Microsoft Word qaynona ahmad lutfi lotin ziyouz com doc
Download 363.78 Kb. Pdf ko'rish
|
qaynona ahmad lutfi lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
8 Ona hayajonlandi. Farzandining ketmasligi undan judo bo‘lmaslik sevinchi bilan qayg‘ulari qorishib ketdi. Ortiq gapirolmadi. — Nega xafa bo‘layin, majbur emassiz axir. Alloh rizqlarini berar, rahmat, — deya oldi, xolos. Usmon og‘aning xotini ketdi. Uni kuzatib qolgan ona bolalariga bildirmasdan, xuddi biror ish bilan mashg‘ul bo‘lgandek uy ortidagi devorga suyanib yig‘ladi, selu-selob bo‘lib yig‘ladi, shashqator yig‘ladi, to‘yib-to‘yib yig‘ladi. Ularni boqish uchun ertaga kimningdir xizmatini qilishga, birovlar eshigida bolalarini to‘ydirish uchun ularning bolalariga ermak o‘yinchoq bo‘lishga rozi ekanini o‘ylab, kuyib-kuyib yig‘ladi. Boshqa bolalar nozu-niyoz ichida, o‘z bolalari boshi egik, xoru xas ichida o‘sishini o‘ylab, to‘yib-to‘yib yig‘ladi... Qancha vaqt o‘tdi bilmadi. Birdan esiga tuguncha tushdi. Noma’lum xayr sohibi kim? Yoki o‘g‘rimi? Qochayotib, quvib yetishlariga ko‘zi yetib tugunchani bu tomonga otdimi? Yo‘g‘e, o‘g‘ri bir ko‘ylak va bir ro‘mol uchun o‘zini tahlikaga qo‘ymas? Bu — g‘amho‘rlik, yaxshilik alomati. Ona buni xayrga yo‘ydi. Alloh go‘daklarini och-yalang‘och qoldirmaydi, rizqini yetkazadi. Usmon og‘aning xotini bolani ololmaydigan bo‘ldik deganini qanday tushunish mumkin? Nima bo‘lganda ham bolasini olib ketmaganlari yaxshi bo‘ldi. Bolalari ko‘z oldida, o‘z bag‘rida o‘sadi. Ammo bularni boqib ulg‘aytirmoq oson bo‘lmaydi. Kimga ishonadi, kimning yumushini bajaradi? Bir kunlik non topish uchun o‘zgalar eshigida ishlashi, birovlarning bolalariga qarab, o‘z bolalarini qarovsiz qoldiradi. Bolalarning qornini to‘yg‘azdi. Tozaligiga kiyim boshiga qaradi. Yuz-ko‘zlarini siladi. Vaqt peshinga yaqinlashgan edi. Tuyqus eshik taqilladi. Uyga 12 yoshlardagi bir bola kirdi. Ustida qurigan hamirlar yopishgan uniqqan etak. Bundan bolaning nonvoyxonada ishlashini bilish mumkin. Sochlari, yuz ko‘zlariga un urib qolgan. Sokin, so‘lg‘in chehrasi, zaifgina vujudi kishida yengilroq bo‘lsada, achinish hissini uyg‘otadi. Bola bir-ikki yo‘talib: — Xola, Jamila xola sizmisiz? — Ha, o‘g‘lim. Bola mo‘ljaldagi xonadonga kelganiga ishonch hosil qilgach, cho‘ntagidan bir kichik daftar olib, qarshidagi beva ayolga uzatdi. — Xola, bu daftarni olib anavi qayrilishdagi nonvoyxonaga borasiz. Bir varag‘ini yirtib, uzatib bitta non olasiz. Ikki varag‘ini uzatib ikkita non olasiz. — O‘g‘lim buni kim berdi? — Ustam berib yubordi. Nonvoyxonaga bir keksa odam keldi, usta bilan suhbatlashdi, keyin shu daftarni qo‘limga tutqazib, sizga berib yuborishdi. — Yaxshi, o‘sha kishini ismini bilasanmi? — Bilmayman xola. — Suhbat payti eshitmadingmi otini? — Yo‘q, unda men ichkarida edim. Eshitmadim. Jamila xonimning o‘yga tolganini ko‘rib, bola so‘raydigan savoli qolmaganini anglab: — Men ketyapman, xola, ko‘p qolsam ustam urushadi, — deya chiqib ketdi. Jamilaxonim bunda bir yaxshilik bordir, deya eshikni yopib ichkariga kirdi. Tongdagi tuguncha, Usmon og‘aning xotinining kelib ketishi va nihoyat nonvoyxonadan non olish... . Eri o‘lganidan keyingi ko‘ngilsiz hodisalar... Agar u hayot bo‘lsa, jigarporasini birovga boqish uchun berish kimning ham aqliga kelardi. Nochorlik qursin. Hozirgi sirli holatlar g‘oyibona marhamatlar... Bularning oqibati qanday bo‘ladi. Bir qarasang, bolani olishni o‘zlari taklif qiladilar va yana o‘zlari rad etadilar. Bir yoqdan bildirmay tugun tashlab ketishadi, yana kimligini aytmasdan kunlik nonlarini ta’min etishadi. Shubhasiz, bu Allohning bir lutfi karamidir. Mo‘min bandasi diliga yetimlarga mehribonlik tuyg‘ularini ehson etgan, Allohning O‘zidir. Yer yuzida o‘ziga o‘xshagan tul bevalarning holi parishon, qancha-qanchasi yo‘qchilik girdobida. nima qilish kerak? Bu yordamlarni rad etsinmi, qabul etsinmi? Rad qilsa hovuchida ne yemishi bor va qo‘lidan nima ham kelardi? Bolalarni qanday boqadi? Eridan o‘ziga va bolalariga qolgani bir bog‘ va ikki xonalik kichik uy. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling