Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
35 Yana tepmoqchi bo‘lganida Zelixon o‘rtaga tushdi. — Nimaga urasiz? Gunohim nima? — dedi xotin yig‘lamsirab. — Sen ahmoq odam aytadigan gapni aytding, — dedi Zelixon. — Qaysi gap? — deb ajablandi xotin. Ahadbey unga javoban so‘kindi. Zelixon uni yelkasiga qo‘lini qo‘yib nariga boshladi. Xotin javrab qolaverdi. — Parvo qilma, xotin zoti nima gapirganini o‘zi ham bilmaydi, — dedi Zelixon do‘stiga tasalli berib. Atrofga qorong‘ilik cho‘ka boshladi. Katta chodir yaqinida ovqat ulashildi. Ular borishmadi. Yana kunbotarga tikilgancha jim o‘tirdilar. — Barmoqlarini to‘g‘rilash mumkin bo‘lmadi, — dedi Ahadbey. — Nimaga ko‘targan ekanlar, bilmaysanmi? — Namozda shunaqa odatlari bor edi. Bir kuni so‘rasam, payg‘ambar afandimizdan sunnat devdilar. Muhammad alayhissalom namoz o‘qib o‘tirganlarida tog‘ qulay boshlagan ekan. Namozni buzmay ko‘rsatkich barmoqlarini ko‘targanlarining o‘zida tog‘ qulashdan to‘xtagan ekan. — Men «Mesxetiyam shu yoqda» deb ko‘rsatmoqchi bo‘lganmilar, deb o‘ylabman. Ahadbey bosh chayqaydi-yu, yengil xo‘rsindi. So‘ng o‘ziga-o‘zi gapirganday dedi: Qo‘nma bulbul, qo‘nma bulbul Daraxt shoxiga, Nalar keldi, nalar keldi Yurtim boshiga... — Nima deding, tushunmadim? — Bolaligimda otam shuni xirgoyi qilib yurardilar. Xalq qo‘shig‘i, der edilar. Bu gapdan keyin Zelixon kecha tundagi suhbatni yodga oldi. Ismoilbey Vatan haqida gapira turib: «Agar sendin tonar bo‘lsam, nasibam ohu zor o‘lsun», deb xo‘rsinib qo‘ygan edi. Zelixon bu gapni xotirasiga muhrlashga harakat ham qilmagandi. Hozir nechundir esladi. Eslab turib, badanida xuddi minglab chumoli barobar o‘rmalagandek seskandi. Yarim tunga qadar suhbatlashib o‘tirdilar. Tongga yaqin bir-birlariga suyangan holda pinakka ketdilar. Zelixon bir tutamgina uyqusida ikki marta cho‘chib uyg‘ondi. Har safar yoniga Ismoilbey kelib xo‘rsinadi-da, qulog‘iga shivirlaydi: «Agar sendin tonar bo‘lsam, nasibam ohu zor o‘lsun». Ertalab «yo‘lga hozirlaninglar» degan buyruq berildi. Peshinga yaqin turnaqator bo‘lib avtobuslar ko‘rindi. Qayoqqa borajaklarini hech kim bilmas edi. Kimdir umid bilan «Mesxetiyamizga olib borishsa edi», dedi. Dam o‘tmay bu umid «Mesxetiyaga qaytar ekanmiz» degan haqiqatga aylanib, tirnalgan qalblarga malham bo‘ldi. Avtobuslar shaharga yaqinlashayotganda Zelixon Ahadbey bilan xayrlashdi. — Qaerga borsang ham, seni topaman. Bu yerda qiladigan chala ishlarim bor. — Tinch yur. Biz bilan ketaver. Chala ishlaring chalaligicha qolaversin. — Hozir keta olmayman. Seni topaman... Avtobus aeroport yonidan o‘tayotganida Zelixon tushib qoldi. Avtobuslar shoshilmay, sekin yurishardi. Zelixonning nazarida ular odamlar qalbidagi dardning og‘irligini tortolmayotganday edi. U avtobuslar ortidan kelayotgan harbiylar mashinasi ko‘zdan yo‘qolguncha ko‘zini yo‘ldan uzmadi. Shu holda turganida o‘sha tanish ovoz qulog‘i ostida yana shivirladi: «Agar sendin tonar bo‘lsam, nasibam ohu zor o‘lsun...» |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling