Microsoft Word chingiz aytmatov oqkema lotin ziyouz com doc
Download 363.1 Kb. Pdf ko'rish
|
chingiz aytmatov oqkema lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
17 ko‘chmanchilarning hol-ahvolini so‘raydi va o‘zi biz qanday yashayotganligimizni gapirib beradi. Men esa bolalar bilan nimani gaplashishni bilmayman. Keyinchalik biz bekinmachoq, urush-urush o‘ynab ketamiz va o‘yinga shunday berilib ketamizki, ketgim kelmay qoladi. Qani endi hamisha yoz bo‘lsa, hamisha bolalar bilan o‘tloqda o‘ynab yursang! Biz o‘yinga kirishib ketguncha gulxanlar bo‘y cho‘zadi. Gulxanlardan yaylov toza yorishib ketadi, deb o‘ylaysizmi, dada? Hamma joy emas. Olovning atrofi yorug‘, undan nari esa avvalgidek qop- qorong‘i. Biz esa urush-urush o‘ynaymiz, shu qorong‘ilik qo‘ynida yashirinamiz va hujum qilamiz, xuddi kinodagidek. Agar sen komandir bo‘lsang, hamma senga itoat qiladi. Komandirlik komandirning o‘ziga ham yoqsa kerak. Keyin tog‘lar ustiga oy suzib chiqadi. Oy chiqqanda o‘yin yana gashtli bo‘ladi, lekin bobom meni olib qaytadi. Biz uyga yaylovdan, butazordan qaytamiz. Qo‘ylar jimgina yotishadi. Yilqilar atrofda o‘tlab yuradi. Biz ketayotib kimningdir qo‘shiq aytayotganini eshitamiz. Yosh cho‘pondir, balki keksadir. Bobom meni to‘xtatadi: «Quloq sol. Bunday qo‘shiqlarni hamisha eshitavermaysan». Biz to‘xtaymiz, qo‘shiqni tinglaymiz. Bobom kuyga mahliyo bo‘lgancha bosh chayqaydi. Bobo hikoya qiladi: eski zamonda bir xon boshqa bir xonning qo‘liga asir tushibdi. Xon asir tushgan xonga debdi: «Agar istasang - mening qulim bo‘lib tirik qolasan, bo‘lmasa, eng so‘nggi tilagingni bajo keltiramanda, keyin o‘ldiraman». Xon o‘ylab turib javob qilibdi: «Qul bo‘lib yashashni istamayman. Yaxshisi, meni o‘ldirgin, lekin avval mening vatanimdan birinchi duch kelgan cho‘ponni chaqirtirib ber». - «Uni senga nima keragi bor?» - «O‘lim oldidan uning qanday kuylashini tinglamoqchiman». Bobom aytadi: ona yurt qo‘shig‘i uchun odamlar jonini beradi. Qanday odamlar ekan-a, bir ko‘rsang ularni. Ehtimol, katta shaharlarda yashashar? Eshitish yoqimli. Bobom: bular eski qo‘shiq deydi. «Qanday odamlar bo‘lgan-a! - shivirlaydi u. - Qanday qo‘shiqlar kuylashgan-a, ey xudoyim-ey...» Negaligini bilmayman-u, bobomga shunday rahmim keladi va uni shunchalik yaxshy ko‘rib ketamanki, oxiri yig‘lagim keladi... Tong sahardayoq yaylovda hech kim qolmaydi. Qo‘y va yilqilarni yoz bo‘yi boqqani nariga, toqqa haydab ketishgan. Ular ortidan izma-iz boshqa kolxozlardan boshqa ko‘chmanchilar kelishadi. Kunduzlari to‘xtashmaydi, yonimizdan o‘tib ketishadi. Tunda esa yaylovga qo‘nishadi. Biz yana bobom ikkovimiz odamlar bilan uchrashgani boramiz. Bobom odamlar bilan ko‘rishishni juda yaxshi ko‘radi. Bu odatni men undan o‘rgandim. Ehtimol, vaqti kelib bir kun yaylovda haqiqiy avliyo bilan uchrashib qolarman... Qishda O‘razqul amaki bilan Bekey xolam shaharga doktorga qaratgani ketishadi. Balki doktor yordam qilar, bir dori bersa-yu, bola tug‘ilib qolsa, deb umid qilishadi. Lekin buvim hamisha, aziz joylarga borgan ma’qul, deydi. Bu qaerdadir, tog‘ning ortida, dalalarida paxta o‘sadigan joyda emish. Tep-tekis yerda, tog‘ bo‘lishi mumkin bo‘lmagan tekislikda aziz bir tog‘ - Sulaymon tog‘i bor emish. Ana shu tog‘ poyiga bir qora qo‘chqor so‘yib, xudoga iltijo qilsa, toqqa chiqib har qadamda xudoga sig‘inib, yolvorsa hamda chin ko‘ngiddan so‘rasa, xudoning rahmi kelib, farzand ato etarmish. Bekey xolam o‘sha yoqqa, Sulaymon tog‘iga borishga juda intizor. O‘razqul amaki esa unchalik istamaydi. Uzoq. Ko‘p pul kerak, deydi. U yoqqa faqat samolyot bilan tog‘dan oshib borish kerak, axir. Samolyotgacha ham qancha yurish kerak, bu ham pul... Ular shaharga ketishsa biz shumshayib qolamiz. Axir ko‘pchilik emasmiz-da, bor qo‘shnilarimiz - Seydahmad, uning xotini Guljamol va ularning kichkinagina qizchasi, xolos. Kechqurunlari, ishdan qo‘l bo‘shaganda, bobom menga ertaklar aytib beradi. Bilaman, uydan tashqarida zim-ziyo, sovuq tun. Izg‘irin izillab turibdi. Eng ulkan tog‘lar ham bunday tunlarda vahimaga tushib bir to‘p bo‘lib to‘planishib, uyimiz oldiga - deraza ostidagi yoruqqa yaqinroq kelib olishadi. Menga bu ham qo‘rqinchli, ham sevinchli tuyuladi. Pahlavon bo‘lganimdami, katta po‘stin kiyardim-da, tashqariga chiqardim. Men u tog‘larga bor ovoz bilan derdim: «Qo‘rqmang, tog‘lar! Men shu yerdaman. Mayli, izg‘irin, qorong‘u zulmat, dovul bo‘lsin, men hech nimadan qo‘rqmayman, sizlar ham qo‘rqmanglar. Bir yerga g‘uj bo‘lib to‘planishmasdan joylaringda turaveringlar». |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling