Нодира лирикасида тарихий ва мифологик образлар талкини


II.1. Shoira yaratgan obrazlar tasvirida fikr izchilligi


Download 190 Kb.
bet5/9
Sana17.10.2023
Hajmi190 Kb.
#1706793
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
Nodira g’azalyotida lirik qahramon obrazi

II.1. Shoira yaratgan obrazlar tasvirida fikr izchilligi
Sharq mumtoz adabiyotida poetik fikrni badiiy san’atlar vositasida ifodalay olish shoir mahoratini belgilovchi omillardan biri hisoblanadi. Ijodkor she’riy san’atlardan qanchalik ustalik bilan foydalanganligi uning kamolot darajasini belgilaydi. Ijodkor, eng avvalo, she’riy san’atlardan foydalangan holda lirik qahramonning ichki kechinmalari, o‘y-xayollari, ko‘rinishlari kabi turli xil tasvirlarni bo‘rttirish, asarining badiiy bo‘yog‘ini oshirishga e’tibor bersa, ikkinchidan, shu orqali fikrning ta’sirchanligini ta’minlaydi, o‘quvchining estetik didini tarbiyalaydi.
Abu Nasr Forobiyning she’riyatning muhim unsurlaridan biri –xayol va tasavvur ekani haqidagi fikri e’tiborli: “...Isbotda ilm, tortishuvda ikkilanish, xitobda ishontirish qanchalik ahamiyatli bo‘lsa, she’riyatda ham xayol va tasavvur shunchalik zarur bo‘ladi”. Forobiyning, ayniqsa, she’r san’ati – tashbeh borasida o‘n asrdan ko‘proq vaqt muqaddam aytgan fikri XX asrga kelib ispan faylasufi Gasset tomonidan ancha sayqallangan. Tashbeh poeziyaning eng muhim, ba’zan hatto zaruriy unsuri ekanligini hisobga olsak, o‘sha paytda she’riyat nozik tushunilganligining guvohi bo‘lamiz. Forobiy yozadi: “Ko‘pchilik odamlar asliga yaqin bo‘lgan narsalarga taqlid qilishdan ko‘ra, aslidan uzoq narsalarga taqlid tashbehning eng mukammali va afzali bo‘ladi, deb o‘ylashadi. Ularning fikricha, bunday holatda turib mulohaza yurituvchilar taqlid borasida ishlovchilar orasida eng layoqatli kishilar sanaladi, unday kishi bu san’at ahliga juda munosib keladi va taqlidni o‘z yo‘liga moslab, undan foydalanadi”. Bu xususda Gassetning qarashlari mana bunday: “Metafora shuning uchun ham bizni qoniqtiradiki, unda ikki narsa o‘rtasida metafora suyangan har qanday o‘xshashlikka nisbatan yana ham teran va keskin, voqelik nuqtai nazaridan bo‘lishi mumkin bo‘lmagan moslikni ilg‘aymiz... Real o‘xshashlik haqiqatda ikki predmetning real noo‘xshashligini ta’kidlash uchun xizmat qiladi. Qayerdaki, real o‘xshashlik bor esa, o‘sha yerda metafora yo‘q. Metafora bag‘rida noo‘xshashlikni aniq anglash yashaydi...”
Xullas, o‘quvchi badiiy asarni o‘qir ekan, undagi jo‘n va hech qanday hissiyotni uyg‘ota olmaydigan jonsiz tasvirlarni xush ko‘rmaydi. Shu bois barcha zamonda qalam ahli va nazariyotchilar asarning ana shu jihatiga diqqat qaratganlar.
Nodira lirik asarlari tahlili shuni ko‘rsatadiki, ijodkor ularda g‘oyaviy yaxlitlikka intiladi, matla’dagi fikrni g‘azal so‘ngiga qadar izchil davom ettirishga, boshlama misrada aytilgan g‘oyani baytma-bayt ochib, dalillab borishga va ohorli umumlashma bilan yakunlashga harakat qiladi. Shoiraning ushbu Navoiyona uslubga ergashishi o‘zbekcha va tojik tilida bitilgan she’rlarining, qaysi mavzuda bo‘lishidan qat’i nazar, aksariyatida yaqqol namoyon bo‘ladi. Xususan, biz tadqiq etayotgan tarixiy shaxslar obrazlari aks etgan she’rlarida ham g‘oyaviy yaxlitlikka, baytlararo izchillikka misol bo‘la oladiganlari anchagina. Masalan, shoiraning mana bu g‘azalini ko‘rib o‘taylik:
O‘tti ko‘ksimdin o‘qing, sarvi ravondin berdi yod,
Zaxmlarkim qoldi andin – gulistondin berdi yod.

Mehnati hijron aro nokomlig‘ chekkanlara


Vasl aro o‘lmak hayoti jovidondin berdi yod.

G‘azalning umumiy ruhidan muallif uni Umarxon vafotidan keyin bitgani seziladi. Shu bois uni “Firoqnoma” turkumiga qo‘shish mumkin. Matla’ bevafo dunyoning hijron kamonidan otilgan o‘q yetkazgan zaxmning lirik qahramon ko‘ksini jarohatlaganini bayon qilish bilan boshlanadi. O‘z navbatida, baytma-bayt o‘sha zaxm ta’sirida hijron bilan bog‘liq xotira va tuyg‘ular tasviri quyuqlasha boradi. Bu tasvirlar goh bir vaqtlar oshiq va ma’shuqa kezgan guliston vasfiga bag‘ishlansa, goh visol onlarida jon berish – “hayoti jovidon”, ya’ni abadiy hayot ekani haqidagi ohorli poetik umumlashmaga kelinadi. Goh mubolag‘ali tarzda ko‘z yoshlari yoki ohidan chiqqan dud go‘yo Somon yo‘li turkumidagi yulduzlarga mengzashi singari go‘zal tashbih ijod etilsa, goh ayshini barbod aylagan hijron yelidan rangi somon bo‘lgani izhoriga o‘tadi. Umuman, shoira har bir baytda (umuman) hijron azobi, u bilan bog‘liq ruhiy holatlarning turli ko‘rinishlari, xulosalarini tasvirlar ekan, maqta’da bunday iztirobning boisi Umarxon ekanini oshkor etadi. Shu ma’noda, g‘azalga radif qilib olingan “yod” so‘ziga katta poetik ma’no yuklangan. Radif ma’lum ma’noda syujet yaxlitligini ta’minlash, baytlar mohiyatini umumlashtirish singari poetik vazifalarni bajargan.


Shoiraning hijron, yor bevafoligi mavzuidagi “Xurram erdim vasl ayyomida hijron etti dog‘” misrasi bilan boshlanuvchi g‘azali ham poetik fikr izchilligining o‘ziga xos namunasi sifatida e’tiborga loyiq. Jumladan, unda lirik qahramon o‘zining bir paytlar vasl ayyomida shodu xurram bo‘lganligi, nogahoniy hijron o‘sha damlarga barham berib qalbini dog‘laganini aytadi. Hijron yetkazgan alamlarni betakror badiiyat bilan tasvirlagan shoira bu g‘azaliga “dog‘” so‘zini radif qilib olgan. Shu bois shoira hijron azobidan dilu tanining kuyishi – dog‘ bo‘lishini baytma-bayt turli poetik vositalar orqali kuchliroq dalillashga intiladi. Goh alamlardan qon bo‘lgan bag‘rini ochilmagan g‘unchaga qiyoslasa, goh ahdi yolg‘on yorga mana bu tarzda ta’na qilishgacha boradi:
Ahd etib erdiki sendin g‘ayrni yor etmayin,
O‘zga yor aylab, meni ul ahdi yolg‘on etti dog‘.
Maqta’ga qadar o‘sha “ahdi yolg‘on”ning, dardu iztiroblar sababchisining kimligi oshkor qilinmaydi. Maqta’da esa:
Kimdin aylarman shikoyat Komila oxir meni,
Otashi hijron ila sulton Umarxon etti dog‘.
misralari bilan uning diliga ozor berayotgan, hijron azoblarini ravo ko‘rayotgan odam Sulton Umarxon ekanini izhor etadi. YA’ni g‘azal syujetini bir ipga tizib turgan poetik hodisa tarixiy shaxs obrazi ekani ayon bo‘ladi. “Dog‘” radifi ham bunda muhim badiiy-estetik vazifani bajargan: ham tarixiy shaxs obrazi bilan birgalikda g‘azal syujeti yaxlitligiga xizmat qilgan, ham mazmun ta’sirchanligini oshirgan.
Nodirabegim asarlaridagi poetik fikr izchilligini, ijodkor sifatidagi badiiy mahoratini belgilovchi “Ko‘zlarim har chand aning hajrida giryon erur” misrasi bilan boshlanuvchi g‘azali ham bu jihatdan e’tiborga molik. Xususan, yetti baytdan iborat mazkur g‘azalning matla’sida yuqorida ko‘rib o‘tilgan she’rlarida bo‘lgani singari bosh maqsad bayon etilib, keyingi baytlarda ana shu maqsad turli badiiy tasvir vositalari orqali isbotlana boradi. Maqta’da esa, lirik qahramon kechinmalari o‘ziga xos poetik xulosalanadi.
Navbatdagi baytda hijron azobini chekkan ma’shuqaning ruhiy kechinmalari, dard-hasratlari “kog‘az” poetik unsuri vositasida yanada izchil davom ettirilgan:
Yuzining firoqini ko‘z yoshi birla sharh ettim,
Ajab ermastur agar bo‘lsa guliston kog‘az.

Savod etarda g‘amim sharhini qalam kuydi,


Ki bo‘ldi ohim o‘tidin sharafshon kog‘az,
Maktub bitayotgan ma’shuqaning ko‘z yoshlari gulistonga qiyoslanadi. Uning iztirobi shu qadar chuqurki, yor hajrida chekkan g‘am sababli ohidan qalam kuyadi, undan chiqqan o‘t qog‘ozni ham kuydiradi. Ko‘rinib turganidek, kog‘az poetik unsuri tashbehning turli darajalarida tasvirlanib, nahoyat g‘azal maqta’ida shoira mana bunday badiiy umumlashmaga keladi:
Zi nomai Komila asrori dil buvad ravshan,
Ki shud miyoni manu do‘st tarjimon kog‘az.
Yani o‘sha kog‘az oshuq va mashuqa o‘rtasidagi xabarchi, dil tarjimoni. U nafaqat tarjimon, balki ularning dardkashi, quvonchlariga sherik hamdir. Ayni chog‘da “kog‘az” radifi baytlarni g‘azaldagi bosh g‘oya atrofida birlashtiradi. O‘quvchi e’tiborini asosiy mohiyatga qaratadi.
Mohlaroyim devonlari qo‘lyozmalarini tadqiq qilgan M.Qodirova shoira devonlaridagi she’rlar va uning Nodira, Komila va Maknuna taxalluslari bilan tartib bergan devonlari xususida: “Shunday qilib, hozircha biz Nodiraning to‘rt ming misraga yaqin Nodira va Komila taxalluslari bilan o‘zbek tilidagi g‘azallarini yig‘ishga muvaffaq bo‘ldik.
Nodiraning hayotini o‘rganishda uning zamondoshi Uvaysiyning “Voqeoti Muhammadalixon” nomli she’riy hikoyasi diqqatga sazovordir. Adabiyotshunoslarga shu vaqtgacha shoiraning taxallusi Nodira va Komila ekanligi ma’lum edi. Filologiya fanlari doktori A.Qayumov Uvaysiyning yuqoridagi asariga asoslanib, shoiraning taxallusi Maknuna ham bo‘lganligi haqida ma’lumot beradi.
...Nihoyat Nodiraning Maknuna taxallusi bilan yozgan tojik tilidagi she’rlaridan iborat mukammal devoni topildi. Devon O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi. Bu asar X1X asrning oxirida ko‘chirilgan bo‘lib, shoiraning Maknuna taxallusi bilan tojik tilida yozgan besh ming misradan ortiq yoki 333 g‘azalni o‘z ichiga oladi”.
Shuningdek, olima Mohlaroyimning devoni saroy xizmatida bo‘lgan noma’lum shoir tomonidan yozilgan debochaga ham egaligi xususida ma’lumot beradi. Bular bilan birga M.Qodirova o‘sha debochada shoiraning “Maknuna” devonining bunyodga kelishi borasidagi qaydlaridan quyidagi havolani keltiradi: “...Ozgina vaqtda ko‘p parokanda g‘azallar yig‘ilib qoldi. Shuning uchun uning oliy farmoni bilan ul she’rlar shu “majmua”ga jam’ va darj qilindi... SHe’r va adabiyotga, chuqur ma’noga tushunadigan qullari va tabiati yuqori xizmatchilarining maslahatlari bilan ul jahonpanoh iffat sadafida yashiringan gavharning taxallusi “Maknuna” deb muqarrar etildi”.
So‘ngra M.Qodirova shoiraning uch taxallus ostida tartib berilgan devonlari qo‘lyozmalarini o‘zaro qiyoslab: “Tekshirishlar natijasida, Nodiraning bizga ma’lum bo‘lgan 4182-sonli devonidagi fors-tojik tilidagi g‘azallaridan 26 tasi shoiraning 7766-sonli yangi topilgan devoniga kiritilgani aniqlandi. Lekin avvalgi to‘plamdagi tojikcha she’rlariga Nodira taxallusi qo‘yilgan bo‘lsa, tojikcha devoniga kiritilgan xuddi shu g‘azallarga Maknuna taxallusi qo‘yib o‘zgartirilgan. Nodiraning Komila taxallusi bilan yozilgan g‘azallari tojikcha devoniga Maknuna taxallusi bilan kiritilgan”. Olima o‘sha o‘rinda shoiraning Nodira taxallusi bilan yozgan tojikcha 44 g‘azalining Maknuna devoniga kirganini ham qayd qilgan. Yana M.Qodirovaning bildirishicha: “Shoiraning Komila va Nodira taxallusi qo‘llangan fors-tojik tilidagi she’rlarini yangi topilgan tojikcha devonidagi xuddi shu g‘azallarga solishtirib ko‘rar ekanmiz, unda faqat taxallus almashtirilganini, yoki oxirgi baytlardagi misralarning o‘zgarganini ko‘ramiz”.
Keltirilganlardan xulosa qilinadigan bo‘lsa, Mohlaroyimning o‘zbek va tojik tillarida bitilgan she’rlariga dastlab Nodira taxallusi qo‘llangan. Keyinchalik tojik tilidagi she’rlarida Komila taxallusini ishlatgan. Maknuna devoni debochasida ta’kidlanganidek, ko‘pchilikning tavsiyasiga ko‘ra, tojik tilidagi she’rlariga “Maknuna” deb imzo chekish ma’qul ko‘rilgan va oldin bitilgan she’rlarini ham ushbu devonga kiritishga qaror qilingach, ularning taxallus qayd etilgan maqta’ qismi o‘zgartirib chiqilgan.
M.Qodirova bular bilan birga shoiraning Maknuna devoniga jamlangan uch yuztacha g‘azalidan 37 tasi Komila devoniga faqat maqta’i tahrir etib kiritilganligi ma’lumligini ham aytgan. Tadqiqotchi, o‘z navbatida, shoiraning “Boz meso‘zad dilam chun sham’ bazm az raftanat” misrasi bilan boshlanadigan g‘azali Nodira va Maknuna devonlarida maqta’da qanday matniy o‘zgarishga uchraganligiga alohida e’tibor qaratgan.
Nodiraning o‘zbek tilidagi g‘azallari singari tojikcha she’rlarida ham ba’zan ismi oshkor etilmasa-da, uning uchun qadrli bo‘lgan tarixiy shaxs – Amir Umarxon obrazi ifodalanganini kuzatish mumkin. Bu she’rlar Mohlaroyimning g‘oyaviy-badiiy barkamol, baytlararo poetik fikr izchilligiga ega asarlar yaratish barobarida she’rlarida tarixiy shaxs obrazining poetik talqinini o‘ziga xos yo‘sinda ifodalay olganidan dalolat beradi.
Ushbu fasldagi ilmiy izlanishlar natijalarini quyidagicha umumlashtirish mumkin:
1. Nodira nazmiy asarlarida g‘oyaviy yaxlitlikka intiladi, matla’dagi fikrni g‘azal so‘ngiga qadar izchil davom ettirish, boshlama misrada aytilgan g‘oyani baytma-bayt ochib, dalillab borish va poetik umumlashma chiqarish – shoira she’riyatining o‘ziga xos xususiyati.
2. Shoira o‘z asarlari ustida muttasil ishlagan, ular matnini mukammallashtirish uchun tahrirga alohida ahamiyat qaratgan. Bunday tahrir boshqa mavzudagi she’rlar qatori tarixiy shaxslar obrazi ifodalangan she’rlarda ham baytlararo fikr uzviyligi, badiiy barkamolligiga erishish uchun amalga oshirilgan.

Download 190 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling