Microsoft Word davron ziyouz com doc
Download 233.92 Kb. Pdf ko'rish
|
davron ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
34 Homidbek otini ko‘chada qoldirib etigining changini qoqqan bo‘ldi-da, ichkari kirdi. Salomlashib, so‘rining poygakroq yeridan joy oldi. — Ertaga uloq bo‘lishini eshitdingmi? — deb so‘radi Yigitali aka. — Ha, — dedi Homidbek. Nima uchundir suhbat qovushmadi. Bundan ko‘proq Davron o‘ng‘aysizlandi. Baxtiga Homidbek uzoq o‘tirmadi. Bir piyola choy ichgach, ketishga ruxsat so‘radi. Yigitali aka uni kuzatib qo‘ydi. Lekin «Ertaga so‘nggi marta uloqqa chiqaman, menga yaqinroq yur, kerak bo‘lsa, yordamlash», deyishga tili bormadi. Xayrlashar chog‘i faqat «Ertaroq kel», deb qo‘ya qoldi. Homidbekning gapi ham ichida ketdi. U Yigitali akanikiga temir yo‘lning naryog‘idagi fermadan kelgan edi. Uning bu fermaga serqatnovligi, keyingi oylarda yigitning oromi buzilgani Yigitali akaga ma’lum. Homidbek maslahat solganda «O‘zingga yoqsa bo‘ldi- da», degan. Qiz-ku Homidbekka yoqadi-ya, lekin Homidbek qizga yoqmasa-chi? Unda nima bo‘ladi? Homidbek ko‘proq shundan xavfda edi. Mana bugun ham shartta-shartta gaplashgani bordi. Lekin har galgiday gapirolmadi. Yonida jimgina yuraverdi. Oxiri: — Ertaga kunduzi bo‘shmisiz? — deb so‘radi. — Nimaydi? — dedi qiz unga savol nazari bilan boqib. — Uloqqa kelasizmi, demoqchi edim. — Kelsam kelaveraman. Siz ham chopasizmi? — Ha. — Hech yutganmisiz? — ...Yo‘q. Qiz kuldi. Homidbek o‘ng‘aysizlandi... — Eski paytlar bo‘lganda uylanolmay o‘tib ketarkansiz. Homidbek «nimaga?» demoqchi bo‘ldi-yu, o‘zini tutdi. Qizning gapidan achchiqlandi. Ammo qiz buni sezmay gapini davom qildi: — Rais buva xotinlarini uloqda yutgan ekanlar, shu rostmi? — Bilmadim. — Xosiyat xola o‘sha paytda juda chiroyli bo‘lgan ekanlar. Hadeb sovchilar bosavergach, «Kim uloqda zo‘r kelsa, o‘shanga chiqaman», deptilar. Yigitali aka yutib chiqibdilar. Qiziq, ertakka o‘xshaydi, a? — Odamlar to‘qigan gap bu. — Bari bir Xosiyat xola to‘g‘ri ish qilgan ekanlar. Yigitali aka rais bo‘lmay turib ham u kishini hamma hurmat qilardi. — Ertaga rais buva ham tushadilar. — Rostdanmi? Unday bo‘lsa boraman. Homidbek har gal qiz bilan xayrlashganda yuragida bir cho‘g‘ qolganday bo‘lardi. Bu gal cho‘g‘ o‘rnini sovuq bir narsa egalladi. Qizning bu gaplari uning izzat-nafsiga tegib o‘ch olishga — o‘zini ko‘rsatishga undadi. U faqat uloqdagina o‘zini ko‘rsatishi mumkin edi. «Ertaga qanday bo‘lmasin uloqni yutishim kerak. Keyin o‘zi yalinib keladi. Xosiyat xolaning yoshligini nimaga esladi? Yo menga shartini shama qildimi? Qizlar ayyor bo‘ladi. Lekin bari bir men o‘zimni ko‘rsatib qo‘yaman. Yigitali akaga aytaman. «Menga yaqinroq bo‘ling, yordam bering, albatta yutishim kerak», deyman. Ustam-ku, yordam beradi...» Homidbek raisning uyiga kirib mehmon borligini ko‘rgach, bu gaplarni aytolmasligini sezdi. Xayrlashuv chog‘ida raisning «Ertaroq kel», deganiga «Xo‘p, uyingizga kirib o‘taman», deb otga mindi-da, yo‘rttirib ketdi. * * * |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling