Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
VI b o b
1 Roviylar derlar: dunyoda sevintiruvchi biron narsa yo‘qki, ketidan xafa qilguvchi bir narsa kelmasa. Tog‘ qishlog‘ining etagidagi g‘aribgina uyda g‘aribgina kun ko‘ruvchi er-xotindangina iborat bu kichik oila boshiga tushgan tashvishlar hech kimning boshiga tushmasin. Ularning dardlarini bayon etmoqqa qalam ojiz. Bu dardlarni faqat tirnoqqa zor odamlargina his qila olishar. Yo‘q, bu er-xotinni Yaratgan farzanddan qismadi. Nikohlaridan bir yil o‘tar-o‘tmas o‘g‘il ko‘rdilar. G‘arib kulbalari sevinchga to‘ldi. So‘ng... Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik www.ziyouz.com kutubxonasi 52 sevinch ketidan g‘am kirib keldi. Bu hol oz emas, yana olti karra takrorlandi. Bolalari dam yoshga yetmay, dam endi tili chiqib shirin bo‘lgan mahalda ularni dog‘da qoldirib ketaverishdi. Oxir-oqibat homila nishona bergan damdan boshlab ham umid, ham qo‘rqinch bilan kutadigan bo‘lishdi. To‘rtinchi farzandni yerga qo‘ygach, irim qilib bir- birlarini «Turdi» deb chaqira boshlashdi. Yettinchisida Xudo marhamat qildi. Bir yil emas, roppa-rosa yigirma yil umr berdi. Kelin tushirdilar. Ular nabira ko‘rmoq umidida baxtiyorlik ichra cho‘mib yashay boshladilar. Yettinchi o‘g‘ilning umri ham omonat ekanini ular qaerdan bilishsin! Dunyo abadiy istiqomat joyi emas, balki o‘tkinchi o‘laroq qoluvchi bir kulba ekanini hamma ham vaqtida bilavermaydi. Yozda o‘g‘il xashak o‘rimiga ketdi-yu, izsiz yo‘qoldi. O‘g‘ilning na tirigi topildi, na o‘ligi. Kelin uylarida uzoq yashab qolmadi. Uyiga ketdi. Erining qaytishiga yoki topilishiga umid qilmadi. Kampir «kelinim sabr qilmagani uchun ham o‘g‘lim topilmadi», deb to so‘nggi nafasigacha uni aybladi. Uning nazarida kelin sabr bilan kutsa edi, Ollohga yig‘lab munojotlar qilsa edi, u qaytib kelardi. Avval qishning sovuq nafasi sezildi. So‘ng tog‘larning, uning etagidagi qishloqlarning aybini berkitmoqchi bo‘lganday qor yog‘a boshladi. Birinchi qor ularning farzandlariday uzoq turmadi. Bir kunda erib ketdi. Ikkinchisi erinmay yog‘di. Yurganda to‘piqqacha botadigan bo‘ldi. Hali oltmishga bormagan, lekin ko‘rinishi kamida yetmish yoshli chollarga o‘xshab qolgan oila boshlig‘i o‘sha kuni tanchani ochib, ayvondagi joyini ichkari uyga ko‘chirdi. Kelini ketib qolganidan beri ikki-uch kunda bir qozon osishardi. Bugun tanchaga cho‘g‘ zarur bo‘lgani sababli o‘choqqa o‘t qalandi. Ertalab, xo‘rozlar hali subh kirganidan darak bermay turib ularning qulog‘iga chaqaloq ovozi eshitilganday tuyuldi. Ikkovi ham shirin tush ko‘rganday bo‘ldi. Ovoz tinmadi. Er ko‘zini ochib, qaddini xiyol ko‘tardi. — Turdi, eshityapsanmi? — dedi. — Chaqaloqning ovozimi yo shamol uvillayaptimi? — Shamol shunaqa uvillaganmi hech qachon? Qarang-chi, balki mushukdir? Er o‘rnidan turib tashqariga chiqdi. Dam o‘tmay eshikni zarb bilan ochib, qo‘lida ko‘rpachaga o‘ralgan chaqaloq bilan ichkari kirdi. — Turdi, tura qol, tezroq. Birov chaqaloq tashlab ketibdi. — Voy o‘layin, voy o‘layin, chaqaloqni ham tashlab ketadimi? Xotin qora chiroqni yoqdi. Er ko‘rpachaga o‘ralgan bolani tancha ustiga yotqizdi. Big‘illab yig‘layotgan chaqaloq birdan jimib qoldi. — Nima qildingiz? — dedi xotin qo‘rqib. Chiroqni erining qo‘liga tutqazib, ko‘rpachani ochdi. Chaqaloq munchoq kabi ko‘zlarini mo‘ltillatib unga qaradi. Xotinning nazarida jilmayib qo‘yganday ham bo‘ldi. — Voy o‘layin, kimning bolasi ekan, a? O‘n kunlik ham emasdir? — Kimnikiligini qo‘yaver, bizga tashlab ketishibdimi, demak, Xudo shuni iroda qilibdi. Qara-chi, qizmikin yo o‘g‘ilmikin? — Avval pechkani yoqing. Men sizga kecha aytuvdim yoqing, deb. Tutunidan bezorman, deb o‘jarlik qildingiz. Uy isidi, bolaning yo‘rgagi yechildi — o‘g‘il ekan. — Turdi, hukumatga bildirib qo‘ysammi? — dedi er. — Hukumatga bildirsangiz nima, bildirmadingiz nima? Bildirib turib bervorarmidingiz. Xudo bizga nasib qildi, dedingiz-ku? Kun yorishgach, er tashqariga chiqib qordagi izga ko‘zi tushganida yuragi bir narsani sezganday jiz etdi. — Bir odamning izi qolibdi, — dedi uyga qaytib kirib. — Turdi, bu bola begona emasga o‘xshaydi. Yuragim sezyapti, o‘zimizning nabira bo‘lsa kerak-ov... Kelining yukli edi, bir marta xabar olmading. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling