Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
154 zahar odam zahri. Bunga davo yo‘q. Odam odamni chaqsa albatta o‘lim haqdir! Olloh biz — ilonlarni tuban qilib yaratdi. Ammo biz bir-birimizni chaqmaymiz. Siz — odam bolalarini yuqori qilib yaratdi, siz bir-biringizni chaqib o‘ldirasiz. Sen jonini saqlab qolmoqchi bo‘lgan xastaga mening zahrim davo emas, yanglishma. Uni o‘z do‘sti chaqqan. Uning dardiga davo topa olmassan. Bunga hatto Luqmon ham davo topmagay. Qo‘y, u o‘laversin. Azoblardan qutulsin...» Anvarning nazarida Hikmat O‘rolov bu gaplarni baland ovozda aytdi. Bu gaplarni pastdagilar ham, ko‘chadagilar ham eshitishdi... Anvar ostonada yana bir oz turgach, iziga qaytdi. «Bu ayol buncha sabotli bo‘lmasa, — deb o‘yladi u. — Shunaqa vaziyatda ham odob chegarasida qolish shartmi? Dod solmaydimi? «Erimni senlar o‘ldirdilaring, chaqib-chaqib o‘ldirdilaring! Ilon chaqsa o‘lmay qolardi, senlarning zahring jonini oldi! Keltirgan tobutlaring o‘zlaringga buyursin, o‘zlaring tushib yotlaring, rohatlanlaring!..» deb baqirsa bo‘lmaydimi! «Sen ham shularning birisan!» deb meni-da yulib tashlamaydimi?..» Anvar tashqariga chiqdi. Tanish, notanish odamlar... Achingan ham, loqayd ham, musibatga sherik ham, «o‘lgani yaxshi bo‘ldi» deguvchi ham shu yerda. Anvarning ko‘ziga hamma — do‘st ham, dushman ham ilon bo‘lib ko‘rindi. O‘zini ulkan bir ilonxonada his etib, badaniga muz yugurdi. Nazarida qo‘l qovushtirib, qayg‘uga berilganday bo‘lib turganlar odamlar emas, balki lunjini shishirib, tilini o‘ynatib, bir hamla bilan chaqishga tayyor turgan ilonlar edi go‘yo. Sudralib yuruvchi rosmana ilonlar chaqaman, deb niyat qilmaydi, ikki oyoqli ilonlar esa fursat poylaydi. Mana shu turganlarning qay biri qachon, qay birini chaqar ekan? Mana shu turganlarning qay biri qachon odam zahridan tatib o‘lar ekan? Rosmana ilonlar chaqadi-yu, qochadi. Ikki oyoqlilar esa to ko‘mib tashlamagunicha tinchimaydi... Jasadni ko‘mish bilan cheklansa koshki edi, xotirasini, nomini ham ko‘mishga intilsa-chi? Anvarning xayoli shu gaplar bilan band, ko‘zlari esa odamlar orasidan kimnidir qidirardi. Murda olib chiqilganda ham, masjid sari yurilganda, janoza o‘qilayotganida, hatto qabrga qo‘yilayotganida ham izladi uni. «Qilgan ishidan pushaymon yedimi, uyaldimi?» degan savolga javob topa olmadi. Qabrga tuproq tortilgach, tanish ovozni eshitib, hayrat bilan alangladi — «Qachon paydo bo‘ldi bular?!» — Hurmatli o‘rtoqlar! — dedi O‘lmas Akram baland ovozda. Hamma, jumladan, to‘nkarilgan tobut ustiga o‘tirib qiroatni boshlay deyayotgan imom ham ovoz kelgan tarafga qaradi. Tuproqni ketmon bilan shibbalayotgan go‘rkov yonida O‘lmas Akram, Xolidiy, Mirolim, yana bir necha nomdor olimlar paydo bo‘lgan edilar. O‘lmas Akram «ilm ahlining musibatini» bayon etgach, so‘zni «marhumning yaqin safdoshi ulug‘ olim Xolidiy»ga berdi. Anvar uning «Aziz birodarim...» degan dastlabki so‘zlarini eshitdi-yu, vujudini zirillatgan g‘azab quloqlarini kar qildi, ko‘z oldiga qizil parda tortdi. U tamoman o‘zini yo‘qotdi-da: — Munofiq! — deb baqirdi. Odamlar hayrat bilan unga qaradilar. Anvarni taniganlar maqsadni tushundilar. Tanimaganlar esa: «Bu yigit kimni «munofiq» deyapti, marhumnimi yo voiznimi?» — deb ajablandilar. Xolidiy esa bu hitobni eshitmaganday gapni xotirjam tarzda davom ettirdi: — Munofiq!! — Anvar yana baqirib notiq sari sapchidi. — Uni sen o‘ldirding, hayvon! Yana aziz birodarim, deysanmi?! Anvar og‘zidan chiqayotgan so‘zlarni nazorat qila olmas edi. Odamlar nima gapligini tushunib yetgunlariga qadar u Xolidiyning bo‘g‘ziga chang solishga ulgurdi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling