Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
162 — Boshqa jazolar ham bor. — Baribir odam o‘ldirmayman. — Qiziq... agar nomusingga tegadigan ish bo‘lsa-chi, unda ham o‘ldirmasmiding? Halimjon javob qaytarmadi. «Agar qizga yetisha olmasam ularni o‘ldiraman», deb ont ichgan edi. Ammo qasamni amalga oshirishga qudrati yetadimi, yo‘qmi — aniq bilmasdi. — Men bir narsa so‘raganimda darrov javob ber. — Bilmadim... Har holda o‘ldirishga harakat qilardim. Yoki... — Nima yoki? Fikringni yashirma. — Yoki... o‘zimni o‘ldirardim... Chuvrindi kuldi: — Bu yigitning gapi emas! Yigitning nomusi toptalsa o‘ch olishi shart. O‘chning sharti bir — o‘lim! O‘ch ololmay o‘zini o‘ldiradigan odam yigit emas, hajiqiz! Bilib qo‘y, bunaqa gapingni boshqa eshitmay. Mashina uch qavatli bino qarshisida to‘xtaganida Halimjon «nima uchun bu yerga keldik?» deb ajablanib, Chuvrindiga qaradi. Halimjon bu yerga talaba do‘stlari bilan bir necha marta kelgan, uchinchi qavatdagi yig‘ilishlarda ishtirok etgan, otashin nutqlarni eshitgan edi. Do‘stlari otashnafas nutqlardan to‘lqinlanib, qarsaklar chalishganda u taajjublangan. Bir kuni do‘sti: — Gaplarini eshitdingmi, zo‘r u odam! — deb hayajonlanganida u: — Bunaqa gaplarni televizorda ham, choyxonada ham ming-ming odam gapirib yotibdi. Kesakdan olov chiqqanday hovliqasan-a? Bu odaming zo‘r alkashga o‘xshaydi. Hozir bu yerdan chiqib shotirlari bilan yuzta-yuzta otadi. Gaplari esidan ham chiqib ketadi. Mingta gapirgandan ko‘ra, bitta ish qilsin, qoyil bo‘lay, — degandi. O‘rtog‘i esa undan ranjib: «Xalq fidoyilarini tushunmasang, bu yerga boshqa kelma», dedi. Halimjon ham: «Agar xalq fidoyilari shunaqalar bo‘lsa, xalqning sho‘ri qurigan ekan. Bu yeringga kelmadim ham, ko‘rmadim ham, kuymadim ham», deb oyog‘ini tortgan edi. O‘shandan beri bu binoga yaqin kelmayotgan edi. Hozir mashina to‘xtagandagi taajjubi shundan. Halimjonning qimirlamay o‘tirishini ko‘rib Chuvrindi «Tushmaysanmi?» dedi-da, pastga olib tushuvchi zina sari yurdi. Halimjon taajjubdan qutulmagan holda unga ergashdi. Chuvrindi Bo‘tqaning salomiga alik olib, to‘g‘ridagi eshikni ochdi. Halimjon unga ergashmoqchi edi. Bo‘tqa yo‘lini to‘sib yon eshikni ochdi. — «Bu qanaqa joy? Shularning idorasimi? Qiziq, yuqorida boshqa gap, pastda boshqa ish. Toza topishgan ekan», deb o‘yladi Halimjon. Halimjonni yarim soatdan so‘ng chaqirishdi. Unga qadar xos xonada Asadbek avval Krasnoyarga borish maslahatini qildi. So‘ng Chuvrindi Halimjon haqida bilganlarini gapirib berdi. — Oldin obdan sinash kerak edi, — dedi Kesakpolvon. — To‘g‘ri boshlab kelganing chakki bo‘libdi. — Sinashning hojati yo‘q. Uni qarzdor qilib qo‘yganmiz. To‘g‘riso‘z bola ekan, menga shunisi yoqdi. Chuvrindining shu qat’iy xulosasidan so‘nggina Halimjonni chaqirdilar. Ko‘rinishidan chayir bo‘lgan yigitning xonaga kirib kelishi, salom berishi Asadbekka yoqdi. Uning qaerinidir Jamshidga o‘xshatib yuragi g‘alati bo‘ldi. Halimjon o‘zi uchun notanish bo‘lgan ikki kishiga bir-bir qarab olib, «qaysi bir Asadbek ekan?» deb o‘yladi. Chuvrindi uning o‘yini o‘qiganday o‘tirganlarni tanishtirdi: — Bek akam, — deb Kesakpolvonni ko‘rsatdi. So‘ng Asadbekka qaradi: — Haydar akam. Halimjon jilmaydi. — Ha, nimaga ishshayyapsan? — dedi Kesakpolvon, zarda bilan. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling