«Jihod» tushunchasining ma’nosi
Biz o‘rganayotgan masala zaminida ochiq-oydin tushunib olishimiz kerak bo‘lgan
Islomning yana bir muhim qoidalaridan biri «jihod» tushunchasidir. «Jihod» so‘zining
lug‘aviy ma’nosi «intilish», «harakat qilish» degan tushunchalarni anglatadi. Islom
aqidasiga ko‘ra, «jihod qilish» degani «jihdu jahd», ya’ni biror ishga azmu qaror qilish
demakdir. Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) mo‘minlarga «eng ulug‘ jihod – insonning o‘z
nafsiga qarshi olib borgan jihodidir», deb ta’lim berganlar. «Nafs» deganda kishining
ochko‘zligi, qabih, xudbinlarcha ehtiroslarini tushunmoq kerak.
Adolat, tinchlik va o‘zaro tenglik o‘rnatish uchun, odamlarga nisbatan adolatsizlik
qilayotgan, ularni xo‘rlayotgan, zulm va shafqatsizlik ko‘rsatayotgan, insonning qonuniy
haq-huquqlarini poymol qilayotgan kimsalarga qarshi g‘oyaviy kurash olib borish ham
jihod hisoblanadi.
Xuddi shu yo‘sinda dinga qarshi bo‘lgan, dahriyona va xudosizlikka asoslangan
ta’limotlar bilan har qanday ko‘rinishda g‘oyaviy kurash olib borish ham tom ma’noda
jihoddir.
Bu holatning g‘oyaviy va ma’naviy jihatlari bilan bir qatorda urush olib borish jismoniy
kurash sifatidagi jihod hisoblanadi. Lekin bu urush yuqorida ta’kidlab o‘tganimizday,
Qur’on ta’limotiga muvofiq faqat himoyalanish uchun bo‘lishi va bunda islomning axloqiy
asoslariga qat’iy rioya qilgan holda olib borilishi darkor. Jihod tushunchasidan hech bir
gunohsiz odamlarga qaratilgan zulm-zo‘ravonlikning har qanday shakllari sifatida
foydalanish, aniqrog‘i terror eng ulkan adolatsizlik va haqiqatni buzib ko‘rsatish
hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |