Mundarija: kirish I bob ingliz va o‘zbek xalq ertaklarining janr xususiyatlari
Ingliz va o‘zbek ertaklarida vazifadosh sehrli predmetlar obrazi
Download 215.43 Kb.
|
Ingliz tili va O`zbek tili sehrli ertaklar tipologiyasi Ochilova
2.3. Ingliz va o‘zbek ertaklarida vazifadosh sehrli predmetlar obrazi
Sehrli fantastik ertaklar ertaklarning alohida turini tashkil qiladi. Xususan, sehrli predmetlarning ishtiroki bunday ertaklarning tabiatini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. G‘aroyib xususiyatli predmetlar qatoriga sehrli uzuk, ochil dasturxon, qaynar xumcha, ur to‘qmoq, uchar gilam, kiysa ko‘rinmas holga evriltiradigan qalpoq yoki to‘n, yesa yoshartiradigan yoki sog‘aytiradigan, hatto o‘ldirishi mumkin bo‘lgan olma, sehrli qilich va hokazolarni misol qilish mumkin. Qizig‘i shundaki, nomi ko‘rsatilgan bunday g‘aroyib predmetlarni turli tizimli tillarda yaratilgan, yer yuzining turli hududlarida yashaydigan ingliz va o‘zbek ertaklarida ko‘pincha vazifadosh holatlarda kuzatish mumkin. Ayniqsa, qilich, uzuk, ur to‘qmoq, qalpoq kabilar shular jumlasidandir. Bu predmetlar ingliz va o‘zbek ertaklarida to‘liq vazifadoshlik hosil qilsa, yuqorida nomi ko‘rsatilgan sehrli predmetlardan ayrimlari ingliz va o‘zbek xalqlari ertaklarida ularning milliy mentalitetidan kelib chiqqan holda uchrashi va qo‘llanilishi kuzatiladi. Masalan, o‘zbek xalqida ochil dasturxon obrazi ochib yoyilganda ko‘z ochib yumguncha turfa mazali taomlarni o‘zida muhayyo qilsa, inglizlarda bu xususiyatni sehrli stol o‘zida namoyon etadi. Ko‘rinadiki, ochil dasturxon va sehrli stol ertaklarda bir xil vazifada talqin qilinayotgan esa-da, ularning shakli, nomi turlichadir. Zotan, ingliz tilida dasturxon so‘zi mavjud emas. Bu tilda dasturxon so‘zi o‘rnida skatert (table cloth) so‘zi ishlatiladi. Chunki dasturxon va skatert ovqatlanishda yoyiladigan va ustiga yegulik hamda ichimliklar qo‘yiladigan turli predmetlar hisoblanadi. Shuning uchun ko‘pincha ingliz tilidan o‘zbek tiliga yoki aksincha, o‘zbek tilidan ingliz tiliga tarjima jarayonida bu so‘zlarning birini ikkinchisining o‘rnida qo‘llaydilar. Aslida ular shakli, tayyorlanishi jihatidan bir-biridan farq qiladi. Aytaylik, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “dasturxon” so‘zi uchun quyidagi izoh keltirilgan: Ovqat qo‘yiladigan mato; unga qo‘yiladigan taomlar. 1. O‘rtaga yozib ustiga ovqat qo‘yiladigan maxsus mato, ro‘zg‘or buyumi.29 “Table cloth” so‘zi ingliz tili izohli lug‘atida quyidagicha izohlangan: A cloth for covering a table, especially at meals30. Ko‘rinadiki, lug‘atda bu so‘zga “asosan ovqat vaqtida stol ustiga yoyiladigan mato” deb taʼrif berilgan. Izohlardan maʼlum bo‘ladiki, “dasturxon” va “table cloth” so‘zlari faqat vazifasi nuqtai nazaridan yaqindir, xolos. Shularni inobatga olib, tadqiqotchi R. Qosimova “dasturxon” so‘zini o‘zbek tilidagi etnografizmlardan biri sifatida qarab, uning ingliz tilidagi table cloth so‘ziga to‘liq muvofiq kela olmasligini taʼkidlab o‘tadi31. Biroq ingliz va o‘zbek tillarida o‘xshash nomli va vazifadosh sehrli predmetlar ishtirokini ko‘plab kuzatish mumkin. Jumladan, sehrli qilich obrazi shulardan biridir. O‘zbek ertaklarida sehrli qilich ko‘pincha bir siltaganda 40 gazga cho‘zilishi aytilishi bilan uning sehrli ekanligiga urg‘u qaratiladi yoxud qahramon joni uning sehrli qilichida turishi aytiladi. Ingliz ertak va afsonalarida ham sehrli qilich yovuz dushmanlarni mahv etishda qahramonning yaqin ko‘makchisi sifatida talqin qilingan. Ingliz folklorida sehrli xususiyatlarga ega qurollar obrazi alohida eʼtiborni tortadi. Ulardan eng mashhuri bu – sehrli qilich. To‘g‘ri, u qilichdan foydalanib kelgan har bir xalqning folklorida uchraydi. Ammo qiyoslanayotgan xalqlar folklorida sehrli qilich obrazining qadimgi animistik, magik va fetishistik qarashlar asosida bir emas, bir necha badiiy vazifalarda talqin etilgani ko‘zga tashlanadiki, shunisi bilan ular o‘ziga xoslik kasb etadi. Aytaylik, ingliz folklorida shoh Artur haqida yaratilgan afsona va ertaklarning syujetida jang manzaralari keng o‘rin tutganligi bois ularda o‘sha davr uchun asosiy jang qurollaridan hisoblangan qilich obrazi markaziy o‘rin egallaydi. Sehrli predmetlardan yana biri sehrli qalpoq bo‘lib, u o‘zbek xalq ertaklarida ko‘pincha kiygan kishini ko‘rinmas holga solishi aytiladi. Ingliz xalq ertagida esa bu vazifani sehrli to‘n bajaradi. Masalan, “Jack the giant killer” ertagida bosh qahramon Jek ko‘rinmas holatga keltiradigan sehrli to‘n (coat) yordamida o‘z maqsadlariga erishadi. Xuddi shu ertakda sehrli qalpoq (magic cap) obrazi ham qatnashgan bo‘lib, u bilim va axborot manbai bo‘lib xizmat qiladi, yaʼni bosh qahramonga so‘ragan maʼlumotini aytib bera oladi. O‘zbek xalq ertagi “Ur to‘qmoq”dagi qaynar xumcha obrazi vazifasiga ko‘ra ingliz xalq ertagi “The Ass, the table and the stick” (“Eshak, stol va tayoq”)dagi sehrli eshak vazifasiga yaqin turadi. Negaki, bu eshakning qulog‘idan tortganda oltinu-kumush tangalar to‘kiladi. Eshak xuddi qaynar xumcha singari tuganmas boylik yetkazuvchi manbai hisoblanadi. Xuddi shu ertakdagi tayoq (stick) ham ur to‘qmoq bilan bir vazifada, yaʼni yomon odamlarni jazolash vazifasida keladi32. Inglizlarning “Nix Nought Nothing” (“Hech narsa”) nomli ertagida raqibning yo‘lini to‘sish uchun ishlatiladigan sirli buyumlar obrazi keltirilgan. Unda “magic flask” (sehrli kolba, yaʼni shisha idish) suvlikni, “magic comb” (sehrli taroq) qalin butazorni, “hair dagger” (soch to‘g‘nog‘ichi) esa o‘tkir uchli to‘siqlarni hosil qiladi. O‘zbek xalq ertaklarida ham bunday motivlar mavjud. Jumladan, o‘zbek ertaklarida sehrli taroq orqali orqama-orqa quvib kelayotgan raqib personajning yo‘li qalin o‘rmon yoki to‘qayzor hosil qilish orqali to‘siladi. Sehrli predmetlar obraziga eʼtibor qaratilsa, ularning quyidagi tiplari mavjudligi anglashiladi: Sehrli uy-ro‘zg‘or buyumlari: ochildasturxon, sehrli stol, stul, eshik, deraza, duxovka, mo‘ri, ur to‘qmoq, xumcha yoki qaynar xumcha, sehrli pichoq, sehrli qoshiq, sehrli idish, sehrli shisha idish, sehrli gilam, supurgi. Sehrli kiyim kechaklar: sehrli qalpoq, etik, boshmoq, sehrli to‘n yoki sehrli palto. G‘aroyib oziq-ovqat va ichimliklar: non, bo‘g‘irsoq, suv va hokazo. Sehrli meva va sabzavotlar: olma, shaftoli, olxo‘ri va hokazo. Sehrli o‘simliklar: daraxtlar (olma daraxti, apelsin daraxti, yong‘oq daraxti, naʼmatak butasi, gullar, loviya…. Sehrli joy nomlari: bog‘lar, saroylar, o‘rmonlar, tepaliklar, qirolliklar, shaharlar. Sehrli hayvonlar va jonzotlar: chig‘anoq, kiyik, sher, ayiq, bo‘ri tulki, buqa, sigir, ot, eshak, qurbaqa, qurt, ajdarho. Sehrli qush va parrandalar: oltin g‘oz, oltin tojli xo‘roz, sehrli tuxum qo‘yadigan tovuq, kabutar, bulbuligo‘yo, Anqo, Semurg‘. Sehrli taqinchoqlar va bezak asboblari: uzuk, sochbog‘, tumor, oyna, taroq, surtma, sehrli tamakidon, sehrli hamyon. Sehrli qurol-yarog‘lar: qilich, pichoq, dubulg‘a. Sehrli musiqa asboblari: nay, rubob, doira, dudka, arfa, karnay. Sehrli mehnat qurollari: tegirmon, urchuq, charx, qaychi, arra, bolta. Ertaklarda ko‘pincha ertangi kunlar, yaʼni xalqning kelajak haqidagi orzu-istaklari bayoni kuzatiladi. Shuning uchun undagi sehrli predmetlar odamlarning orzu-istaklarini badiiy ifoda etadi. Masalan, uchar etik, uchar gilam, sehrli shippak obrazlari odamlarning uzoqni yaqin qilish, yo‘l azobidan cho‘chish, uni yo‘qotish haqidagi orzu-istaklari asosida shakllangan bo‘lsa, ochildasturxon, qaynar xumcha, sehrli uzuk kabilar to‘kin-sochin turmush, boy va farovon hayot to‘g‘risidagi maqsad intilishlarini o‘zida namoyon etadi. Shuning uchun ular har bir tilning o‘z so‘z boyligidan o‘rin olgan jumlalar bilan atalgan esa-da, vazifasi nuqtai nazaridan umuminsoniy mohiyat kasb etadi. Sehrli fantastik ertaklar ertaklarning alohida turini tashkil qiladi. Xususan,sehrli predmetlarning ishtiroki bunday ertaklarning tabiatini belgilashdamavjud ahamiyat kasb etadi. G‘aroyib xususiyatli predmetlarga sehrli uzuk, ochil dasturxon, qaynar xumcha, ur to‘qmoq, uchar gilam, kiysa ko‘rinmas holga evriltiradigan qalpoq yoki to‘n, yesa yashartiradigan yoki sog‘aytiradigan, hatto o‘ldirishi mumkin bo‘lgan olma, sehrli qilich, sehrli tayoqcha va hokazolarni misol qilish mumkin. Sehrli tayoqcha obrazi, asosan, g‘arb ertaklari, xususan, ingliz xalq ertaklarida uchraydigan tilsim predmet bo‘lib, o‘zbek folklorida bunday obrazni uchratmaymiz. Folklorshunoslar Ernest va Yoxanna Leynerlarning fikriga ko‘ra, sehrli tayoqlardan foydalanish motivining asoslari Injildagi diniy afsonalarga borib taqaladi. Aytilishicha, o‘tmishda professional sehrgarlar Aaronning tayog‘i ramzidagi novdadan sehr kuchi timsoli sifatida foydalanishgan. Bu novda kerakli vaqt va zarur sharoitda sehrli tayoqqa aylanib, odamlarga yordam berishiga ishonilgan. Muso payg‘ambar haqidagi afsonalarda uning mo‘ʼjizaviy kuchga ega sehrli tayoq asosi bo‘lganligi aytiladi. Muso alayhissalom u orqali Qizil dengizni ikkiga ajratib, undan oson kechib o‘tgancha, bostirib kelayotgan dushmandan xalqini sog‘-omon qutqargani, toshdan suv chiqargani bayon etiladi. Horunning ham sehrli aso tayog‘i bo‘lgani, uni uloqtirganda ilonga aylangani va bu ilon atrofda yig‘ilgan boshqa ilonlarni yutib yuborgani hikoya qilinadi. Keyinchalik Misrda balolarni boshlashga sababchi bo‘lgan bu qudratli tayoq asoning Ahd sandig‘ida xavfsiz saqlangani aytiladi. Sehrli tayoq obrazi qadimgi yunon yozuvchisi Gomerning “Iliada” va “Odisseya” dostonlarida ham uchraydi. Bunda Gomer novda degan maʼnoni anglatuvchi “rabdos” so‘zini ishlatgan, lekin bu so‘z kichik hajmda anglashiladigan tayoqchani emas, balki katta va qalinroq hajmdagi tayoqni anglatadi. Gomer sehrli tayoqchalarni uch xudo: Germes, Afina va Sirseya ishlatganini yozadi. Masalan, “Iliada”da Germes sehrli tayoqchadan foydalanib, odamlarni uxlatadi yoki uyg‘otadi. “Odisseya”da esa Afina sehrli tayoqcha yordamida Odisseyni qari qilib, keyin yana uni yoshartiradi. Sirseya sehrli tayoqcha yordamida Odissey odamlarini cho‘chqaga aylantiradi. Ko‘rinadiki, Gomer sehrli tayoqcha obrazidan maʼbudlarning kuch-qudratini bo‘rttirish maqsadida foydalangan. Bunda sehrli tayoqcha “evriltiruvchi” xususiyatga ega tilsim predmet sifatida ko‘rsatilgan. Ingliz xalq ertaklarida ham sehrli tayoqcha obrazi turli holatlarda bosh qahramonga ko‘mak beruvchi, uni murod-maqsadiga, orzu-intilishlariga yetkazuvchi vazifasida talqin etilgani kuzatiladi. Masalan, “Qizil Ettin” (“Red Ettin”) nomli ingliz xalq ertagida sehrli tayoqcha obrazi uchraydi. Unda hikoya qilinishicha, ertak bosh qahramoni safardaligi chog‘ida bir keksa ayolni uchratadi va ayol nonidan bir oz berishini so‘raydi. Yigit rozi bo‘lib, nonidan bergani uchun ayol unga sehrli tayoq hadya qiladi. Bu keksa ayol aslida yaxshi pari bo‘lib, yigitga kelgusida u bilan sodir bo‘ladigan voqealar hamda nima qilishi kerakligi haqida kerakli maslahatlarni beradi. Sehrli tayoqchadan to‘g‘ri foydalansa, u yigitga ko‘p vaqtlar xizmat qilishi mumkinligini aytib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Yigit dahshatli hayvonlar yashaydigan joyga kelib qolganida, sehrli tayoqcha yordamida ularni yengadi va yo‘lida davom etadi33. “Keyt Krekernats” (“Kate Crackernuts”) ertagida bosh qahramon Keytning opasining boshi sehr tufayli qo‘yning boshiga aylangan bo‘ladi. Bir kuni Keyt sehrli tayoqchasini o‘ynab turgan pari bolaga duch kelib, shu tayoqcha bilan uch marta urilsa, opasi yana o‘z holiga qaytishini bilib qoladi. Shundan so‘ng Keyt pari bolani yong‘oq o‘yiniga chalg‘itib, u tushirib qo‘ygan sehrli tayoqchani oladi va fartugiga yashiradi. Uyiga kelgach, opasi Annani tayoqcha bilan uch marta urib, sehr kuchini yo‘qotadi. Shu bilan opasi yana o‘z holiga qaytadi34. “Quduqdagi uchta bosh” (“Three heads of the well”) ertagida o‘gay ona zulmidan charchagan malika o‘z baxtini topish uchun safarga otlanadi. Yo‘lda bir cholga duch keladi va chol undan yegulik so‘raydi. Qiz unga yeguligidan beradi. Chol esa qizga minnatdorchilik bildirib, qo‘liga sehrli tayoqcha tutqazadi. Sehrgar chol qizga uning oldidan tikonli to‘siq chiqishini va shu sehrli tayoqcha bilan uch marta ursa, bu to‘siq ochilib, yo‘lida davom etishi mumkinligini aytadi. Xuddi aytilganidek, qiz katta tikanli to‘siqqa duch keladi va sehrli tayoqchasi yordamida uni kesib o‘tadi35. “Saint George of Merry England” ertagida sehrli tayoqcha jodugar tomonidan bosh qahramon Jorjga o‘zi bilan qolishi uchun pora sifatida beriladi. Ertak qahramoni esa shu sehrli tayoqcha yordamida sehrlangan hudud hokimiyatini qo‘lga kiritadi. U tayoqcha bilan qudratli bir qoyani urganida, qoya ochilib, ichida yovuz sehrgar o‘ldirgan barcha yangi tug‘ilgan chaqaloqlar tanalari ko‘rinadi. Jorj sehrgarning qotil ekanini bilgach, tayoqcha kuchidan foydalanib, uning o‘zini o‘sha yerga yetaklab boradi. So‘ngra uni qoyaga qamab, sehrli tayoqcha bilan qoyani urgancha abadiy yopib, jodugarni o‘sha yerda abadiy qoldiradi36. Ertaklarda sehrli tayoqcha, asosan, sehrgar chol yoki pari tomonidan ijobiy qahramonga taqdim qilinib, uning og‘irini yengil qilishga, har xil to‘siqlarni oson yengib o‘tishiga, muammolarni tez hal qilishiga xizmat qiladi. Download 215.43 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling