Nurulloh Muhammad Raufxon Bu kunlar


Download 3.93 Mb.
Pdf ko'rish
bet51/56
Sana01.11.2017
Hajmi3.93 Mb.
#19135
1   ...   48   49   50   51   52   53   54   55   56

Bu kunlar

 

 

www.nurullohuz.com



 

360 


Idishga solingan bir suv “Gidrolayf”, boshqasi “Bonaqva” emish. Bu nima degani 

ekan, deb lug‘at titkilasangiz, biri “Hayot suvi”, ikkinchisi “Buloq suvi” bo‘lib chiqadi. 

Necha zamonlardan beri elga minnatsiz toza suv taqdim etib kelgan buloqlarni egallab, 

suvini turfa idishlarga qamab pullayotgan “ishbilarmon”lar tilni o‘ylaydimi? Ularga 

pul bo‘lsa! Ular hech qachon mahsulotiga “Buloq suvi” yo “Hayot suvi” deb ot 

qo‘ymaydi! 

Qo‘lbos yorliqlarini qarang: hammasi sovet davridagiday – o‘sha-o‘sha 

“Moskovskaya”, o‘sha-o‘sha “Doktorskaya”, o‘sha-o‘sha “Dorojnaya”yu o‘sha-o‘sha 

“Salyami”... Ayniqsa, shu “Salyami”si odamni seskantiradi. Bu xil qo‘lbosning asl 

vatani Italiya bo‘lib, eshitishimizcha, tarkibiga eshak go‘shti qo‘shib tayyorlanadi va u 

yoqlarda juda mashhur. Eshak go‘shti italiyonlarga balki haloldir, unga urg‘u 

berayotganimiz yo‘q hozir, balki ayni eshak go‘shti qo‘shib tayyorlanadigan 

qo‘lbosning oti “Salyami” bo‘lgani holda biz bu otni jirkanmasdan qabul qilganimizga 

yig‘laydi yurak. O‘zbekistonda bironta qo‘lbos sexi, agar o‘zi it yo cho‘chqa etini yeb 

katta bo‘lmagan bo‘lsa, eshak go‘shtini qo‘shmaydi, bunga shubhamiz yo‘q, lekin 

o‘zbekona-musulmoncha qizg‘anch tuyg‘u qolmaganmi millatimizda, deb o‘kinarkan 

odam. 

To‘g‘ri, masalaning boshqa tomoni ham bor: millatparvarligi tutib yo adashib ketib 



mahsulotiga o‘zbekcha ot qo‘yib yuborsa... G‘arbga va g‘arbcha madaniyatga sig‘inish 

kechayotgan bugungi ahvolda bozori sinishi ham mumkin. Chunki odamlar olmay 

qo‘yadi. Oti o‘zbekcha bo‘lsa, uni sotib olmaydigan holga tushdi bu millat. Ajnabiycha 

otli zaharni ham yutadi, ammo oti o‘zbekcha bo‘lsa, pisand qilmaydi. Demak, tilimiz 

“moda”dan qolyapti. Yot tillar jozibali ko‘rinyapti. Bu degani, yot tillar bosimi ostida 

o‘zbek tili asta-sekin muomaladan chiqyapti, deganidir. 

Eng afsuslanarlisi – toza o‘zbekcha so‘zlarimizni bugun tilimizdan bironta begona 

millat majburan siqib chiqarmayapti, tilimiz ildiziga o‘zimiz bolta uryapmiz. 

 

Yozuvda 

Narsa va hodisalarga qiynalmay ot qo‘ya oladigan, har qanday fikrni, tuyg‘uni 

ifodalashga qurbi yetadigan tillargina mustaqil va kuchli sanaladi. Bu borada o‘zbek 

tilining ahvoli qanday? 

Tilimiz hali ham o‘ris tili bosimi ostida majbur qolmoqda, ingliz tili bosimi ostiga 

ixtiyoriy kirmoqda. Mamlakatlar nomi, millatlar oti hamon o‘rischadan o‘tib qolgan 

tovushda va shaklda yoziladi. 

Tilimizda “” (yumshatish belgisi) yo‘q, ammo o‘ris tilida bor bo‘lgani uchun aynan 

olganmiz va qo‘llaymiz. Xalqimiz qattiq “l” bilan “palto” (kerak bo‘lsa, “palta”) deydi, 

yozuvda esa, “l”ni o‘rischalab, “palto” yozamiz. 

Lotin imlosida bu xato qisman o‘nglandi, ammo jug‘rofiy nomlar haligacha 

o‘rischaligicha qolmoqda: “Nyu-York”, “Shri-Lanka”, “Koreya”, “Vetnam” va 

hokazo. 


Nurulloh Muhammad Raufxon

 

Bu kunlar



 

 

www.nurullohuz.com



 

361 


O‘rislar o‘zining mustaqil tili hususiyatidan chiqib kelib, joy nomini o‘sha yerda 

yashovchilar qanday atashidan qat’i nazar, o‘z talaffuz va yozuv qoidalariga moslab 

olgan. “Nyu-York”dagi “N”dan keyin “” harfini orttirganlari yetmay, o‘rtaga “-“ 

belgisini ham qo‘shib yozgan. 

O‘zbek tilida esa, nazariyasiga quloq solsangiz, bunaqa yozish til tabiatiga ters 

hisoblanadi: 

birinchidan, bizning tilimizda ham biri to‘mtoq, biri yumshoq tovushlar bordir, lekin 

yozuvda to‘mtoqlash yo yumshatish belgilari yo‘q; 

ikkinchidan, hech qanday so‘z yoki bo‘g‘in ikki va undan ko‘p undosh tovush bilan 

boshlanmaydi ham, tugamaydi ham – oldidan yoki o‘rtaga bironta unli tovush 

orttiriladi. Mas, “stakan” emas, “istakan” yoki “istikon”; “Stambul” emas, “Istanbul”; 

“stol” emas, “ustal” kabi; 

uchinchidan, oraga chiziqcha qo‘yilmaydi. “Shri-Lanka”dagi chiziqcha ham faqat 

o‘ris tilida bor. O‘rislar ko‘p so‘zni ikkiga bo‘lib, o‘rtasiga chiziqcha qo‘yib oladi. 

“Olmaota”ni “Alma-Ata”, “Yunusobod”ni “Yunus-Abad”, “Oqtepa”ni “Ak-tepe” yoki 

“Aktyubinsk” deb olganidek. 

O‘zimizni tilimiz xususiyatidan kelib chiqsak, “Shri-Lanka”, “Kuala-Lumpur” kabi 

joy nomlari o‘zbekchada bemalol “Shirlanka”, “Kuvalalumpur” deb qabul qilinsa 

bo‘laverardi. 

Ammo, afsus, tilimizning hozirgi qaram holatiga omma allaqachon ko‘nikdi va 

ko‘ziga o‘zbekona ifoda hatto begonaday ko‘rinishi ham mumkin. O‘rislar “Qo‘qon”ni 

o‘zlarining tiliga moslab “Kokand”, “Farg‘ona”ni “Fergana”, “Ohangaron”ni “Angren” 

deb olsa, hech kim hayron bo‘lmaydi, ammo bittamiz til mustaqilligiga intilib 

“Maskov”, “Erqut” (Irkutsk), “O‘mba” (Omsk), “To‘mba” (Tomsk), “Shirlanka” va 

“Kuvalalumpur” deya boshlasak, boshqamiz darrov tixirlik qilamiz. 

Holbuki, o‘zbek tili ham agar to‘la mustaqil bo‘lishni va asl ildiziga qaytishni istasa, 

tilimiz o‘zigagina xos aytilish va yozilish qonun-qoidasini tiklashi kerak. 

O‘rislashtirish siyosati tufayli bu qoidalar buzildi, izdan chiqdi. Endi tilimiz maqomini 

qaytadan ko‘tarish uchun chetdan so‘z qabul qilish va chet so‘zlarni o‘zbekcha talaffuz 

etish yo‘l-yo‘riqlarini ilmiy asosda ishlab chiqishimiz lozim. 

Bu masalada tilshunoslik ilmi o‘z so‘zini aytmayapti, til taqdirini omma ixtiyoriga 

to‘la tashlab qo‘ygan. Tashlab qo‘yilgani oqibatida bugun ko‘cha va bozor asli 

o‘zbekcha “Turkiya”ni ham o‘rislardan olib “Tursiya”, “Suriya”ni “Siriya” deya 

boshladi. Millat o‘laroq karisni og‘zaki aytishda “karis” deymiz, yozuvda “koreys” deb 

o‘rischa yozamiz va hamon qaramligimizni bildirib qo‘yamiz. 

Ya’ni, o‘zbek tili hanuz to‘la mustaqillikni qayta qo‘lga kirita olmayapti. 

Bu aytilganlar asosan nazariy masalalardir. Amaliy tomoniga kelsak, bugun tilni 

ifloslantirishda ommaviy axborot vositalari ham ancha-muncha hissa qo‘shayotganini 

ko‘ramiz. 

Bugun OAV tilga zaruratsiz kiritilgan, elimizga yot “globalizatsiya” (hech bo‘lmasa 

“globallashuv” bo‘lishi kerak edi!), “modernizatsiya” (yangilash, zamonaviylashtirish), 


Nurulloh Muhammad Raufxon

 

Bu kunlar



 

 

www.nurullohuz.com



 

362 


“investitsiya” (sarmoya yoki pul kiritish, sarmoya yotqizish), innovatsiya” (yangilikni 

kiritish), “innovatsion loyihalar” (yangi loyihalar), “konsepsiya” (g‘oya, yo‘l v.b.), 

“stend” (devoriy ko‘rgazma), “fermer” (dehqon), “infratuzilma” (ajnabiy 

“infrastruktura”ning chala tarjimasi, aslida, “turli tuzilmalar” desa bo‘ladi), 

“biyennale” (ikki yilda bir o‘tkaziladigan ko‘rgazma, ijodiy ko‘rik), “evakuatsiya” 

(ko‘chirmoq), “iqtisodimiz lokomotivlari” (ilg‘orlari), “auksion savdo” (kimoshdi 

savdosi), “reglament” (ish tartibi, kun tartibi...), “aksiya” (pay, hissa, ulush; tadbir)... 

kabi yuzlab, minglab so‘z va birikmalarga to‘lib ketdi. 

Bu begona so‘zlar “Xalq so‘zi” gazetining ikkita sonidan ko‘zga ilinganlari, xolos. 

Bunaqa buzuqlik ayniqsa til tozaligi uchun qayg‘urishi farz bo‘lgan “O‘zbekiston 

adabiyoti va san’ati”day gazet sahifalarida ham uchrasa, odamga alam qilarkan: 2011 

yil 28 o‘ktabir 44-sonida: “Biyennale davom etmoqda” deb sarlavha qo‘yilibdi! 

 Bugun “biyennale”, ertaga “triyennale” (uch yilda bir bo‘ladigan ko‘rik-

ko‘rgazma), indinga yana boshqa so‘z kirib kelaveradimi tilga? 

Hafsala qilsa, har kim boshqa gazet-jo‘rnollarni ham ko‘zdan bir kechirsin. 

Yana bitta bosqinchi so‘z “evakuatsiya”dir. Ilgarilari u yer-bu yerda quloqqa 

chalinib turardi, yaqinlardan beri tilimizga muqim o‘rnashdi. Tele, radio tinimsiz aytib, 

matbuot yozib yotibdi. Urush yoki tabiiy ofat yetgan yerlardan ko‘chirilgan aholi 

haqida xabar berarkan, “ko‘chirildi” demay, “evakuatsiya qilindi” deyilyapti. Bu so‘z 

ham xalq ongiga singib bo‘ldi. 

Bir gal televideniyeda nufuzli lavozimda ishlaydigan ziyoli, adabiyotchi tanishimga: 

“Bu qanaqa gap, tilning darvozasi qolmadi-ku, «Aholi tinch joylarga ko‘chirildi», 

deyilsa, xalqimiz tushunmay qoladimi?!” desam, o‘ylab ham o‘tirmay: “Bilasizmi, 

«evakuatsiya» so‘zida uyushqoqlik, tashkillashtirish ma’nolari bor, «ko‘chirildi» 

so‘zida bu narsa yo‘q”, dedi.  

Nega yo‘q bo‘larkan, bor! Bor bo‘lganida ham, «evakuatsiya»dan chiroyli, boy va 

keng ma’nolarni beradi! «Ko‘chmoq» fe’lidan yasalgan «ko‘chirildi» so‘zida 

uyushqoqlik, uyushib qilingan harakat ma’nosini ko‘rmaslik borib turgan johillikdir! 

“Odamlar tiraqaylab qochib ketdi”, deyilmayapti, “Ko‘chirildi”, deyilyapti, axir! Bu 

so‘zda ko‘chishni kimlardir tashkillashtirayotgani ham sezilib turibdi! 

Ayb so‘zimizda emas, o‘zimizdadir. Yetti yot begona so‘zlarga ayricha “ma’no”lar 

yuklab, o‘sha yo‘q “ma’no”larning quliga aylanib qolgan, ammo o‘zimizning so‘zlarda 

u ma’nolarni ko‘rmayotgan bizlarda ayb! 

Bu holni tilga e’tiborsizlik desak juda yumshoq aytgan bo‘lamiz, o‘zbek tiliga 

ochiqdan-ochiq ishonchsizlik, tushkunlik bu! 

Tushkunlik judayam xavfli holat. Yurtning ishongan bir “ziyoli”si o‘zbek tili 

qobiliyatiga ishonmasa, ko‘chadagi quruvchidan yo bozorchidan nimani kutamiz?! 

Aksincha, millatning oydin kishilari, ayniqsa yozuvchi-shoirlar, matbuot birinchi 

galda tilning bog‘bonlari, kerak bo‘lsa, qorovullari bo‘lishi lozim emasmi?!  

Bugun Alisher Navoiy hazratlari tuyqus tirilib kelsalar, bir zamonlar turkiy tilning 

ifoda va ma’no imkoniyatlarini ko‘rsatib, millatni tushkunlikdan asrab qolgan u zot 


Nurulloh Muhammad Raufxon

 

Bu kunlar



 

 

www.nurullohuz.com



 

363 


bugun o‘z tiliga ishonchsiz bo‘lib qolgan “ziyoli” nevaralari holini ko‘rsalar, faryod 

chekib yubormasmi edilar?!  

Xo‘p, tilimizdagi buzilishlarga kim javob beradi? 

Bir yondan qarasangiz, hamma aybli. Chunki odamlar tilini asramayapti... odamlar 

o‘ylab o‘tirmasdan begona so‘zlarni muomalaga kiritib yuboryapti... odamlar o‘zini, 

o‘zligini qadrlamayapti... odamlar... 

Boshqa yondan qarasangiz, hech kim javob bermaydi, chunki dunyoda toza til 

bo‘lmagani va ular doim o‘zgarib turgani kabi, o‘zbek tilini ham eski holida ushlab 

turib bo‘lmaydi: ayrim so‘zlar iste’moldan chiqadi, o‘rniga yangi so‘zlar kiradi ‒ 

tarixda shunday bo‘lgan, bundan keyin ham shunday bo‘ladi, bunga dod-voy solgan 

bilan foyda yo‘q... 

Ikkala fikrda ham jon bor, ammo alohida-alohida olganda ikkalasi ham tosh 

bosmaydigan bahonalardir. Ayniqsa ikkinchi bahona o‘z aybini tan olmaslikdan, 

qo‘limizdan nima kelardi degandek taslimiyatchilik kayfiyatidan tug‘ilgan. Yuzaki 

qarasa to‘g‘ri, mohiyatda xato fikrdir. 

Bu haqda ko‘p dalil keltirsa bo‘ladi, lekin bahsimiz uslubi ilmiy-nazariy emas, 

ko‘proq ijtimoiy-ruhiy bo‘lgani uchun so‘zimizni shu yerda kesamiz. Biz aytmoqchi 

bo‘layotganimiz: ayni mana shunaqa bahonalarning oldini olish uchun o‘rtaga davlat 

kirishi, to‘g‘rirog‘i, o‘rtada hamisha davlat turishi kerak. Ayniqsa, bir til zug‘umi 

ostidan pati yulingan holda chiqib boshqa kuchli tillar qarshisida diydirab paydo bo‘lib 

qolgan bizning tilimizga o‘xshagan tillar davlatning himoyasiga juda muhtoj. 

Jamiyatdagi har bir hodisani odatda davlat boshqarib-kuzatib turganidek, tilni ham 

tashqi ta’sir qarshisida yolg‘iz tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. O‘zini tanigan, tilini 

ardoqlagan davlatlar bu masalada qattiq turadi. Til qonunlari bekorga qabul 

qilinmaydi-ku, axir! Qonun himoyachisi davlat bo‘lganidan keyin, demak, uning 

ishlashi yo ishlamasligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat javob berishi kerak. Chunki davlat 

tilining ahvoli davlatdan so‘ralmay, kimdan so‘ralsin?! Til qonuni respublikada 

to‘laqonli ishlamayotgani va o‘zbek tilimiz yigirma yil ichida bu darajada buzilib 

ketgani davlatning o‘z vazifasini oqilona bajara olmaganini ko‘rsatadi. 

Til tozaligini saqlash, kelajak nasllarga kuchli, mustaqil, yashovchan, o‘tmishdan 

uzilmagan, kelajakka ham dovdiramay dadil boqa oladigan tilni qoldirish ko‘proq bu 

masalada davlat o‘zini qanday tutishiga bog‘liq bo‘ladi.  

 

Kichik xulosa 

 

Kishida bironta kasallikka chidam qobiliyati kamaysa yo yo‘qolsa, tanasi o‘sha 



kasallikka chalinuvchan bo‘lib, unga qarshi kurasholmay qoladi. 

Til ham xuddi shunday: o‘zini saqlash qobiliyatini yo‘qotsa, chekkadan bostirib 

kirgan har qanday “axlat”ni qabul qilib olaveradi. Tilga munosabatda tushkun kayfiyat 

shuning uchun ham xavflidir, bunday holatdan qancha tez qutulsak, shuncha yaxshi.  



Nurulloh Muhammad Raufxon

 

Bu kunlar



 

 

www.nurullohuz.com



 

364 


Ollohga shukr, tilimizning o‘zini saqlash qobiliyati, ancha kuchsizlanib qolgan 

demasa, hali-hozir butkul yo‘q bo‘lib ketmagan. Bir oz unutilgan, ishga solinmayapti, 

lekin bor. Bu qobiliyatni qo‘zg‘ab, til sandiqlarimizni titkilashga va ota-bobolarimizdan 

qolgan turkona so‘zlarimizni izlab topishga ozgina xafsala kerak, xolos. 

O‘zimiz yalqovmiz. 

So‘zlayotganimizda yo yozayotganimizda, aytmoqchi bo‘lgan fikrlarimizni 

o‘zimizning tilimizda ham jaranglatib ifodalasa bo‘ladimi-yo‘qmi deb o‘ylab ko‘rishga-

da erinamiz va tilimizning ichkari (mahram) hovlisiga, surishtirmay-netmay, 

ichkarining ehtiyot chorasini ko‘rmay, chetdan yot (nomahram) so‘zlarni osongina 

kiritib yuboraveramiz. 

Xo‘sh, nima qilsa til toza saqlanadi, obro‘yi ham ko‘tariladi? 

Bu masalada “birinchidan”, “ikkinchidan”... “to‘rtinchidan”... “o‘ninchidan”... deb 

ancha chora-tadbirni aytsa bo‘ladi. 

Eng muhimi – til milliy davlatchilik asoslaridan biri ekanmi, birinchi galda davlat 



tilni doimiy himoyasiga olishi kerak

Zamon o‘zgardi, yangi shart-sharoit yuzaga chiqdi, endi Til to‘g‘risidagi oldingi 

qonun ham eskirdi. Yangi zamon, yangicha sharoitlar til sohasida ham deyarli har kuni 

yangi-yangi masalalarni o‘rtaga qo‘yyapti. Yigirma yillik tajribalardan chiqib kelib, 

bugun til haqidagi qonunni tubdan yangilashimiz, yanada takomillashtirishimiz lozim. 

Bu qonunda, jumladan, joy nomlarini, atamalarni, chetdan kirayotgan so‘zlarni 

yozuvda qanday ifodalash yo‘l-yo‘riqlari, unutilib ketayotgan so‘zlarni asrab 

qolishning choralari, chekkadan so‘z qabul qilish tartiblari mayda-chuyda 

nuqtalarigacha hisobga olinishi, mustahkam chegaralar qo‘yilishi kerak. 

Buning ustiga, keyingi yillarda hayot imlo qoidalariga ham jiddiy o‘zgartishlar 

kiritishni taqozo etyapti. Hozirgi lotin alifbosi asosida yaratilgan imloda ancha-muncha 

kamchilik borligi bilindi. 

Davlat xuddi shu jarayonni nazoratiga olib, boshqarib turishi kerak. Bu ish nihoyatda 

dolzarbligidan hozirgi pallada til bilan shug‘ullanadigan maxsus vazirlik tashkil qilsa 

ham arziydi hatto. Bugun ilm, fan, madaniyat, texnika juda tez yuksalyapti. Bu jarayon 

ichida yangi-yangi so‘zlar ham bostirib kirib kelyapti tilimizga. Birgina kamputir yo qo‘l 

tilponini oling. Hali bularning “tili” o‘zbekchalashtirilmadi! 

Taklif qilayotganimiz vazirlik qoshida moddiy-texnik yangiliklarga tegishli maxsus 

o‘zbekcha lug‘at tuzadigan, bu ish bilan har kuni shug‘ullanadigan ishchi guruhlar 

bo‘lishi kerak. 

Biz bu borada allaqachon kechikib bo‘ldik: tilpon va kamputir amallarini 

boshqaradigan til yana-tag‘in o‘rischa bo‘lib qoldi. Xalqimiz og‘zidagi “SMS yoz”; 

“Layk bos”; “Soxranit qil”; “Falonchining profili”; “Otpravitni bos”, “share”, “teg”, 

“Podelitsya qildim”  (va hokazo) kabi yuzlab ifodalarga bugun quloqlarimiz o‘rgandi. 

Tilpon va kamputir tili o‘z vaqtida va qulay holda o‘zbekchalashtirilmagani natijasida 

odamlar tiliga topshiriqlarning o‘rischa-inglizcha shakli o‘rnashib bo‘ldi! 



Nurulloh Muhammad Raufxon

 

Bu kunlar



 

 

www.nurullohuz.com



 

365 


Bu masalani oddiy odamlar o‘ylamaydi. Boshidanoq davlat o‘ylashi kerak edi. Chunki 

bu ish davlatning bo‘ynida. Tilni o‘ylasa, pulni ayamasdi. Afsus, davlatimiz muammoni 

arzimas sanadi va bu sohada tilimizni boy berib, taraqqiyotga qurbon qilyapti. 

Hali ham kech emas. Takror aytaman: vazirlikmi yo boshqa bir nomdami maxsus 

tuzilma tashkil etib, ishni til bilag‘onlariga topshirish lozim. 

Boshqarish nimaga kerak? 

Til hodisalarini boshqarib bo‘lmaydi deydiganlar, do‘st bo‘lsa, xato qiladi, dushman 

bo‘lsa, tilimizni buzish uchun atay shunday deydi. Til ham boshqariladi va 

boshqaruvga muhtojdir. 

Masalan, chetdan kelayotgan tovarlar yurtga rosa tekshirib kiritiladi. Buning uchun 

maxsus bojxonalar bor. Qonunga qaraladi, shu tovar mamlakatga kirsa bo‘ladimi yoki 

taqiqlanganmi – o‘rganiladi. Taqiqlangan bo‘lsa, chegaraning o‘zidayoq ushlab 

qolinadi, kiritilmaydi. Ustiga ustak, qonunda taqiqlangan tovarni kiritmoqchi 

bo‘lganlarga qarshi jazo choralari qo‘llanadi: moli musodara qilinadi, egasiga jarima 

solinadi... va hokazo. 

Nega tilimizning bojxonasi bo‘lmasligi kerak? Til qonuniga tegishli moddalarni 

bitaylik-da, chekkadan kirishga urinayotgan har bir so‘zni til bojxonasidan 

o‘tkazdiraylik. Buni faqat davlat qila oladi. Kirayotgani ham marhamat qilib bojini 

to‘lab qo‘ysin, o‘zining maqomini bilsin, mezbon tilni hurmat qilsin, ana undan keyin 

kirsin. Qolganlari chegaradanoq vataniga qaytib ketaversin. 

 Bu tajriba boshqa davlatlarda bor. Til qonunini ishlayotganimizda (“Qayta qurish” 

pallalari) “Pravda” gazetida o‘qigan edim: Faransaning til qonuniga ko‘ra, ommaviy 

axborot vositalarida bo‘ladimi, ilmiy, badiiy asarlarda yoki atamalarda bo‘ladimi, 

chetdan kiradigan so‘zlarga besh foiz  (5%)lik chegara qat’iy qilib qo‘yilgan. Shundan 

ortib ketsa, muallif va noshir jarima to‘laydi. Muhimi – har bir farang eng oldin 

jarimagacha bormaslikka, o‘z tilini asrashga harakat qiladi, hurmat qilishga o‘rganadi. 

Ayrim olimlarimizda, chetdan so‘z qo‘shilsa tilimiz boyiydi-ku, kirsa nima qipti, 

degan xato tushuncha bor. Bir tilda bor so‘z ustiga kirayotgan yot so‘z hech qachon tilni 

boyitmaydi, aksincha, surib chiqarishi bilan bosqinchilik qilgan bo‘ladi va mezbon tilni 

qashshoqlashtiradi. Xuddi bugun “ko‘chirmoq”ni “evakuatsiya”, “qorovul”ni “sekuriti” 

so‘zlari siqib chiqarayotgani singari. 

Fikrimizni bitta “avval” so‘zi misolida ochiqlashga harakat qilamiz. Shu bitta so‘zni 

o‘rinli-o‘rinsiz qo‘llayverishimiz natijasida tilimiz necha martaga kambag‘allashib 

ketganini o‘zingiz ko‘ring: 

1. “Birinchi” ma’nosida. Nimagadir “Birinchi keldi” demaymiz, “Avval keldi” 

deymiz. 


2. “Birinchidan” ma’nosida. Arabchada “avvalan... sanian... salasan...” deb 

sanaladi, bizda “birinchidan... ikkinchidan... uchinchidan...” deyiladi. Lekin biz 

ko‘pincha, “birinchidan”ning o‘rniga “avvalo”ni ishlatamiz. 

3. “Ilk” ma’nosida. Nimagadir “ilk fikr”, “ilk palla”, “ilk kunlar” (va hokazo) emas, 

“avvalgi fikr”, “avvalgi vaqt”, “avvalgi kunlar” deyishga odatlanganmiz.  


Nurulloh Muhammad Raufxon

 

Bu kunlar



 

 

www.nurullohuz.com



 

366 


4. “Oldin” ma’nosida. “Men sendan oldin keldim” emas, “Men sendan avval 

keldim” deymiz. “Oldin sen o‘zingni tanishtir” desak o‘zbekcharoq bo‘lardi, lekin biz 

negadir “Avval...” deb boshlaymiz gapni. 

5. “Burun” ma’nosida. “Eldan burun turib olib...” degan ifoda ko‘pincha “Eldan 

avval turib olib...” tarzida so‘zlanyapti.  

6. “Eski” ma’nosida. “Eski ishlar” yaxshi emasmi? Nimaga uni “Avvalgi ishlar” 

deyishimiz kerak?  

7. “O‘tgan” ma’nosida. “O‘tgan gaplarni kavlama” deyishimiz mumkin bo‘lgan 

yerda “Avvalgi gaplarni kavlama” deyish ham tilni kambag‘allashtirishga kiradi. 

8. “Bosh” (Bir ishning boshi) ma’nosida. “Yig‘ilish boshidan...” deb boshlasa 

bo‘ladigan jumlani “Yig‘ilish avvalidan...” deb tuzamiz. 

9. “Bosh” (Vaqtning boshi) ma’nosida. “Boshidan beri...” o‘rniga “Avvaldan 

beri...” qo‘llanadi. 

10. “Bir” (Sanoq boshi) ma’nosida. “Bir boshdan sana!” ‒ “Avval boshdan sana!” 

11. “Bir” (Tartib boshi) ma’nosida. “Qani, bir boshdan gapirib ber-chi” deyish 

mumkin va zarur bo‘lgani holda tilimiz “Qani, avval boshdan gapirib ber-chi” deb 

jumla tuzishga kelishib qoldi. 

12. ... 


Yo‘lakay esimga kelganlari shu bo‘ldi, kimdir bu misolni yana davom ettirishi 

mumkin. 


“Avval” so‘zi allaqachon o‘zbekchalashib ketgan, gap uni tilimizdan siqib chiqarish 

haqida ketayotgani yo‘q. Aksincha, bo‘lak biron so‘z uning o‘rnini bosa olmay 

qolganidagina ishlatish kerak demoqchimiz. Tepada sanaganimiz o‘n bitta so‘z matnda 

yo nutqda kelganida har birining ikkinchisiga o‘xshamagan rangi-tusi bor. Mana 

shunaqa rang-tuslar bilan til boy hisoblanadi. Endi o‘n bitta so‘z o‘rniga bitta so‘zni 

qo‘llashga o‘tib ketsak, til bitta shu ma’noning o‘zida o‘n bir martaga 

kambag‘allashgan bo‘ladi. O‘n birovini o‘rni-o‘rni bilan faol ishlatgan taqdirimizda 

ham bordiyu bir o‘rinda “avval” so‘zisiz ishimiz bitmay qolsayu uni qo‘llasak, 

shundagina chetdan qo‘shilgan so‘zni “tilni boyityapti” desa bo‘ladi. 

Mustamlaka sharoitida tilga tegishli qonun-qoidalar mohiyatida qaram tilimizni iloji 

boricha o‘rislashtirish siyosati yotardi. Unga ko‘ra, masalan, o‘ris tilidan va o‘ris tili 

orqali Ovrupa tillaridan kirgan so‘zlar tilni boyitadi deb o‘qitishardi va, boshqa bir 

qoidaga ko‘ra, chetdan kirgan so‘zlarni egasi qanday talaffuz etsa, o‘zbek tilida ham 

aynan o‘shanday aytilishi talab etilardi. 

Haligacha shu mustamlakachi, qalbaki va xavfli “ilm” ta’siridan qutulib keta 

olmayapmiz. 

Aslida esa: 

birinchidan, tillar ichki imkoniyat (shevalar, qardosh va qarindosh til)lar hisobiga 

boyiydi, chekkadan so‘zlar chorasizlikdan kiradi va kirganlari hammasiyam tilni 

boyitavermaydi; 



Nurulloh Muhammad Raufxon

 

Bu kunlar



 

 

www.nurullohuz.com



 

367 


ikkinchidan, agar chetdan biron-bir so‘zni kiritishga majbur bo‘lib qolinsa, mezbon til 

u so‘zni o‘zining talaffuz qoidasiga moslab, ya’ni, o‘zlashtirib, “o‘zbekchalashtirib” 

qabul qiladi. Masalan, bir paytlar o‘rischa “podryad”, “arestant” so‘zlari “pudrat”, 

“ariston” deb, ajnabiycha “velosiped” so‘zi “valasapit” deb, arabcha “muslimun” so‘zi 

“musulmon” deb (va h.k.) qabul qilingani kabi. Shunday holdagina boyish haqida gapirsa 

bo‘ladi. 

Ommaviy axborot vositalarida tilni asrash, holatini yaxshilash bo‘yicha tinimsiz 

targ‘ibot-tashviqot ishlari yuritilib, har xil til o‘yinlari tashkil etib, til qayg‘usini xalq 

harakatiga aylantirib yuborsa bo‘ladi. Shunda, Olloh xohlasa, besh-olti yil ichida tilimiz 

ancha-muncha tozalanib, milliylashib, qaddini tiklab, mustaqillashib olardi. 

Tilni asrash bo‘yicha xalq harakatini tashkil qilsa bo‘lishiga yaqin kechmishdan bir 

misol: 


O‘tgan asr saksoninchi yillari “Yoshlik” jurnali tahririyatida ishlab yurgan kezlarim 

maxsus “Til sandig‘i” degan rukn ochdim. Tilimizdan va yozuvimizdan tobora tushib 

qolayotgan, kundalik muomaladan asta-sekin chiqib ketayotgan (sovet davrida “arxaik” – 

“eskirgan” degan tamg‘a bilan atay siqib chiqarilayotgan), lekin xalq tilida shevalar 

ko‘rinishida yashab turgan nodir so‘zlarni to‘plashni orzu qilgan edim. 

Xalq qo‘lladi, xatlar yog‘ilib ketdi, tanlab, jo‘rnolning har sonida e’lon qilib bordim – 

til harakati yuzaga keldi. Tesha tegmagan yuzlab so‘z topdik. Afsus, ish joyim o‘zgarib, 

niyatimni oxirigacha amalga oshira olmay qoldim, lekin sovet davrida tilimizning boyligi 

va boyish manbalarini ko‘rsatib qo‘yganimiz bugungi gaz bilan o‘lchaganda ham katta 

ijobiy hodisa bo‘ldi. 

Harholda, xalqimiz tilida hamma narsaga mustaqil ot qo‘ya bilish, hamma hodisani 

o‘zbekona ifodalay olish qobiliyati borligi ochiq bilindi va bildirildi. 

Til xalqning og‘zida yashashini, odamlar bir so‘zni aytmay qo‘ysa, til oldiniga 

kambag‘allashishi, bora-bora o‘lishini so‘zimizning boshida aytdik. 

Chindan ham, biron narsa yo hodisaga mustaqil ot qo‘ya olmagan til ojiz va 

notavondir. Ollohga shukr, o‘zbek tilimiz hozir ham juda unaqa ojiz, notavon bo‘lib 

qolgani yo‘q. Unga ilgarigi qudrati, qobiliyati eslatilsa, bir silkinib, o‘zini o‘nglab 

olishiga ishonchim komil. 

Bundan o‘n yilcha burun qishloqlarimizda juda mayda, oqish bir hashorat paydo 

bo‘lib qoldi. Bir jiyanim gap orasida uni “kepakchivin” deganday bo‘ldi. Oldin 

kepakchivinni ko‘rmagan ham, eshitmagan ham edim. Aytishicha, bu hashorat 

g‘o‘zalarga bog‘liq bir sabab bilan keyingi zamonlarda chiqqan. O‘zi kepak zarrasiday 

kichkina, ko‘zga elas-elas ko‘rinadi, tovushi ham yo‘q, lekin chaqishi chivinnikidan 

battar. Shu hashoratga hamqishloqlarim “kepakchivin” deb ot qo‘yishibdi. O‘ksik 

ko‘nglimga bir malhamday tuyuldi. Xayriyat, tilimizda narsa va hodisalarga ot qo‘yish 

qobiliyati to‘lasicha so‘nib ketmabdi! 

Demak, hali umid bor. Inshaolloh, o‘zbek tili eski layoqatini tiklaydi, o‘lmaydi. 

Yuraklarimizni yayratib, aqllarimizni shoshirib, to qiyomatgacha yashaydi. 



 

Nurulloh Muhammad Raufxon

 


Download 3.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   48   49   50   51   52   53   54   55   56




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling