Nemis adabiyoti tarixi
Download 5.22 Mb.
|
Karimov SH Nemis adabiyoti tarixi darslik 2009
HANS SAKS (1494- 1576)
H.Saks uyg’onish davri nemis byurgerligining yirik shoiridir. U o’rta asr Germaniyasining eng ravnaq topgan shaharlaridan biri Nyurenberg shahrida tug’ilgan. Shoir juda ko’p fanlar bo’yicha saboq oldi. Keyinchalik kosiblikka o’rgana boshladi. Saksda badiiy ijodga qiziqish juda erta boshlandi. U yoshligidayoq maysterzingerlar ijodining asoslari bilan tanishadi. Maysterzang – kosiblar san’ati bo’lib, hayot bilan chambarchas bog’liqdir. Maystersingerlar o’z davralariga faqat kosiblar tabaqasigagina mansub kishilarni kiritganlar. Saksning ijodi haqqoniy hayotiy voqealarga boy. Uning asarlarida real hayot o’zining mohiyati sotsial qarama-qarshiliklari bilan namoyon bo’ladi. “Raqsdagi shayton” qo’shig’ida didaktizm elemenlari kuchli bo’lsa ham, uning asosiy qimmati hayot haqiqatiga yaqin detallarda fosh etuvchilik kuchiga ega bo’lgan. Do’zaxni tark etgan shayton yerda, xoliroq joyda oz bo’lsa ham dam olishga qaror qiladi. Qarasaki, bu yerda ham tinchlik yo’q. U paydo bo’lgan qal’ada mayxo’rlik, amaldorga sajda qilish, xoinlik va boshqalar avjida. Saks bu asari bilan o’quvchini feodal tuzumga tanqidiy munosabatga tayyorlaydi. O’z hisobiga ko’ra Saks maysterzang uslubida 4000 dan ortiq qo’shiq bitgan. Lekin ularni muallif o’z to’plamlariga qo’shmagan. Aftidan u bu qo’shiqlarni o’z ijodiy merosining sara qismi, deb hisoblamagan bo’lsa kerak. Germaniyada reformatsiya boshlanganda Saks jur’at bilan Lyuterni qo’llab chiqdi. Lyuterning Papaga, katolik cherkoviga qarshi chiqishini Saks bulbulning sayrashiga qiyoslaydi va kunni ulug’lab, tunning tamom bo’lganligini yozadi. Bulbul kuyi sherni(Papani), zaharli ilonlarni (monaxlar), ochko’z bo’rilarni (ko’p sonli poplar to’dasi) g’azabga keltiradi. Saks Lyuter ta’limotining g’olib kelishiga ishonadi. Saksning sevgan janrlaridan biri shvanklar edi. Turli-tuman mavzudagi uyg’onish davri byurgerlik hayotining chinakam ensiklopediyasi bo’lgan bu asarlarda byurgerlik turmush-tarzi, er va xotin, ota-ona va bolalar, xo’jayin va xizmatkorlar, usta va shogirdlar munosabatlari o’z ifodasini topgan. Saksning shvanklari bir xil sxemada qurilgan bo’lib, dastlab yozuvchini bezovta qilgan hodisa bayon etiladi, so’ngra ibratomuz baho beriladi. Masalan: yetti ayol buloq bo’yida to’planib, o’z erlari ustidan shikoyat qila boshlaydilar. Birining eri xotiniga sodiq emas, ikkinchisining eri xasis, uchunchisiniki - dangasa, to’rtinchisiniki esa aroqxo’r va hokazo. Saks ularning g’azabini qo’llab-quvvatlamaydi, ularga xayri-xoh emas, bunday qilish alangalangan alamzadaliklariga kerosin sepish bilan barobar bo’lar edi. Ayollarni diqqat bilan tinglab, shu zahotiyoq erkaklarga so’z beradi. Erkaklarning ham o’z jufti-halollari haqida o’z gaplari bor. Saks tarbiyaviy tadbirlarni tavsiya etadi. Saks ijodida eng keng tarqalgan mavzu ishyoqmaslikni fosh etishdir. “Ishyoqmaslar mamlakati” satirasi shunday asarlardandir. Bu asarda ma’murlikdagi o’lka tasvirlanib, bu o’lkada mehnat qilish shart emas, uylar piroglardan qilingan, tomlari chalpaklar bilan yopilgan, sosiskalar bilan o’ralgan, ko’chalarida qovurilgan tovuqlar va g’ozlar yurishadi. Bu mamlakatda eng ishyoqmas kishi mukofotga sazovordir. Mehnatsevarlikning obro’si bir chaqa. Saks o’z asarida hukmron sinflarning sotsial paratizmiga bolta urib, mehnat ahlini sharaflaydi. Hans Saks dramaturg sifatida ham mashhur edi. U ko’plab festnaxshpiel1 asarlarining muallifidir. O’zining eng yaxshi shvank va festnaxspiellarida hayotni haqqoniy tasvirlaydi. “Jannatdagi shogird” (Школяр в раю) asarida dehqoncha nodonlik, soddalik satiraga olinadi. Shogirdning nayrangiga laqqa tushgan dehqon ayol dunyodan ko'z yumgan erining u dunyoda muhtojlik ko'rmasin, deb topgan-tutganini shogirdga tutqazib yuboradi. U o’ziga kelganda shogird juftakni rostlab qolgan edi. Download 5.22 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling