Microsoft Word shaytanat4 ziyouz com doc
Download 5.08 Kb. Pdf ko'rish
|
Shaytanat 4- kitob (2)
www.ziyouz.com kutubxonasi
109 bo‘lgan kampirning yo‘tali kabi bo‘g‘iq ovoz berdi. Xuddi «bu muammoni yecholmay o‘zim ham bo‘g‘ilib o‘layozdim», degan kabi bo‘ldi. Zohid boshini ko‘tarib xona sohibiga tikildi: — Odamiylik nuqtai nazari boshqa, bizning kasbimiz boshqami? Said Qodirov stol ustiga shapatilab qo‘ydi-da, ayb-dor odamday yelka qisdi: — Men boshqa ma’noda aytuvdim, siz o‘zga tomondan ilg‘absiz. — O‘zingiz gap ochganingiz uchun bir masalani aytmoqchiman: Ehsonovga achinish yoki achinmaslikni bir tomonga qo‘yib turaylik. «Ehsonov jinoyatchi», degan gumonimiz bor. Agar jinoyatlarini bo‘yniga qo‘yib isbot qilib bersak, balki sud uni o‘limga hukm etardi. Ungacha oradan bir yilmi, ikki yilmi o‘tardi. Biz emas, boshqa bir odam yoki guruh bizdan chaqqonroq harakat qilib uni o‘limga hukm qildi-yu, cho‘zib o‘tirmay hukmni darrov ijro etib qo‘ya qoldi. Ehsonovning taqdirida nima o‘zgardi? Bizning sustkashligimiz uchun yana ozgina yasharmidi? Uning yashashi evaziga nechta odam jon berardi yoki qanchasi jabr ko‘rardi? Bu masalaning ikki yechimi borga o‘xshaydi. Birinchisi: siz aytgan odamiylik nuqtai nazaridan qarasak, uning oldinroq o‘lgani jamiyat uchun foydaliroq. Ikkinchi-si — kasbimiz, burchimiz nuqtai nazaridan qarasak, u chindan ham jabrlanuvchi. Qotilni jazosiz qoldirishimiz mumkin emas. Balki kimyodagi zanjir reaktsiyasi kabi bugungi qotil ham ertaga jabrlanuvchiga aylanib qolar? — Xo‘p, bu falsafalarni qo‘yib turaylik, — Said Qodirov o‘rnidan turdi-da, derazaning bir tabaqasini qiyalab ochdi: — Qahva bu safar xiyonat qildi, aqlimizni peshlamadi, — shunday deb Zohidning qarshisida to‘xtadi. — Mirkarimovning ishidan gapiring. Har holda asadbeklarga taalluqli joyi borligini fahmlagandirsiz? Meni ham shu tomoni qiziqtirgani uchun «Ish»ni sizga topshirishlarini so‘radim. Agar uning o‘limi asadbeklar tomonga tortsa, ko‘pam chuqurlashmang. Yana ularning dumini bosmang. — Sekingina «Ish»ni yopib qo‘ya qolaymi? — Sizga «dumini bosmang», dedim. «Ilonni ko‘rish bilan orqaga qoching», deganim yo‘q. Ilonni bo‘g‘zidan olish kerak. Beton zavodi kimning soyasi ostida edi, bilasizmi? Zohid bilmas edi. Buni o‘ylab ham ko‘rmaganiga sabab, vinzavod, taksopark kabi bu korxona ham Asadbekka tobe deb hisoblagandi. Said Qodirovning savolidan so‘ng adashganini fahmlab, «bilmayman», deb qo‘ya qoldi. — Bilmasangiz bilib oling: beton zavodi Hosilboyvachcha deganning hukmiga bo‘ysunardi. — Unda qanday qilib?.. — Ha, qoyilman, ana o‘sha «qanday qilib?»ga javob topib ko‘ring. Balki shu javob yechimga olib borar. Mirkarimov beton zavodida ko‘p ishlamadi. Hosilboyvachcha yo‘qolmay turib o‘ldirildi. — Bu yerda katta o‘yin yashiringanini sezuvdim. Shuning uchun haydovchi bilan o‘ynashni hozircha ozod qilsammikin, deb turibman. — Ehtiyot chorasi sifatida o‘tirishgani o‘zlari uchun yaxshiroq. Chiqarsangiz izni chalkashtirish uchun ularni ham o‘ldirib ketishsa-chi? — Buni o‘ylaganman. Odam qo‘yamiz. — Boshlig‘ingiz bilan maslahatlashing. Sizning o‘rningizda bo‘lsam, ularni hozircha chiqarmay turardim. Yana bittadan qahva ichamizmi? To‘y-ma’rakalarda osh yeb bo‘linsa ham qimirlashga shoshilinmasa, ayniqsa joy tanqis kezlari xizmat qilib yurganlar «choyinglar bormi?» deb qayta-qayta so‘rasalar «tezroq tura qolmaysizlarmi, sizlarga ruxsat», degan ma’no anglashilgani kabi Zohid ham suhbat yakun topganini fahmlab, o‘rnidan turdi. — Aqlni judayam peshlab yuborsak bo‘lmas, o‘tmasroq aql bilan ham bir ishlab ko‘raylik- chi, — deb kulimsiraganicha xayrlashish uchun qo‘l uzatdi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling