Microsoft Word chingiz aytmatov oqkema lotin ziyouz com doc
Download 363.1 Kb. Pdf ko'rish
|
chingiz aytmatov oqkema lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
53 kuch-quvvati bilan unga yordamlashardi. Issiq terga botib ketdi. Bir payt beda g‘arami bolalar beshigiga aylanib qoldi. Shoxdor ona bug‘u bolaga: «Tezroq yuguraylik, beshikni Bekey xola bilan O‘razqul amakiga eltib beraylik», - derdi. Ular yugura boshladilar. Bola orqada qolib ketdi. Biroq oldinda - qorong‘ilikda beshik qo‘ng‘iroqchasi tinimsiz jaranglardi. Bola uning ohanrabo jarangi sari chopib borardi. U ayvonda oyoq sharpasi eshitilib, eshik ochilganda uyg‘ondi. Mo‘min bobo va kampir bir oz tinchlangandek bo‘lib qaytib kirishdi. Chet kishilarning qorovulxonaga kelishi, aftidan, O‘razqul bilan Bekey xolaning tinchlanishiga majbur etdi. Balki O‘razqul mast-alastlikdan charchab oxiri uxlab qolgandir. Hovlida shovqin-suron, so‘kish ovozlari eshitilmasdi. Yarim tunga borib tog‘ tepasida oy ko‘rindi. U eng baland muzli cho‘qqilar tepasida xiragina gardish yasab muallaq turardi. Abadiy muzliklar bilan qoplangan tog‘ tun qorong‘isida notekis qirralari bilan g‘amgin yuksalib turardi. Atrofida esa pastki tog‘ tizmalari, qoyalar, qop-qora va jimjit o‘rmonzor osoyishtalik saqlab turardi. Eng quyida esa toshdan-toshga urilib, shovullagancha daryo oqardi. Derazadan oyning nursiz shu’lasi qiya tushib turardi. U bolaga xalal berayotgandi. Bola ag‘darilib, ko‘zini qisib oddi. Buvisidan pardani tushirib qo‘yishni so‘ramoqchi bo‘ddi. Lekin aytgisi kelmadi: buvisining bobosidan jahli chiqib turgan edi. - Ahmoq, - pichirladi u to‘shakka kirarkan. - Odamlar bilan yashashni bilmaganingdan so‘ng jim tursang bo‘lmaydimi. Boshqalarni tinglasang bo‘lardi. Sen uning qo‘lidasan-ku. Mayda pul bo‘lsa hamki, maosh o‘shandan oqib kelib turibdi-ku! Yana har bir oy-da. Moyanasiz - sen kimsan? Qarib quyilmagan chol... Chol javob bermadi. Buvi jim bo‘lib qoldi. Keyin kutilmaganda baland ovozda dedi: - Agar kishini oylikdan mahrum qilishsa, u odam emas, hech kim emas. Chol yana hech nima demadi. Bola esa uxlay olmasdi. Boshi og‘rir, o‘ylari chalkashib ketgandi. Maktab haqida o‘ylab tashvishlanardi. U hali biron kun ham o‘qishni qoldirmagan edi, endi ertaga maktabiga - Jilisoyga borolmasa qanday bo‘lishini tasavvur qila olmasdi. Bola, bordi-yu, O‘razqul ishdan bobosini haydab yuborsa, u holda buvisi tinchlik bermasligi haqida o‘ylardi. Unda ularning ahvoli nima kechadi? Odamlar nega shunday yashashadi? Nega birovlar qahr-g‘azabli, birovlar mo‘min-muloyim! Nega baxtli va baxtsizlar bor? Nega shundaylar borki, ulardan hamma cho‘chiydi, yana shundaylar borki, ulardan hech kim hayiqmaydi. Nega birovlarning bola-chaqasi bor, birovlarda yo‘q? Nega ayrim kishilar boshqalarga maosh bermaslikka haddi sig‘adi? Ehtimol, eng katta moyana oluvchilar eng yaxshi kishilardir. Mana, bobosi oz oladi, shuning uchun uni hamma ranjitadi. E, boboga ham ko‘proq moyana berishlari uchun nima qilish kerak ekan-a? Balki o‘shanda O‘razqul cholni hurmat qila boshlarmidi. Bu o‘y-xayollardan bolaning boshi battar sirqirab og‘ridi. U yana kechga yaqin daryo sohilida ko‘rgan bug‘ularni esladi. Tunda ularning holi ne kechdiykin? Ular nuqul sovuqda, tog‘-toshlarda, qop-qorong‘i o‘rmonlarda yashaydi. Bu nihoyatda qo‘rqinchli-ku. Bo‘rilar hujum qilib qolsa nima bo‘ladi? Bekey xolaga sehrli beshikni shoxida kim olib keladi keyin? U tashvish aralash uyquga ketdi va uxlayotib Shoxdor ona bug‘udan O‘razqul va Bekey xolaga qayindan yasalgan beshik olib kelishni yolvorib so‘radi: «Ular ham farzand ko‘rishsin, ular ham farzand ko‘rishsin», deb iltijo qildi. U uzokdan beshik qo‘ng‘iroqchasining ovozini eshitdi. Shoxdor ona bug‘u shoxida sehrli beshikni ko‘tarib olgancha shoshib kelardi... Download 363.1 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling