zim-ziyo qorong‘ilik bosdi. Qalbimning allaqaerida: «Mana, avariyaga ham uchrading!» — degan fikr yalt etib ketdi. Shu ko‘yda qancha vaqt yotganligimni bilmayman. Bir payt qulog‘imga paxta tiqib qo‘yilgandek bir ovoz arang eshitildi. «Qani, yorit-chi!» Kimningdir qo‘llari yelkamni, boshimni va ko‘kragimni paypaslab ko‘rdi. «Tirik, ammo o‘lardek mast», — dedi o‘sha ovoz. Boshqasi esa: «Yo‘lni bo‘shatish kerak», — dedi unga. — Qani, do‘stim, sal suril-chi, rulni menga ber, mashinani chetga olaylik! — haligi qo‘l yelkamga sekingina turtardi. Men ingrab, ruldan zo‘rg‘a boshimni ko‘tardim. Peshonamdan qon oqardi. Ko‘kragim ezilib shikastlangan ekan, qaddimni ko‘tarishga yo‘l qo‘ymasdi. Tepamdagi kishi gugurt chaqib, yuzimga qaradi. So‘ngra yana ikkinchi marta gugurt chaqib, yana tikildi-da, qo‘ng‘ir mo‘ylovlari ostidan hayratlanib jilmaydi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling