Terrorchining maqsadi – qotillik
Rus anarxizmi asoschisi Mixail Bakunin va uning g‘oyaviy shogirdi Sergey Nechaev
«risoladagi» terrorchi obrazini shunday ta’riflaganlar: «Idealdagi terrorchi – mavjud
qonuniy tartib va barcha madaniyatli dunyo bilan, uning qonunchiligi, axloqi va boshqa
institutlari bilan hamma aloqalarini uzgan kishidir... Uning uchun faqat bitta fan – yo‘q
qilish, qirib tashlash fani mavjud».
Bakunin va Nechaevlarning so‘zidan ko‘rinib turibdiki, terrorchilar – jamiyatning barcha
tuzilmalari bilan aloqasini uzgan, axloqiy va boshqa qadriyatlarni inkor etadigan va ana
shu jamiyat tuzilmalarini o‘zining qandaydir dushmani yoki yo‘lidagi to‘siq deb
hisoblaydigan odamlar ekan. Bakunin yana shunday deb ham yozgan edi: «Terrorchida
bitta maqsad – ayovsiz qirish maqsadi bo‘lishi kerak!... Ana shu niyat yo‘lida to‘xtamay
va sovuqqonlik bilan harakat qilib, o‘limga hamisha shay turishi, unga halaqit berishga
uringanlarni o‘z qo‘li bilan o‘ldirishi kerak». Terrorchilikning qo‘llanmalaridan biri sifatida
tan olingan «Inqilobchiga eslatma» kitobida Bakunin shunday tushuntirish beradi:
«O‘ziga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lgan inqilobchi boshqalarga ham shunday munosabatda
bo‘lishi, oqibat, do‘stlik, minnatdorchilik, hatto or-nomus kabi hissiyotlarga umuman
berilmasligi kerak. U faqat inqilobiy ishga nisbatan metin ishtiyoqqa ega bo‘lishi lozim.
Chunki ana shu narsagina unga quvonch, qoniqish va mukofot olib keladi».
Bu so‘zlar terrorning mudhish qiyofasini to‘la-to‘kis ochib berishi bilan birga, uning
insonlarga muhabbat, tinchlik-osoyishtalik, diniy bag‘rikenglik olib keluvchi Islom
aqidasiga mutlaqo zid ekaniga guvohlik beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |