Нодира лирикасида тарихий ва мифологик образлар талкини


II.2. Tarixiy obrazlar talqinida she’riy san’atlarning o‘rni


Download 190 Kb.
bet6/9
Sana17.10.2023
Hajmi190 Kb.
#1706793
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
Nodira g’azalyotida lirik qahramon obrazi

II.2. Tarixiy obrazlar talqinida she’riy san’atlarning o‘rni

Sharq mumtoz adabiyotida poetik fikrni badiiy san’atlar vositasida ifodalay olish shoir mahoratini belgilovchi omillardan biri hisoblanadi. Ijodkor she’riy san’atlardan qanchalik ustalik bilan foydalanganligi uning kamolot darajasini belgilaydi. Ijodkor, eng avvalo, she’riy san’atlardan foydalangan holda lirik qahramonning ichki kechinmalari, o‘y-xayollari, ko‘rinishlari kabi turli xil tasvirlarni bo‘rttirish, asarining badiiy bo‘yog‘ini oshirishga e’tibor bersa, ikkinchidan, shu orqali fikrning ta’sirchanligini ta’minlaydi, o‘quvchining estetik didini tarbiyalaydi.


Abu Nasr Forobiyning she’riyatning muhim unsurlaridan biri –xayol va tasavvur ekani haqidagi fikri e’tiborli: “...Isbotda ilm, tortishuvda ikkilanish, xitobda ishontirish qanchalik ahamiyatli bo‘lsa, she’riyatda ham xayol va tasavvur shunchalik zarur bo‘ladi”. Forobiyning, ayniqsa, she’r san’ati – tashbeh borasida o‘n asrdan ko‘proq vaqt muqaddam aytgan fikri XX asrga kelib ispan faylasufi Gasset tomonidan ancha sayqallangan. Tashbeh poeziyaning eng muhim, ba’zan hatto zaruriy unsuri ekanligini hisobga olsak, o‘sha paytda she’riyat nozik tushunilganligining guvohi bo‘lamiz. Forobiy yozadi: “Ko‘pchilik odamlar asliga yaqin bo‘lgan narsalarga taqlid qilishdan ko‘ra, aslidan uzoq narsalarga taqlid tashbehning eng mukammali va afzali bo‘ladi, deb o‘ylashadi. Ularning fikricha, bunday holatda turib mulohaza yurituvchilar taqlid borasida ishlovchilar orasida eng layoqatli kishilar sanaladi, unday kishi bu san’at ahliga juda munosib keladi va taqlidni o‘z yo‘liga moslab, undan foydalanadi”. Bu xususda Gassetning qarashlari mana bunday: “Metafora shuning uchun ham bizni qoniqtiradiki, unda ikki narsa o‘rtasida metafora suyangan har qanday o‘xshashlikka nisbatan yana ham teran va keskin, voqelik nuqtai nazaridan bo‘lishi mumkin bo‘lmagan moslikni ilg‘aymiz... Real o‘xshashlik haqiqatda ikki predmetning real noo‘xshashligini ta’kidlash uchun xizmat qiladi. Qayerdaki, real o‘xshashlik bor esa, o‘sha yerda metafora yo‘q. Metafora bag‘rida noo‘xshashlikni aniq anglash yashaydi...”
Xullas, o‘quvchi badiiy asarni o‘qir ekan, undagi jo‘n va hech qanday hissiyotni uyg‘ota olmaydigan jonsiz tasvirlarni xush ko‘rmaydi. Shu bois barcha zamonda qalam ahli va nazariyotchilar asarning ana shu jihatiga diqqat qaratganlar.
Jumladan, Nodira ham she’riy san’atlarga murojaat etar ekan, g‘oya va badiiyat uyg‘unligini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Nodira she’riyatida har qanday badiiy san’at – bu vosita. Uning g‘azallarida hech vaqt vosita maqsaddan ustunlik qila olmaydi. Ijodkorning badiiy san’atlarni qo‘llashdan ko‘zlangan maqsadi bitta: asar g‘oyasini jozibali usulda taqdim etish. Shuning uchun Nodira g‘azallarida ishlatilgan poetik tasvir usullari asos e’tibori bilan lirik qahramonning ichki tuyg‘ulari, ruhiy holati, kechirayotgan dardu hasratlari, ishq azoblariga munosabati, visol onlarini orzu qilib kechirayotgan damlarining nechog‘li azobli, go‘yoki tuganmaydigandek qilib tasvirlashga, umuman olganda, insonning subyektiv hayotining xarakterli manzaralarini ochishga xizmat ettirilgan. Shoira o‘z asarlarida quyuq falsafiy fikrlar ifodalanishiga harakat qilar ekan, badiiyatdagi nazmiy ko‘p ma’nolikni yuzaga chiqaruvchi san’atlarni ham unutmaydi.
Mohlaroyim ijodida ma’naviy va lafziy san’atlarning ko‘pgina turlari uchraydi. Bu san’atlar asarning turli o‘rinlarida bir-biridan farqli, o‘ziga xos vazifalarni ado etadi. Masalan, poetik tasvirning yuqori darajasi g‘azal matla’ida kelganda keyingi baytlar undagi mazmunni ochib berishga, izohlashga, to‘ldirishga xizmat qilgan. Agar g‘azal o‘rtasida kelsa, lirik qahramon holatini oldingidan ko‘ra yana bir pardaga ko‘tarib tasvirlashga qaratilgan. Maqta’da kelganida esa, umumlashma xulosa chiqarishga yo‘naltirilgan. Ijodkor ko‘zlagan tasvirni bayon qilishda ba’zi hollarda butun g‘azal davomida bitta she’riy san’atdan foydalangan bo‘lsa, ba’zida g‘azalni butunicha she’riy san’at asosiga quradi. Shuning bilan birga, shoira fikrni poetik ifodalashda ayrim hollarda bitta she’riy san’atdan foydalansa, boshqa hollarda bir nechta she’riy san’at vositasida tasvirni izchil ravishda kuchaytirib boradi. Uning bunday badiiy mahoratini o‘zbek va tojik tilidagi asarlari misolida ko‘rish mumkin.
Ma’naviy san’atlardan, ayniqsa, talmeh (nazar solish) san’ati Nodira g‘azallarining deyarli hammasida uchraydi. Bu badiiy san’at vositasida tarixiy va afsonaviy shaxslar ismlari: turli tarixiy, afsonaviy voqea hamda qissalarga ishoratlar berilgan. Shoira talmeh san’ati vositasida tarixiy voqealar, asotir va qissalar qahramonlari qismatidan ibratlanishni ko‘zda tutadi.
Bundan tashqari, Nodira obraz holatini tasvirlash, fikrning mantiqiy rivojini ta’minlash va uni dalil mezoniga aylantirishda bu san’atdan mohirona foydalangan. Shoiraning badiiy mahorati, lirik uslubiga xos xususiyatlarini tadqiq etishda va o‘ziga xos jihatlarini o‘rganishda u qo‘llagan badiiy san’atlar bebaho material beradi. Sh’riy san’at hamda badiiy vositalar shoiraning poetik olamini obrazli aks ettirishi, ma’noni chuqur va yorqin ifodalashi, lirik asar nafosatini kuchaytirib, estetik zavq manbaiga aylantirishi jihatidan ham ahamiyatlidir.
Talmeh san’ati yordamida qayd qilganimiz singari lirik qahramon holatining yana bir parda yuqoriga ko‘tarilishi namunasini “Tahammul haddin oshti, emdi afg‘on etmasam bo‘lmas” misrai bilan boshlangan g‘azal misolida ko‘rishimiz mumkin. Chunonchi uning uch bayti mana bunday:
Tahammul haddin oshti, emdi afg‘on etmasam bo‘lmas,
Ulusni xotiri jam’in parishon etmasam bo‘lmas.

Giribon chok, bag‘rim poradur, boshimda yuz savdo,


Bu holat birla azmi ko‘yi jonon etmasam bo‘lmas.

Muhabbat ko‘yida nochordur oshiqqa hayronlig‘,


Tahayyur kul qilib oyina somon etmasam bo‘lmas.
Matla’ning birinchi misrasidanoq ma’shuqaning o‘z oshig‘ini ko‘rish ishtiyoqi haddan oshgan, sabr kosasi to‘lib bo‘lganligi aytilmoqda. Shu bois u “... emdi afg‘on etmasam bo‘lmas”, deb oh uradi. Keyingi baytlarda esa o‘sha “tahammul haddan oshishi”ga sabab bo‘lgan omillar aytilgan. Navbatdagi baytda:
Ko‘ngullar ka’basin bir-bir ziyorat ayladim, emdi
Tavofi Makkau taxti Sulaymon etmasam bo‘lmas.
deb, ko‘ngillar ka’basidagi dardu hasratlardan xabardor bo‘lgandan keyin, unga davo Makka tavofi va Sulaymon payg‘ambar taxtining ziyorati ekanligi aytiladi. Ma’lumki, Makkai mukarrama – musulmonlar ka’basi bo‘lgan muqaddas shahar. Diniy manbalarga ko‘ra, Sulaymon payg‘ambar yer yuzidagi barcha tirik mavjudotning podshosi bo‘lib, uning taxti uchib yurgan. Shu bois uning arziga hammaning ham yetishi nasib qilmagan. Shoira buni eslash bilan Qo‘qon xonligi poytaxtini Makkaga qiyoslasa, Umarxon taxtining Sulaymon payg‘ambar taxtidek qudratli bo‘lmog‘i haqidagi orzularini ifodalagan. Talmeh san’atining mohirona qo‘llanishi orqali bunga muvaffaq bo‘lgan.
Tojik tilidagi “Biyo” radifli g‘azal ham ana shu jihatdan qimmatlidir. G‘azal hijron motivlari asosiga qurilgan. Yetti baytdan iborat g‘azalning uchinchi baytida talmeh san’atidan ustalik bilan istifoda etilgan va mana bunday deyilgan:
Shud dar rahi tu didai kan’oniyon safed,
Az misri noz, Yusufi gulpirahan, biyo.
Mazmuni:
Yo‘lingda ko‘zlarimiz kan’onlik Ya’qub ko‘zidek oqardi,
Ey gulko‘ylagim, Yusuf kabi noz Misridan kel.
Shoira baytda Yusufning akalari tomonidan ko‘ylagi qonga bo‘yalib, uning o‘lganini aytib otalarini aldagani, sotib yuborganlari, o‘g‘lini ko‘rish ishityoqidagi Ya’qub payg‘ambarning ko‘zlari ko‘r bo‘lgani voqeasini oz so‘z bilan go‘zal badiiy shaklda ifodalaydi. Bu bilan o‘zining sevligisini ko‘rishga shu darajada intizorligini, bu intizorlikdan ko‘zlari oqarganini izhor etadi. Bu o‘rinda talmeh va mubolag‘a san’ati mutanosibligida ma’shuqa ruhiy holatining poetik ifodasi berilgani kuzatiladi.
Shoiraning mana bu g‘azalida esa har bir baytda talmeh san’ati qo‘llangan:
Mening jununima Majnunni bermangiz nisbat,
Qilurmi xoru-xashak tobi shu’lai g‘ayrat.
Chekarda jon menga taqlid qilmasun Farhod,
Firoq tog‘ida behuda chekmasun kulfat.
Menga barobar emas Ko‘hkan bila Majnun,
Alarda bir g‘am edi, lek menda yuz hasrat.
Shoira yuqorida keltirilgan misolda Majnun, Farhod, Ko‘hkan timsollariga ishora qilib, ularga yangicha mazmun baxsh etadi. Boshqacha aytganda, shoira talmeh san’ati imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanadi. Majnun va Farhod boshidan o‘tgan ko‘rguliklar o‘zi chekkan g‘am-hasrat oldida yuzdan bir ham emasligiga ishora qiladi. Bunda ohorli mazmun va go‘zal badiiyat uyg‘unligi kuzatiladi. Bu hol shoiraning tarixiy shaxslar obrazini tasvirlashda, ular hayotining muayyan lavhalarini, fazilatlarini boshqalarga namuna qilib ko‘rsatishda badiiy san’atlardan nechog‘lik mahorat bilan foydalanganiga yana bir dalildir.
Darhaqiqat, mumtoz ijodkorlar o‘z lirik qahramonlarining ichki kechinmalari va ruhiy holatlarini mubolag‘ali usulda tasvirlash uchun talmeh san’atini ko‘p qo‘llagan. Tarixiy shaxslar obrazlari xarakter xususiyatlari bilan aloqador ma’no va detallardan unumli istifoda etganlar. Nodiraning original talmehlarni qo‘llashga intilgani, ayniqsa, e’tiborga molikdir:
Zohido, ishqu muhabbat ahlini ma’zur tut,
Yor ko‘yida na bo‘ldi shayx San’on oqibat....
Garchi bor erdi musaxxar devlar farmonida,
Poymoli xayli mo‘r o‘ldi Sulaymon oqibat.
Bu yerda shoira mashhur fors-tojik shoiri Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” hamda Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonlaridagi Shayx San’on va “Qisasi Rabg‘uziy”dagi Sulaymon qissasini eslatish bilan lirik qahramon holini poetik sharhlaydi. O‘zining murakkab qismatiga, umrining bahor ayyomi o‘tib, xazon fasli boshlanganiga ishora qiladi.
Nodira g‘azallarida favqulodda o‘ziga xos timsollar ham uchraydiki, bu shoiraning muttasil ijodiy izlanishlari natijasida yuzaga chiqadi. M.Qodirova e’tirof etganidek: “Iste’dodli shoira qahramonining lirik olamini tasvirlashda sertarovat, serjilo timsollardan ustalik bilan foydalanadi. Shoira she’rlarida yuragi dardli inson holatini “matosi dog‘dan iborat bo‘lgan do‘konga” qiyos qiladi. G‘unchaning ko‘zga bus-butun ko‘rinavermasligi uning boshini yoqasiga, oyoqlarini etagiga berkitib olganligidandir”, deb nafis ramz yaratadi.
Darvoqe, shoira nazmiy asarlarining tili jozibali, badiiy tasvirlash vositalari pishiq, boy va ko‘p qirralidir. Umuman, shoira Majnun, Farhod, Sulaymon, Xizr, Layli, Majnun va boshqa shunga o‘xshash ko‘pdan-ko‘p tarixiy shaxslar hamda adabiy qahramonlarga oid rivoyat va ma’lumotlarga ishorat qilib, lirik qahramon xarakter xususiyatlariga xos xilma-xil sifat va fazilatlarni betakror badiiyat bilan aks ettiradi. Shuning bilan birga, mashhur tarixiy obrazlarning yangicha poetik talqinlarni ham topa oladi. Uning ana shunday ijodkorligi tojik tilida ijod qilingan quyidagi baytida ham o‘ziga xos tarzda ifodalangan:
On ki az ob hayoti vasli jonon zinda nest,
Gar hama Xizr ast, xobi vopasin pesh oyadash.
Mazmuni:
Har kim jonon vaslining hayot suvidan tirik
bulmasa, agar Xizr bo‘lsa ham, unga so‘nggi uyqu keladi.
Ma’lumki, rivoyatlarga ko‘ra, Xizrga tiriklik suvini ichish va abadiy hayot nasib qilgan. Uning o‘lmasligi shuning bilan izohlanadi. Shoira Xirzga mangu hayot berilganini inkor qilmagan holda jonon vaslining qimmatini ko‘rsatishga, visolning kuch-qudratini namoyon qilishga harakat qilgan. Albatta, Xizr obrazining barchaga mashhur sifatlarini esga olish orqali lirik qahramonning ruhiy holatlarini ko‘rsatishga harakat qilingan o‘rinlar ham uchraydi.
Nodira she’rlarida an’anaviy obrazlardan foydalanar ekan, ular qismatini real voqelik bilan taqqoslab, kishilarni hayotni sevishga undaydi. Bunda shoira ko‘pincha tarixdan ibrat olish, umrni qadrlash nuqtai nazarida turadi. Fikrni yanada ravshan va obrazli berish uchun badiiy san’atlardan mohirona foydalanadi. Shoira badiiy san’atlarning barcha turlarini mahorat bilan qo‘llab, g‘azallarida teran mazmunning jozibali poetik shaklda ifodalanishini ta’minlagan.
Tashbeh san’ati ham shoira lirik asarlari mazmunining ta’sirchanligini oshirishda yetakchi vositalardan biri sifatida ishtirok etadi. Nodira tashbehning barcha turlarini san’atkorona qo‘llaydi. Shoira asarlarida badiiy tasvirning turli o‘rinlarida kelgan tashbeh san’ati poetik fikr izchilligini ta’minlash, asar saviyasini yangi darajaga ko‘tarishga xizmat qilgan. Masalan, shoira “Fido” radifli g‘azalida o‘z sevgilisini tasvirlayotib, uning beqiyos go‘zalligini ko‘rsatish uchun tashbeh san’atidan foydalanadi:
Iki la’li nobingni yoqutig‘a
Iki chashmi gavharafshonim fido.

Qading sarvinozig‘a, ey gulbadan,


Tani log‘ari notavonim fido.
Bu misolda tashbehning muyaqqad, ya’ni aynan o‘xshatish darajasidan istifoda etilgan. Baytlarda lirik qahramon sevgilisining labi la’lga, qadi sarvga, badani gulga qiyoslanadi. Shu bilan birga, o‘zining holati ham tashbeh san’ati yordamida tasvirlangan. Go‘yo lirik qahramon yorining ikki la’li nobi ishqida gavhar sochuvchi ikki ko‘zini, uning sarvinoz qaddiga esa intizorlikdan ozib-to‘zib ketgan notavon vujudini fido qilishga tayyor. Bu yerda tashbeh bilan birga muqobala san’ati ham ishtirok etib, poetik tasvirning jonli va ta’sirchan bo‘lishini ta’minlagan. Ohorli fikr qisqa va lo‘nda izhor etilgan.
Ayni kezda san’atkorning musalsal tashbehli g‘azallari ham bor:
Jilva ko‘rsatti chu ul sarvi diloro bog‘ aro,
Chashmi qumri bo‘ldi bir chashmi tamosho bog‘ aro.

Surmagun chashmi nazar soldi guliston ahlina,


Hasratidin qoldi nargislar ko‘zi vo bog‘ aro.

Orazi gulgun ila qildi chaman sori xirom,


Gul yaqosin chok aylab bo‘ldi rasvo bog‘ aro.

Sarvi gulruxsorim bu bazmi ishrat deb bahor,


Sarv birla guldin etti jomi miyno bog‘ aro.

Lola yanglig‘ dog‘ bo‘ldi gul jamoli rashkidin,


Dog‘lig‘ gullardin o‘ldi sayri sahro bog‘ aro.

Naxl qildi xijlatdin bo‘ldi suv sarvi ravon,


Ayladi favvoralar joriy saropo bog‘ aro.

Sayr uchun qo‘yg‘ay qadam deb sabzai xobidadin,


Har taraf bir farshi muhmaldur muhayyo bog‘ aro.

Ko‘rdi ul sarvi diloro qomati mavzunini,


Sarv qaddin qildi qumrilar tamanno bog‘ aro.

Sen bu kun xandonsen, ey gul, Komila dildorsiz,


Yig‘lamoqdindur bulutlardek muhayyo bog‘ aro.
Misolda ajaratib ko‘rsatilgan tashbehlar, shoira fikrining lo‘nda bayon etilishini ta’minlash bilan birgalikda, uning sevgilisi go‘zalligini yaqqol tasavvur etish imkonini bergan.
Tazod san’ati ma’naviy san’atlar ichida eng ko‘p qo‘llaniladigan badiiy vositalardan hisoblanadi. Bu san’at klassik adabiyotda mutobiqa, tiboq, tatbiq, takofu, ittizod, mutazod kabi nomlar bilan ham atalib kelingan. Tazod san’atini hozirgi adabiyotshunoslikka oid lug‘atlarda ba’zan antiteza deb ham ataydilar.
Tazod so‘zi “zid qo‘yish”, “qarshilantirish” ma’nolarini ifodalaydi. Shu so‘z bilan ataluvchi she’riy san’at esa baytda ma’no jihatdan o‘zaro zid, qarama-qarshi bo‘lgan so‘zlarni qo‘llab, ta’sirchan badiiy timsollar, lavhalar yaratishni nazarda tutadi.
Biroq bu shunchaki qarshilantirish orqali ikki obyektdan birining ayrim xususiyatlari bo‘rttirilib, aniqroq, yorqinroq ifodalanishidir. Ilmi bade’ga doir barcha adabiyotlarda ushbu san’at qayd etilgani, bunday usul juda qadimdan badiiy tasvir vositasi bo‘lib kelayotganligiga dalildir. Ilmi bade’ning mashhur namoyandasi Atoulloh Husayniy tazodga qo‘yidagicha ta’rif beradi: “Mutobaqa. Ani tiboq, tatbiq, tazod va takofu ham derlar. Arab fusahosi qoshinda kalomda ma’nolari orasinda taqobilu tanofiy bo‘lg‘an ikki lafzni jam’ qilmoqtin iboratdir”. Shuningdek, adabiyotshunos zikr etilgan san’atning to‘rt turini ko‘rsatib o‘tadiki, bu tasnif obyektlar o‘rtasidagi zidlik darajasiga ko‘ra keladi.
Sh’rshunos olim Shams Qays Roziy tazodni mutobiqa nomi bilan qayd etadi. Ammo bu san’atning boshqa nomlari va turlari xususida so‘z yuritmaydi.Umuman, o‘zbek adabiyotshunosligidagi tazod ta’riflari ham yuqoridagilarga mos tushadi.
Shoira bu san’at asosida ohorli fikr va go‘zal badiiyat uyg‘unligini ta’minlashga intilgan:
Sevarman yorni, yo‘qkim raqibim,
Nechukkim yaxshidur shirin, yamon talx.
Ushbu baytda “yaxshidur shirin” birikmasini “yamon talx” birikmasiga qarama-qarshi qo‘yish orqali, fikr ta’siri kuchaytirilgan. Shoira antonim so‘zlarga ko‘p murojaat qilishining sababi, bizningcha, u yoki bu fikrni bo‘rttirib, jonlantirib berishni, o‘quvchi tafakkurida yorqin tasavvur hosil qilishni nazarda tutgan. Bu o‘rinda Ch.Aytmatov fikrlariga e’tiborga molik: “Agar asar o‘quvchini hayajonga sola olmasa, uning estetik dunyosini boyita olmasa, uning yaxshilikka va yomonlikka munosabatini o‘tkirlashtira olmasa, unda nimalar aytilmasin, qanday o‘ta foydali va o‘ta muhim fikrlar izhor etilmasin, u haqiqiy san’at emas. Butun jahon tortish qonunini mensimaslik mumkin bo‘lmagani kabi, san’atning bu qonunini ham nazar-pisand etmaslik mumkin emas”.
Shoira Nodira qarama-qarshi ma’noli so‘zlar asosidagi tazod san’atidan badiiy tasvirda yuksak emotsionallikka erishish, ifoda ixchamligi va mantiqiyligini ta’minlash maqsadida foydalangan:
Megiryad abru, xandazanon g‘uncha dar chaman,
Meovarad ki shavqi labat ob dar dahan.
Mazmuni:
Bulut yig‘laydi-yu, chamanda g‘uncha kuladi,
Labing shavqidan og‘zining suvi keladi.
Demakki, shoira fikrni obrazli, mazmunini yorqinroq ifodalash maqsadida bu san’atning turli ko‘rinishlarini qo‘llagan:
Vasl gulzorida gul shohidek erdi izzatim,
Bo‘ldi ayyom xazoni hajr xor etti firoq .
Xullas, Nodira barcha poetik asarlarida zid ma’noli so‘zlar asosida tazod san’atini yaratar ekan, badiiy mukammallikka intiladi. Bu hol shoira tafakkuri ufqining kengligini yana bir bor namoyon etadi.
Shoira go‘zal she’rlariga xos bo‘lgan qarshilantirish – tazod san’ati Quyosh va Oy sayyoralari timsollari ishtirok etgan baytlarda ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bunday misralarda shoira ko‘pincha yor jamolini vasf qilish nuqtai nazaridan o‘sha samoviy yoritqichlarga murojaat etadi. Sharq xalqlari mumtoz adabiyotiga xos bo‘lgan Quyosh va Oy timsollarini yor orazi, qoshi singarilarga qiyoslash, ularga xos xususiyatlar asosida xayoldagi mahbubaning go‘zalligini ta’riflash, oshiqning hijron onlaridagi ichki tug‘yonlari, azobu armonlarini yuksak badiiy nazokat bilan gavdalantirishda tazod san’atiga tez-tez murojaat qilingan. Ana shunday hodisa Nodira she’riyati uchun ham xosdir.
Ul oyning mohi ruxsorini safrosini daf’ig‘a,
Falak savtin balig‘ aylab quyoshni qahrabo qilmish.
Nodira she’riyatida yorning yuzi va Quyosh shakliy uyg‘unlik hosil qilsa, bularning barchasi Quyosh va Inson bilan bog‘liq tabiiy hodisalar asosida vujudga keladi. Chunonchi:
Husni ruxsorash chu az mushkin niqob omad burun,
Dar shabi torik go‘yo oftob omad burun.
Mazmuni:
Uning go‘zal chehrasi qora niqobdan chiqqanda, go‘yo
qorong‘i tunda oftob chiqqanday bo‘ldi.
Mumtoz shoira o‘z lirik qahramonlarining ichki kechinmalari va ruhiy holatlarini mubolag‘ali usulda tasvirlash uchun ushbu obrazlar xarakter-xususiyatlari bilan aloqador ma’no va detallardan ko‘p istifoda qilganmizi kuzatiladi:
Pora-pora bo‘ldi jismim to jafolar tig‘idin,
To erur tig‘i zabon maddohi bu ihsoningam.
Noz uyqusida sendursen vale men subhi shom,
Muntazirmen Nodira ko‘z yummayin hayroningam.
Mubolag‘a arab tilida “kattalashtirish”, “kuchaytirish” ma’nolarini bildirib, adabiy asarda tasvirlanayotgan badiiy timsol holati yoki harakatini bo‘rttirib, kuchaytirib ifodalash san’ati demakdir. Bu xil tasvirda badiiy timsol xususiyatlari yaqqolroq namoyon bo‘ladi, o‘quvchi ko‘zi oldida yorqinroq gavdalanadi.
Nodira ijodda ushbu san’atdan barakali foydalangan. Romantik tasvir yetakchilik qilib kelgan she’rlarda mubolag‘a usulining g‘oyat keng o‘rin tutishi, ularda ilohiy muhabbat bilan bog‘liq insoniy kechinmalarning ko‘tarinki ruh bilan kuylanishi, xilma-xil ehtirosli tuyg‘ularni bo‘rttirib tasvirlash tamoyili bilan izohlanadi.
Nodira o‘zining g‘azallarida mubolag‘ali tasvir chizishning eng samarali usullarini kashf qilib, ko‘plab bezavol timsollar va badiiy manzaralar yaratgan, bir so‘z bilan aytganda, mubolag‘a zaminida serjilo timsollar yaratish sohasidagi beqiyos salohiyatini namoyish eta bilgan:
Firoqing otashidin ohu ovvax,
Ki toqat aylamas bu o‘tqa do‘zax.
Yurak zaxmida paydo bo‘ldi yo‘l-yo‘l,
O‘qing paykoni go‘yo erdi rax-rax.
Nodira ijodini mubolag‘a san’ati ko‘p va samarali qo‘llangan. Uning muhabbat madhi bilan yo‘g‘rilgan she’riyatida, umuman turli mavzularida yaratilgan lirik asarlarida mubolag‘a inson ruhiyati, tuyg‘ularini jo‘shqin bir tarzda ifodalashga xizmat qiladi. Shu o‘rinda, quyidagi g‘azalini bu san’atning go‘zal namunasi deb e’tirof etish mumkin:
Farhod agar ursa menga lofi muhabbat,
Bir oh ila aylarman ani dog‘i xijolat.
Har chandki bemori g‘ami ishq edi Majnun,
Dardimni ko‘rub tishladi angushti nadomat.
Farhodda bo‘lsaydi mening g‘ayrati ishqim,
Bir oh ila aylar ul tog‘ni g‘orat.
Majnunda agar bo‘lsa edi sabru tahammul,
Qilmasmi edi men kabi shahr ichra iqomat.
Gar bo‘lsa Zulayxoda mening zarracha ishqim,
Qolmas edi Yusufni firoqida salomat.
Ishq ofatig‘a tog‘ tahammul qila olmas,
Men-menki qilurman bu g‘amu dardga toqat...
Yuzdin biri Majnunda agar bo‘lsa g‘amimni,
Bir oh bila olamg‘a solur sho‘ri qiyomat.
Mazkur misolda lirik qahramon o‘zining muhabbat yo‘lida chekayotgan dardu alamlari, hijron azoblari, diydor ishtiyoqining zo‘rligi kabi lavhalarni tasvirlashda mubolag‘a san’atidan mohirona foydalangan. Shu bilan birga, mavzuni ochib berishda birgina mubolag‘a san’atining o‘zi qo‘llanibgina qolmagan. To‘qqiz baytdan iborat g‘azal boshdan-oyoq mubolag‘a asosida bitilgan bo‘lsa-da, u bilan yondosh tarzda talmeh, ruju’, muqobala san’atlari ham ishtirok etgan va mazkur san’atning to‘laqonli namoyon bo‘lishini ta’minlagan. Xususan, g‘azal baytlarida mashhur qissalar personajlarining nomlari aytilib, ular bilan bog‘liq voqealar esga olinadi. Bunga o‘zining ruhiy holatlarini qarshi qo‘yib, bu bilan muqobala san’ati yordamida mubolag‘a san’atining ta’sirini oshirgan. O‘z navbatida, o‘sha personajlar bilan bog‘liq qissalarga bir necha bor murojaat etadi va ma’shuqaning ishq-muhabbat bobida kechirayotgan dardu hasratlari ulardan ham ortiqroq ekanligini ko‘rsatadi. Bu esa, shoiraning mubolag‘ani qo‘llashda ruju’ san’ati imkoniyatlaridan ham foydalanganini ko‘rsatadi.
Yuqoridagi singari romantik tasvir, lo‘nda o‘xshatish, hayotiy muqoyasa usullari orqali romantik mazmun va xarakter kasb etgan misra hamda baytlar g‘azalni ich-ichidan nurlantirib, uning o‘qishli bo‘lishini, esda qolishini ta’minlaydi.
Nodira badiiy mahoratining xarakterli xususiyati shundaki, u o‘tkir o‘xshatish, xilma-xil sifatlash, majozning turfa xil ko‘rinishlari, istiora usullarining boyligi, jonlantirish va mubolag‘a, inson yuragini hayajonlantiradigan misralarni ustalik va o‘ziga xos nafosat bilan ijod qiladi.
Umuman, Nodira o‘zining lirikasida fikrning obrazliligi va ta’sirchanligini ta’minlaydigan, ma’noni bo‘rttirishga, kuchaytirishga xizmat qildiradigan ohangdorlik va musiqiylikni oshiradigan she’riy san’atning bu turidan san’atkorona foydalangan.
Shunday muvaffaqiyatli chiqqan va ayrim real hodisalarga bog‘langan ayrim baytlari, umuman, odamzodning o‘lim fojiasiga munosabati va qayg‘u-alam bilan to‘lgan holatini aks ettiradi, sevimli yor siymosi yaqqol va jozibali suratda namoyon bo‘ladi.
Shu munosabat bilan Nodiradagi obrazlar diapozonining kengligini ham e’tirof etish kerak. Odatda o‘tmishdagi lirik shoirlar asarlaridagi mavzu doirasi faqat muallifning va shu orqali ayollarning lirik kayfiyatlari bilan cheklangan bo‘lsa, Nodira o‘zining lirik holatlariga bog‘lab ikkinchi lirik obrazni qahramon darajasiga ko‘taradi, u ham bo‘lsa yor, oshiq, rafiq, yo‘ldosh obrazidir.
Nodiraning eng ko‘p qo‘llagan badiiy usullaridan biri “mukarrar”dir. “Mukarrar” so‘zi “qayta-qayta, ust-ustiga” ma’nolarini ifodalaydi. Shu nom bilan ataluvchi lafziy san’at esa baytning har ikki misrasida juft so‘z qo‘llashni nazarda tutadi. Atoulloh Husayniy “Badoyi’ us-sanoyi’”da: “Rashidi Vatvot depturkim, shuaro mukarrar deb andoq she’rni ayturkim, bir baytta bir lafzni keltirurlar va o‘zga baytga aning ta’sirida o‘shul lafzni yana keltirurlar”,- deb ta’kidlaydi. Nodira bu usuldan foydalanib, obrazlar mavzusini boyitgan, o‘zi aytmoqchi bo‘lgan muddaoni dalillar bilan asoslagan. O‘quvchi ko‘zi oldida aniq va yorqin manzara yaratib bergan:
Bo‘lmag‘il yaxshi-yu, yamong‘a taraf.
Bexud o‘l yaxshi-yu, yamondin kech.
Yoxud boshqa g‘azalidan olingan quyidagi baytni ko‘raylik:
Olam tufayli Yusufu, Yusuf-g‘ulomi g‘ayr,
Far’yodi bulbul az gulu, gul-hamnishini xor.
Mazmuni:
Olam Yusuf tufaylidir-Yusuf esa boshqalarga qul,
bulbulning faryodi gul uchunu, gul esa, tikan bila hamishindir.
Shoira ayrim g‘azal yoki qasidalarining maqta’ida o‘zining ijodi sohasidagi mahoratini taqdirlab, mag‘rurlanadi. Bu holatni mumtoz she’rshunoslar nuqson deb emas, balki shoirning qonuniy haqi deb bilganlar. Lekin, bir shart bilan: shoir chindan ham maqtanishga loyiq asarlar yaratgan bo‘lsa!.. Bu usulni maxsus termin bilan “faxriya” (faxrlanish)deb ataganlar.
Nodiraning bir necha she’rlarida shu faxriya namunalarini ko‘ramiz. Masalan:
Tong emastur bo‘lsa bu muddatda ustodi suxan,
Komila ash’orig‘a tahsin etar, Salmon ko‘rub.
She’rning maqta’sidagi “Salmon” so‘zi XIV asrda yashagan mashhur tojik shoiri Salmon Sovajiyga ishoradir. Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida “Xoja Kalimiddin Salmon qasidasi maydonining chobuksuvor va o‘z zamonasining benazir suxanguzoridur” deb shoirga yuqori baho bergan edi. Nodira ham shunga ishora qilib, “Sening she’ringga, hatto, Salmonday ulug‘ shoir ham tahsin qiladi” deb faxrlanadi. Albatta, u shunday deyishga, o‘z g‘azallarini durdonalar va gavharlarga o‘xshatishga to‘la haqli edi. Bu holni biz, quruq maqtanchoqlik emas, balki shoiraning nazmdagi yuksak salohiyatiga loyiq baho edi, deb e’tirof etamiz.
“Husni ta’lil” arabcha chiroyli dalillash ma’nosini bildiradi. G‘azaliyotda tasvirlanayotgan biror hodisaga shoiraning biron sabab ko‘rsatish san’ati shu nom bilan ataladi. Nodira g‘azallarida ham husni ta’lil san’ati zaminida yaratilgan bir qator nodir badiiy lavhalar uchraydi. Chunki, yorning husnu jamoli, shirin kalomini shoira ehtirosli misralar sathiga jo aylar ekan, husni ta’lil san’ati juda qo‘l keladi. Anvar Hojiahmedovning “Husni ta’lil san’ati” kitobida Navoiydan oldin va undan keyin yashab ijod etgan ijodkorlar ushbu san’atning yangidan yangi ifoda imkoniyatlarini kashf etib, ijod qilganliklari xususida so‘z boradiki, xususan olim Nodira ijodiga ham to‘xtalib o‘tgan.
Komila, ohim sinonidin tavahhum tortibon,
Charx maydonidadur chobuksuvori oftob. - baytida esa “Ey Nodira, mening ohim o‘qlaridan qo‘rqib qolgan vahimaga tushgan oftob charx maydonida osmonda bir otlig‘ suvoriy yanglig‘ u yoqdan bu yoqqa qochib yuribdi”, degan ta’sirchan ma’no aks etadi. Nodira quyoshning harakatini oshiq ohi o‘qlaridan qo‘rqib yugurayotgan chavandozga nisbat berar ekan, g‘ayritabiiy sharh tufayli yangi bir badiiy manzara chizishga erishgan:
Masih azmi sipehr aylab quyoshqa bo‘ldi hamsoya,
Bo‘lur himmat bila aflok ustida maqom aylab.
baytida tarixiy shaxs – Iso Masih obrazi ishtirokida husni ta’lilning go‘zal namunasi ijod etilgan. Shoira Iso Masihning osmonga ko‘tarilishi voqeasini o‘zgacha izohlar ekan, ushbu hodisani uning xalqqa ko‘rsatgan mehribonliklari samarasi sifatida sharhlaydi. Uning bu himmati quyoshga qo‘shni bo‘lishi sharafiga erishtirdi, deya muhim axloqiy-estetik mohiyatni betakror badiiyat bilan ifodalaydi.
Binobarin, Nodira kitobxonni fikrlashga, baytda yashirilgan chiroyli husni ta’lil mohiyatini kashf etishga da’vat etadi.
G‘uborim ishq vodiysida barbod o‘ldi, andog‘kim,
Biyobonlarda Majnun to‘tiyo izlar g‘uborimdan.
baytidagi badiiy kashfiyot ham g‘oyat e’tiborli. Layli va Majnunning fojiaviy muhabbatlari, asar qahramonlari chekkan kulfatu iztiroblarni g‘ayritabiiy sharhlash ham she’riyatimizga xos an’analardan. Lekin Nodira yuqoridagi baytda Majnunning dashtu biyobonlarda nolon kezishini o‘zi tasvirlayotgan oshiq izlaridan to‘tiyo qidirayotgan shaxsning xatti-harakatiga nisbat berar ekan, o‘quvchini hayratga soladi. Shoira she’riyatida yaratilgan husni ta’lil namunalarini kuzatar ekanmiz, ularda avvalo samoviy jismlar, xususan, quyosh, oy, yulduzlar holati va harakati g‘ayritabiiy asoslangani ayon bo‘ladi.
Nodira fors-tojik tilidagi mana bu baytda quyoshni, avvalo yorga oshiq bo‘lgan siymo sifatida tasvirlar ekan, uning tabiiy xatti-harakatini husni ta’lil san’ati vositasida g‘oyat ta’sirchan ifodalashga erishadi:
Charo gardid az mashriq ba mag‘rib zoru sargardon,
Naboshad chun falak bar husni o‘ xurshed Majnunash?
Mazmuni:
Agar quyosh uning husniga Majnun bo‘lmasa, nima uchun
sharqdan g‘arbga falakdek sargardon bo‘lib yuribdi?
Bu baytda quyoshning har kuni yer uzra paydo bo‘lishi, o‘z nurlari bilan olamni munavvar aylashi go‘yo uning beqiyos yorga oshiqligi tarzida sharhlanadi:
Chu navbahor ba ruxsoraash ki sabza damid,
Zi rashk so‘xta xurshed, charxi axzar ham.
Mazmuni:
Yuzida navbahordek sabza ungan chog‘da, uning rashkidan
ham quyosh ham moviy osmon kuydi.
Nodiraning bu baytida quyosh oshiqning ohi o‘tidan ko‘kka yetib yurgan bir uchqun sifatida talqin qilinadi. Shu asosda rashkidan quyosh va osmon kuyishi husni ta’lilning betakror namunasi bo‘lishi bilan birga, teran mazmun va go‘zal badiiyat uyg‘unligini hosil qilgan.
Mumtoz she’riyatimizda husni ta’lil san’atining rivoji oy, quyosh timsoli bilan bog‘liq ekan, bu go‘zal samoviy mavjudotlar o‘z fazilatlari bo‘lgan shoira Nodirani g‘oyat ta’sirchan badiiy lavhalar yaratishga ilhomlantirgan. Shoira mazkur yoritgichlarning tabiati, ko‘rinishi xususiyatlariga asoslangan holda ajoyib tasvirlar chizadi, betakror lavhalar yaratadi:
Bo in hama nur mohu xurshed,
Sargashta, chu zarra dar havoyat.
Mazmuni:
Oy-yu quyosh shuncha nurli bo‘lishiga qaramay, orzuyingda
zarradek sargardondir.
baytida yor orzusida quyoshu oy shu qadar nurli bo‘lishiga qaramay, zarradek sargardon ekani o‘ziga xos poetik talqin qilingan.

Download 190 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling