Milliy universiteti


Orol dengizining Qoraqalpog‘iston iqlimiga ta’siri


Download 0.59 Mb.
bet4/12
Sana05.01.2022
Hajmi0.59 Mb.
#232318
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
Bog'liq
ekologik vaiyat keskin hududlardagi ekologik momitoring

2.2. Orol dengizining Qoraqalpog‘iston iqlimiga ta’siri


Orol suv sathining pasayib borishi uning atrofi iqlimiy sharoitiga salbiy ta’sir etdi. Chunki Orol dengizi atrofidagi hududlar iqlimini yozda juda isib ketishidan, qishda esa sovib ketishidan saqlab turuvchi termoregulyator vazifasini o’tar va atrofdagi yerlar namligini cho’llarga nisbatan bir yarim marta ortiq bo‘lishiga sababchi edi.

Ko‘l sathining pasayishi tufayli hozirning o‘zidayoq qish nisbatan sovuq (1961-1965 yillarda Mo‘ynoqda yanvarning o‘rtacha harorati -4,40 C bo‘lsa, 1976-1980 yillarda -8,30c bo‘lgan), yoz esa isib, namlik kamayib, qurg’oqchilik kunlar ortib kuchli bo‘ronlar suvdan ochilib qolgan tuz va qumlarni uchirib, kishilarning yashash sharoitini yomonlashtirmoqda. Natijada Orol atrofidagi ba’zi joylardan odamlar boshqa joylarga ko’chib ketmoqda.

Orol yuzasidan bug’lanib ko’tariladigan namlik O‘rta Osiyo tog’lariga yetib borib kondensiyalashib yog’in miqdorini qisman bo‘lsada ortishiga sababchi bo‘lgan. Agar ko‘l suvi sathi pasayaversa, yaqin kelajakda u kichik, o’ta sho‘r, sayoz, botqoqlashgan ko‘lga aylanib qolishi hech gap emas. Natijada tog’lardagi yog’in miqdorini juda oz bo‘lsada qisqarishiga sababchi bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida u yerlardan boshlanuvchi daryolar rejimiga salbiy ta’sir etadi.

Ba’zi olimlarning fikricha, Orol dengizining yoq‘olib borishi tabiiy jarayon bo‘lib, sayyoramiz iqlimining umumiy o‘zgarishlari bilan bog‘liqdir. Ba’zilar buning sababini tog’ muzliklarining sirti shikastlanishida, ularning changib qolishi hamda Sirdaryoning va Amudaryoning irmoqlariga suv yetkazib beruvchi yog’inlar minerallashuvidan ko‘radi. Lekin eng ko‘p tarqalgan fikr birinchisi, ya’ni suv zahiralarining noto’g’ri taqsimlanishidir.

Qozog‘iston hududidagi Orol dengizining tubida qadimiy qabr – 600 yildan ortiq vaqt avval qurilgan maqbaraning qoldiqlari topilgan. Ba’zi ekspertlarning fikricha, bu topilma shundan dalolat beradiki, Orol dengizi hozirgi sayozlanishi boshlangunicha ham ancha oldingi davrlarda qurib kichiklashar, ya’ni suv sathining o‘zgarishlari shakl ravishda almashadi. Qisqasi, Orol dengizi suv sathining pasayishi uning atrofdagi hududlari tabiatiga xususan iqlimiga ta’sir etib qayta cho’llashish jarayonini tezlashtiradi.

Rayonlashtirish hududiy tabaqalash yoki qismlarga ajratish demakdir. Ushbu qismlarga ajratish barcha fanlar qatori ekologiya faniga ham daxldor tushunchadir.

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan 1998 yilda chop etilgan O‘zbekiston hududini ekologik rayonlashtirish risolasida ekologik rayonlashtirishga doir juda katta ishlar qilingan va unda Respublikamizning ma’muriy-hududiy birliklariga ekologik holatiga ko‘ra balli ko‘rsatgichlar va foizlar bilan baho berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston va Respublikalar hududi ekologik sharoitiga ko‘ra rayonlashtirildi.

0-mumkin (qulay) ekologik vaziyat vaziyat zonasi

I- keskin ekologik vaziyat zonasi

II-o‘rta keskin ekologik vaziyat zonasi

III-ekologik fojea (halokat) zonasi

Tabiiy-ekologik va iqtisodiy-ijtimoiy omillar majmui borasidagi tahlillar bizga Respublikani ekologik baholash va ekologik rayonlashtirish imkonini beradi.

Ma’muriy tumanlar doirasida olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, rayonlar orasida eng salbiy ko‘rsatkichlar shimoliy tumanlarda kuzatiladi. Bu yerda yer osti suvlari holati ham talab darajasida emas. Buning oqibatida tuproqlarning sho‘rlanganlik holati yuqori. Xususan, Mo‘ynoq tumanida tuproqlarning sho‘rlanish darajasi ancha katta. Binobarin, shimoliy tibbiy ekologik rayon bugungi kunda Respublikada ekologik muhitning ifloslanganlik darajasi va uning kishilar salomatligiga ta’siri jihatidan eng nochor ahvolda. Tez orada shu xususda zaruriy chora-tadbirlarning amalga oshirilishi mavjud vaziyatni ancha sog‘lomlashtirishi mumkin.

Ekologik vaziyatning xavfliligi jihatidan keyingi o‘rinni egallovchi Chimboy, Nukus va Xoʻjayli tumanlarida sanoat va transport to‘ri nisbatan yaxshi rivojlangan. Ayniqsa Nukus tumanida bu hol yanada ko‘zga yaqqolroq tashlanadi .

Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarkibiga kiruvchi barcha tumanlar asosan markaziy qismini egallab, boshqa tibbiy ekologik viloyatlar tarkibidagi tumanlarni o‘zaro bog‘lab turadi. U Respublikada atmosfera ifloslanish darajasining ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yuqori o‘rinni egallaydi. Chunki, yuqorida ta’kidlanganimizdek, hududda sanoat tarmoqlari, shuningdek transport harakatining jadalligi uning havo tarkibini ifloslanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan bir qatorda, bu yerda tabiiy landshaftlar, endemik o‘simlik va hayvonot olami vakillari kuchli ta’sirga uchragan. Sababi, hudud Respublikamizning eng qadimgi aholi manzilgohlari qatoriga kiradi. Asrlar davomida rayon tabiiy landshaftlari o‘rnini inson tomonidan bunyod etilgan madaniy landshaft ko‘rinishlari egallab borgan va o‘lka tabiati Respublikaning qolgan hududlariga nisbatan kuchli o‘zgartirilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi ham Respublikaning ekologik jihatdan tang o‘choqlaridan biridir. Hudud tabiatining keskin o‘zgarib ketishi, landshaft ko‘rinishlarini inson xohish-istaklariga mos holda betinim o‘zgarishga yuz tutishi davrlar o‘tishi bilan ekologik bo‘ronlarni keltirib chiqarishi mumkin. Ayni chog‘da kishilar salomatligi va kasallanishi bo‘yicha hudud Respublikada eng oldingi o‘rinlarni, ayrim tur xastaliklar bilan kasallanganlar soni bo‘yicha esa hatto Respublikada yuqori ko‘rsatkichlarni egallaydi. Binobarin, bu yerda ham tibbiy ekologik nazoratni kuchaytirish, aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish zamon talabidir .

Ellikqal’a va To‘rtko‘l tumanlarining o‘ziga xos tabiati, iqlim va nozogeografik xususiyatlari bilan alohida ajralib turadi. Rayon tuproq tarkibining sho‘rlanganlik darajasi, yer osti suvlarining yer yuzasiga yaqinligi jihatidan boshqa viloyatlardan farqlanadi. Ushbu tumanlar ko‘proq qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashganligi tufayli atmosferaning ifloslanish darajasi nisbatan qoniqarli holatda.

Bundan 20-30 yillar muqaddam Amudaryo daryosi suvining deyarli yetib bormasligi oqibatida rayonning tabiati ancha zarar ko‘rdi. O‘lkaning ayrim o‘simlik va hayvonot turlari o‘z yashash joylarini o‘zgartirdi. Keyinchalik esa kanallar qurilishi natijasida ekologik muhit biroz yaxshilandi. Ammo aytish joizki, Respublika hududining shimoliy-sharqdan janubiy-g‘arbga tomon nishablashib borishi turli oqava jinslarning vohada to‘planib borishiga sabab bo‘lgan.

Yer osti va yer usti suvlari holati ham Mo‘ynoq tumanida o‘zgacha. Hatto qadimda ham o‘lkaning Amudaryo daryosining o‘ta quyi qismida joylashganligi uning tabiatiga, ekologik va nozogeografik holatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Shuning uchun mazkur rayonda ko‘proq tuproq sho‘rini yuvish tadbirlarini amalga oshirish maqsadga muvofiqdir.

Ma’lumotlar shundan dalolat beradiki, ushbu tumanlar ekologik ahvolini belgilab beruvchi deyarli barcha omillar kishilar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, hududda ichimlik suvi, tuproqlarning sho‘rlanish darajasi nihoyatda og‘ir ahvolda. Buning sababi har ikkala tuman bo‘yicha ham tuproqning sho‘rlanganlik ko‘rsatkichlari juda yuqoridir.

Tibbiy ekologik rayonlar orasida Respublikada boshqalarga nisbatan biroz bo‘lsada, ekologik jihatdan qulayroq, hudud bu yuqori rayondir. Lekin ushbu rayonning ekologik vaziyati ham kishilar salomatligi nuqtai nazaridan to‘la ijobiy bahoga ega emas. Jumladan, Ellikqal’a tumanida bu hol ancha sezilarli bo‘lib, unda qo‘shni Navoiy viloyatining anchagina ta’siri bor. Ayniqsa suv, havo oqimlari ta’sirida har xil zaharli gazlarning hududga kirib kelishi tumanda nafas olish a’zolari xastaliklarining tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga tuman aholisining sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi ham juda past. Bu esa u yerda yashovchi kishilar salomatligiga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Ayni paytda, Respublika tarkibiga kiruvchi Shumanoy, Xoʻjayli tumanlari ekologik jihatdan Qoraqalpog‘iston Respublikasida eng qulay o‘rinlarni egallaydi. Biroq Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududi umuman olganda aholi salomatligiga ijobiy ta’sir etuvchi qulay ekologik shart-sharoitlarga uncha ega emas. Shunday ekan, bu yerda ekologik muhit musaffoligini ta’minlovchi shoshilinch (tezkor) chora-tadbirlarning amalga oshirilishi zarurdir. Bu borada sanoat korxonalari va transport faoliyatini qat’iy nazorat ostiga olish, hududda ekologik vaziyatni yumshatish maqsadida tuproqlar sho‘rini yuvish, ichimlik suvi tarkibini yanada yaxshilash ishlariga ham e’tibor berilishi lozim .

Aholi salomatligini mustahkamlash va kasalliklarning oldini olishda sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilish, ba’zi ekologik vaziyati o‘ta tang ahvolda bo‘lgan hududlarda tibbiy va ekologik nazoratni yanada kuchaytirish zarur. Mazkur ishlar esa tegishli sog‘liqni saqlash muassasalari, Respublika tabiatni muhofaza qilish tashkiloti, Respublika sanitariya-epidemiologiya bosh markazi qolaversa, mahalla va mahalla oqsoqollari tomonidan doimo nazorat ostiga olinishi kerak.

Aholining yalpi kasallanish darajasi o‘ta yuqori (Qoʻng’irot, Moʻynoq tumanlari) bo‘lgan hududlarda maxsus sanitariya epidemiologiya kuzatuv ishlari amalga oshirilishi mazkur hududlarni barcha zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, dori-darmonlar hamda malakali tibbiyot xodimlari bilan ta’minlanishni taqozo etadi. Bunday chora-tadbirlar Respublikada ayrim xastalik turlari (sil, zaxm, teri kasalliklari) bo‘yicha xatto Respublikada ajralib turuvchi ba’zi tumanlar yoki boshqa aholi manzilgohlarda ham amalga oshirilishi lozim. Shuningdek, hududlarda (jumladan, tuman markazlarida) yuqoridagi xastaliklarni davolovchi shifo maskanlarini barpo etish ham maqsadga muvofiqdir. Bu o‘rinda ta’kidlash joizki, kelgusida Qoraqalpog‘iston Respublikasida cho‘l sharoiti uchun xos bo‘lgan sixatgohlarni barpo etish masalalariga e’tibor qaratish muhim ahamiyatga ega.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda qabul qilinayotgan sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish va aholi salomatligini muhofaza qilish borasidagi O‘zbekiston Respublikasining qonunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida shu soha uchun aloqador bo‘lgan mavjud muammolar yechimini talab etadi. Bunday muammolar orasida, ayniqsa, joylarning sanitariya-gigiyena, ekologik holatini yaxshilash, aholi va ishlab chiqarishni hududiy tashkil etish bilan bog‘liq ekologik masalalar yetakchi ahamiyat kasb etadi.

Respublikamizning har bir rayonlari ekologik nuqtai nazardan o‘ziga xos muammolarga ega. Chunonchi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati Orol dengizi havzasida joylashganligi yoki Toshkent, Farg‘ona, Navoiy singari viloyat va shaharlarda sanoat korxonalarini boshqa hududlarga nisbatan birmuncha zich joylashuvi mazkur mintaqalar ekologik muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Surxondaryo viloyatining bir necha tumanlarida qo‘shni Tojikiston Respublikasi Tursunzoda shahrida joylashgan alyuminiy zavodi ta’sirida ekologik muvozanat buzilib, aholi orasida har xil xastaliklarning avj olish hollari kuzatilmoqda. Bunday noxush holatlarni mamlakatimizning boshqa viloyatlarida ham uchratish mumkin.

Biz tibbiy geografik jihatdan tahlil etayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ham mamlakatimizning ekologik jihatidan tang ahvolda bo‘lgan hududlaridan biridir. Respublikaning tipik cho‘l zonasida, Orolbo‘yi mintaqasida joylashganligi, qolaversa, nisbatan sanoatlashgan Navoiy viloyati bilan chegaradoshligi uning ekologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qoraqalpog‘istonning asosiy qismi cho‘llardan iborat. Sug‘oriladigan ekin maydonlarining kengayishi, yangi yerlarning o‘zlashtirilishi, qishloq xo‘jaligi va sanoatning rivojlanib borishi cho‘l hududlariga ham sezilarli ta’sir qiladi. Natijada cho‘l tabiati o‘zgaradi, uning tuproq tarkibi buziladi, mavjud endemik o‘simlik va hayvonlar soni kamayadi. Shunga o‘xshash noxush holatlarni bartaraf etish maqsadida Qoraqalpog‘istonda qo‘riqxonalarni qayta ta’mirlash lozim.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi salomatligini yaxshilashning asosiy muammolaridan biri ularni toza ichimlik suvi bilan yetarlicha ta’minlanmaganligidir. Ma’lumki, Qoraqalpog‘iston Respublikasining suvga bo‘lgan ehtiyoji qadimdan Orol dengizi hisobidan qondirilgan. Lekin davrlar o‘tishi bilan daryo suvi keskin kamayib bordi. O‘tgan asrning 60-yillarida dengizning suvi kamayib hozirda achinarli ahvolga kelib qolgan.

Ayniqsa, regionning Orolbo‘yi qismida hamda tog‘-kon, metallurgiya, kimyo sanoati taraqqiy etgan hududlari ekologik sharoit tobora yomonlashib bormoqda. Mintaqaning ekstra arid cho‘l sharoiti aholi turmush-tarziga ma’lum darajada qiyinchilik tug‘dirishi bilan birga bu erdagi tabiiy muhit komponentlari inson ta’sirida kuchli degradatsiyaga uchramoqda.

Orol dengizi atrofidagi radiusi 500 km masofaga cho‘zilgan hududlar jahon hamjamiyati tomonidan «ekologik fojea» hududi deb e’tirof etilgan (1993 y Qizil O‘rdada, 1994 y Nukus va Toshhovuzda, 1997 y Almati konferensiyalarida). Xorazm viloyati ham bevosita ushbu hudud doirasida joylashgan.

Sobiq Ittifoq davrida hukm surgan paxta yakka hokimligi, yer va suv resurslaridan noratsional foydalanish, tuproqqa va ekinlarga keragidan ortiq ximikatlarni ishlatish, kuchli sanoatlashuv va urbanizatsiya jarayonining rivojlanishi butun O‘zbekistonda bo‘lgani kabi, Xorazm viloyatida ham ekologik tang vaziyatning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Ma’lumki, bir paytlar Orol dengizi o‘zining kattaligi jihatidan dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turar edi. Bugun esa uning hajmi qariyb 11 barobarga, maydoni 4,2 barobardan ziyodga qisqardi. Suv sathi esa 29 metrga pasayib, qirg‘oqlari yuzlab kilometrga chekindi va hozirda ikkita kichik ko‘ldan iborat bo‘lib qoldi. Endilikda dengiz tobora qirg‘oqdan chekinib, ekologik vaziyatni bo‘g‘ishda davom etmoqda va buning oqibatidagi fojea ko‘lami kengaymoqda. Biz so‘nggi 40-45 yil davomida dunyodagi eng yirik suv havzalaridan biri ko‘z o‘ngimizda yoq‘olib borayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Dunyoda hali bunday holat yuz bermagandi, bir avlod ko‘z o‘ngida butun bir dengiz yoq‘ bo‘lib ketmagan.

Hozirgi kunga kelib, bir paytlar suvining tozaligi va tiniqligi bilan Baykal va Jeneva ko‘llariga raqobatlashgan Orol dengizi hududi huvillagan cho‘lga aylandi. Bu yerdan ko‘tarilayotgan bo‘ronlar oqimi yuzlab kilometrlarga million-million tonna qum va tuzni o‘zi bilan olib ketib, atrof-muhitga bitmas-tuganmas zarar yetkazayotir. Buning oqibatida ro‘y bergan ekologik fojea Orol dengizi havzasida yashayotgan millionlab aholining turmush tarzini o‘zgartirib yubordi.

Natijada bir-biriga uzviy bog‘liq va xalqaro miqyosga ega murakkab ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yuzaga keldi. Qolaversa, bugungi kunda Orol dengizi fojeasi faqat sodir bo‘lgan hududni qamrab olmasdan, umumbashariy ahamiyat kasb etishi yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Hududda sodir bo‘layotgan jarayon iqlim o‘zgarishi sharoitida yanada global tus olib, kutilmagan ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi ham tobora ayon bo‘lib borayotir.

Ayni paytda mamlakatimizda qurg‘oqchilik mavsumining cho‘zilishi kuzatilmoqda. Bu esa Orol dengizining qurishi hududdagi iqlim o‘zgarishiga sabab bo‘layotganini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Ilgari Orol dengizi qish faslida Turon pasttekisligi orqali shimoldan kelayotgan sovuq havo oqimini yumshatuvchi, yozda esa aksincha jazirama issiqni pasaytiruvchi vosita bo‘lib xizmat qilar edi. Bugun esa Orol bo‘yida harorat 40 darajadan yuqoriga ko‘tarilgan kunlar soni ikki barobarga, O‘zbekistonning qolgan hududlarida esa 1,5 barobarga ko‘paydi.

Mutaxassislarning fikricha, 2035-2050 yillarga borib, hududidagi havo harorati hozirgidan 1,5 - 3,0 darajaga ortishi mumkin ekan. Iqlimiy o‘zgarishlar eng avvalo, Orol bo‘yida kutilayotgani ham sir emas. Bu hududda bundan keyin kutilmagan iqlimiy vaziyatlar yuzaga kelishi, qurg‘oqchilik cho‘zilib, havo haroratining yanada yuqori bo‘lishi, suv resurslarining shakllanishida o‘zgarishlar yuzaga kelib, o‘z navbatida Orol dengizi havzasida, ayniqsa, Orolbo‘yida qo‘shimcha salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Minerallashuv va mikrobiologik ko‘rsatkichlar bo‘yicha hududdagi suvning sifati yomonlashmoqda.

Yuzlab gektar maydonlardagi tuproq tarkibi va yer osti suvlarida shunchalik tuz miqdori ko‘payib ketdiki, natijada, aholining kun kechirish manbai bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish qiyin sharoitlarda amalga oshirilmoqda. Qator-qator paykallarda qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi pasayishi kuzatilmoqda Qish va yoz oylaridagi havo haroratining tez-tez keskin o‘zgarib turishi issiq iqlimga mos ekin turlari yetishtirishni murakkablashtirdi. Bu esa o‘z navbatida aholi iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlari turlarining qisqarishiga, oxir-oqibat insonlar salomatligining yomonlashuviga olib kelmoqda.

Kuchli shamollarning bu yerga chang va tuzlarni olib kelishi oqibatida viloyat aholisi salomatligiga, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish imkoniyatlariga salbiy ta’sir etmoqda. Xorazm viloyatida atmosfera havosi, asosan, tuz, qum va pestitsidlar evaziga ifloslanib, nafas yo‘llari hamda teri kasalliklarining kuchayishiga olib kelmoqda. Viloyatda xomilador ayollarning 71,5 % i kamqonlik) va bolalarning 72% i turli kasalliklar bilan kasallanmoqda Bundan tashqari, tug‘ma yurak anomaliyasi 5 marta, yurakning ishemik kasalligi 8,5 marta, gipertoniya 7 marta, o‘t qopida tosh paydo bo‘lishi 10 marta, asab tizimi kasalliklari 10 marta, oshqozon raki 2 marta, nefrit 2 marta ko‘paygan. Hududdagi ichimlik suvining 40% dan ortiq qismi sanitariya-gigiena talablariga javob bermaydi. Bu ham yetmaganidek, hududda ekologik fojeaning yana bir ayanchli oqibati aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashda jiddiy mummolar paydo bo‘lgani va buning natijasida aholi o‘rtasida kasallanish darajasining oshganligidir.

Orol fojeasi oqibatlari bugungi kunda nafaqat Qoraqolpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatini, balki, mamlakatimizning Buxoro va Navoiy viloyatlarini, Qozog‘istonning Qizil O‘rda, Turkmanistonning Toshhovuz viloyatlarini ham qamrab oldi. Aholining asosiy qismi, ayniqsa, qishloq va ovullarda yashovchilar yaxshi tozalanmagan, kuchli minerallashgan, ko‘pchilik holatlarda kimyoviy va mikrobiologik ko‘rsatkichlari bo‘yicha gigienik talablarga javob bermaydigan suvni ichishga majbur bo‘lmoqdalar.

Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, aholi o‘rtasida yuqumli va o‘tkir yuqumli kasalliklarga chalinish darajasining ortishi, eng avvalo, huddudda sifatli ichimlik suvi muammosining mavjudligidir.

Chunonchi, allergik kasalliklar, psixologik buzilishlar, saraton, endokrin kasalliklar, OITS (orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi), irsiy kasalliklar yildan-yilga ko‘paymoqda. Shu joyda qayd qilish joizki, ularning aksariyati, ijtimoiy ekologik muammolarning ko‘payishi, ekotizimning o‘zgarishi bilan ko‘payib bormoqda.

Orol bo‘yidagi ekologik vaziyatni yaxshilash uchun bizningcha:

- Orol dengizining qurib qolgan qismida kichik suv havzalari yaratish, chang va tuz bo‘ronlarini kamaytirish maqsadida delta havzalariga suv yetib borishini ta’minlash, bioxilma-xillik va delta ekotizimini qayta tiklash;

- Orol dengizining qurib qolgan qismida juda muhim bo‘lgan o‘rmonzorlar barpo etish, qum ko‘chishini to‘xtatish, dengizning qaqrab yotgan tubidan zaharli moddalar ko‘tarilishini kamaytirish;

- kommunal xizmat va davolash muassasalarini ichimlik suvi bilan ta’minlash va suvni zararsizlantiruvchi qurilmalar bilan jihozlash, suv yig‘ish inshootlarini xlorlovchi qurilmalar bilan qayta jihozlash hamda aholining sog‘ligini saqlashga xizmat qiladigan boshqa ko‘plab tadbirlarni bajarish;

- ekologik tanazzulning aholi salomatligi va farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimiz genofondiga ta’sirini tizimli asosda o‘rganish, ushbu mintaqaga xos turli xavfli kasalliklar odamlar orasida keng tarqalishining oldini olish va bundan ogohlantirish, bu yerda yashayotgan aholi uchun ixtisoslashgan profilaktika va davolash muassasalari tarmog‘ini kengaytirish zarur. Shu bilan birga bunday hududlarda tibbiy ekologik tadqiqot ishlari, sanitariya-epidimiologiya markazi faoliyatini kuchaytirish juda o‘rinli. Zero, tibbiyot sohasida kasallikni davolash emas, balki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sabablarning oldini olish chora-tadbirlari muhimroq.

Respublikada mavjud ekologik vaziyatni yanada keskinlashtiruvchi omillardan yana biri tuproq tarkibining sho‘rlanganlik va turli xil kimyoviy moddalar bilan ifloslanganlik holatidir. Qoraqalpog‘iston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bu yerda sug‘oriladigan yerlarning sho‘rlanishi tobora ortib bormoqda. Bunday holat barcha tumanlarda kuzatiladi. Sho‘rlanishni oldini olish qishloq xo‘jaligida katta daromad manbaigina bo‘lib qolmay, balki mazkur hududlarda yashovchi kishilar salomatligi uchun ham ijobiy natijalar beradi. Agar chuqurroq o‘ylab ko‘rilsa, ayrim kasallik guruhlari bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarni egallovchi tumanlarda tuproqlarning sho‘rlanish darajasi juda yuqori ko‘rsatkichlarga ega. Demak, xulosa qilishimiz mumkinki, yerlarning sho‘rlanib borishi ham u yerdagi yashovchilar jismiga ma’lum ma’noda ta’sir ko‘rsatar ekan.

Ekologik vaziyatning yildan-yilga yomonlashib borishi vohalar tuproq tarkibidagi kimyoviy moddalarning tobora ortishi bilan izohlanadi. Respublikaning voha qismida tuproqlarning pestitsidlar bilan ifloslanish darajasi juda yuqori, ya’ni 1 gektarda 5-10 kg ni tashkil etadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, har ikkala ko‘rsatkich orasida ma’lum darajada bog‘liqlik mavjud va aholining suv bilan ta’minlanish holati ortib borgan sari yuqumli kasalliklarning kamayib borishi kuzatiladi. Xuddi shunday bog‘liqlik qonuniyatini Respublika tuproqlarning sho‘rlanish darajasi va umumiy kasallanganlar soni o‘rtasidagi aloqadorlikda ham ko‘rish mumkin. Olib borilgan tadqiqotlar natijasida u yoki bu kasallik turlarining muayyan omillar ta’sirida shakllanishi va ular orasidagi o‘zaro bog‘liqlik mavjudligi aniqlandi.

Tahlillar shundan dalolat beradiki, yuqorida ta’kidlab o‘tilgan omillarning har qaysisi salomatlikka o‘z ta’sirini ko‘rsatadi va ularning barchasi birgalikda salomatlikni belgilab beruvchi asosiy mezon bo‘lib xizmat qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida olib borilayotgan geologik qidiruv ishlari va mavjud qazilma konlardan foydalanish ham o‘lka ekologik muhitini biroz o‘zgartiradi. Ma’lumki, hozirgi kunda Qoraqalpog‘istonda 10 foizgina maydonlar vohalardan iborat bo‘lib, jami aholining 90-95 foizi aynan ana shu hududlarda yashaydi. Ushbu hududlarda turli-tuman ma’danlar qazib olish ishlarining davom etishi u yerda yashovchi kishilar salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ko‘proq tabiiy gaz va neft, ohaktosh va gips, dolomit va uranning zahiralari mavjud. Bunday konlardan foydalanish natijasida atrof-muhit ancha buziladi. Bu o‘z navbatida aholi salomatligiga katta zarar yetkazadi.

Umuman olganda, Qoraqalpog‘iston Respublikasining ana shunday ekologik jihatdan nosog‘lom bo‘lgan hududlarida doimiy ravishda suv, havo, tuproq va ozuqa tarkibini tekshirib ko‘rish hamda ularning ustidan qattiq nazorat olib borish tavsiya etiladi. Chunki yuqorida ta’kidlaganidek, ayrim zararli moddalar miqdorini me’yoridan ortib ketishi har xil xavfli kasalliklarini keltirib chiqaradi.

Respublikada ekologik muhitni zaharlovchi omillardan yana biri hududda mavjud axlatxonalar bilan bog‘liq muammolardir. Bu yerda yuzdan ortiq axlatxonalar bo‘lib, ularga har yili 1 mln. 200 ming kub metrdan ortiq turli - xil chiqindilar tashlanadi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish tashkiloti ma’lumotlari). Ammo axlatlarni zararsizlantirish ishlari yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan. Bu esa o‘lka ekologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Axlatxonalar ko‘pincha yirik aholi manzilgohlariga yaqin hududlarda to‘plangan bo‘lib, ular qushlar va boshqa turdagi hayvonot olami vakillarining doimiy yashash joylariga aylangan. Ularning shahar joylari va mazkur hududlar orasida ko‘chib yurish hollari ba’zi yuqumli kasalliklarning tarqalishiga yordam beradi. Sababi suv, havo, ozuqa kabi yashash vositalari orqali inson va boshqa tirik mavjudotlar doimiy aloqadadir. Shuning uchun axlatxonalarni mumkin qadar zararsizlantirish sanitariya-gigiyena va aholi salomatligini saqlash nuqtai nazaridan maqsadga muvofiqdir.

Keyingi vaqtlarda axlatxonalarda o‘ta zaharli kimyoviy mahsulotlar, shuningdek, simobli lampalarning chiqarib tashlash xollari kuzatilmoqda. Bunday holatlar, ayniqsa, Respublikaning Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot tumanlarida va Nukus shahri atrofida ko‘proq uchraydi. Bu esa axlatxonalarga yaqin hududlarda yashovchi kishilar sog‘lig‘iga jiddiy ziyon etkazishi mumkin. Demak, shunga o‘xshash bunday joylarda Respublika tabiatni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash va qator tegishli muassasalar tomonidan muntazam ravishda maxsus nazoratlar olib borish ayni muddaodir.

Yuqorida ko‘zda tutilgan tabiiy-ekologik omillar tizimini yaxshilash borasidagi tadbirlarni amalga oshirish bilan bir qatorda Qoraqalpog‘iston aholisining mavjud tibbiy muassasalar va xodimlar hamda boshqa turdagi tibbiy vositalar bilan ta’minlanganlik darajasiga ham alohida e’tibor qaratish zarur. Shu bilan birga tibbiy va ekologik ta’limni, aholining ekologik madaniyatini rivojlantirish ham katta ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumki, mustaqillik yillarda mamlakatimizda aholi salomatligini tubdan yaxshilash va muhofaza qilish, shuningdek, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 1998 yil 12 iyunda Respublikamiz birinchi prezidenti I.A.Karimov tomonidan qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini 1998-2005 yillarda isloh qilish to‘g‘risi» dagi farmoni aynan shu haqda. Farmon asosida ishlab chiqilgan dasturda, ayniqsa, qishloq aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish holatini yanada yaxshilash, ularni zaruriy tibbiy muassasa va boshqa tibbiy moslamalar bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor berilgan. Shu nuqtai nazardan Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini yanada rivojlantirish, aholini malakali tibbiy kadrlar va hamshiralar bilan ta’minlash muhim ahamiyatga ega.

2004 yilda Respublika aholisi jon boshiga to‘g‘ri keladigan bemor o‘rinlar soni (har ming kishiga nisbatan) ham Respublika darajasidan (5,3) ancha orqada. Bu ko‘rsatkich Respublikada har ming kishiga 4,3 tadan to‘g‘ri kelgan holda u Mo‘ynoq shahri va Mo‘ynoq tumanida eng yuqori, Nukus va To‘rtko‘l tumanlarida esa ushbu vaziyat biroz ijobiy.

Aytish o‘rinliki, ayrim tur xastaliklarni davolashga ixtisoslashtirilgan kasalxonalarning ko‘pchiligi Respublika markazi Nukus shahrida joylashgan. Xolbuki, bu holat markazdan ancha uzoqda bo‘lgan tumanlar aholisining bunday davolash muassasalaridan foydalanishlari uchun ancha qiyinchilik tug‘diradi.



Download 0.59 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling