Microsoft Word chingiz aytmatov oqkema lotin ziyouz com doc
Download 363.1 Kb. Pdf ko'rish
|
chingiz aytmatov oqkema lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
43 deraza tagidan uh tortib ikki kishi o‘tdi. Ular bir-birini yetaklab borayotgandek edi. Eshik taraqlab ochildi, kampir jahl bilan harsillaganicha Mo‘min boboni uy ichiga itarib yubordi. Bola bobosining bunchalik qattiq qo‘rqqanligini hech qachon ko‘rmagan edi. Aftidan, u hech narsani anglamasdi. Cholning ko‘zlari besaranjom javdirardi. Kampir uni ko‘kragidan itarib, o‘tirishga majbur qildi: - O‘tir, o‘tir, ahmoq chol, so‘ramasa aralashib nima qilasan. Birinchi marta shunday bo‘lyaptimi ularda. Hammasi yaxshi bo‘lsin desang, tumshug‘ungni suqmay tek o‘tir. Nima desam, shuni qil. Eshityapsanmi? U biz bilan do‘stlashmoqchi emas, balki dunyodan bezdirmoq-chi, tushunyapsanmi? Keksayganda qaerga ham boramiz? Qaerga? - Kampir shunday dedi-yu, zshikni taraqlatib yopib, shoshganicha chiqib ketdi. Uy yana jimib qoldi. Faqat cholning xirillagan, uzuq-yuluq nafas olishi eshitilib turardi. U o‘choq yonida cho‘nqaygancha boshini qaltirayotgan qo‘llari orasiga olib o‘tirardi. Birdan chol tiz cho‘kdi va qo‘llarini cho‘zib, kimgadir zorlangancha iltijo qila boshladi: - Ol meni, olib ket, bu tolei pastni! Unga farzand ato qil! Unga qarasam yurak-bag‘rim qon bo‘ladi. Hech bo‘lmasa bittagina tirnoq ato et, rahming kelsin bizga... Chol yig‘lagancha gandiraklab o‘rnidan turdi-da, devorni ushlab borib, eshikni ochdi. U tashqari chiqdi, eshikni yopdi va eshik ortida kafti bilan og‘zini berkitib ich-ichidan o‘ksinib yigladi. Bola nochor ahvolda qoldi. U yana qaltiray boshladi. O‘zini goh issiqqa, goh sovuqqa otardi. U turmoqchi, bobosi yoniga bormoqchi bo‘ldi. Lekin qo‘l-oyoqlari unga itoat qilmas, boshi zirqirab og‘rirdi. Chol eshik orqasida yum-yum yig‘lar, hovlida esa yana badmast O‘razqul to‘polon ko‘tarardi, Bekey xola dod-faryod solib yig‘lardi. Ikki tomonni ham Guljamol bilan buvi yalinib-yolvorib tinchitishdi. Bola o‘z xayol daryosiga cho‘mgan edi. U yana o‘sha tezoqar daryo yoqasida. Ikkinchi sohilda, shag‘al ustida esa xuddi o‘sha bug‘ular turibdi. Shunda bola iltijo qildi: «Shoxdor ona bug‘u, Bekey xolaga shoxingda beshik olib kel. Sendan o‘tinib so‘rayman, ularga beshik olib kel. Ularda ham farzand bo‘lsin». O‘zi bo‘lsa suv yuzasidan Shoxdor ona bug‘u tomon yugurgilab ketdi. U suv yuzasidan chopib borar ekan, qulab tushmasdi, shu bilan birga, sohilga ham yaqinlasholmasdi, xuddi bir joyda depsinib turib qolgandek edi. U hamma vaqt Shoxdor ona bug‘uga yalinib-yolvorardi. «Sen shoxingda beshik olib kel. Shunday qilginki, bobomiz yig‘lamasin, shunday qilginki, O‘razqul amaki Bekey xolani urmasin, shunday qilginki, ularda farzand tug‘ilsin. Men hammalarini sevaman, O‘razqul amakini ham sevaman, sen unga faqat farzand ber. Ularga shoxingda beshik olib kel...» Bolaga uzoqdan qo‘ng‘iroqcha jaranglaganday eshitildi. U tobora kuchliroq jaranglardi. Ona bug‘u tog‘ bo‘ylab yugurardi, u beshikni - qayindan yasalgan qo‘ng‘iroqchali bola beshigini bandidan shoxlarida ko‘targancha keltirayotgan edi. Beshik qo‘ng‘iroqchasining jarangi hammayoqqa tarala boshladi. Shoxdor ona bug‘u juda shoshilayotgan edi. Qo‘ng‘iroqcha ovozi tobora yaqinlasha boshladi. Bu nimaning ovozi? Qo‘ng‘iroqcha jarangiga motorning uzoqdan gurillagan ovozi jo‘r bo‘ldi. Qaerdadir yuk mashinasi kelardi. Mashinaning gurillashi tobora kuchayib, aniqroq eshitilardi, qo‘ng‘iroqchaning jarangi esa xuddi undan cho‘chiganday uzuq-yuluq eshitila boshladi, ko‘p o‘tmay esa uni motorning gurillashi butunlay bosib ketdi. Bola temirlarni sharaqlatib, hammayoqni larzaga solib hovliga og‘ir mashina kelib to‘xtaganini eshitdi. It hurigancha tashqariga otildi. Deraza oynasiga bir zum chiroq yorug‘ining aksi tushib turdi- yu, shu zahotiyoq o‘chdi. Ayni chog‘da motorning ovozi ham jimib qoldi. Kabina eshigi taraqlab yopildi. Kelgan kishilar, aftidan, uchovlon bo‘lsa kerak, o‘zaro gaplashib, bola yotgan deraza yonidan o‘tib ketishdi. - Seydahmad keldi, - birdan Guljamolning quvonchli ovozi yangradi, uning eri tomon shoshilayotgani eshitilib turardi. - Biz bo‘lsak kutaverib, toqatimiz toq bo‘ldi! - Assalomu alaykum, - javob qilishdi unga notanish kishilar. - Xo‘sh, tinch o‘tiribsizlarmi? - so‘radi Seydahmad. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling