Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
90 Qaynonasi ham kamgap: «Sog‘lig‘i yaxshi, yotibdi», degan gapdan nariga o‘tmaydi. Elchin bugun «o‘rnidan turib, yuryaptimi?» deb so‘rab, «ha, yuryapti» degan lo‘nda javob oldi. «Yurayotgan bo‘lsa, nima uchun chiqmaydi?» deb so‘ramoqchi edi, negaligini o‘zi bilgani uchun savoldan o‘zini tiydi. Ziyrak Manzura kuyovining ko‘zlariga qarab, so‘ramoqchi bo‘lgan so‘rog‘ini angladi. «Huzuringizga qanday chiqsin? Jon achchig‘ida bema’ni gapni aytib yubordi. Endi yuzi shuvut. Bundan keyingi turmushinglar qanday bo‘ladi, men hayronman», demoqchi bo‘ldi-yu, kuyovidan sado chiqmagani uchun indamay qo‘yaqoldi. Sukut bilan berilgan savolga javob ham sukut bilan bo‘ldi. Bolasini ko‘mib kelganidan beri Elchinning ko‘ziga dunyo qorong‘u bo‘lib ko‘rinadi. «Bolang o‘lik tug‘ildi», degan xabarni eshitganida avvaliga «bu chirkin dunyoning sassiq havosidan nafas olib yashashni istamabdi» degan xayolga bordi. Bolani tuproqqa topshirgach, go‘yo yuragidan bir narsa uzildi, go‘yo o‘sha «bir narsa» ham tuproq ostiga ko‘mildi. O‘sha — «bir narsa» nima edi? Umidmi edi? Bu dunyoda baxt ham mavjudligini anglatishi mumkin bo‘lgan najotmi edi? Umid o‘ldimi, najot ko‘mildimi? U holda bu dunyoda nima qoldi? Faqat qasosmi? Faqat qo‘rquvmi? Faqat hasadmi?.. Endi yashamoqdan maqsad nadir? O‘lik ruhi endigina qayta jonlanayotgan edi, yuragida ko‘z yumib yotgan mehr endigina uyg‘onayotgan edi. Alhol bu ruhning tirilmog‘iga hojat bormi? Bu yurakka mehr lozimmi endi?.. Elchin aql-hushidan ayrilib, devona holiga keldi, deyish haqiqatga xilofdir. Agar u devonavash bo‘lganida edi, bu dunyoda yashab yurmog‘i osonroq kechardi. Mol- dunyosini ko‘paytirish uchun qumursqaday g‘imirlab, kezi kelganida esa vahshiy hayvon singari bir-birini g‘ajiydigan odamlardan kulib yuraverardi. Uning esi joyida edi. Oqni qoradan ajrata olardi. Ammo katta shaharga kelib, chorrahada gangib turgan odam holida edi — qaysi ko‘chaga kirishni aniq bilmasdi. Qamoqda ekanida tuzgan rejalari xom ekan, tuzdan solingan qasr ekan — bir yomg‘irning zarbiga ham dosh berolmadi — erib ketdi. Asadbek bilan sherdek olishaman, deb o‘ylagan edi, ammo g‘animning quyon emas, o‘z nomiga yarasha arslon ekanini hisobga olmabdi. Endi nima qilsin? Zelixon ketdi. Qachon qaytishi noma’lum. Suyanadigan tog‘i o‘sha edi. Endi kimga suyanadi, kimdan maslahat so‘raydi? Anvardanmi? U falsafa so‘qishdan boshqa narsa bilmaydi. Bugun kelib «Asadbekning otasiga taalluqli arxivni o‘rganyapman, zo‘r odam bo‘lgan ekan katta qaynotang», deb ketdi. Elchinning dardi qay- da-yu, Anvarniki qayda! Anvar gapirib-gapirib, o‘zi ham charchab, Elchinni ham charchatib ketdi. U ketgach, Elchin yumshoq o‘rindiqqa yastanib, ko‘zi ilinibdi... Elchin ko‘ngil xiraligi tarqalarmikin, degan niyatda hovliga chiqib muzdek suvda yuvindi. Bir oz rohatlanganday bo‘ldi. Ammo bu huzur uzoq davom etmadi. Uyga qaytib kirishi bilan etagiga ilashib yurgan dardli o‘ylar yana vujudini qamrab oldi. Ko‘z oldiga oq libosdagi Zaynab keldi. «Bolangiz tug‘ilgandan keyin meni o‘ldiring!.. Men... sizga xiyonat qildim... Men... Yashashni istamayman... Jamshid akamning yonlariga borishni xohlayman... Erkak bo‘lsangiz meni o‘ldirasiz!..» Yo‘q, bu gaplarni tushida eshitmadi, o‘ngida o‘z qulog‘i bilan eshitgan. Ba’zi odamlarning o‘ng qulog‘idan gap kirib, chap qulog‘idan chiqib ketsa, Elchinning ikki qulog‘idan kirib, to‘g‘ri yuragiga borib, muhrlanib qolgan. Bo‘sh qoldi deganicha g‘imirlab kuydiraveradi. Hozir ko‘rgan tushi eski yaralarni yana timdaladi. Ruhi shu zaylda azob chekib o‘tirganida eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. To‘y mavsumi boshlangani uchun uni yo‘qlab keluvchilar ko‘paygan, hatto joniga ham tekkan edi. Hozirgi tashrif ham shulardan biridur, deb o‘ylab, g‘ijindi. Tashqariga chiqqisi kelmadi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling