Murodulla mirzaev
Xett podsholigi davrida Kichik Osiyo
Download 1.97 Mb.
|
O'quv qo'llanma-3
Xett podsholigi davrida Kichik Osiyo
Kichik Osiyo – Osiyo qit'asining g'arbidagi yarim orol bo'lib, uzunligi g'arbdan sharqqa – 1000 km., kengligi 400-600 km tashkil etadi, hozirgi Turkiyaning markaziy qismi hisoblanadi. Hududi taxminan 506 ming km². Bu hudud “Anatoliya” ham deyiladi. Bu nom grekchadan olingan bo'lib, “quyoshning chiqishi”, “sharq” ma'nolarini anglatadi. Ma'lumki, har bir hududda qadimda kimlardir yashagan, tarix hukmiga ko'ra yo'q bo'lib ketgan yoki ma'lum sabablarga ko'ra boshqa joylarga ko'chgan. Kichik Osiyoni o'rganishdan ko'zlangan maqsad – Turkiya va turklarning ildizini davr va makon nuqtai nazaridan o'rganish, turklar kelgunga qadar bu mintaqada kimlar yashaganligini, ularning o'ziga xos xususiyatlarini aniqlash, olingan ma'lumotlarni tahlil qilish asosida ushbu xalqlarning bugungi kuniga doir xulosa chiqarishdir. Xettlar turklar kelgunga qadar bu hududda xalq sifatida mavjud bo'lgan. Keyinchalik qudratli va buyuk davlat darajasiga chiqqan va taqdir taqozosi bilan barham topgan xalqlardan biridir. Xett davlatining vujudga kelishi va taraqqiyot bosqichini shartli ravishda ikkiga bo'lib o'rganiladi. 1. Qadimgi Xett imperiyasi davri – miloddan avvalgi XYIII - XYI asrlar. 2. Yangi Xett imperiyasi davri - miloddan avvalgi XIY - XIII asrlar. 1. Miloddan avvalgi II ming yillik boshlarida Kichik Osiyoda qabilalar birlashuvi natijasida hudud jihatidan uncha katta bo'lmagan siyosiy tuzilmalar, ya'ni, shahar-davlatlar vujudga kelgan. Bu davlatlar qatoriga podsholar boshqaruvidagi Purusxanda, Amkuva, Kanes (Kanish), Kussar, Nesa, Xalpa, Vaxshushana va Xattusa kabi shahar-davlatlarni kiritish mumkin. Ular Ossiriya poytaxti Ashshura savdogarlaridan o'zlashtirgan o'z yozuvi va yozuv tilidan foydalangan. Mazkur shahar-davlatlar o'rtasida siyosiy hukmronlik uchun o'zaro kurash ketgan. Ularning shakllanishida Kichik Osiyoda miloddan avvalgi XX - XYIII asrlarda paydo bo'lgan semit savdo koloniyalari muhim rolь o'ynagan. Xalqaro savdo aloqalari ana shu koloniyalar orqali amalga oshirilgan. Savdo munosabatlarida oltin, kumush, qo'rg'oshin, mis kabi tabiiy boyliklar asosiy o'rin tutgan. Xalqaro savdo aloqalari - Kichik Osiyoning iqtisodiy rivojida muhim omil bo'lgan. Shahar-davlatlar podsholar tomonidan boshqarilishiga qaramay, ularning ichki ishlari erkin aholining umumiy majlislarida hal bo'lgan. Erkin aholi o'rtasida esa boy savdogarlar, sudxo'rlar katta mavqega ega bo'lgan. Manbalarning guvohlik berishicha, bu yerda sudxo'rlikning turli shakllari ham bo'lgan ekan. Savdo koloniyalari mahalliy qabilalarning xo'jalik taraqqiyoti uchun keng imkoniyat yaratgan va quldorchilik munosabatlarining yanada yoyilishiga sharoit tug'dirgan. Bunday ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar Xett jamiyatida tabaqalanishning keng quloch yoyishiga zamin yaratgan. Kichik Osiyoda ilk bor alohida yirik davlat tuzishga intilish miloddan avvalgi XYIII asrning birinchi yarmidan boshlangan. Har bir shahar-davlatning o'z podshohi bo'lgan. Miloddan avvalgi XIX asr oxiri - XYIII asr boshlarida Kussar shahri podshohi Pitxanas kutilmaganda tunda Nesa shahriga hujum qilib, uni bosib olgan. Nesa podshohi asir olingan, aholiga hech qanday zarar yetkazilmagan. Shu tariqa Xet podsholigi tashkil etilishiga asos solingan. Miloddan avvalgi XIX asr o'rtalarida Pitxanasning vorisi, podsho Anitta poytaxtni Nesaga ko'chirib, bu yerda istehkomlar, ibodatxonalar barpo etgan. Ko'p o'tmay Xalpa shiddatli janglardan so'ng Xattusa shahrini bosib olgan. Bundan xabar topgan eng qadimgi shahar-davlatlardan biri Purusxanda (Burushxanda)1 podshohi Anittaga o'z xohishi bilan taslim bo'lib, taxtni topshirgan. Tez orada Kanes shahri ham Anitta ixtiyoriga o'tgan. Shunday qilib, Anitta yirik davlat hukmdori – podshohga aylangan. Tadqiqotchilar bu davlatga Qadimgi Xett imperiyasi2 deb nom bergan. Bu davlatda urug'-qabila tuzumi sarqitlari juda kuchli bo'lgan. Xett podsholari xalq lashkarlariga tayangan holda hukmronlik qilgan. Mamlakatda qurol olib yurish huquqiga ega bo'lgan barcha shaxslar podsho huzuridagi majlisda ishtirok etgan. Bu majlis xett tilida “pankus”3 deb atalgan. E'tiborli joyi shundaki, bosib olingan hududning hukmdori, qushib olingan “yangi federal yer” - Xett podshosi bilan emas, balki “xettlar mamlakati” bilan kelishgan. Podshoh esa kelishuvni tasdiqlagan, xolos. Tasdiqlashdan oldin, ba'zan yordamchilari bilan uzoq vaqt kelishgan, maslahatlashgan. Shubhasiz, xettliklar orasida, tarixda birinchi marta davlatning hukmdordan ko'ra ustuvorligi tan olingan. “Podsho mamlakatni boshqarmaydi, balki unga xizmat qiladi”, degan qoida amal qilgan. Bu qoida, mazkur davlatda huquqiy holat, yuridik mohiyat mavjud bo'lganligidan dalolat. O'sha davr nuqtai nazaridan buni o'ziga xos ilk konstitutsiya desa ham bo'ladi. Zodagonlar, oliy martaba egalari “pankus” faoliyatiga rahbarlik qilgan, uni boshqarishda faol ishtirok etgan. “Pankus” a'zolari mamlakatni boshqarishda hal qiluvchi o'rin tutgan. Podsho “tenglar ichida - birinchi” (primus inter pares) bo'lgan. Mamlakatni boshqarishning asosiy masalalari aynan “pankus”da hal qilingan. Bugungi kun nuqtai nazaridan baho berilganda “pankus” o'z davrining demokratik asosda saylanmagan parlamenti bo'lgan. Podsho Xett davlatining umrbod hukmdori bo'lgan. “Pankus” a'zolariga o'z xizmat vazifalarini talab qilingan darajada bajarish mas'uliyati yuklangan. Ular ham davlatning qolgan amaldorlari, hatto xuddi podsho singari “pankus” tomonidan javobgarlikka tortilar, xizmat vazifalariga noloyiq deb topilib, vazifalaridan ozod qilingan. Shu tariqa “pankus” o'ziga yarasha qadimiy konstitutsiyaviy sud vazifasini bajargan. Mabodo kimdir tomonidan jinoiy ish sodir etilgan taqdirda, podsho sud qilish oldidan “pankus”ga murojaat qilgan. Xuddi shu “pankus” baxsli vaziyatlarda taxt merosi masalalarini ham hal qilgan. Podsho taxt vorisi nomzodi masalasini “pankus”ga havola qilgan va, muhimi, “pankus” har doim ham podsho fikri bilan kelishavermagan. Albatta, ba'zi kamchiliklardan xoli bo'lmasa-da, “pankus” Qadimgi Sharqqa nisbatan adolatli va demokratik organ edi, deb baholash mumkin. Davlat ahamiyatiga molik eng muhim masalalarni hal etishda Oqsoqollar kengashi - “tuliya”1 ga yig'ilgan. “Tuliya” mutlaqo podsho oilasiga oid bo'lib, unga hukmdorning aka-ukalari, o'g'illari kirgan. Ular vazirlar, harbiy rahbarlar, shahar hamda viloyatlar boshliqlari lavozimiga tayinlangan. Qadimgi an'analarga ko'ra podsho lavozimiga podsho oilasi a'zolaridan, ko'proq podsho nabiralaridan, xususan, singillarining o'g'illaridan saylangan. Xett imperiyasini birlashtirish siyosati Anittaning to'rtinchi vorisi shoh Labarna hukmronligi davrida (mil. av. 1680-1650 yy) tugallangan. Tarixchilar Labarnani Xett davlati asoschisi ham deyishadi. O'z qudratiga ishongan Labarna mavjud an'anani buzib, taxt vorisi sifatida o'g'li Xattusili I ni tayinlaydi (mil. av. 1650-1620 yy). Xattusili I poytaxtni Xattusaga ko'chirgan. U o'zidan avvalgi podsholarga xos siyosat yuritib, Shimoliy Suriyaning yirik savdo markazi – Xalpa (Xalab - hozirgi Aleppo)ni bosib olishga urinadi. Tarixiy hujjatlarda aytilishicha, podsho salomatligi yomonlashgani sababli zafarli yurishini amalga oshirolmay, tug'ilgan shahri – Kussarga qaytib keladi. Xattusili I tomonidan taxt vorisini tayinlash shov-shuvga sabab bo'lib, keskin kurashlarni keltirib chiqargan. O'g'li to'satdan qazo qilganidan so'ng, Xattusili qadim an'analarga amal qilib, o'z nabirasini taxtga o'tqizgan. Bu holdan norozi bo'lgan podsho oilasi a'zolari o'rtasida norozilik yuzaga kelgan. Ammo “pankus” (majlis) podsho tarafini olib, uning qarorini ma'qullagan. Shoh Mursili I davrida (miloddan avvalgi 1620-1590 yy) Xett saltanatida mamlakatni markazlashtirish jarayoni kuchaygan. Xattusa mamlakatning yagona poytaxti bo'lib qolgan. Boshqa yirik shaharlar, hatto Kussar ham ikkinchi darajali shaharga aylangan. Mursili I Xalpani egallab, keyin janubi-sharqqa – Bobil tomonga yo'l olgan va miloddan avvalgi 1595-yilda Old Osiyoning bosh markazini osonlik bilan bosib olgan. Biroq asta-sekin tashqi siyosat yutuqlari ichki ziddiyatlar tufayli barbod bo'la boshlagan. Xett zodagonlari shoh hokimiyatining mustahkamlanishini istamagan. Ular shoh ko'p sonli da'vogarlar orasidan tanlanadigan qadimgi tizimga qaytishni xohlagan. O'zaro kelishmovchiliklar vaqtida Mursili singlisining eri tomonidan o'ldiriladi. O'zaro ichki kurashlar bir necha o'n yillar davom etib, bu hol Xett davlatining siyosiy mavqeiga putur yetkazgan. Siyosiy beqarorlikka shoh Telepin davrida (miloddan avvalgi 1520-1490 yy) chek qo'yilgan. U qabul qilgan farmonga ko'ra taxt vorisi etib, asosan, shoh farzandi – shahzoda tayinlanar edi. Shohning o'g'li bo'lmagan holda taxtga uning ona tomonidan jiyani o'tirishi kerak bo'lgan. Buning ham iloji bo'lmasa, u vaqtda taxtga shohning “uchinchi darajali vorislari” – kuyovlari da'vo qilish huquqiga ega bo'lgan. Taxt vorisiga oid bu tartib doimiy mazmunga ega bo'lgan. Shoh har doim o'g'il, aka-uka, qarindosh va imtiyozli harbiy vakillarni majlisga – “pankus”ga chaqirib turishi shart edi. “Pankus”da “tuliya” (Oqsoqollar kengashi) hal qiluvchi rol o'ynagan. Shoh “tuliya”ning ruxsatisiz oila a'zolaridan birontasini ham o'limga hukm qila olmagan. U o'z oilasini quvg'in qilish, mol-mulkini musodara qilish huquqiga ham ega bo'lmagan. Bundan ma'lum bo'ladiki, Xett davlatida shoh hokimiyati cheklangan. Telepinning o'limidan so'ng, uning o'g'li hukmdorlik qilgan qisqa vaqt ichida Xett davlatida siyosiy beqarorlik boshlanib, taxtni bir necha shahzoda egallagan. Natijada, Xett davlati ancha zaiflashgan. Bu davr O'rta Xett saltanati (taxminan mil. av. XY asr) nomini olgan.
Download 1.97 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling