Nurulloh Muhammad Raufxon Bu kunlar
Download 3.93 Mb. Pdf ko'rish
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- Bu kunlar
- “estetik-emotsional pafos”
- “Hujjatning rus tilidagi matniga qarang”
Bu kunlar
www.nurullohuz.com 352
Eng muhimi – sovet davrida siquv ostida bo‘lgan tilimiz erkka erishdi, huquq qozondi, hurriyatga chiqdi va... qonun qabul qilingan kun “Til bayrami” o‘laroq qutlanadigan bo‘ldi (keyingi zamonlarda bu “bayram” ham rasmiyatchilik uchun o‘tkazilayotgani boshqa masala). Axir, o‘zbek tili ham bir mustaqil til sifatida yashashga haqli, deyishning o‘zi ilgari o‘ta millatchilik deb baholanardi. Shu bois tilimiz haqida xos qonun (ilk talqindagisi)ning vujudga kelishi ijobiy hodisa bo‘lganini tan olishimiz kerak. Bular bugun shirin xotiralardir. So‘ngra qarshimizda asosiy masala – qonunni amalga kiritish, qo‘llash, hayotga tatbiq etish masalasi turdi (hamon turibdi). Bugungi natijaga qarab baho bersak, bu borada yildan-yilga orqaga ketsa ketilyapti, aslo olg‘a siljish yo‘q! Siljiyotgandek ko‘rinsa ham, bir qadam olg‘a, ikki qadam orqaga! Bugun til deyarli egasiz, erta yetim qolgan qo‘ziday diydirab turibdi: radio- televideniye tili borgan sari buzilib bo‘ldi; ommaviy axborot vositalari kim nimani qanday yozsa, yozib yotibdi; ko‘cha abgor: odamlar o‘zbekcha gapiryaptimi yo o‘rischaga o‘zbekcha so‘zlar qo‘shib gapiryaptimi – bilib bo‘lmay qoldi! Yuz ellik yillik o‘ris asorati davrida, hatto ochiqdan-ochiq tilimizni o‘rislashtirish siyosati yuritilgan sovet davrida ancha-muncha saqlana olgan til keyingi yigirma yil ichida keskin buzilishga uchradi. Tag‘in ham adabiyot bor, tag‘in ham yozuvchi-shoirlar bor ‒ o‘zbekchada tozaroq yozib turishibdi (Kundalik muomalada hatto adabiyotchi ham tilini ehtiyot qilmayapti, aralash tilda gapiradi). Til qonuni qabul qilingan ilk yillari o‘zbek tili hayotning hamma sohalariga faol kira boshladi. Atamashunoslik qo‘mitasi tashkil bo‘ldi. Yozuvchilar uyushmasida har kuni qizg‘in muhokamalar kechardi. Fanlar Akademiyasida katta ishlar qilindi. Yozuvchi-shoirlar shaxsiy tashabbus bilan asarlarida, o‘ris-sovet bosqini davrida unutilgan va yo unuttirilgan so‘zlarni topib-ishlatib, yangi-yangi ifodalarni muomalaga kiritdi. Xullas, tilning qadrini va qaddini tiklash bo‘yicha ommaviy bir harakat yuzaga keldi. Yuzaga keldi-yu... afsus, bu tashabbus, bu g‘ayrat yil o‘tgan sayin so‘nib, til uyg‘onishi to‘lqini tobora orqaga kaytdi. Mana, hozir o‘sha ilk qonun qabul qilinganiga 21 yil bo‘lgan bo‘lsa, kundalik hayotda bu qonunga rioya faqat orqaga ketyapti. Bu hol nimalarda ko‘rinadi? Til mavhum bir narsa emas. O‘z holicha bor bo‘lmaydi. Til asosan odamlarning og‘zida va yozuvlarda yashaydi, og‘iz va yozuvlarda hayotini davom ettiradi. Agar millat turli sabablar bilan ayrim so‘zlarini unutayotgan bo‘lsa, asta-sekin tilidan tushib qolaversa, o‘rnini “zamonaviy”mi, “madaniy”mi niqoblari ostida begona so‘zlar egallayversa, bu til oldiniga qashshoqlashib boradi, keyin, tarixda kuzatilganidek, o‘lishga qarab ketadi. Tillarning o‘lish hodisasi bor narsa. Ayrim tillarning nomini bilamiz, ayrim so‘zlari atama o‘laroq yo boshqa biron ko‘rinishda o‘zga millatlar tilida saqlanib qolgan, lekin
Nurulloh Muhammad Raufxon
www.nurullohuz.com 353
hozir u tilda gapiruvchilar yo‘q. Bir paytlar u tilda gapirgan xalq (mas., lotin, ayrim sibir va shimoliy-janubiy Amrika mahalliy xalqlari) yo‘qolib, boshqa millatlarga singib-eyilib ketgan. Bunaqangi natijadan Olloh qo‘risin. Boshqa tillar zug‘umi ostidagi kuchsiz, kichik tillar boshida shunday xavf hamisha turadi. Shu bois xavf ostidagi tilning yashab qolish uchun qarshilik harakati ayniqsa kuchliroq bo‘lishi kerak. Ozgina parvosizlik, tilni o‘z holiga tashlab qo‘yish natijasi ayanchli bo‘lishi tayin. Ollohga shukr, uzoq-yaqin davlatlarda ham yashayotgan tildoshlarimizni qo‘shsak, nufusi qirq milyon nari-berisidagi katta millatmiz. Balki bundan ko‘pdirmiz ham. Bu tilda yozilib, o‘tmishdan qolgan va hamon sevib o‘qilayotgan juda ulkan madaniy- tarixiy-adabiy meros egalarimiz biz. Ma’naviy poydevorimiz juda chuqur va kuchli. Tilimiz yo‘qolib ketmaydi, inshaolloh, ammo buzilib ketayotgani ko‘ngillarda xavotir uyg‘otadi. Biz o‘zbekistonlikmiz, mamlakatimizning oti “O‘zbekiston”, millatimizning oti “o‘zbek”, tilimizning oti “o‘zbek tili”. Shu til bor ekan, “o‘zbek xalqi”, “o‘zbek adabiyoti”, “o‘zbek madaniyati”, “o‘zbek urf-odatlari” haqida gap bo‘lishi mumkin. Demak, til masalasi shunchaki gap orasida aytib ketaveriladigan yoki yilda bir marta “Til bayrami”dagina eslanadigan kichik, mayda masala emas, davlat ahamiyatiga ega ulkan masaladir. Tilning ikki qirrasi bor: nazariy va amaliy. Boshqacha aytganda, tilshunoslik ilmi va tilning kundalik hayotda ishlatilishi. Biz atay nazariy qirrani – ilmni oldga o‘tkazdik. Aslida, hodisa sifatida tilning o‘zi til ilmidan oldinda turadi, chunki har qanday ilm-nazariya bor narsa asosida tug‘iladi. Bu yerda oldga ilmni chiqarganimiz boisi – bugun globallashuv zamonida ilm (nazariya) qattiq turmasa, tilni o‘z holiga tashlab qo‘ysa, ertaga bu til buzilib, tanib bo‘lmas holga kelsa, til ilmidan nima foyda?! Olloh ko‘rsatmasin, til yo‘qolsa, nazariya kimga kerak?! Shularni hisobga olib ilmni to‘riga o‘tkazyapmiz. To asosiy ommaning tildan foydalanish ahvoli o‘ta nochor holga tushib qolgan ayniqsa bugungi sharoitimizda tilshunoslik ilmi maydonga otilib kirsin, qaltis vaziyatga tez aralashsin, turli vositalarni qo‘llab, tilimizning boyligini, go‘zalligini, qobiliyatini saqlab qolishga bel bog‘lasin. Aks holda bizdan bolalarimizga boy va go‘zal til emas, o‘ta qashshoq, buzuq, qanaqadir qorma-qorishiq, bo‘tqa bir til qoladi. Bugun o‘zbek tilimiz chuqur ilmga, to‘g‘ri nazariyaga, va nihoyat, davlat
Mustamlakaga uchragan tagli-tugli, madaniy xalqlar o‘zligini asrab qolish uchun din, til va urf-odatlar atrofida oldingidan ham qattiqroq uyushgan bo‘ladi. Jumladan, tilini yotning yomon ta’siridan toza saqlab qolishga qattiq intiladi. O‘z-o‘zidan fitriy himoya vositalari ishga tushib ketadi. Bosqinchi tilning zug‘umidan saqlaydigan kuchli qobiliyat uyg‘onadi, yedirilib-emirilib ketmaslikning chora-tadbirlari ishlab chiqiladi. Nurulloh Muhammad Raufxon
www.nurullohuz.com 354
Sovet davlati imkonidagi bor vositani ishga solib, milliy madaniyatimizni “eskilik sarqiti” deb e’lon etib, barcha sohada o‘rislashtirish siyosatini yuritgan bo‘lsa-da, xavf darajasiga teng darajada uyg‘ongan fitriy himoya qobiliyati ishga tushib, millat tilini va urf-odatini harholda saqlab qolishga erishdi. Tilning tovush qismida va lug‘atda ancha yutqiziqlar bo‘ldi, ammo, umuman olib qaraganda, o‘ziga xosligini va boyligini asrab qolishga jon-jahdi bilan tirishdi. Natijada tilni xalqimiz ajdarho tillarga yem qilmasdan bu zamonlargacha olib o‘ta oldi. Ayniqsa, millat taqdiriga kuyunchak adiblarimiz, shoiru yozuvchilarimiz, muharrirlarimiz ijobiy ma’nodagi qaysarlik bilan tilimizning rango–rangliklarini, boyliklarini ko‘rsatib yozaverishdi. Mafkurasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, tilni asrab qolish harakatida adabiyotchilar orasida qandaydir bir fikrdoshlik, uyushqoqlik bor edi. Asarlarida turfa o‘zbekona-turkona so‘z va iboralarni qo‘llab, iloji boricha chekkadan so‘z kiritmay, kirganini ham juda kam ishlatib, tilimizni muqarrar halokatdan asrab qolishga erishishdi. Bugun nima bo‘lyapti? Bugun “mustaqil”miz, dunyo bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarga kirishdik, mamlakat darvozalari dunyoga ochildi. Ayni choqda, achinarli tomoni – tilimizning darvozasi ham katta ochib yuborildi. Holatga boqsangiz, millatda o‘z tiliga e’tibor borgan sayin pasayib ketayotganini ko‘rasiz. Ayniqsa, ko‘chada, kundalik turmushda, bozorda, maktablarda, universitetlarda, oilada, mahkamada, devonda...
Til nazariyasida bunday bir haqiqat bor: kuchli tillar qarshisida kuchsiz tillarning ayniqsa ot, sifat turkumidagi so‘zlari himoyasizdir. Ya’ni, kuchsiz tilning ot yo sifat so‘zlari birinchi galda o‘zgarishga yuz tutadi. O‘rnini darrov kuchli tilning ot va sifatlariga bo‘shatib beraqoladi. Bugun o‘zbek tilida ayni hol juda tezlashgan ravishda ko‘rinyapti. Bu tezlik va palapartishlik odamni qattiq xavotirga soladi. Ot bilan sifat bir chetda qolib, begona so‘zlardan hatto fe’llarimiz ham osongina yengilyapti! Bundan o‘n yillar burun jamoat ulovida bir xotin yosh bolasiga: “Yubkamdan derjatsa (derjatsya) qilgin!” deb “mehribonchilik” ko‘rsatayotganini eshitib, to‘g‘risi, tushkunliklarga tushib ketganman. Oddiygina qilib: “Etagimdan ushla!” demadi. Desa, yosh bolasi tushunmasmidi? Tushunmasa, uni o‘z tilini tushunmaydigan qilib qo‘ygan kim?! Holbuki, bugun ko‘chada bunaqa “til”da so‘zlash kundalik hol bo‘lib ketgan. Kattalar bugun bolasiga: “Shapkangni ol”, deyapti, “Telpagingni yoki qalpog‘ingni ol”, demayapti. Bola esa, boshidagi narsa tumoqmi, do‘ppimi, qalpoqmi yo telpakmi ekanini bilmay o‘syapti. To‘rtta o‘zbekcha so‘zni o‘rischa bitta “shapka” so‘zi yengdi!
Nurulloh Muhammad Raufxon
www.nurullohuz.com 355
Boshqacha aytganda, o‘zbek tili bittagina yot so‘z “g‘alabasi” bilan naq to‘rt barobarga kambag‘allashdi. Tilshunos olimlar til tozaligi uchun jon kuydirmaydi, davlat tilni qarovsiz, butkul o‘z holiga tashlab qo‘ygan, natijada odamlarning tili, xuddi egasiz qolgan poda kabi, yovvoyi olamga yoyilib, boshi oqqan tomonga o‘tlab ketgan: “shippak” allaqachon “tapichka”ga, “hayinchalak” (yoki “halinchalak”) “kachelya”ga aylangan, yoshlar so‘z boyligida endi “shippak”, “hayinchalak” yo‘q; bugun bir quruvchi usta bemalol, xuddi o‘z enasining tilidek, suvoqni “shtukaturka”, shayinni “uroven”, chaspakni “plintus”, shipni “potolok”... deb yotibdi, ya’ni, qurilish atamalarining deyarli hammasi o‘rischa; sport sharhlovchisi hakamni “referi”, birinchilik uchun o‘yinlarni “chempionat”, “mundiyal”, keyingi bosqich o‘yinlarni “pley-off” deyishga to‘la o‘tib oldi. O‘nbirmetrlik jarimani “penalti”, o‘yindan tashqari holatni “offsayt”, “maydondan tashqari”ni “aut”, birinchilikdagi qoloqni “autsayder”, “o‘yin boshlandi”ni, “o‘yinga start berildi” yoki “o‘yin start oldi”... demoqda; bu so‘z va iboralarning o‘zbekcha muqobillarini izlab ham ko‘rmayapti, esiga kelsa, qo‘llagisi ham yo‘q (o‘zbekcha so‘zlar bilan o‘rischa ifodada gapirishlar-ku oddiy hol bo‘lib qoldi); qassob son go‘shtini “lyashka”, dandanani “pirzola”, kurakni “lopata”, biqinni “koreyka” v.h. deya boshladi, go‘yo qassobchilik bizda ilgaridan bo‘lmagan, atamasi ila o‘rischadan yaqindagina kirib kelganday; kosib terini “koja” desa, sotuvchi ishtonni “short”, kaltasini “shortik” deydi; bog‘lar “park”, etiklar “sapog”, ko‘prik “most”, ombor “xraniliщa”, qoshiq “lojka”, ota “paxan”, ona “maxan”... bo‘lib ketganiga ancha bo‘ldi; bugun hech kim “burilish” (“muyulish”) demaydi, “povorot” deydi; bekatni “ostanovka”, dovonni “pereval”, pakkani “pyatak” (“pitak”)... deydi; shaharda yo‘l yo‘qotgan kishi duch kelgan kimsadan “Xirurgicheskiyga” yoki “Parkentskiyga qanday boradi?” deb so‘raydi. Yo‘l bilgan kishi ham: “Hov mostdan keyin o‘ngga povorot keladi, o‘shettan 17- marshrutkaga o‘tirsangiz, pryamo Parkentskiyga oboradi”, deb javob qiladi. Bunaqa qorishiq til ko‘cha uchun oddiy hol bo‘lib qolgan. Aytuvchi bilan eshituvchining tili bir xil, bir-birining gapini oson tushunadi. Bordiyu adashib ketib siz yo‘liqib qolsangiz va millatparvarligingiz tutib ketib: “Hov ko‘prikdan keyin o‘ngga muyulish keladi, o‘sha yerdan 17-yo‘nalishli aravaga o‘tirsangiz, to‘ppa- to‘g‘ri Parket bozoriga eltadi”, desangiz, eshituvchi bir dovdirab oladi. Yarim gapingizni tushunmaydi, hatto qaytadan so‘rashi mumkin. Nimaga shunaqa bo‘lib qoldi? Chunki tug‘ilganida chaqalog‘ini ona “ninni”, “jiji” yoki “jujuq” deb suymagan, “lya-lya” deb suygan. “Lya-lya”lar katta bo‘lganidan keyin biz bugun eshitib turgan bo‘tqa tilda gapiradi-da! Afsus, ahvolimiz shu. Nurulloh Muhammad Raufxon
www.nurullohuz.com 356
Tilimiz hovlisiga birdan begona “sekuriti” degan olifta so‘z kirib keldi. Ruxsat so‘ramasdan. Devor oshib. Qorovullarning maxsus kiyimi orqasiga “sekuriti” deb yozib qo‘yiladigan bo‘ldi. Lotincha imloda bundan ham “zamonaviy”, “chiroyli”, “ovrupacha” bo‘lib ko‘rinadi: SECURITY! “Qorovul” qayoqqa ketdi? Qaridimi? Munkillab qoldimi? Ko‘zimizga xunuk ko‘rindimi? “Qorovul” so‘zining gunohi nima? Nimasi xunuk? Qari bo‘lsa ham, u o‘zimizning so‘z-ku! Aslida, hech ham xunuk emas. O‘zbekona-turkona “qorovul” nihoyatda chiroyli so‘z. Shunday chiroyli so‘z turganida kimlar va nimaga “qorovul”ni siqib chiqardi, o‘rniga “sekuriti”ni singdiryapti? Shu ma’noni beradigan o‘z so‘zimiz bo‘lmasa ekan, begonasi tilimizga chorasizlikdan olib kirilsa! So‘zimiz bor va biz bu kasbni o‘rni bilan “qorovul”, o‘rni bilan “qo‘riqchi” yo “qo‘rima” deymiz! Xuddi shuningdek, “yig‘ilish raisi” bir yumalab “moderator”ga, “spiker”ga aylandi! Yaqin-yaqinlargacha yig‘ilish orasida o‘zbekona “bir piyola choy” tashkil etilardi, endi “bir piyola choy” qoloqlik bo‘lib ko‘rindimi, “kofe breyk” bo‘lib qoldi! Taraqqiy qilgan millatlarga qoloq bo‘lib ko‘rinmaylik-da! Har sohada G‘arbga taqlid! Tilni g‘arblashtirish – g‘ariblashtirishdir!
Ilmda Ko‘cha ko‘cha-da, ko‘chaning og‘zini boshqarib bo‘lmaydi, desak, tuppa-tuzuk ziyolilar ham tiliga parvosiz. Bugun adabiyotshunos olim “ilmi”ni rangli ko‘rsatish uchunmi (aslida, ilmsizligini niqoblash uchun) ikki gapning birida, masalan, “estetik-emotsional pafos” kabi birnimalarni yozib ensalarni qotiradi. Tilshunos “olim”ning ilmiy ishi yo maqolasini esa umuman o‘qib bo‘lmaydi: har satrida bir “lingvistik analiz”, har betida o‘nlab “nokategorial”, “funksiya”, “morfema”, “affiks”, “suffiks”, “prefiks”... Mana bu ”ilmiy” jumlalarni o‘qib ko‘ring: “Bugungi kunda predikativlikni predikatning sub’ekt bilan munosabati sifatida emas, balki predikatdan anglashilgan mazmunning ob’ektiv voqelikka munosabati sifatida tushunish...”; “Sub’ekt ega orqali, predikat esa kesim orqali ifodalanadi. Sub’ekt-predikat strukturani ifoda etgan ega bilan kesim gapning struktur asosi...” 245
; “Hozirgi o‘zbek tilida ayrim lingvistik birliklar borki, ular polufunksional xususiyatga ega. Polufunksionallik tilning barcha sathiga xos universal hodisa.
birlamchi va ikkilamchi funksiya tushunchasi bilan uzviy bog‘liq” 246 .
245 “O’zbek tili va adabiyoti” jurnali, 2009 yil 2-son 37-betidan. 246 Shu manba, 67-bet. Nurulloh Muhammad Raufxon
www.nurullohuz.com 357
Bu xil “ilm”dan nimani tushunib bo‘ladi? Hech nimani! “Tilshunos olim” asli til tozaligi va boyligi uchun qayg‘uradigan odammi yo tilni buzish yo‘llarini o‘rgatadigan buzg‘unchimi? Qattiq tegib ketsa ham aytamiz: o‘zbek tilini eng ko‘p tilshunos “olim”lar
adabiyotshunosu o‘zini “tilshunos olim” hisoblab kekkayib yuradigan “olimcha”lar bo‘lib chiqadi! Bor holatga qarab yana ham ochiqroq aytsak, bugungi o‘zbek tilshunosligining tili o‘zbekcha emas! Nafaqat tili, fikrlash tarzi ham, nazariyasi ham, usuli va uslubi ham, yondashish yo‘riqlari ham o‘zbekcha emas! O‘zbek tilshunoslari o‘zbek tilini yetti yot begona qoliplarga solib o‘rganishning natijasi bu! To milliy tilshunoslik ilmi yaratilmas ekan, holimiz ayanchli bo‘lib qolaveradi. O‘zbek tilshunosligi G‘arb va o‘ris tilshunosligi mustamlakasi ostidan chiqa olmayapti, bu qulligi (bog‘liqligi) kundan-kunga, yildan-yilga kuchayib bormoqda! Tilshunos va adabiyotshunoslarimizning “ilmiy” maqola va kitoblarini erinmay varaqlab chiqing – bu da’vomizga istagancha dalil-isbot topiladi. Tilni eng sevuvchi va til qorovuli bo‘lishi lozim bo‘lganlar o‘zi birinchilardan bo‘lib tilni buzib tursa, mashhur maqoldagi hol kabi, dodimizni kimga aytamiz?! Misollarni atay “O‘zbek tili va adabiyoti” jo‘rnolidan oldim, shunchalik. Agar texnikaga yo tibbiyotga tegishli yoki aniq fanlarga oid adabiyotni titkilaganimizda qay holga duch kelardik – tasavvur qilib olaveringlar! Ixtiyorsiz, qo‘l yoqaga boradi. Yo tavba, xuddi begona so‘zlarda qanaqadir boshqacha ma’no, boshqacha go‘zallik borday yopishamiz ularga! Hech qanaqa qo‘shimcha ma’no yo sir yo chiroy yo‘q bu so‘zlarda! Faqat, millatimiz ajnabiy (ayniqsa Ovrupa) millatlari qarshisida o‘zini kichik ko‘rayotganidek, tilimiz ham ajnabiy (ayniqsa Ovrupa) tillari qarshisida o‘zini juda kichik ko‘ryapti, jodulanib qolgan go‘yo. O‘z tilimizga ishonchsizlik tuyg‘usi shundan tug‘ilgan. Demak, umumiy ahvolimiz yaxshi emas. Tilning o‘zini o‘zi saqlash qobiliyati tobora pasayib ketyapti. Bu qobiliyat kuchli bo‘lganida edi, millat tilini boshqalardan qizg‘anardi, chetdan kiradigan so‘zlarga eng birinchi galda o‘zi to‘siq qo‘yardi, tili taqdirini aslo o‘z holiga tashlamas edi. Biz uncha-muncha emas, dunyodagi millatdoshlarimizni ham qo‘shib hisoblaganda, nufusi qirq milyon atrofidagi katta xalqmiz va o‘zbek tili shu katta xalqning tili. Tilimizga qayg‘ursak, tozaligini, qadrini va yuksalishini o‘ylasak, milliy sha’nimizni, g‘ururimizni o‘ylagan bo‘lamiz. Til, adabiyot qorovulsiz yo egasiz qolsa, milliy madaniyat va ma’naviyatimiz o‘zakdan chiriy boshlashi hech gap emas, Olloh asrasin. Ya’ni, tilimiz palapartish va surbetlarcha bostirib kirib kelayotgan yot so‘zlar hisobiga aynib-qashshoqlashib ketaversa, bolalarimizga bizdan qanaqa til qoladi va ular o‘zlarini qaysi til egasi deb bilishadi? Nurulloh Muhammad Raufxon
www.nurullohuz.com 358
Biz “ichkari” deganda eng quyi boshqaruv idorasidan tortib to Devongacha bo‘lgan rasmiy doiralarni nazarda tutyapmiz. Til to‘g‘risidagi ilk qonunda hamma soha to‘lasicha o‘zbekchaga o‘tishi, hatto o‘ristilli xalqlar ham (ayniqsa boshliqlar) sakkiz yil ichida o‘zbekchani o‘rganib olishi lozimligi belgilab qo‘yilgan edi. Ular o‘zbekchani o‘rganishlari tugul, o‘zimiznikilar o‘rischaga qaytib ketishdi. Davlat hujjatlari, qonunlar, ko‘rsatmalar, kodekslar... lardan tortib mamlakatdagi ishxonalararo shartnomayu xatlargacha hamon o‘ris tilida yozilmoqda, tuzilmoqda. Muhim hujjatlar hammasi oldin o‘ris tilida yaratiladi, keyin o‘zbekchaga tarjima qilinadi. Xuddi sovet davridagidek. O‘zbekcha nusxasining tagiga yo tepasiga “Agar tushunilishda qarama-qarshilik yo ikkilanish yuzaga kelsa, o‘rischasi ustuvor” deb qayd etib qo‘yiladi! Hatto Asosiy Qonunimiz – Konstitutsiya birinchi betiga ilk 1992 yil 8 dekabir nusxasidan to eng oxirgi 2011 yil 18 aprel nusxasigacha hammasining tepasiga oq qog‘ozga qora harflar bilan “Hujjatning rus tilidagi matniga qarang” deb qo‘yilgan. Bu nima degani? O‘zbek tilining qadri, qiymati, obro‘yi, qobiliyati o‘ris tilidan past deyilmoqchi. Demak, O‘zbekistonda hamon o‘ris tili asosiy til ekan! Shundan keyin ham o‘zbek tilini mustaqil til deb, “Davlat tili” deb bo‘ladimi?! Baliq – boshidan... Tilga Bosh bunaqa munosabatda bo‘lib turganidan keyin ko‘chaning nimasidan xafa bo‘lamiz?! O‘zbekistonda “bosh” tomonlarda tilga e’tibor susayib ketganini ilg‘agan “ko‘cha” tiliga erk berib yubordi – og‘ziga kelganini qaytarmay, deganini deb yotibdi. Milliy g‘urur, tilga kuyunchaklik qolmadi hisob. Bir gavjum ko‘chaga kiring-da, erinmasdan narigi boshigacha boring. Ikki chekkasidagi yozuvlarni diqqat bilan o‘qib chiqing. Tilga kuyunchak odam bo‘lsangiz, yuragingizni g‘ijimlab qolasiz: ajab, O‘zbekistondamanmi yoki bironta Ovrupa mamlakatiga borib qoldimmi deb o‘ylashingiz tayin. Chunki deyarli hammasi inglizcha va yo o‘rischa so‘zlar! Toshkentning yangi shahar qismini-ku qo‘yavering, hatto eski shahar qismida ham 70 – 80 foiz peshtoq yozuvi o‘zbekcha emas. “Nega?! – deb yuborasiz vijdoningiz bo‘lsa. – O‘zbek tilimizning kuchi yo‘qmi?! Til to‘g‘risidagi qonun qani, nimaga u ishlamayapti?! Qonun himoyachilari nimaga bu holga parvo qilishmayapti?! Tilshunoslar qayoqqa qarayapti?! Davlat-chi?!.” Tilni odamlar buzsa, davlatmi aybli, deydiganlar ham chiqib qoladi. Nimaga aybli bo‘lmasin: biri do‘konning, biri firmaning, boshqa biri yana qanaqadir muassasaning oti bo‘lgan u yozuvlarni ro‘yxatdan kim o‘tkazdi?
Nurulloh Muhammad Raufxon
www.nurullohuz.com 359
Albatta, davlat! Davlat ro‘yxatidan o‘tayotganida, ularga guvohnoma berilayotganida o‘zbek tilimiz “Davlat tili” maqomida ekanini hisobga olgan holda rasmiylashtirilishi kerak edi. Parvosiz bo‘lindimi, demak, qonun ishlamayapti – qog‘ozda qolib ketgan va bir yilda bir marta bayram o‘tkazishda eslanyapti, xolos! Qolaversa, tele-radiolarda jumladan tilning jiddiy muammolari haqida gapirilmaydi- gapirtirilmaydi, chinakam ilmiy munozaralar yo‘q hisobi, ilm-ma’rifat orqaga surib tashlangan, oldinda faqat o‘yin-kulgi, shilta kliplar javlon uryapti. Xalqqa sportchi bilan o‘yinchining hayoti ibrat qilib ko‘rsatilyapti, yoshlar faqat sportgayu ashulachilikka targ‘ib etib yotilibdi. Bu hollar kimdan so‘raladi? Albatta, mafkurani to‘la tizginida ushlab turgan davlatdan! Ism-familiyalar o‘ris-sovet zamonida qanday yozilgan bo‘lsa, shundayicha saqlab qolindi. Ilk pasport almashtirish chog‘i ham, yaqinda biopasport joriy etilganida ham familiyalardagi “...ov”, “...ev”larni o‘chirib tashlab, toza o‘zbekchaga qaytish haqida lom-mim deyilmadi. O‘zbekchalashtirish tugul, o‘ris-sovet zamonida o‘zbekcha ifodani buzib, o‘rischa talaffuzga moslab yozilgan ism-familiyalar ham o‘zgartirilmadi, imlo xatolari tuzatilmadi 247 . “Ibrohim” “Ibragim” bo‘lib ketganicha yotibdi, “Xo‘jayev”ni o‘rislar “Xodjayev” deb, “Oripov”ni “Aripov”, “Yo‘ldosh”ni “Yuldash”, “Hojimuhammad”ni “Xodjimuxamed” deb yozar edi, “mustaqil” O‘zbekiston ham bu xatoni, xato ne, haqoratni shundayicha qabul qildi! Achinarlisi, ismlari buzuq yozilgan kimsalarning o‘zlari ham to‘g‘rilab yozishga intilmaydi. “Aslida bunday bo‘ladi”, deb to‘g‘rilab qo‘ysangiz, “Pasportimda shunaqa yozilgan”, deb yana xatolab oladi...
Nashriyot sohasida ishlaganim uchun bu soha “tili”dan bir-ikki misol keltiray. Bitta xususiy bosmaxona ochilsa, qarang, bugun nima deb atalyapti: “Poligraf print”, “Ofset print”, “Yurida print” va hokazo... Nega endi “poligraf” va nega “print” bo‘lishi kerak? “Print” bor-yo‘g‘i “bosma” degani. Nega o‘zimizning tilda, masalan, “Toshbosma” yoki “Nilufar bosmaxonasi” deyolmaymiz? Ajnabiychasi chiroyli-yu, o‘zbekcha otlar shu qadar xunuk ko‘rinib qoldimi?! “Mustaqillik”dan keyin do‘konlar birdaniga “market”, “supermarket” bo‘lib ketdi. Nega endi “market”? Nimaga “supermarket”? “Super” degani qaysidir tilda “katta” degani, u tilning qoshi qorami, mening sho‘rlik tilimning aybi nima, nimaga men “katta do‘kon” deyolmayman?! Tarjima qilganday “katta do‘kon” deyishim ham shart emas, bironta o‘zbekona ot qo‘ya olmaymanmi?!
247 Sovetning oxirgi damlari va “mustaqillik”ning ilk yillari tug‘ilgan bolalarimga o‘rischa “...ov”, ...ova”lardan qochib, otlarini “Falonchi Pismadonchi qizi” (yoki: o‘g‘li) deb o‘zbekona shaklda yozdirgan edim, yaqinda biopasportga almashtirish chog‘i o‘rischa shaklini tiklattirishdi (2013-2014). |
ma'muriyatiga murojaat qiling