Milliy manaviy yangilanish,yuksalish,taraqqiyot omili
-Mavzu: Inson-jamiyat-ma’naviyat uzviyligi
Download 0.6 Mb.
|
Davlat univer-fayllar.org
- Bu sahifa navigatsiya:
- 1. Ma’naviyat va inson tabiati.
2-Mavzu: Inson-jamiyat-ma’naviyat uzviyligi.
Reja: Ma’naviyat va inson tabiati. Ma’naviyat va insonning hissiy hamda aqliy dunyosi. Tafakkurning tarixiy shakllari va ma’naviyat. E’tiqod va ma’naviyat. Iroda ma’naviyatning mavjudlik shakli sifatida. 1. Ma’naviyat va inson tabiati. Inson tabiati to’g’risidagi qarashlar. Eng qadim zamonlardan aql va ijtimoiylik inson tabiatini tashkil etuvchi tamoyillar, deb hisoblangan. Insonga aqlli mavjudot va «ijtimoiy hayvon» degan ta’riflar berilgan. Arastu insonni «siyosiy hayvon» (Zoon politicon) deb atagan. Bizning buyuk bobokalonlarimiz Forobiy va Ibn Sino asosan yunon falsafasining, xususan, Arastu va Aflotunning inson tabiati to’g’risidagi fikrlarini qabul qilganlar va ijodiy rivojlantirganlar. Islom falsafasiga ko’ra, inson - olamning javhari, tabiatning gultoji. Javhar deganda olamning birlamchi moddiy asosi, maqsadi, mohiyati tushunilgan. Olamning manbai va ma’naviy mohiyati Ollohning o’zi bo’lsa, inson uning yaratuvchiligi maqsadi va oqibatidir. Javhar “alfard” tushunchaviy mazmuniga ko’ra (lug’aviy emas) yunoncha «atom»ga mos keladi. «Inson - olamning javhari» shiorida islom Olloh olamni inson uchun yaratdi yoki olamni yaratishdan Ollohning maqsadi insondir, degan g’oyani nazarda tutgan. Antik falsafada olam - makrokosm, inson - mikrokosm hisoblangan. Islom olami ilm-fani va falsafasiga antik yunon olimlari, ayniqsa, Aristotel ta’siri kuchli bo’lgan. Shu sababdan bizning faylasuflarimiz katta olam - koinotni olami kubro, kichik olam - insonni - olami sug’ro, deb ataganlar. Bunday yondashuv islom aristotelchilari (Forobiy, Ibn Sino va boshqalar) qatorida tasavvuf faylasuflariga, xususan, Aziziddin Nasafiy qarashlariga xos. Inson tabiati haqidagi tasavvurlardan kelib chiqib, mutafakkirlar uni qanday qilib yaxshilash, takomillashtirish, insonni komillikka etkazish to’g’risida so’z yuritganlar. Atoqli mutafakkirlardan biri Aziziddin Nasafiy, tasavvufning boshka allomalari va buyuk adiblarimiz o’zlaridan komil insonga bag’ishlangan ko’plab ilmiy asarlar, ibratli hikoyatlar, rivoyatlar, hikmatlar, g’azal va dostonlar qoldirgan. Tabiiyki, ularning qarashlari, fikr va mulohazalari o’z tarixiy davri ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va diniy talablariga mos bo’lgan. Tasavvufda inson takomillashuvi uning yashash sharoitlari yaxshilanishidan, ilm-fan, ta’lim, madaniyat rivojlanishidan va, umuman, jamiyatning har tomonlama tarakkiyotidan ajratilib, uning ichki ma’naviy dunyosiga qaratilgan. Kamtarlik, kamsuqumlik, faqirlikda yashash, orzu-havaslarni jilovlash, hatto ulardan tamomila voz kechish komillikning asosiy mezonlaridan hisoblangan. Lekin Forobiy, Beruniy, Ibn Sino kabi dunyoviy ilm-fan vakillari boshqacha fikrlaganlar. Ayniqsa, Beruniy har qanday haqiqatning mezoni tajriba, inson qadr-qimmati uning mehnati sifati bilan belgilanadi, deganida, mavhum g’oyalarni, inson nasl-nasabini emas, amaliy faoliyatini, jamiyatning real yutuqlarini nazarda tutgan. Tan olish lozimki, Beruniyning ilmiy-tabiiy va ijtimoiy-siyosiy, gumanitar qarashlari o’z davridan ko’plab asr ilgarilab ketganligi bois, zamondoshlari tomonidan yaxshi tushunilmagan. Forobiy jamiyat insonga nafaqat inson sifatida shakllanishi uchun, shuningdek, kamol topishi va, hatto, oddiygina turmush kechira olishi uchun ham kerak, deb hisoblaydi: «Har bir inson o’z tabiati bilan shunday tuzilganki, u yashash va oliy darajadagi etuklikka erishmoq uchun ko’p narsalarga muhtoj bo’ladi, u bir o’zi bunday narsalarni qo’lga kirita olmaydi, ularga ega bo’lishi uchun insonlar jamoasiga ehtiyoj tug’iladi»7. Shunday qilib, Forobiy inson tabiatini ijtimoiylik tashkil etadi, degan fikrni yoqlab chikadi. Odamlarning asl insoniy xususiyatlari ijtimoiylikdan tashqaridagi hodisa emas. Dindorlik, haqqa, haqiqatga intilish ham insonning aqliy va ijtimoiy mavjudotligi oqibatidir. Borliqning javhari va mohiyati, ilk sababi, kelajagi va qismati haqida mulohaza yuritish, haqiqatni izlash inson aqlining xususiyati, aql faoliyatining mahsulidir. Xuddi shunday din ham jamiyatga xos hodisa, tabiatda din yo’q. Din ijtimoiylashgan odamlar ma’naviy faoliyati tufayli shakllangan. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, dindor yoki dahriy bo’lish insonning aqllilik va ijtimoiylikdan tashqaridagi mustaqil tabiatini tashkil etmaydi, balki olamga inson munosabatining xususiy, bu erda e’tiqodiy ko’rinishidir. Yevropa klassik falsafasi Renessans (Uyg’onish davri) va Ma’rifatparvarlik davrlarida gumanizmni rivojlantirdi. Insonparvarlik g’oyasi, insonni ulug’lash, inson e’tiqodi erkin bo’lishi lozimligi, din va cherkov tazyiqidan, kolok urf-odatlar va an’analar bosimidan inson tafakkurini ozod etish masalalari falsafiy, badiiy asarlar, adabiyot va san’atning asosiy mavzulariga aylandi. Ushbu qarashlar o’zining umumlashgan, mujassamlashgan ifodasini buyuk nemis faylasufi Immanuel Kantning «Inson vosita emas, balki maqsaddir» degan xulosasida topdi. Gegel insonni Absolyut Ruh va tabiatni o’zida sintezlashtirgan mavjudot hisoblaydi. Uning fikricha, aslida dunyoda birlamchi bor narsa, bu - Absolyut goya (boshqacha sinonimi Mutlaq Ruh; har ikkalasi Xudoning gegelcha atamasi deyish mumkin). U o’zini anglash maqsadida doimiy harakatda va o’z-o’zicha rivojlanishda. Mazkur jarayonda Absolyut g’oya o’zining teskari borlig’i, qarama-qarshiligiga - Tabiatga aylanadi (G’oya - nomoddiy hodisa, Tabiat esa - moddiy). Moddiy tabiat nomoddiy Absolyut g’oyaning inkoridir. Tabiat doimiy harakatda, tadrij etadi, chunki harakat, o’z- o’zidan rivojlanish Absolyut g’oyaning ichki ajralmas xususiyati. Shu bois uning moddiylashgan shaklida - tabiatda bu xususiyat saqlanib qoladi. Tabiat tadriji davomida inson paydo bo’ladi. Inson, bir tomondan, o’zida tabiatni mujassam etadi, chunki u biologik mavjudot, ikkinchi tomondan esa - Absolyut Ruhni, chunki unda biologik organizmdan tashqari ong, tafakkur mavjud. Ongli inson ongsiz tabiatning inkori, ya’ni inkorning inkoridir. Shunday qilib, rivojlanish- ning uchligi - triada hosil bo’ladi: tezis yoki birlamchi xilkat; antitezis - birlamchi xilqatning mohiyatan teskarisi, aksi; sintez - ikkala qarama-qarshilikning hayotchan jihatlarining birlashib, yangi sifat paydo bo’lishi. Gegel triadasida Absolyut g’oya - tezis, Tabiat - antitezis, Inson - sintez. Inson doimiy harakatda, birlamchi xilqatdan olgan o’z-o’zidan rivojlanish tendensiyasi unda mavjudligi sababli uning ongi, tafakkuri doimiy rivojlanishda. Ertami-kechmi inson tabiatdan ustun turuvchi kuchni, barcha g’oyalar, moddiy narsalar, voqealar va h.k.lar manbai, o’zagi, negizi, sababi - Absolyut Ruhni kashf etadi. Gegel dastlab ko’pxudochilik, keyin yakkaxudochilik, keyin esa Absolyut Ruh tushunchalari misolida insonda olamni bilish, moddiy va ma’naviy hodisalarni to’g’ri va teran anglay olish salohiyati borligini ta’kidlaydi. Gegel qarashlari ob’ektiv idealizm falsafasining cho’qkisidir. Gegelning ushbu qarashlari qaysi bir jihati bilan Platonning eydos mohiyati va voqeligi to’g’risidagi fikrlariga, Plotinning va tasavvufning emanatsiya (tajalli) konsepsiyasiga o’xshash. Platon ta’limotida bezavol va adabiy g’oya (eydos) mavjud. Har bir moddiy buyum, narsa, hodisa tegishli eydosning konkret voqe bo’lishidir - moddiy siymosidir. U o’tkinchi, eydos esa abadiy. Plotin Platon qarashlarini rivojlantirib, butun moddiy borliqni, tabiatni Ilohning, g’oyaning, mohiyatning shu’lasi, jilolanishi - tajallisi deb e’lon qildi. Tasavvuf esa butun olam Ollohning tajallisi, Olloh o’zi yaratgan har bir narsada, tabiatda, insonda mavjuddir, degan g’oyani olg’a surdi: butun olam, bu - vajdatul vujud, ya’ni biru borning (Xudoning) vujudidir. Haqiqatni anglovchi, sezuvchi inson qalbi Olloh yashaydigan qasrdir. O’zligini bilgan inson Ollohni taniydi, Ollohni tanigan inson o’zligini anglaydi. Ushbu masala islom mutafakkirlarini ham qiziqtirgan. Ammo islomda bunday masalalarni chuqur tahlil qilish, umuman, nazariy-e’tiqodiy bahslar olib borish taqiqlangan. Bu haqda tegishli hadislar bor. Ammo masalani butunlay chetlab o’tish qiyin bo’lgani sababli ayrim olimlar u haqda o’z fikrlarini bildirib ketgan. Islom inson mohiyatini shunday talqin qiladi: inson farishta va hayvon o’rtasidagi maxluqdir. Abu Homid G’azzoliy «Kimyoi saodat» asarida insonga xos xislatlarni to’rtga bo’ladi: birinchisi - axloqi bahoim - to’rt oyoqli hayvonlarga xos sifatlar; ikkinchisi - axloqi saba’ - darrandalarga xos sifatlar; uchinchisi - axloqi shayotin - shaytonlar sifati; to’rtinchisi - maloika - farishtalar sifati8. Birinchi uch guruh sifatlar insonni hayvonga yaqinlashtirsa (hayvoniy tabiatiga ko’ra, inson shayton vasvasasiga uchadi), to’rtinchi guruh uni farishtalarga yaqinlashtiradi. Aql va ijtimoiylik insonni hayvonot olamidan farqlovchi eng muhim belgilardir, ammo insonning to’liq mohiyati emas. Keyinchalik mutafakkirlar insonning yana bir muhim belgisi to’g’risida so’z yuritdilar: inson yaratuvchi hayvon, u ishlab chiqaradi. Bu g’oyani K. Marks rivojlantirdi. Inson - ishlab chiqaruvchi, mehnat qiluvchi, tabiatni va o’z-o’zini o’zgartiruvchi, qayta yaratuvchi mavjudot. U o’z oldiga avvaldan maqsad qo’ya oladi, ishlab chiqaradigan narsasini u instinktlar yordamida emas, avval miyasida paydo bo’lgan reja orqali ro’yobga chiqaradi. Ayni paytda odam bolasi inson bo’lib shakllanishi va ishlab chiqarish bilan shug’ullanishi uchun jamiyatda yashashi zarur. Insonning o’zi, ongi, tafakkuri (aql), ishlab chiqarish - hammasi jamiyat mahsulidir. Inson tabiati haqida original fikr yuritganlardan biri E. Kassirer bo’ldi. E. Kassirer inson turli ramzlar yaratuvchi hayvon degan g’oyani o’rtaga tashladi - animal symbolicum9. Inson o’zi va tabiat oralig’ini turli ramzlar bilan to’ldiradi hamda ular orqali jamiyat va tabiat bilan bog’lanadi. So’zlashuv tili - inson yaratgan shunday ramz. Aslida u tovushlar kombinatsiyasidan yasalgan ramz, belgi (so’z) orqali voqelikni aks ettirishdir. Madaniyatning har bir hodisasi - ramz. Ramzlarni yaratish va ulardan foydalanish kishilarga har qanday insoniy faoliyatni amalga oshirishga ko’maklashadi. Masalan, til nafaqat kishilarning o’zaro aloqasini ta’minlaydi, ularning jamoaga birlashishiga, jamiyatni vujudga keltirishiga shart-sharoit tug’diradi, tafakkurini yuzaga chiqaradi. Ramz (til) tufayli inson aqlli mavjudot va «ijtimoiy hayvon» bo’la oldi. Ramz yaratish orqali inson birlamchi tabiatni qayta ishlab, ikkinchi tabiatni (jamiyatni), shu jumladan, o’z insoniy tabiatini yaratdi va takror yaratib turadi. E. Kassirerning inson ramzlar yaratuvchi hayvon ekanligi to’g’risidagi xulosasi shaklan original bo’lsa- da, lekin ayrim detallarni hisobga olmaganda, mazmu- nan inson mohiyatini ochib beruvchi yangi tamoyillarni olg’a surgani yo’q. Quyidagi fikr, nazarimizda, adolatlidir: «Insonning ushbu xossalari - aql, yaratuvchilik, jamiyatga mansublik va ramz ijod qilish inson tabiatini to’liq tashkil etmasalar-da, haqiqatan mohiyatlidir. Ular insonning umumtarqalgan imkoniyatlaridir, ammo «inson tabiati» deb atash joiz bo’lgan narsani tashkil etmasliklari mumkin... Bu xossalarning barchasiga ega bo’lib ham, inson erkin yoki qaram, ezgu ishli yoki gunoxdor bo’lishi, ochko’zlikni yoki ideallarni dastur qilib olishi mumkin». Download 0.6 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling