Microsoft Word chingiz aytmatov qiyomat lot ziyouz com doc
Download 0.94 Mb. Pdf ko'rish
|
chingiz aytmatov -qiyomat roman
www.ziyouz.com kutubxonasi
62 ko‘rsatgan yerga qo‘yinglar, o‘tib turgan poezdlarga qoranglarni ko‘rsatmanglar, boshlaringni ko‘tarmanglar, nima gap bo‘lsa, hammasini o‘zim aytaman, deb tayinladi. O’lguday charchashgan ekan. Osonmi bir kunda shuncha yo‘lni bosish! Jar tagidagi mavrak va chalov aralash o‘sgan baxmalday maysaga cho‘zilish qanchalar rohat. Uzoqdan poezdlarning guldirab yaqinlab kelishlarini eshitib yotish allaqanday farog‘at bag‘ishladi. Uzoq-uzoqlarga cho‘zilgan zil vagonlar ostida temir izlar zing‘illab va zuvillab ketar, keyin og‘ir cho‘yan g‘ildiraklarning qaldir- qaldir, qaldir-qaldir o‘tgani eshitilar, so‘ng temir va moy hidi anqirdi. Bu shovqin keyin yana anchagacha olis-olislardan quloqqa chalinib turar, so‘ng asta-sekin olam okeanini qurshagan jimjitlikka singib ketardi... Shamolday yelib biri — u tomonga, boshqasi — bu tomonga passajir poezdlar o‘tardi. Avdiyning yuragi orziqib ketdi. U bolalikdan passajir poezdlarni, vagon oynalarida lip-lip o‘tib borayotgan odamlarning basharalarini tomosha qilishni yaxshi ko‘rardi. Hoy baxtiyor odamlar, meni ham ola ketinglar o‘zlaring bilan! Lekin hozir shu o‘tkinchi havasdan ham mahrum. Buta panasida boshini chiqarmay yotishga to‘g‘ri keladi. Lekin eng chatog‘i — shu yerda yuk poezdini qaroqchilarga to‘xtatishda ishtirok etadi. To‘g‘ri, hech kim sostavni talamoqchi emas. Poezd to‘xtasa, choparlar unga lippa-lippa sakrab chiqib oladilar. U yog‘i o‘z yo‘li bilan ketaveradi. Uyog‘iga yuk vagonlarda pusib borishadi... Poezdlar u yoqdan-bu yoqqa tinmay o‘tardi. Keyin uzoq jimlik cho‘kdi. Avdiyning endi ko‘zi ilingan ekan, birdan hushtak ovozi keldi. Petruxa qulog‘ini ding qildi, so‘ng o‘zi ham hushtak chaldi. Unga yana bir hushtak chalib javob qilishdi. — Xo‘p, sizlar bemalol kutib turinglar,— dedi Petruxa,— men boraychi, chaqirishyapti. Mensiz qimir etmanglar, eshityapsanmi, Avdiy, eshitdingmi, Lyonka? Yuk poezdini to‘xtatish oson ish emas. Kallani ishlatish kerak, kallani. U shularni aytib g‘oyib bo‘ldi. Yarim soatlardan so‘ng qaytib keldi. Andak shahdi sustroq edi. Chehrasi qandaydir o‘zgargan, ko‘zlari o‘g‘rincha alang-jalang qilar, odamning yuziga tik qarashdan o‘zini olib qochardi. Avdiy bunday paytlarda gumonsirab o‘tirishni yoqtirmas, noxush o‘ylarni o‘zidan nari quvardi. O’z erkiga qo‘yib bersang, hayolga nimalar kelmaydi. Balki kishining qorni og‘riyotgandir... Shuning uchun xotirjam o‘smoqchiladi: — Xo‘sh, Pyotr, ishlarimiz qalay? — Yomon emas, tuzuk. Yana ozroq kutamiz. — Poezd to‘xtatamizmi? — Albatta. Yuk poezdi bizga qulay. Poezd bekatga kechasi borsa va qo‘shimcha yo‘lda tursa, undan ham yaxshi. — Shunday de. Ular jim qoldilar. Petruxa sigaret tutatdi. Tutunini ichiga chuqur tortarkan, go‘yo hech narsa bilmaganday dedi: — Bir jo‘ramizning oyog‘i lat yebdi. Oti Grishan. Borib ko‘rib keldim. Ishi yurishmabdi. Cho‘loqlanib qancha yig‘ib bo‘lardi. Tayoqqa tayanib yuribdi. Albatta, odamga alam qiladi. Balki, hammamiz oz-ozdan unga yig‘ib bersakmikin. O’n kishi ekanmiz. Jindak-jindak nasha bersak bechoraning ko‘ngli ko‘tariladi. — Mayli,— dedi Avdiy.— Lyonka uxlayapti. Lekin u ham qizg‘anchiq emas. — E, Lyonka o‘zimizning hotamtoy-ku! Avdiy, sen borib Grishan bilan gaplashib kelsang, bo‘lardi. Nima qildi, nima bo‘ldi, deb hol-ahvol so‘rasang, sal yozilarmidi cho‘loq sho‘rlik... — O’zi qaerda, o‘sha yerdamikin? — ehtiyotsizlik qilib so‘radi Avdiy. — E, seni nima jin urgan o‘zi? Og‘zingdan O’zi, O’zi tushmaydi,— jahli chiqdi Petruxaning.— Men qaerdan bilay? Senga Grishanni aytsam, yana O’zimi deysan. Kerak bo‘lsa O’zi bizni topib oladi. Bo‘lma-sa xap o‘tir. Burningni suqma. Nega hadeb surishtiraverasan? — Bo‘ldi, bo‘ldi. So‘radim qo‘ydim-da. Tinchlan. Grishan qaerda? Qaysi tomonda? — Huv ana, o‘sha yoqqa bor — huv ana, soyada, buta tagida o‘tiribdi. Bor, bor. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling