Microsoft Word +++Jinoyat huquqi Umum. Rustambayev 2006. doc


Download 1.81 Mb.
Pdf ko'rish
bet94/258
Sana17.06.2023
Hajmi1.81 Mb.
#1546715
1   ...   90   91   92   93   94   95   96   97   ...   258
Bog'liq
Jinoyat huquqi Umum.Rustambayev 2006

NOTA BENE! 
Ushbu kodeks moddasida jinoyat tamom bo‘lgan vaqt ijtimoiy xavfli 
qilmish bajarilgan vaqt deb hisoblangan bo‘lib, uni sodir etgan shaxs 
o‘z qilmishining ijtimoiy xavflilik xususiyatini anglagan va shunday 
qilmishni sodir etishni istagan bo‘lsa, bunday jinoyat qasddan sodir 
etilgan deb topiladi. 
Jinoyat kodeksi 21-moddasi 2,3-qismlarida belgilanishicha: “Ushbu 
kodeks moddasida jinoyat tamom bo‘lgan vaqt ijtimoiy xavfli oqibat yuz 
bergan vaqt deb topilgan qilmishlar to‘g‘ri yoki egri qasddan sodir etilgan 
bo‘lishi mumkin. 
Agar shaxs o‘z qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan, 
uning ijtimoiy xavfli oqibatlariga ko‘zi yetgan va ularning yuz berishini 
istagan bo‘lsa, bunday jinoyat to‘g‘ri qasddan sodir etilgan deb topiladi”. 
Jinoyat kodeksining 21-moddasi 4-qismida egri qasddan sodir etilgan 
jinoyatga ta’rif berilgan:
NOTA BENE! 
Agar shaxs o‘z qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan, uning 
ijtimoiy oqibatlariga ko‘zi yetgan va ularning yuz berishiga ongli 
ravishda yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, bunday jinoyat egri qasddan sodir etilgan 
deb topiladi. 
Qasdning tafakkuriy(intellektual) va irodaviy belgilari mavjud. 
Tafakkuriy (intellektual) holat qasdning mazmunini, irodaviy holat 
esa uning yo‘nalishini belgilaydi. Shuning uchun qasdning mohiyati va 
yo‘nalishini tafakkuriy, irodaviy holatini to‘g‘ri belgilash, shubhasiz, 
jinoyatni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilishga yordam beradi. 
Shaxs tomonidan jinoyatni faktik tomonining anglanishi jinoyat sodir 
etish vaqti, joyi, usuli, sharoitlarini tafakkuriy(intellektual) holat tarkibiga 
kiritish imkonini beradi. Biroq ayrim olimlar ko‘rsatilgan belgilarga 
nisbatan aybdorning munosabatini tafakkuriy holat tarkibiga kiritishni 
noto‘g‘ri deb hisoblaydilar. Bizning fikrimizcha, bu belgilar tafakkuriy 
holat tarkibida bo‘lmog’i darkor. Misol uchun, aldash yo‘li bilan 
o‘zganing mulkini egallab olmoqchi bo‘lgan firibgar, bu harakatlarini 


167
jabrlanuvchini aldash osonroq bo‘lgan vaqt va sharoitida sodir etadi. 
Bunda firibgar o‘zganing mulkini egallash g‘ayrihuquqiyligini anglashi 
bilan bir qatorda, u o‘zining aldoviga haqiqat tusini berishi uchun ma’lum 
bir sharoitlarini yaratayotganligini ham biladi. 
Tafakkuriy holatning zaruriy belgilaridan yana biri – bu harakat yoki 
harakatsizlikni sodir etayotgan subyekt o‘z qilmishi oqibatida zararli 
oqibatlar kelib chiqishini ko’ra bilgan bo‘lishi kerak. Agar ayblanuvchi 
kelib chiqqan oqibatlarni oldindan bilmagan yoki ko‘ra bilishi mumkin 
bo‘lmagan bo‘lsa, uni javobgarlikka tortish uchun asos ham bo‘lmaydi. 
Ijtimoiy xavfli oqibatlarni oldindan ko‘ra bilish deganda, 
subyektning jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan munosabatlarga o‘z 
qilmishi tufayli yetkaziladigan zararning oldindandan xayolan ko‘z oldiga 
keltirishi tushuniladi. 
To‘g‘ri qasdning tafakkuriy holati shaxsning ijtimoiy xavfli 
xususiyatdagi qilmishini anglashi va uning ijtimoiy xavfli oqibatlarini 
ko‘ra bilishidir. 
To‘g‘ri qasdning irodaviy holati jinoyat sodir etgan shaxsning o‘zi 
sodir etgan qilmishidan kelib chiqadigan ijtimoiy xavfli oqibatni 
istaganidir. 
O‘zining harakati yoki harakatsizligining ijtimoiy xavfli ekanligini 
anglash deganda shaxs jinoyat sodir etayotganida uning sodir etilishi 
tufayli vujudga keladigan barcha holatlarini tushunishi nazarda tutiladi. 
Masalan, shaxs qaysi obyektga zarar yetkazayotganligini, o‘z qilmishining 
gayriqonuniy, ijtimoiy xavfli ekanligini tushunadi. Shaxsning o‘z 
qilmishining ijtimoiy xavfli ekanligini, anglashi, insonning hayotiy 
faoliyati, bilimi, malakasiga bog‘liq. Masalan, o‘g‘rilik sodir etayotgan 
shaxs, shubhasiz, tegishli ruxsatsiz, shartnomasiz va boshqalarsiz 
o‘zganing mulkini olish mumkin emasligini tushunadi yoxud odam 
o‘ldirayotganida, birovni hayotidan mahrum qilishga haqqi yo‘qligini 
tushunadi va shu kabilar. Albatta, shaxs qandaydir holatlar (voyaga 
yetmaganlik, aqli norasolik) tufayli sodir etayotgan qilmishi xususiyatini 
anglamasa, u jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas. 
Shaxsning o‘zi sodir etayotgan qilmishning ijtimoiy xavfli ekanligini 
anglashi uning g‘ayriqonuniy ekanligini (ya’ni uni sodir etish qonunda 
man etilganligini), anglashi zarur degani emas, ko‘pchilik hollarda, jinoyat 
sodir etayotgan shaxs uning gayriqonuniy qilmish ekanligini anglaydi, 
ammo ayrim hollarda esa u qandaydir qilmishning sodir etilishi qonunda 
man etilganligini bilmasligi mumkin, lekin shunga qaramasdan, bu uni 
jinoiy javobgarlikdan ozod etmaydi, chunki qonunda qasd tushunchasiga 


168
aybdorning g‘ayriqonuniy qilmishni anglashi kiritilmagan(Jinoyat kodeksi 
21-modda). Ayrim jinoyat-huquqiy normalarda qilmishning g‘ayri 
qonuniy ekanligini avvaldan bilishni ko‘rsatish shaxs uning g‘ayriqonuniy 
ekanligini anglashi sifatida kiritilgan. Masalan, Jinoyat kodeksi 113-
moddasi birinchi bandida — bila turib, boshqa shaxsni tanosil kasalligini 
yuqtish xavfi ostida qoldirish; Jinoyat kodeksi 139-moddasida bila turib 
boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish, shunday 
harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan 
bo‘lsa, jinoiy jazo ko‘zda tutilgan. 
Bu va boshqa jinoyat-huquqiy normalarda qilmishning jinoyat 
ekanligini oldindandan bilganligi shaxsni jinoiy javobgarlikka tortishning 
zaruriy sharti hisoblanadi. 
To‘g‘ri qasdning tafakkuriy holati, ijtimoiy-xavfli qilmish sodir etgan 
shaxsning o‘z qilmishi tufayli kelib chiqadigan xavfli oqibatlarni 
oldindandan ko’ra bilishida ifodalanadi. 
Shaxsning ijtimoiy xavfli oqibatlarni oldindandan ko‘ra bilishi 
deganda, shaxsning o‘z harakatlari natijasida tajovuz etilayotgan obyektga 
qanchalik zarar yetishini oldindandan tasavvur etishi tushuniladi. 
To‘g‘ri qasdning irodaviy holatida jinoyat sodir etgan shaxs muayyan 
ijtimoiy xavfli qilmish tufayli muayyan oqibat kelib chiqishini (masalan, 
shaxs odam o‘ldirishda aynan birovni hayotdan mahrum qilishni), badanga 
shikast yetkazishda esa aybdor aynan badanga og‘ir shikast yetkazilishni 
istaydi. 
Aynan irodaviy holat bo‘yicha to‘g‘ri qasd egri qasddan farq qiladi, 
chunki to‘g‘ri qasdda aybdorning harakatlarida muayyan oqibatlarning yuz 
berish istagi mavjudligi bo‘lsa, egri qasdda esa muayyan oqibat yuz berishi 
istagi emas, balki unga ongli ravishda yo‘l qo‘yilishi, ya’ni ijtimoiy xavfli 
oqibat yuz berishiga aybdorning befarq qarashida ifodalanadi. Bunday 
hollarda qilmish aybdorning harakatlari tufayli yuz bergan oqibatlardan 
kelib chiqqan holda kvalifikatsiya qilinadi. Masalan, aybdor tajovuz 
qilayotib odam badaniga qandaydir jism bilan uradi va uning sog‘lig‘iga 
zarar yetkazadi. Aybdor urayotganda o‘z qilmishining ijtimoiy xavfliligini 
anglaydi va uning harakatlari natijasida jabrlanuvchining sog‘lig‘iga ziyon 
yetishini biladi(tafakkuriy holat belgisi) va ongli ravishda jabrlanuvchi 
sog‘lig‘iga zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘yadi. 
Egri qasddan sodir etilgan jinoyatlarda aybdor ijtimoiy xavfli 
oqibatlarning kelib chiqishini xohlamaydi. O‘z-o‘zidan egri qasdda shaxs 
oqibatga nisbatan aktiv emas, balki passiv munosabatda bo‘ladi. Zero, bu 
oqibatlar ushbu jinoyat tarkibining tashqarisida joylashgan boshqa 


169
maqsadlarga erishishga qaratilgan aybdor jinoiy qilmishining salbiy 
natijasidir. Shuning uchun egri qasd bilan sodir etilgan jinoyatlarning 
to‘g‘ri qasd bilan sodir etilgan qilmishlariga nisbatan xavflilik darajasi 
pastdir. Ongli ravishda yo‘l qo‘yish, eng avvalo, ijtimoiy xavfli 
qilmishning kelib chiqishini istamaslikda ifodalanadi. Egri qasddan 
harakat qilayotgan shaxs bu oqibatlarning kelib chiqishidan manfaatdor 
emas, shunday bo‘lsa-da, boshqa maqsadlarga va, hatto, jinoiy bo‘lmagan 
maqsadlarga erishish uchun bularning kelib chiqishiga tayyordir. 
Ongli ravishda yo‘l qo‘yish egri qasdning irodaviy tomoni sifatida, 
shuningdek,, aybdor shaxsning o‘z harakatlari ijtimoiy xavfli oqibatlar 
keltirib chiqarishiga befarq munosabatda bo‘lish shaklida ham namoyon 
bo‘ladi. Shu sababdan ayrim vaqtlarda egri qasd “jinoiy befarqlik” deb 
ham nomlanadi. 
Shunday holatlar ham mavjudki, aybdor ijtimoiy xavfli oqibatlar 
kelib chiqishini xohlamaydi, lekin ularning oldindani olish imkoniyati 
yo‘qligini ham tushunadi. Misol uchun qo’shnisining uyiga o‘t 
qo‘yayotgan shaxs uy ichida harakat qila olmaydigan nogiron shaxs 
borligini biladi va uning o‘lishini xohlamaydi, biroq shunday bo‘lsa-da, 
buning oldindani olish imkoniyati yo‘qligini tushunadi va o‘ylagan 
maqsadidan qaytmaydi. Qonunda imkoniyat yo‘qligini tushunish u yoki bu 
ayb shakliga kiritilmagan. Jinoyat huquqi nazariyasida va amaliyotda 
bunga to‘g‘ri qasdning bir ko‘rinishi sifatida qaraladi. 
Aybdorning harakatlarida to‘g‘ri qasd mavjud bo‘lgan hollarda, u 
shaxs sog‘lig‘iga ma’lum darajada zarar yetkazilishini istaydi (masalan, 
kishining u yoki bu a’zosini kesish, inson sog‘lig‘ini buzish va boshqalar), 
agar aybdor ko‘zlagan oqibat yuz bermasa, uning harakatlari bu jinoyatni 
sodir etishga suiqasd qilish deb kvalifikatsiya etilishi kerak. Masalan, 
aybdor jabrlanuvchining badaniga shikast yetkazish maqsadida unga sulfat 
kislota quyib yuborsa, biroq obyektiv sabablarga ko‘ra u istagan natijaga 
erisha olmasa, uning harakatlarini qasddan badanga og‘ir shikast 
yetkazishga suiqasd qilish deb kvalifikatsiya qilinishi kerak (O‘zbekiston 
Respublikasi Jinoyat kodeksi 25 - va 104-moddalari bo‘yicha). 
Shubhasiz, egri qasddan sodir etilgan jinoyatlarga nisbatan to‘g‘ri 
qasddan sodir etilgan jinoyat yuqori xavfga ega, shuning uchun sud buni 
jazo tayinlashda hisobga olishi kerak. 
Formal tarkibli jinoyatlarga nisbatan Jinoyat kodeksi 21-moddasi 1-
qismida: “Ushbu kodeks moddasida jinoyat tamom bo‘lgan vaqt ijtimoiy 
xavfli qilmish bajarilgan vaqt deb hisoblangan bo‘lib, uni sodir etgan 
shaxs o‘z qilmishining ijtimoiy xavflilik xususiyatini anglagan va shunday 


170
qilmishni sodir etishni istagan bo‘lsa, bunday jinoyat qasddan sodir etilgan 
deb topiladi”,-deb belgilangan. 
Formal tarkibli jinoyatlarda aybdorning yuz berishi mumkin bo‘lgan 
oqibatlarga bo‘lgan munosabati (irodaviy belgi) ijtimoiy xavfli qilmishni 
kvalifikatsiya qilishda ahamiyatiga ega emas, chunki formal tarkibli 
jinoyatlarda oqibat jinoyat tarkibidan tashqariga chiqarilgan. Masalan, 
tuhmat, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar 
tarqatish (Jinoyat kodeksi 139- modda, 1- qismi), yoxud haqorat qilish, 
ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan 
tahqirlash(Jinoyat kodeksi 140-modda). Bu jinoyatlarni oxiriga yetgan deb 
topish uchun ko‘rsatilgan ijtimoiy xavfli qilmishning sodir etilishi va uni 
sodir etish istagi kifoya. Ko‘rinib turibdiki, bu jinoyatlar oxiriga 
yetkazilgan qilmish, deb topilishi uchun ularning sodir etilishining o‘zi 
kifoya. 
Formal tarkibli jinoyatlar egri qasddan sodir etilmaydi, chunki egri 
qasdda aybdor sodir etayotgan qilmish oqibatining ro‘y berishini istamasa-
da, unga ongli ravishda yo‘l qo‘yadi. 
Qasdni to‘g‘ri belgilash jinoyatni kvalifikatsiya qilishda muhim 
ahamiyatga ega bo‘lib, ayb shaklini to‘g‘ri belgilash, adolatli jazo 
tayinlanishi, javobgarlikni differensiallash imkonini beradi. 
Jinoyat huquqi nazariyasida olimlar qasdni oldindandan o‘ylangan, 
to‘satdan paydo bo‘lgan turlarga ajratishadi. Qasdning bu turlari bir-
biridan uning shakllanish vaqti bilan farq qiladi. Oldindandan o‘ylangan 
qasdda jinoyat sodir etish to‘g‘risidagi niyat paydo bo‘lishi va uni amalga 
oshirish o‘rtasida muayyan vaqt o‘tadi, ya’ni ijtimoiy xavfli qilmish sodir 
etishda jinoyat sodir etish to‘g‘risida fikr paydo bo‘lishi bilan jinoyat sodir 
etilish vaqtini ma’lum bir muddat ajratib turadi. Ko‘pchilik hollarda 
oldindandan o‘ylangan qasd bilan sodir etilgan jinoyatlar yuqori 
xavflilikka ega, aynan qasd paydo bo‘lgan vaqt bilan uni amalga oshirish 
o‘rtasidagi vaqtda shaxs uni har tomonlama rejalashtiradi, jinoyat quroli va 
vositalarini tayyorlaydi, sodir etiladigan jinoyatni yashirish uchun 
muayyan harakatlarni amalga oshiradi.
Qasd to‘satdan paydo bo‘lganida, shaxs jinoyat sodir etish to‘g‘risida 
xohish paydo bo‘lgani hamon uni amalga oshiradi yoki jinoyat qasd paydo 
bo‘lgan vaqtdan keyingi qisqa muddat ichida amalga oshiriladi. To‘satdan 
paydo bo‘lgan qasd bilan sodir etilayotgan jinoyatning, odatda, avvaldan 
o‘ylab sodir etilgan qilmishga nisbatan xavflilik darajasi pastroq. 
Ko‘pchilik hollarda bunday jinoyatlarnipg sodir etilishi ayrim holat va 
sharoitlarga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, jabrlanuvchining provakatsion 


171
(ig‘vogarona) xulqi, mulkni yetarlicha qo‘riqlamaslik va shu kabilar; 
to‘satdan paydo bo‘lgan qasdning yana bir ko‘rinishi kuchli ruhiy 
hayajonlanish holatida qasddan jinoyat sodir etish bo‘lib, yuridik 
adabiyotlarda bunday holat “affekt holati” deyiladi. 
Ammo kuchli ruhiy hayajonlanish (affekt) holati jabrlanuvchining 
g‘ayriqonuniy zo‘rlik yoki og‘ir haqoratidan yoxud gayriqonuniy 
harakatlariga javob sifatida paydo bo‘lgan bo‘lishi kerak. Shaxs kuchli 
ruhiy hayajonlanish holatida jinoyat sodir etganida uning o‘z harakatlarini 
nazorat qilishi ma’lum darajada pasayadi, o‘z irodasini boshqara olmaydi 
va o‘z harakatlari oqibatini yetarli darajada baholay olmaydi. Shuning 
uchun qonunda kuchli ruhiy hayajonlanish yengillashtiruvchi holat, deb 
belgilangan. Masalan, Jinoyat kodeksi 98-moddasida kuchli ruhiy 
hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirganlik uchun besh yilgacha 
ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutiladi, kuchli ruhiy hayajonlanish 
holatida qasddan badanga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazganlik 
uchun qasddan badanga shikast yetkazishga nisbatan yengilroq jazo 
belgilanadi (Jinoyat kodeksi 106-moddasi). 
Qasdni egri va to‘g‘ri qasdlarga bo‘lish nafaqat nazariy, balki muhim 
amaliy ahamiyatga ham egadir. Misol uchun qilmishda egri yoki to‘g‘ri 
qasd borligini aniqlamasdan turib, umuman aybning qasd shakli 
mavjudligi haqida fikr yuritib bo‘lmaydi. Qasd turlarini aniq farqlash bir 
qator jinoyat huquqi institutlarini tushunish uchun ham zarurdir. Misol 
uchun jinoyatga suiqasd qilish faqatgina to‘g‘ri qasdda mavjud bo‘ladi, 
shuningdek,, jinoyatlarni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish, qilmish va aybdor 
shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasini aniqlash uchun ahamiyatlidir. 
Subyektning qilmishi eng muhim faktik va amaliy xususiyatlariga 
qarab qasd aniq, alternativ va noaniq turlarga bo‘linadi. Aniq qasdda 
aybdor erishiladigan aniq maqsadni belgilaydi va aniq zararli oqibatlarni 
kelib chiqishini ko‘ra biladi. 
Alternativ qasdda aybdor o‘z qilmishi oqibatida ikki va undan ortiq 
muayyan oqibatlarning kelib chiqishiga bir xil imkoniyatlar borligiga ko‘zi 
yetadi. Alternativ qasd bilan sodir etilgan jinoyatlar yetkazilgan haqiqiy 
zararga qarab kvalifikatsiya qilinadi. 
Noaniq qasdda subyekt qilmishning obyektiv xususiyatlari to‘g‘risida 
aniq tasavvurga ega bo‘lmaydi hamda yetkazilgan zararning hajmini aniq 
tasavvur qilmasa-da, u haqidagi umumiy tasavvurga ega bo‘ladi. Misol 
uchun, shaxsni urish, do’pposlashda aybdor tan jarohati 
yetkazayotganligini anglaydi, lekin uning qaysi – yengil, o‘rtacha og‘ir 
yoki og‘ir darajada bo‘lishini bilmaydi. 


172

Download 1.81 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   90   91   92   93   94   95   96   97   ...   258




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling