Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
34 Hayitali gapira-gapira so‘ridan tushib, kavshini oyog‘iga ildi. Sotvoldi oqsoqol unga ergashdi. Zelixon uchinchi piyoladagi choyni ichishga ulgurmay Hayitali oqsoqol ko‘rindi. U choyxona sari emas, mashinaga qarab yurdi. Ahadbeyga qarab: «Endi bandalik-da, inim, xudo sabr bersin», dedi-da, haydovchi yoniga o‘tirdi. «Qani haydang inim», deb yo‘l ko‘rsatdi. Zelixon yugurib kelib joyidan jilayotgan mashinaga chiqib oldi. Mashina bir uy qarshisida to‘xtadi. Bu yerda bir necha odam to‘planib turgan edi. Zelixon ham, Ahadbey ham bu uy Hayitali oqsoqolniki ekanini keyinroq bilishdi. Mayitni uyga olishgach, Hayitali Ahadbeyga yaqinlashdi. — Inim, otangizning birodarlari, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ingiz bordir, a? — Bor, — dedi Zelixon o‘rtog‘i uchun javob berib. — Adirda qolishgan. — Nimaga qolishdi? Nimaga kelishovurmadi? Zelixon ham Ahadbey ham bu savolga javob berolmay ko‘zlarini olib qochishdi. Hayitali ham savoliga javobni talab qilmadi. — Siz, inim, — dedi Ahadbeyga qarab, — ichkariga kiring. G‘assolga qarashasiz. Siz esa men bilan yuring, — dedi Zelixonga. Zelixon «qayoqqa?» deb o‘tirmay, unga ergashdi. Adirdagi qo‘ni-qo‘shni, Ismoilbeyning birodarlarini olib qaytishganda dafn marosimiga lozim bo‘lgan yumushlar bajarib bo‘lingan edi. Hovliga joy qilingan, katta qozonda esa sho‘rva qaynab turardi. Ahadbey mashinadan tushayotgan orqadoshlarini ko‘rib, yig‘lab yubordi. Otasining joni uzilganidan beri ko‘ziga endi yosh keldi. U otasining o‘lganidan yoki uning qadridan emas, qishloqdagilarning oqibatidan hayajonlanib yig‘lardi. Hayitali oqsoqol cho‘rtkesar, bir so‘zli edi: dafn marosimidan keyin ham mehmonlarga ijozat bermadi. Shomga yaqin vakil xavotirlanib yetib keldi. Vaqtida qaytmaganlari uchun ulardan o‘pkaladi. — Qishlog‘imizda avboshlar yo‘q, Xudoga shukr. Shu yerda turaverishsin. Biydek cho‘lda nima bor ekan? Chollarni urintirib qo‘yibsiz, inim, — dedi Hayitali unga. — Boshqa choramiz yo‘q, otaxon, qishlog‘ingiz tinch, bilamiz. Lekin bu yerda turklar borligini bilsa, shahardagi betamizlar yetib kelib bir balolarni boshlaydi. Adirda bularni askarlar qo‘riqlaydi. — To‘rtta-beshta bezorini jilovlay olmasangiz, nima qilib hukumat bo‘lib yuribsiz, inim, shu ham ishmi? Yomonga yomon bo‘ling, shartta-shartta oting-da, vassalom! — Aytishga oson... — deb ming‘irladi vakil, so‘ng Zelixonga «bu g‘alvani siz boshlab edingiz, endi o‘zingiz eplang bu yog‘ini» deganday najot ko‘zi bilan boqdi. Zelixon Hayitali oqsoqolga, uning hamqishloqlariga minnatdorlik bildirib, qariyalarni mashinaga taklif etdi. 5 O‘sha do‘nglik... Yana ikki kishi... Yana shom... Ammo shom azoni eshitilmaydi. Hech kim namoz o‘qimaydi. Do‘nglikdan ikki qadam narida Ahadbeyning oilasi, qo‘shni xotinlar, bolalar... Ahadbey bilan Zelixon qontalash ufqqa tikilishgan. Aytadigan so‘zlari yo‘qday... Jim... Jimlikni bolalarning ovozlari buzadi: — Zarine, kel, mehmon-mehmon o‘ynaymiz. Sen mehmon bo‘lasan... — O‘ynamayman. Hali haydab yubording-ku. Senga mehmon bo‘lmayman... Bolalarning suhbatiga Ahadbeyning xotini qo‘shiladi: — Zerine, o‘ynay qol, Gulsine mehmonni haydamaydi, u o‘zbek emas. Bu gap xayolga berilgan do‘stlar qulog‘iga o‘qday urildi. Ahadbey sapchib o‘rnidan turdi- da, xotiniga yaqinlashib yuziga tarsaki tushirdi. Bunga ham qanoat hosil qilmay tepdi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling