Microsoft Word davron ziyouz com doc
Download 233.92 Kb. Pdf ko'rish
|
davron ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
35 Chavandozlar temir yo‘lga taqalgan katta maydonga to‘plandilar. Ularning aksari to‘pga yaqinlashgan Yigitali aka bilan quyuq so‘rashdi. To‘dada «Rais buva ham tusharmishmi?» degan shivir-shivir boshlandi. Solimchi ichiga tuz to‘ldirilgan echki tulupini o‘rtaga tashladi. Maydonni chavandozlarning qiyqirig‘i bosdi. Uloq yerdan uzildi. Bir necha uloqchi to‘pdan ajralib otni surdi. Shundagina Yigitali aka otiga qarsillatib bir-ikki qamchi bosdi. Ot dupurlari orasida uning «Ol, ha, ol!» degan qichqirig‘i eshitildi. Uloqni taqimiga bosgan otliqqa yaqinlashganda qamchinni og‘ziga olib engashdi. Tizginni bir qo‘li bilan ushlab, bir qo‘lini uloq sari cho‘zdi. Bu orada otliqlar ko‘ndalang bo‘lib ularning oldini to‘sdi. Orqadagi dupurlar ham yaqinlashdi. Vaqt boy berilishi mumkinligini sezgan Yigitali aka tizginni qo‘yib yuborib, ikkala qo‘li bilan uloqqa yopishdi-da, siltab tortdi. Ololmadi. Yana tortdi. Shu paytda kimdir uning otini qamchiladi. Ot o‘zini yonga oldi. Rais uloqni qo‘yib yubormay yana siltadi. Otliqlar qiyqirishib ularni o‘ray boshladilar. Yigitali aka bu gal juda keskin siltab uloqni tortib oldi-da, otni niqtadi. Ot tezlashdi. Rais uloqni taqimiga bosib, qo‘liga qamchi oldi. «Ol, ha, ol» deb qichqirdi. U qamchi bilan goh otning u sag‘risiga, goh bu sag‘risiga qarsillatib urar, bu bilan u yaqinlashmoqchi bo‘lgan chavandozlarni o‘zidan bezitib turardi. Shunda ham bir-ikki dovyuraklar uloqqa chang solishdi... Yo‘lning yarmi o‘tilganda to‘dada faqat o‘ttiz chog‘li chavandoz qoldi. Ko‘pchilik ularning yo‘lini to‘sish maqsadida to‘xtab, o‘zlariga qulay joylarni tanlab turdilar. Rais otga qamchi urayotgan paytlarida yon-atrofiga qarab, nimagadir Homidbekni ko‘rmadi. «Yo‘l poylayapti, shekilli», deb achchiqlanib qo‘ydi. U yoshligidan yo‘l poylovchilarni yoqtirmaydi. «Halol uloqchi pakkadan marragacha kurashishi kerak. Tayyorini tortib olish nomardning ishi» deb Homidbekka necha aytgan edi. Chavandozlar marraga yaqinlashganlarida to‘da yana quyuqlashdi. «Iyuv, iyuv!», «Ol!», «Bos!» degan qichqiriqlar, otlarning pishqirishlari kuchaydi. Ayniqsa marra atrofida oyoq qo‘ygani joy topilmadi. Chavandozlar to‘dasi ko‘lanka singari chayqalar, otlar og‘zidan oppoq ko‘pik sochar, qamchilar sharaqlar, qiyqiriq bir zum tinmasdi. Raisning yo‘li butkul to‘silgan, ot faqat burnini kerib pishqirar, sakrashga chog‘lanardi. Bir necha qo‘l baravariga uloqqa yopishar, lekin Yigitali aka taqimini bo‘shatmasdi. Uloqning bir qo‘l, bir oyog‘i allaqachon yulib olingan, ushlab tortish anchayin qiyinlashgan edi. Rais bu ahvolda o‘tib bo‘lmasligini bilib otni qaytardi. To‘da soya singari unga ergashib ancha siyraklashdi. Yigitali aka to‘dadan ajralib otni temir yo‘l tomonga burdi. Keyin yana orqaga qaytdi. Uni yana o‘rab ola boshladilar. Marraga yaqinlashganda kimdir yana uning otini qamchiladi. Yuziga ko‘zi aralash bir narsa «shilt» urilib, u jon achchig‘ida ingradi. Birdan bo‘shashib, oyog‘idan kuch ketdi. Kimdir bir siltab uloqni tortib oldi. Shundan keyingina rais uloqni taqimiga bosib ot qamchilayotgan Homidbekni ko‘rdi. «Yaxshi, endi undan o‘zim olaman», deb ot surmoqchi bo‘ldi. Ammo uni yaqinlashtirmadilar. Marraga juda oz masofa qolgan, u shoshilar, lekin harakati foydasiz edi. Chavandozlar bir qiyqirishdi-yu, jim qolishdi. Uloq solimchining oyog‘i ostiga tashlangan edi. Rais g‘olibning kimligini dastlab bilmadi. Otliqlar asta tarqalishdi. Solimchi Homidbekka to‘n kiygazayotganda rais g‘alati bo‘lib ketdi. Otni burib yengil qamchi urdi. Oyog‘ining zirqirab og‘rishiga, qamchin zahridan yuzining lovillashiga ham e’tibor bermay otni o‘z holiga qo‘ydi. Qaerlarda yurganini, nimalarni o‘ylaganini o‘zi ham tuzuk-quruq bilmadi. Bir payt qarasa, ot bo‘ynini xam qilgancha hovlisiga kirib boryapti. Eshik oldida Xosiyat xola. Qo‘lida tugun. — U nima? — dedi Yigitali aka otdan tushmay. — Homidbegingiz tashlab ketdi, mukofotingiz emish. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling