Murodulla mirzaev
Download 1.97 Mb.
|
O'quv qo'llanma-3
Taraqqiyot bosqichlari
“Mamlakatshunoslik” fan sifatida o'z boshidan bir necha rivojlanish bosqichini bosib o'tgan. Birinchi bosqich - XIX asrgacha bo'lgan davr. Bu davr mamlakatshunoslikning stixiyali davri deyiladi. Bu bosqichda mamlakatlarni tavsiflovchi asarlar asosiy rolь o'ynagan. Ularning mualliflari o'z vatanlarini o'rgangan va ta'riflagan olimlar, tashrif buyurgan mamlakatlari tavsiflarini tuzgan sayohatchilar bo'lgan. Qoida tariqasida, mamlakatshunoslikka oid barcha tadqiqotlar ko'p asrlar davomida oddiy yozma tavsifga tayangan. Albatta, istisnolar ham bo'lgan. Antik va o'rta asrlar olimlari tahliliy tadqiqotlar ham olib borgan. Aynan ularning asarlarida tabiat va jamiyatdagi murakkab munosabatlar, tabiat, odam va iqtisodiyot o'rtasidagi munosabatlar tahliliga oid elementlar paydo bo'lgan. Ikkinchi bosqich - XIX asrga, ayniqsa uning ikkinchi yarmiga to'g'ri keladi. Bu davrda tabiat, aholi, xo'jalik o'rtasidagi murakkab aloqalar tahlil qilingan ko'plab tadqiqotlar olib borilgan. Aynan shu davrda ba'zi olimlar tomonidan ochiqdan-ochiq qarama-qarshi fikrlar bildirilgan. Ya'ni, geografik (tabiiy) muhitning jamiyat rivojidagi hal qiluvchi o'rni (geografik determinizm) va bunday rolning yo'qligi (geografik nigilizm) haqidagi asarlar paydo bo'lgan. Uchinchi bosqich – XX asrning birinchi yarmi hisoblanadi. Bu davr fanlarning jadal tabaqalanishi bilan xarakterli bo'lib, mutaxassislar o'z ilmiy tadqiqotlari doirasini nafaqat kengaytirish, balki uni chuqurlashtirish uchun harakat qilgan. Bu mamlakatshunoslik fani rivojiga ta'sir etmasdan qolmagan. Qachonlardir yagona bo'lgan mamlakatshunoslik o'rnida fizik-geografik (tabiiy) mamlakatshunoslik, ijtimoiy-iqtisodiy mamlakatshunoslik kabi yo'nalishlar paydo bo'lgan. Ammo tabaqalanish shu bilan to'xtamagan va bu jarayon oqibatida mamlakatshunoslik fani asl shaklining yo'q bo'lib ketish xavfi tug'ilgan. Jamiyat bu xavfni o'z vaqtida payqagan va hayot mamlakatshunoslikning ilk ko'rinishiga qaytishga va bu, o'z navbatida, mamlakatshunoslik rivojining yangi ilmiy bosqichiga kirishiga majbur qilgan. To'rtinchi bosqich – XX asr ikkinchi yarmi bo'lib, yangi nazariy asosdagi keng majmuali mamlakatshunoslikka qaytish bilan tavsiflanadi. Bu, nafaqat mamlakat yoki mintaqani shunchaki tasvirlash, balki, tabiat – inson - xo'jalik uchligi munosabatlari butun tizimini chuqur tahlil qilish imkonini bergan. Biroq bunday kompleks mamlakatshunoslik asarlarining ko'pincha jiddiy cheklovlarga ega bo'lishi ham tasodif emas. Ular geomamlakatshunoslik tadqiqotlaridir. Shuning uchun ularning aksariyatida tarixiy-madaniy mamlakatshunoslik tadqiqotlari uchramaydi. “Mamlakatshunoslik” atamasi geografiya, tarix va boshqa bir qator fanlarda keng qo'llaniladi. “Mamlakatshunoslik” mintaqa va mamlakatlar hududlari va ularning tabiiy chegaralarini makon va zamon xususiyatlariga ko'ra aniqlash masalalari bilan bog'liq. Dunyo mamlakatlari va mintaqalari hududlari tavsifi aynan tadqiqot predmetiga ko'ra amalga oshirilishi lozim. “Mamlakatshunoslik”da mamlakatni o'rganish maqsadidan kelib chiqib, bu xil predmetlar ko'plab bo'lishi mumkin. Masalan, mamlakat tabiati va uni tashkil etuvchi alohida holatlar – iqlimi, relьefi, tabiiy suvlari; mamlakat aholisi, aholi soni, irqiy va etnik tarkibi, tillari, dinlari; mamlakat iqtisodiyoti, uning rivojlanganlik darajasi, qishloq xo'jaligi hamda sanoatning ixtisoslashuvi va boshqalar. Hozirgi zamon mamlakatshunoslik tadqiqotlari sanalgan barcha predmetlarni yagona mamlakatshunoslik majmuasi sifatida bog'laydi va ushbu mamlakatning ob'ektiv obrazini shakllantirish imkonini yaratadi. Mamlakatshunoslik beistisno insonparvar tamoyillarga tayanadi va bosh maqsadi - inson taraqqiyotiga qaratiladi. Bunday tadqiqotlarni insonparvarlashtirishning mohiyati - ushbu mamlakat aholisi hayot tarzini o'rganish, aholi sonining ko'payish jarayonlarini, inson sog'lig'i, uzoq muddatli faol hayoti, ma'naviy salohiyati va boshqalarni o'rganishda yotadi. “Mamlakatshunoslik” fani ob'ektlari qatoriga geografik tuzilmalarning eng keng makonlari sifatida quyidagilarni ko'rsatish mumkin: - turli mezonlar bo'yicha tanlangan dunyoning makromintaqalari; - davlatlar guruhlari; - dunyoning alohida mamlakatlari; - yirik davlatlar viloyatlari va tumanlari. Dunyo mamlakatlari va mintaqalari shuningdek, tarix, geografiya va falsafa, madaniyatshunoslik, ijtimoiy fanlar, sotsiologiya kabi ko'plab fanlar va o'quv kurslarining o'rganish ob'ekti hisoblanadi. Ularning har biri ob'ektning faqat ma'lum bir tarkibiy qismini, ya'ni uning o'ziga xos xususiyatlarini, hodisalarini, jarayonlari va munosabatlarini o'rganadi. Demak, mamlakatlar faoliyatining faqat ayrim jihatlari bilan qiziqadigan boshqa fanlar va o'quv kurslaridan farqli o'laroq, “Mamlakatshunoslik” dunyo to'g'risidagi umumiy bilimlarni birlashtiradi, dunyo ijtimoiy-siyosiy tashkilotining asosiy tarkibiy qismlari mavjudligining yaxlit manzarasini aks ettiradi. Bugungi kunda mintaqaviy bilimlarga ehtiyoj keskin o'smoqda. Zero, insoniyat duch keladigan global muammolarni (tabiiy muhit, oziq-ovqat, energiya va boshqalarning ifloslanishi) mamlakat miqyosida yondashmasdan hal qilib bo'lmaydi. Jahon iqtisodiy aloqalari (savdo, turizm) kengayib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, “Mamlakatshunoslik” kursining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar ko'rsatiladi: - jahon iqtisodiyoti va siyosatidagi yetakchi mamlakatlar rolini ko'rsatish; - alohida olingan davlatlar iqtisodiyotini rivojlantirishning tabiiy va iqtisodiy shart-sharoitlarini o'rganish; - iqtisodiyot holati va uning rivojlanishida turli omillar rolini baholash; - markaziy va mahalliy davlat hokimiyati organlari tuzilmasi orqali ularning iqtisodiyotni rivojlantirishdagi, ijtimoiy muammolarni hal etishdagi rolini namoyish etish; - turli mamlakatlardagi mintaqaviy siyosatning o'ziga xos xususiyatlarini va olingan tajribadan mintaqaviy muammolarni hal qilishda foydalanish imkoniyatlarini baholash.
Download 1.97 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling