Qushlarning kelib chiqishi. Qushlar qadimgi sudralib yuruvchi lardan kelib chiqqan. Eng qadimgi qush – arxeopteriksning toshga aylangan suyak va patlari topilgan . Jag‘lari, tishlari va 20 ta umurtqadan iborat uzun dumining bo‘lishi bilan arxeopteriks sudralib yuruvchilarga; tanasining pat bilan qoplanganligi, oldingi
oyoqlarining qanotga aylanganligi bilan esa qushlarga o‘xshaydi. Arxeopteriks oyoqlaridagi barmoqlaridan biri orqada, qolgan uchtasi oldinga qaragan bo‘lishi uning daraxtda yashaganligini ko‘rsatadi. Lekin qushlar uchun xos bo‘lgan to‘sh toj suyagi rivojlanmaganligi sababli arxeopteriks hozirgi qushlarning ajdodi bo‘lolmaydi. Ularning ajdodi protoavis hisoblanadi. Protoavis arxeopteriksdan bir necha million yil oldin yashagan. Uning hozirgi qushlarga o‘xshash toj
suyagi rivojlangan. Hayot tarzining yil fasllariga qarab o‘zgarishiga binoan qushlarni o‘troq, ko‘chib yuruvchi va uchib ketuvchi guruhlarga bo‘lish mumkin.
O‘troq qushlar. Yil davomida bir joyda yashaydigan chittak, musicha, ko‘k kaptar, kaklik, so‘fito‘rg‘ay, qirg‘ovul, chumchuq, mayna o‘troq qushlar deyiladi. Ayrim qushlar yozda biroz oziq g‘amlaydi. Chittaklar yoz oxirida urug‘ va hasharotlarni daraxt po‘stlog‘i yoriqlariga va shoxlardagi lishayniklar orasiga yashirib qo’yadi.
Ko‘chib yuruvchi qushlar. Yil fasllariga qarab joyini o‘zgartirib
turadigan qushlar ko‘chib yuruvchi qushlar deyiladi. Go‘ngqarg‘a, olaqarg‘a, zog‘cha va qorayaloqlar sovuq tusha boshlashi bilan gala bo‘lib qor kam, oziq mo‘lroq bo‘lgan joylarga uchib ketadi.
Uchib ketuvchi qushlar. Bunday qushlar kuzda birmuncha sovuq yoki mo‘tadil iqlimli joylardan issiq mamlakatlarga uchib ketadi va o‘sha joylarda qishlaydi. Uchishdan oldin ular gala hosil qiladi. Qushlar har xil paytda uchib ketadi. Qaldirg‘och, bulbul, zarg‘aldoq va laylaklar ancha barvaqt, ya’ni yoz oxirlarida yoki erta kuzda, hali uya qurgan joyda havo iliq va oziq mo‘l bo‘lishiga qaramasdan uchib ketadi. O‘rdak, g‘oz va oqqush kech kuzda, yashash joyidagi suv havzalari muzlab, oziq topolmay qolganidan so‘ng uchib keta boshlaydi. Qushlar qishlov joyiga doimo bir xil yo‘ldan uchib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |