O‗zbek mumtoz adabiyotining shakllanishi va taraqqiyot bosqichlari, asosiy yo‗nalishlari
TASAVVUFDA HOL VA FANO TUSHUNCHALARI
Download 0.86 Mb. Pdf ko'rish
|
tasavvuf
TASAVVUFDA HOL VA FANO TUSHUNCHALARI Maqom – manzil, marhala, ma‘naviy mavqe, martaba, to‗xtam. Qushayriyning aytishicha, maqom qulning takror asosida sifat holiga yetkazgani odob va axloqdir. Maqomga riyozat, mujohada ila erishilur. Najmiddin Kubroga ko‗ra, «maqom yo‗lchilik horg‗inlgidan qutulmoq uchun istirohat va qo‗noqlamoqdir… Hol qushning ikki qanoti, maqom esa uning uyasi yanglig‗dir». Tavba, vara‘, zuhd, faqr, sabr, tavakkul, rizo – bular tariqat maqomlari. Tavba maqomi talablarini to‗la bajarmasdan vara‘ maqomiga erishib bo‗lmaydi. Xuddi shuningdek, keyingi maqomlarda ham biridan ikkinchisiga o‗tish ayni tartibda davom etadi. Hol-holat – ahvol, holat, vaziyat, ayni paytda vaqt, zamon. Muayyan damda tug‗ilib, so‗ng o‗tib ketadigan his-tuyg‗u, hayajon, ehtiros, shavq, zuhur, vajd, haybat, huzur kabi hollardir. Hol haq tuhfasi va hadyasi erur. Shuning uchun hol insonning irodasi va harakatiga tobe emas. Abu nasr sarroj holni «lahzada tug‗ilib, qalbda rizo, tafviz va shunga o‗xshash sifatlarni muqimlashtiradigan ahvoldir», deydi. Abdulkarim qushayriyga ko‗ra, «hol qulning (haq oshig‗ining) qasdi, jalb aylash tashabbusi, erishish istagisiz qalbda paydo etiladigan nash‘a-huzun, shodlik-qayg‗u, haybat-hayajon singari ma‘nolar erur». Ko‗ngli zarif, ruhi latif, axloqi go‗zal, ma‘naviy hayoti mukammal haqning sodiq qullariga «hol sohiblari» deyilgan. Ulardan bir qismi holiga mahkum – talvin sohiblari, yana boshqa bir toifalari holiga hokim – sahv va tamkin vakillari bo‗lganlar. Ba‘zi so‗fiylar hollar doimiy va boqiy bo‗ladi, agar shunday bo‗lmasa, ularga lavoih va bavodih nomi berilur, degan fikrda bo‗lganlar. Lavoih va bavodih sohibi esa tasavvufiy hollarini topmagan va holda kamolga yetisha bilmagan kishi demakdir. Hol lahzada tug‗ilib, tez fursatda g‗oyib bo‗ladi, deguvchilarga nisbatan uning sobit qolishiga ishonuvchilarning soni ko‗pdir. Shularning qarashlarini yoqlab, qushayriy bunday deb yozganlar: «hollarning ma‘nosi (hol) bir kimsa uchun shirb (mashrab, maqom) vaziyatida kelur-da, u kimsa shu maqomda tarbiya etilur. Lekin bu vaziyatda bo‗lgan hol sohibining tavoriq nomini olgan va shirb holatiga yetgan hollaridan ziyod davom etmagan ikkinchi darajali bir talay hollari ham bordir». Biroq, shunga qaramasdan, tavoriq tufayli so‗fiy yanada ustun va «abadiy yuksalish holatiga ega bo‗lur». Xafv, rajo, huzun, muroqaba, ubudiyat, istiqomat, sidq, hay, hurriyat – bular tasavvufiy hollarga (ularning bir qismiga) berilgan nomlar. Lekin hol tasavvufdagi shunday g‗aroyib holat va xilma-xil ma‘naviy, ruhiy-psixologik hodisaki, uning barcha shakl va ko‗rinishlarini nomlash yoki ta‘riflashga imkon bo‗lmagan, albatta. Masalan, solik uns va bast holidan baland ko‗tarilganida borlig‗idan qush saslari eshitiladigan bir holatga yetishar ekan. Buni najmiddin kubro hikoyatidan bilish mumkin. Holni beradigan ham, oladigan ham alloh bo‗lganligi uchun so‗fiylar uni «muhavvilul ahvol», «muqallibul qulub», deyishgan. Tasavvufdagi sayru suluk yo‗li – bir qancha ilohiy-ruhiy, ma‘naviy-axloqiy bosqich, manzil va maydonlarni bosib o‗tish demak. Xoja abdullo ansoriy hazratlari «yuz maydon» nomli risolasining muqaddimasida haq oshig‗i va ma‘shuqi azal o‗rtasidagi «oshnolikdan to do‗stlikkacha» bo‗lgan «chegara»ni ming maqom, «ogohlikdan begunohlikkacha» bo‗lgan «masofa»ni ming manzil sifatida ta‘kidlaydi. Va bularning barchasi yuz maydondan tarkib topishini aytadi. Solik kechib o‗tmog‗i zarur bo‗lgan bu yuz maydon tavbadan boshlanib, baqo maydoni bilan nihoyasiga yetadi. Lekin tasavvufda ishq va ma‘naviy komillik yo‗li to‗rt katta bosqichga ajratilganki, bular: shariat, tariqat, ma‘rifat va haqiqatdan iborat. Abdullo ansoriyning e‘tirofi bo‗yicha, «shariat hamma haqiqatdur, haqiqat hamma shariat erur va haqiqatning binosi shu shariatda». Mavlono Jaloliddin Rumiy «Masnaviy»ning muqaddimasida yozadi: «shariat shamga o‗xshar, yo‗l qo‗rsatar. Ammo qo‗lga olmoq bilan shamning yo‗li ochilmas. Yo‗lga tushdingmi, bu yurishing tariqat erur, maqsadga erishdingmi – bu haqiqat… shariat bilimdir. Tariqat – tutmoq. Haqiqat – tangriga yetishmak». Shariat faqat bilim emas, qonun hamdir. Qalb va vujud ayni shu qonun ila tarbiyalanadi. Mana shuning uchun ham tasavvufga yuz burish – din va shariat ilmini chuqur egallashdan boshlangandir. Junayd Bag‗dodiy demish: shayxim sarri saqatiy bir kun menga shunday savol berdi: - sen mening yonimdan chiqib, kimning majlisiga borursen? - Horis al-muhosibiyning majlisiga borurmen, - dedim. - ko‗p yaxshi, uning majlisig‗a borg‗il, ilm va odobidan bahramand bo‗lg‗il. Faqat sen uning kalom haqidagi fikrlari va kalomchilarga qarshi hujumlariga qo‗shilma. Men shayximdan bu so‗zlarni eshitib bo‗lgach, ketishga chog‗landim. Shunda u yana bunday dedi: - alloh eng aavlo seni hadis ilmi ila nurlantirsin, so‗ngra so‗fiylikni nasib aylasin. Avval so‗fiy, so‗ngra hadis bilguvchi etmasin. Yuqorida aytilganidek, tariqatning ilk maqomi tavba. Tavba – soliklar yo‗lining boshlang‗ichi, xato va gunohlardan poklanishning bosh chorasi va muridlarni barcha shubhali narsalardan muhofaza etuvchi bir «qalqon»dir. Tavbaning ma‘nosi – gunoh va tuban axloqiy sifatlarning insonni allohdan yiroqlashtiruvchi tahlikali narsa ekanligini bilmoq. Bunda g‗aflat va gumrohlik zulmatlaridan aql nuri ila qutulmoq talab etiladi. Tavba tarixi, bevosita, odam ato taqdiri bilan bog‗lanadigan juda uzoq tarixdir. Chunki tavba dardi bilan yongan va tavbasi qabul qilingan birinchi kishi odam ato edi. Rivoyatga ko‗ra, olloh taolo odam alayhissalomning tavbasini qabul aylagach, malaklar uni qutlashga keladi. Jabroil ila mikoil unga: «ey odam, olloh tavbangni qabul etdi. Endi bundan buyog‗i huzurga erishding», - deyishibdi. «ey jabroil, - debdi odam ato, - bu tavbadan so‗ngra bir savol-javob bo‗lsa, manim holim ne kechar?». Shunda alloh taolo unga shunday vahiy aylabdi: «eyo odam, zurriyotingga to‗rt zahmat va mehnat keltirding. Shuningdek, tavbani ham ularga meros etding. Sening duoingni ijobat qilganim singari ularning ham menga munojotlarini ijobat etarman. Zero, men da‘vatga ijobat etuvchi bir yaqinman. Tavbakorlarning ham barcha talab va duolarini qabul qilurmen». Dinda bo‗lganidek, tasavvufda ham tavbaning fikriy-axloqiy zamini qur‘oni karimdadir. Sulaymon boqirg‗oniy qur‘on oyatlaridagi tavbaga doir fikr va talablarga tayanib mana nima deb yozgan edi: Tavba qilib haqg‗a yong‗on oshiqlarga, Uchmox ichra to‗rt ariqda sharbati bor. Tavba qilmay haqdin yong‗on g‗ofillarga Tor lahadda qattig‗ azob hasrati bor. Tavba qilg‗on oshiqlarga nur yog‗ilur, Tuni-kuni sobir tursa, ko‗ngli yorir… Tavbaning arkoni uchta: birinchisi, dil-dildan pushaymonlik, ikkinchisi, tildagi uzr va keyingisi, yomonliklardan xalos bo‗lib, yomonlar va munofiqlardan aloqani uzmoq. Hukamolardan birining qayd etishicha, «kimda-kim pushaymonlikka yetmasdan avval istig‗for etsa, bilmasdan alloh ila istihzo etish demakdir». Ammo samimiy va haqiqiy istig‗for tez yoki oson erishiladigan ish emas. Shu ma‘noda robiya al-adaviyaning so‗zlari e‘tiborga molik: «bizning istig‗forimiz, yana bir qancha istig‗forga muhtojdir. Ya‘ni istig‗forimizning falokatidan xalos bo‗lmoq uchun yana bir necha marotaba tavba etishga majburmiz…» Haqiqiy tavbakorlar – mahzunlikdan kuch, siniqlikdan butunlik, taslimiyatdan zafar topguvchilar. Ular tavbani tavbasizlikka qarshi qo‗yishar ekan, to‗g‗rilikni kashfu karomat maqomiga yetkazganlar. «allohning shunday qullari borki, - deydi zunnun misriy, - ular gunoh daraxtlarini ko‗z o‗nglarida o‗stirib, tavba yoshlari ila ularni sug‗orurlar. Bundan pushaymonlik va mahzunlik maydonga kelur». Tavba tuyg‗usi kuchaygan sayin, insonning o‗ziga tanqidiy munosabati ortadi. Gunoh va gumrohliklarini tark etmasdan tavba ostonasiga odim tashlamaydi. Zero, gunohning «tarixi» – hamisha o‗tmish va kechmishdir. Shu bois tavba – yo‗l qo‗yilgan xato va sodir etilgan gunohlardan nadomat chekishni shart qilib qo‗yadi. Bu esa ayni paytda qilinajak yoki bo‗lajak xatolarning oldini olish chorasi hamdir. Tavbaga suyangan, tavbani go‗zal axloqni kamol toptirish chorasi deb bilgan odam hech vaqt umidsizlikka erk bermaydi,jaholat chohiga qulamaydi. Chunki u fosiqlar – fisqu fujurdan, nodonlar – g‗aflatdan, zolimlar – zulmu zo‗ravonlikdan, har turli olchoqlar – tamagirlikdan tavba etishganda bu dunyoning ishlari nechog‗li yaxshilanib, ilgarilashini chuqur fahmlaydi. U xudbinlikdan botinan tavba qilib, «yomonlikdan hazar qilmoq avomning tavbasi, o‗zidan o‗zligin poklash xoslar tavbasi» ekanligiga zarracha shubhalanmaydi. Tasavvufiy kitoblarda yana uch turli tavbadan bahs etilgan. Bular – tavbai kufr, ya‘ni kufrdan qaytmoq. Tavbai fasoq – yomon so‗z, yomon ishlardan kechmoq. Haqdan o‗zga hammasidan qaytish – bu komillar va avliyolar tavbasi. Alisher navoiyning «nasoyim ul-muhabbat» asarida hishom binni abdulloh otlig‗ so‗fiy hayotidan bir voqea naql etilgan: «…hishomg‗a vahshate va haybate yetishtikim, bir yil namozdin qoldi va el ani takfir qilurlar erdi. Bu xabar masjidi jomye mashoyixig‗a yetti. Barcha aning qoshig‗a bordilar va ibni sa‘doni muhaddis ham birga erdilar. Andin so‗rdikim, meni tonurmisen? Dedi: ibn sa‘donsen. Dedi: nevchun namoz qilmassen? Dedi: manga bir necha xastalik yuzlanur va namozg‗a mone‘ bo‗lur. Dedikim: qanday kasallik? Ul javob bermadi. Shayx abu abdulloh hafifdan so‗rdilarki, sabab ne erdiki, hishom namoz o‗qimas erdi. Dediki, g‗ayb mutolaasi qilur erdi. G‗ayb hayoti anga g‗olib bo‗ldi. Hayrat maqomig‗a tushdi va zohir a‘molidin o‗zni chetga tortdi. Bir kun mashoyih hishomga dedilarki, eshitibbizki, sen mushohadag‗a mushg‗ulsen. Har kim munga qoyil qolsa, tavba qilmoq kerak yo ani adab qilmoq kerak. Hishom dedi: «manga tavba talqin qiling». Talqin qildilar. Yanagi kun mashoyix qoshig‗a kelib dedikim, ogoh bo‗lingkim, men tunov kun qilg‗an tavbadan tavba qildim. Mashoyix qo‗pub, ani sudrab, masjidi jome‘dan chiqardilar». Tolib va soliklar sodir bo‗lmish kechagi gunohlari uchun tavba-tazarru etishgan. Zohidlar – o‗tayotgan ayni kunlari uchun. Orif va so‗fiylar esa ham bu duny, ham nariga dunyo uchun tavba qilganlar. Zohid va obidlar tavba qilishib, jannat baxti, jannat rohatini ko‗zlashgan. So‗fiy va orif zotlar alloh ishqi va visoli matlabida hamma narsadan umid uzishgan. Ular o‗zlikdan kechgan yo‗lchidirki, shuning uchun orif va anbiyoga tavba ehtiyoji yo‗qdir. Aks holda «man»likning mavjudligi e‘tirof etilgan. Hishom binni abdullohning «tavbadan tavba qildim», deyishining tub sababi ana shu. Alisher navoiy ruboiylaridan birida: Gar qilsa kishi qilib gunohe tavba, Ul jurmg‗a bo‗lsa uzrxohi tavba. Qilmak necha jurmu gunohe tavba, Bu jurm ila tavbadin, ilohi, tavba, - Deganda ham ayni shu haqiqatni yoqlagan. Xullas, «tavba – haqdan najot tilash vaqti kelgani, badanning nafsga tobe bo‗lishni tark etganidir». Bu vaqt – shubha va gumon bulutlarining tarqalish, tama va harom eshiklarining yopilish vaqti. Bu – takabbarlikdan seskanish, shaytoniy hayotdan kechish va g‗aflatdan uzoqlashishning muqarrarlashuvi. Bu – tasodifan emas, balki aniq bir sabab va kuchli ruhoniy ehtiyojdan tug‗ilijak yuksak holat erur. Tavbaning xosiyati behisob. Bunda uning parhezkorlik va taqvodorlik holiga keng yo‗l ochishini eslatish lozim. Chunki vara‘ maqomini egallashni istagan kishi, albatta, tilini g‗iybatdan poklashi, uyatsizlikning har qanday ko‗rinishidan, albatta, qochishi shart bo‗lgan. Shuningdek, ko‗zni haromdan tiyish, dil va til to‗g‗riligiga mutlaq sodiqlik, nafsu havoga berilmaslik, ilm va ma‘rifatga intilish – bular ham vara‘ sohibining zimmasidagi axloqiy majburiyatlar sanaladi. Haq ahlining inonch-e‘tiqodiga ko‗ra, nafsoniy hayotdagi ko‗p ishlardan kechikish yoki ularni kechiktirish mumkin. Ammo tavbakorlikdan kechikmaslik kerak. Luqmoni hakimning o‗g‗liga nasihat tarzida aytilgan quyidagi so‗zlari ham, aslida tavbani kechiktirmaslikka da‘vatdir: «o‗g‗lim, tavbani kechiktirma. Chunki o‗lim kutilmaganda kelur. Keyin tavba qilurman degan ikki katta tahlika o‗rtasida qolur. Birinchisi, gunoh qilib, gunohga cho‗ka-cho‗ka qalbi qorayar va bu tabiiy bir holatga aylanib, boshqa hech payt poklana olmaydigan bo‗lur. Ikkinchisi, xastalik va o‗limning tezlashuvidirki, qalbning poklanishiga fursat bermas. Shuning uchun xabarda, «jahannam ahli azoblarining ko‗pi tavbaning kechikishidandir», - deyilgan. Tasavvuf tarixi – ma‘lum bir ma‘noda, tavba va istig‗for tarixi. Tavba va tavbakorlik – tasavvufiy axloqning tamalini belgilaydi. Buni bilgan, tushungan kishi nadomat va pushaymonlik besamar ish emasligiga oson iqror bo‗ladi. Axir, tavbada sabrning shukuhi, tavozening halovati, hilmning latofati mujassam. Tavbadan tug‗ilijak xotirjamlik – zaminday vazmin, osmonday daxlsiz va hech bir tahlika yoki qo‗rquv o‗tkaza olmaydigan xotirjamlik. Allohga muhabbat ehtiyojidan yuzaga kelgan tavba tafakkur, ma‘rifat va muroqabaning yuksalishiga hamisha ijobiy ta‘sir o‗tkazgan. Ahmad yassaviyning «tavbasizlar bu dunyodan kechmas bo‗lur», degan so‗zlarida dunyoparastlik va moddiy dunyoga qullik kulfati juda aniq ta‘riflangandir. Darhaqiqat, so‗fiylikda bilim va ma‘rifat, eng avvalo, tavba ziyosidan qaynog‗langan. Shuning uchun kibr, manmanlik, tangdillik, hosidlik, riyokorlik tasavvuf dunyosidan xorijdagi illatlardir. Aksariyat tariqat arboblari uchun tavba o‗ziga xos bir to‗xtam joyi. Ulardagi yangi ruhoniy hayot va sayri suluk yo‗li ana shu joydan boshlanadi. Naqlga ko‗ra, Abdulloh Muborak bir kanizak ishqiga mubtalo bo‗libdi. Va bir qish kechasi tong otguncha ma‘shuqa devori oldida o‗tiribdi. Ustiga esa qor yog‗averibdi. Biroq u hech nimani sezmabdi. Vaqtida namoz o‗qish ham xotirdan ko‗tarilibdi. Kun yorishgach u o‗z holini idrok aylab, o‗ziga o‗zi debdi: «ey muborakning nomuborak o‗g‗li, uyat senga, agar imom namozda biror surani uzunroq qiroat qilsa, toriqib telbalanasan. Lekin o‗zing nafsing havosi uchun mundog‗ azob tortarsenki, qiyinchiligidan xabaring yo‗qtur». Dili bu g‗ussadan vayron bo‗lgan abdulloh muborak barcha ishdan tavba qilib tariqatga yuz burgan ekan. Abu usmon mag‗ribiyning tavbasiga daxldor voqea bundan-da g‗aroyib. Mag‗ribiyning hikoya qilishicha, uning bir iti bo‗lib, u bilan jazoirda ov qilib yurgan ekan. Bir yog‗och kosada esa doimo sut solib icharkan. Kunlardan birida odatdagidek shu kosadan sut ichmoqchi bo‗libdi. Shunda it iztirob ila g‗inshiy boshlabdi. Kosani yerga qo‗yibdi. So‗ng yana sutni ichmoq uchun uni qo‗lga olibdi. Bu gal it yana hurib, unga hamla qilishga o‗tibdi. Kosa yana yerga qo‗yilibdi. Xullas, bu ish yana ikki marotaba takrorlanibdi. Oxiri idishdagi sutni it ichgan ekan, zum o‗tmay shishib, yiqilib o‗libdi. Ma‘lum bo‗lishicha, sutni ichgan ilaon unga zahrini to‗kkan ekan. «itdin ul vafo ko‗rgachki, o‗zin manga fido qildi, qiladurg‗onlardin tavba qilib, bu tariqni ixtiyor qildim», - deydi mag‗ribiy. Tariqat sohiblari hayoti va kashfu karomatlari yoritilgan risola yoki manoqiblarda budnday misollarni ko‗p uchratish mumkin. Va ularning deyarli barchasida «tavba – baxtsizlik yo‗lining oxiri, to‗g‗rilik yo‗lining boshlanishi» ekanligi ta‘kidlangan. Bani isroil farzandlaridan bir yigit yigirma yil ibodat ila mushg‗ul bo‗libdi. Keyin kufru isyon qilibdi. Bir kuni oynaga qarab sochu soqol oqarganini ko‗rgach, yigirma yillik gunohlari uchun nadomat chekib debdi: «iloho, yigirma yil senga itoat ettim. Mana yigirma yilki, senga isyon aylarman. Yo rab, senga yuz bursam va tavba qilsam, tavbamni qabul qilurmisan?». O‗shanda unga g‗aybdan, «bizga ijobat etting, biz seni qabul ettik. Bizni tark qilding, biz ham seni tark qildik. Isyon etting, senga muhlat berdik. Ne zamon bizga yo‗nalsang, biz ham seni qabul qilurmiz», - degan sado yetib kelibdi. Tavba – botiniy hayot mehnati. Fikr odami, ertadir-kechdir, ko‗ngil haq nazargohiligini tushunadi. Shunda tabiiy ravishda tavba-tazarru hissiyotlarining miqyosi kengaydi. Shunda inson o‗zi bilan o‗zi yuzma-yuz kelishdan aslo cho‗chimaydi. Chunki u o‗zining ichki ojizlik va chirkinliklariga murosa qila olmaydigan darajaga yetadi. Ayni shunday holat va tuyg‗ular Ahmad Yassaviy hikmatlarida haqqoniy tasvirlangan: Gunohim ko‗p, yerga sig‗mas, kimga aytay, Tavba qilib egri yo‗ldin rostga qaytay. Nadomatda etlarimni uzib tortay, Sad darig‗ deb barmoqlarim tishlasam men… Odam bolasi xatosiz yashay olmaydi. U farishtamas – mutlaq begunohlikka yetishmog‗i mushkul. Gunoh dardini torta-torta, xato beshalarida adasha-adasha u ruhiy va fikriy hayotini izga soladi. Shaytonning hazrati odam ruhiga sajda qilishdan bosh tortishi hasad edi. Nafs va hasad – mana shu ikki shaytoniy g‗animga baholi qudrat qarshi tura bilgan kishigina tavba totini bilishi mumkin. Valilardan biri shaytonga: «odam farzandini qanday mag‗lub qilishingni menga ko‗rsat», - deganda iblis: «men g‗azab, kin, havou havas holatida insonning yoqasiga yopishurman», - deb javob bergan ekan. Demak, hoyu havas, manmanlikdan yiroqlashish, nafsi badning jilovini qo‗lga olish, sabru bardosh ila luqmai halolga qanoat etish, kin va g‗azabdan hazar aylash – tavba-tazarruning bosh shartlaridan sanaladi. Download 0.86 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling