Nemis adabiyoti tarixi
Download 5.22 Mb.
|
Karimov SH Nemis adabiyoti tarixi darslik 2009
- Bu sahifa navigatsiya:
- . (Marlo, Lessing, Klinger, va boshqalar.)
XALQ KITOBLARI
Ilk bora uyg’onish davrida ommaviy demokratik kitobxonga mo’ljallangan (muallifi noma’lum) adabiyot paydo bo’la boshlaydi. Bu adabiyotni turli attorlik mollari bilan shahar va qishloqlarni kezgan baqqollar tarqatar edilar. Xalq adabiyoti janr va g’oyaviy tematik jihatidan rang-barang bo’lib, ular ichida hayvonot haqidagi hikoyatlar, shvank, ballada va qo’shiqlar mavjud edi. Bular ichida xalq ijodkorligining namunalari bo’lgan “Til Oylenshpiegel”, “Shildburgerlar”, “Doktor Yohan Faust voqeasi” kabi asarlar e’tiborga loyiqdir. Til Oylenshpigel haqidagi hikoyalar aftidan ilk bora XVI asrdan boshlab yaratila boshlagan. Oylenshpigel real mavjud shaxs bo’lib, o’z nuqtadonligi, o’tkirso’zligi bilan mashhur bo’lgan. Keyinchalik xalq og’zaki ijodidagi barcha o’tkir zehnlilik, tagdor luqmalar, xalq xotirasida muhrlanib qolgan donishmandliklar shu qahramon nomi bilan bog’liq holda qo’llaniladigan bo’ldi. Shunday qilib yig’ma obraz – poplar, dvoryanlar, savdogarlar, barcha o’z baxtini xalq badbaxtligi evaziga yaratuvchi kishilar ustidan kuluvchi quvnoq dehqon yigit Oylenshpigel obrazi paydo bo’lgan. 1515-yili yuqori nemis dialektida “Til Oylenshpigel g’aroyibotlari haqida kitob” e’lon qilinib, o’rta asr hazil-mutoyibalari, sotsial protestantlarning shvanklarda o’z ifodasini topgan shumliklari, demokratik adabiyotda uchraydigan xalq orzu-armonlarini ifodalovchi ibratli hikoyatlar Til nomidan hikoya qilinadi. Uning siymosida xalq quvnoqligi, hazilga moyilligi, haq ishning g’alabasiga ishonch o’z ifodasini topgan. Quvnoq yumoristik tarzda yozilgan “Shildburgerlar” (Shild shahri fuqarolari) kitobi voqeilikning qamrovi “Til Oylenshpigel” ga nisbatan kengroq. Bu kitobda hikoya qilinishicha, shildliklar o’z zukkoliklari bilan nom chiqarganliklaridan ularni turli davlatlarga maslahatchilik lavozimiga taklif etar edilar. Natijada Shildning o’zida hayot izdan chiqa boshlaydi. Erlarining jahongashtaligidan to’ygan ayollar isyon ko’taradilar va erlari o’z yurtlarini tark etmaslik yo’lini qidirib, “zukkolikdan nodonlik yordamida qutulish” chorasini topadilar. Ular o’zlarini jinnilikka soladilar. Nodonlik nayranglarining chegarasi yo’q. Shild fuqarolari ratusha quradilar-u, deraza qurishni unutadilar. O’z xatolarini tuzatish maqsadida u yerga qoplarda va chelaklarda yorug’lik tashiydilar. Bu, tabiiyki, ratushani yoritmaydi. Keyin ular imperator ijozati bilan tuz ekishga qaror qiladilar. Devorda o’stirgan o’t-o’lanlarini yedirish uchun mollarni tepaga ko’taradilar. Mushukdan qutulish uchun u yashaydigan omborxonaga o’t qo’yadilar. Yong’in natijasida butun qishloq yonib ketadi. Shild fuqarolari esa butun dunyoga tarqalib ketishga mahkum bo’ladilar. Shunday qilib, nodonlik shildburgerlarni qutqarmaydi, aksincha ular badbaxtligining manbai bo’ladi. Doktor Faust haqidagi kitob esa, o’z jiddiyligi, mazmunining dramatizmga boyligi bilan ajralib turadi. Bu asarning bosh qahramoni – tirishqoq, o’tkir tafakkur sohibi, cherkov dogmasi va sxolastikasi zanjirini uzishga intiluvchan shaxs, haqiqiy bilimni baholovchi, hayotning barcha gunohlari, quvonchlari va makrlari bilan sevuvchi inson. Faust tarixiy shaxs bo’lib, u XVI asrning birinchi yarmida yashagan, mohir shifokor, sehrgar, lekin ko’proq xalq ishonchidan ustalik bilan foydalanuvchi sharlatan. Xalq Faustga ham Til singari turli-tuman mo’jizalarni yopishtiravergan. Natijada Faust - o’z qiziqishini qondirish, dunyo sir-asroridan voqif bo’lish evaziga o’z qalbini shaytonga sotgan afsonaviy qahramon paydo bo’lgan. 1587-yili Mayndagi Frankfurtda Yohan Shpis matbaasida “Doktor Yohan Faust haqidagi afsona” kitobi chop etiladi. Kitobning muallifi noma’lum. Kitob uch qismdan iborat bo’lib, dastlabki ikki qismida Faust Mefistofel yordamida o’zining bilimga chanqoqligini qondiradi. Koinot bilan tanishadi. Qanotli ajdarholarga minib sayyoralarga sayr etadi, turli mamlakatlarga sayohat qiladi. Kitobning uchinchi qismi jonliligi bilan ahamiyatga molikdir. Faust bu yerda o’ta sehrli mo’jizakor sifatida namoyon bo’lgan. Imperator V ning xohishiga ko’ra, u Iskandarning (Aleksandr Makedonskiy) va uning xotinining arvohini chaqiradi. Bundan tashqari Faust mo’jizakor ishlarni amalga oshiradi - ritsarga kiyik shohini yopishtirib qo’yadi, dehqonning pichanini arava-yu oti bilan yeb qo’yadi, graf ayoliga qahraton qishda yangi pishgan mevalar taqdim qiladi, tog’ cho’qqisida qal’a bunyod etadi va hokazo. Nikoh udumlariga amal qilmay, go’zal Yelenani o’z ixtiyoriga oladi, u unga Yust ismli o’g’il tug’ib beradi. Va'dasining ustidan chiqish daqiqalari yaqinlashganda kitob qahramoni jur'atsizlik qiladi. O'zi qilgan barcha gunohlar uchun tavba qilib xristianlik bilan yarashish fikrini aks ettirgan nutq bilan talaba do’stlariga murojaat etadi: Nodon kishilar jamiyati meni shayton aqldan ozdirgani singari sizni yo’ldan urishga yo’l qo’ymang. Tirishqoqlik va ixlos bilan cherkovga borishni kanda qilmang, shaytonga hay bermang. Xristga bo’lgan imoningiz va xudoga ibodatingiz bilan shaytonga qarshi kurashing”, deydi. Kitobxonlarni Faust o’z tavbasi bilan emas, hamma narsani bilishga bo’lgan intilishi fan va she’r vositasida barcha narsani egallashga bo’lgan ishtiyoqi bilan band etadi. Va shu tahlit u jahon adabiyotiga, aynisqsa Gyotening o’lmas tragediyasiga olib kirildi. (Marlo, Lessing, Klinger, va boshqalar.) Uyg’onish davridagi xalq ijodi, hikoya, epik asarlar bilangina emas, lirik janrlarning yaratilishi bilan ham xarakterlidir. Bunday asarlarda xursandchilik va qayg’u kunlaridagi xalq qalbi xalq ongining ko’zgusi sifatida namoyon bo’ladi. Bular og’izdan og’izga ko’chib o’tib yuradigan qo’shiqlardir. Bu qo’shiqlarda kelajak haqidagi orzular, baxtli kunlarning kelishi niyatlari mujassamlashtirilgan. Download 5.22 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling