O‗zbek mumtoz adabiyotining shakllanishi va taraqqiyot bosqichlari, asosiy yo‗nalishlari
TASAVVUF ADABIYOTINING SHAKLLANISHI
Download 0.86 Mb. Pdf ko'rish
|
tasavvuf
TASAVVUF ADABIYOTINING SHAKLLANISHI
Ma‘lumki, badiiy adabiyotning bosh manbai – hayot. Hayotdan ajralgan adabiyot, albatta, inson hayotidan ham uzoqlashadi. Inson taqdiri bilan har jihatdan chuqur bog‗lanmagan adabiyot esa o‗z mavjudligini to‗la – to‗kis namoyon etolmaganidek, zimmasidagi vazifani ham hakqoniy ado qilolmaydi. Lekin u yoki bu davr va zamon extiyoji, ma‘naviy-axloqiy, g‗oyaviy – estetik talablari asosida adabiyot goh ilm, goh din, gohida boshqa bir ta‘limotlar bilan aloqani chuqurlashtirishi mumkin. Bunda tashabbus hamma vaqt ham adabiyot tomonidan bo‗lmasligini-da inobatga olish lozimdir. Tasavvuf va adabiyot munosobati buning yorqin bir misolidir. Tasavvuf va tariqatlar, tasavvuf maslagi zaminida shakllangan ma‘naviy hayot bizning madaniyat tariximizda muhim mavqega ega bo‗lgan. Biz nafaqat ilm-fan, adabiyot, san‘at va musiqamizni, hatto tilimiz taraqqiyotini ham tasavvufdan butunlay ajratib tasavvur eta olmaymiz. Urf-odat, milliy qadriyat va muomala-munosabatlarimizning ildiziga yetib bormoq uchun ham tasavvufga murojaat qilishga to‗g‗ri keladi. Diniy-tasavvufiy adabiyot o‗zbek mumtoz adabiyotining o‗ziga xos bir tarmog‗iga aylangani, avvalo, mazkur haqiqat bilan izohlanadi. Biroq bu tarmoq, ya‘ni diniy-tasavvufiy yo‗nalishdagi asarlar hech bir davr va zamonda adabiyotimizning umum mohiyati, g‗oyaviy-badiiy ta‘sir yo‗llari va asl qiyofasini belgilamagan, belgilashi ham mumkin emasdi. Demak, adabiyot va tasavvuf munosabati yoki tasavvufning badiiy ijodga ta‘siri xususida bahs yuritganda so‗fiyparastlik hissiyotiga berilmasdan, konkret fakt va misollarga tayanib bahs yuritilishi nihoyatda zarurdir. Turkiy tasavvuf adabiyoti, ma‘lum bir ma‘noda arab, fors-tojik adabiyoti ta‘sirida vujudga kelgan. Mashhur sharqshunos v. Gibbning yozishicha, ajam she‘riyati ilk taraqqiyot bosqichiga erishgandan so‗ng, bir necha asr mobaynida she‘r so‗fiylarning qo‗lida qolgan. Ular o‗z xohishlari ila dunyodan aloqani uzib, ishq tilida so‗zlashgan. Ruhning olloh uchun hasrat chekishini so‗fiylardan o‗zlashtirishgan. «xuddi shu davrlarda eronning tasavvufiy–falsafiy tizimi she‘r tizimi kabi to‗lig‗ ishlanib, shakllantirilgan. Turkiylar bu ikki tizimni (she‘r va tasavvufni) o‗zlariga muvofiq tarzda kashf etishni istab, har ikkisini ham butunlay qabul etdilar». Boshqa bir olimlarga ko‗ra esa, bunda forschaning turkiy til xususiyatlariga yaqinligi xam ma‘lum ahamiyat kasb etgan va «turkiy she‘riyatning ramzlar xazinasi» yanada boyigan. Xorijdagi ayrim yirik tasavvufshunoslar so‗fiylikni uch nuqtai nazardan tadqiq etishni tavsiya etishgan. Birinchisi, nazariy tasavvuf. Bu – to‗g‗ridan-to‗g‗ri tasavvufning ahkom va muomalot qismi, ya‘ni zohidlikka asoslangan axloq erur. Ikkinchisi, taassuriy-ruhiy tasavvuf. Bu ishq va jazbaga tayanmoq bo‗lib, so‗fiy yoki oshiq tasavvufning mazkur jabhasida ehtiros, hayajon ila ko‗ngil va imonni kamolga yetkazgan; ranju riyozatdan, zavqu sururni ustun qo‗ygan. Uchinchisi, oyin va arkon. Tasavvufning bu qismi – bir tariqatni boshqa tariqatlardan ajratadigan yagona omil hisoblanadi. Murshid–murid munosabatlari, sayru suluk darajalari tasavvufning xuddi shu qismida hal etilgan. Tasavvufning o‗zbek adabiyoti taraqqiyotiga ta‘siri yoki o‗zbek tasavvuf adabiyotining xususiyatlarini tekshirishda yaxshi natijalarga erishmoq uchun ushbu nuqtai nazarlarning ikkinchisiga suyanmoq lozim. Va bu da‘voni quvvatlaydigan dalillar ham yetarli. Masalan, hazrat bahovuddin naqshband tariqatini olaylik. Adabiyot rivojiga naqshbandiylikning nechog‗lik ijobiy ta‘sir o‗tkazganligini izohlashga hozir hojat ham yo‗q. Lekin bu tariqat aqidaparastlikka chorlaydigan quruq ranju riyozatga emas, ishq va zavqu sururga ilhomlantiradigan ilohiy hamda hayotiy haqiqatlarni baland ko‗targani uchun ham badiiy ijod ahlining ruhi va fikriy izlanishlarini yangi-yangi bosqichlarga yuksaltira olgandi. «al-abad ul- marziya» risolasida ta‘kidlanishicha, «bu ulug‗ tariqatning birinchi sharti ishqdir… shunga ko‗ra bu yo‗lga «tariqi jazba»… deyilur». O‗zbek diniy-tasavvufiy adabiyoti nazm va nasrdan tarkib topgan. Nasr tarmog‗i: hikoyat, rivoyat, naql, manoqib va avliyolarga doir tazkiralardan iborat. Arab tasavvuf adabiyotida nazmga nisbatan nasr oldinroq shakllangan va rivoj topgan edi. O‗zbek tasavvuf nasrining tug‗ilishi va taraqqiy etishida arab hamda fors tillarida yaratilgan asarlarning ma‘lum hissasi bo‗lgan. Ammo xii asrlardan keyin u mustaqil ravishda ilgarilab, e‘tiborga molik salmoqli yutuqlarni ham o‗zida mujassamlashtira olgan. Ayrim namunalar chop qilinganligi hisobga olinmasa, bizda o‗zbek tasavvuf nasri va tadqiqi bo‗yicha hali jiddiy ishlar amalga oshirilganicha yuq. Oldin ta‘kidlanganidek, tasavvuf maslagi insonning basirat nigohini qalb va ruhga qaratdi. Nafsni bilish va yengish orqali go‗zal axloq sirlarini o‗zlashtirishga o‗rgatdi. U mutlaq haqiqatga ko‗ngil yo‗llari ila yetishish maqomlarini kashf etdi. Va ruhoniyat tarbiyasi uchun uzluksiz g‗amxo‗rlik qilish choralarini ko‗rsatdi. Bular she‘riyatning ideallariga muvofiq keladigan tushuncha va holatlar edi. Tariqatga mansub shoirlar o‗zlarining so‗fiyona fikr-qarashlari targ‗ibi uchun dastlabki davrlarda she‘rning kichik shakllariga, xususan, ruboiyga ko‗proq murojaat etganlar. Tasavvuf ta‘limoti keng quloch yozgan sayin esa she‘riyatning tasavvuf haqiqatlariga qiziqishi kuchaygan. Bunda o‗ziga xos bir manfaatdorlik mavjud edi. Ya‘ni tariqat va xonaqoh ahli she‘rga ta‘sirbaxsh targ‗ibot vositasi deb qaragan bo‗lishsa, she‘riyat vakillari uchun tasavvuf ta‘limoti yangi g‗oyalar, teran falsafiy mushohadalar, ramz, majoz, timsollar manbaiga aylangandi. Ayniqsa, so‗fiylik mafkurasining markazida turgan ilohiy ishq, vahdat ul-vujud va komil inson maslagi, shuningdek, orif, abdol, darvesh kabi tasavvuf qahramonilarining fikr-tuyg‗ulari o‗zbek adabiyoti taraqqiyoti uchun katta ahamiyat kasb etgandir. Bundan tashqari, bevosita tasavvuf zaminida yuzaga chiqqan «tavhid», «me‘rojnoma», «vujudnoma», «shathiya», «qalandariya», «davriya» deb atalgan qator janrlar bo‗lganki, bularni ham adabiyot boyligi tarzida qabul qilish va o‗rganish kerak. Tasavvuf adabiyotiga ta‘sir o‗tkazgan bosh maydon – tariqat o‗zbek adabiyoti rivojiga ma‘lum ulush qo‗shgan dastlabki tariqat esa abdulqodir giloniy asos solgan qodiriya tariqati edi. U turkistonga ikki yo‗l bilan kirib kelgan: ilk daf‘a arab tujjorlari vositasi bilan, xii asrning oxirlaridan e‘tiboran bag‗doddan volgadagi bulg‗or qirolligi ila farg‗ona vodiysi shaharlari, keyin turkistonga tarqalgan. O‗rta osiyoda avval yassaviya, so‗ng naqshbandiya tariqatlari keng nufuz topgach, qodiriya faqat farg‗ona vodiysida oldingi mavqeini saqlab qolgan. Va xix asrning oxirlarigacha ijodkorlar orasida o‗z vakillariga ega bo‗lgan. Shoir haziniyning: Sulukim – qodiriya, rahbarimdur piru pironim, Saharlar zikri ollohni odat qilmasam bo‗lmas,– degan e‘tirofi mazkur fikrlarni tasdiqlovchi qimmatli bir dalildir. Tariqat sohibi bo‗lmish favqulodda yorqin va kuchli zotlardan biri, shoir va mo‗g‗ul bosqinchilariga qarshi janglarda mislsiz qahramonlik ko‗rsatgan mujohid najmiddin kubrodir. Faqat tariqatda emas, she‘riyatda ham najmiddin kubroning ko‗plab izdoshlari bo‗lgan. Ulardan xoja abdulvafoyi xorazmiy, husayn xorazmiy nomlarini eslatish mumkin. Najmiddin kubroning irfoniy she‘rlari qatori, unga bag‗ishlab yozilgan she‘riy va nasriy asarlari ham adabiyotimizning qimmatbaho mulki erur. Bu yerda ahmad yassaviy tariqati, «devoni hikmat» va yassaviy maktabi shoirlari ijodiyoti to‗g‗risida kengroq to‗xtalish imkoni yo‗q, albatta. Lekin, diniy- tasavvufiy adabiyot turkistonda ahmad yassaviy ijodi bilan boshlanganligi, faqat yassaviy izdoshlari uchun emas, shariat, tariqat, ma‘rifat va haqiqat sirlari bilan qiziqqan keyingi asrlardagi ko‗plab ijodkorlarga «devoni hikmat» ruhiy ta‘lim va ilhom manbai bo‗lganligini ta‘kidlamaslik mumkin emas. Shayboniy, ubaydiy, so‗fi olloyor kabi shoirlar buni tan olishgan. Turk olimi n.ulusning yozishicha, «yunus emro, mavlono jaloliddin rumiy va hoji bektoshlarning kamol topishida, bevosita bo‗lsa-da, ahmad yassaviy shaxsiyati va ijodiyotining ta‘siri kattadir». Tasavvuf allomalarining hukmlariga binoan, chin komillik maqomi – qirq olti maqomdan iborat. Bular: nurlardan zavqlanmoq, poklik, tamiyz, ya‘ni yaxshini yomondan xatosiz ajratish, basirat ila olamni ko‗rmoq, g‗ofil bo‗lmaslik, siroyat quvvati va nihoyat do‗stlardan yetgan ranju azoblardan o‗ksimaslik. Alisher navoiy she‘riyatida ruh maqomlariga tegishli ushbu fikr va tushunchalar shunchalik aniq, shunchalik yorqin ifodasini topganki, buyuk shoir hatto bir o‗rinda: Shavq tiyg‗i birla solik aylasa ko‗ngilni chok, Fayz shahristoni sayriga topar darvoza ruh,– Deydi va ruh maqomlariga ko‗tarilishning bir yulini ko‗rsatadi. Ruhiy manzara va holatlar tasviri uchun tasavvuf navoiyga keng imkoniyatlar ochgan. Navoiy tasavvufni anglashda ham, tasavvufiy g‗oyalar talqinida ham nihoyatda ilgarilagandir. Ulug‗ mutafakkir naqshbandiylikni oliy haqiqatlar maxzani deb bilgan va uni tasavvufdagi deyarli barcha tariqatlardan ustun ko‗rgan. Shunga qaramasdan, navoiy uchun tariqat – olam sirlarini teran idrok aylash, tafakkur va ma‘rifatda ilgarilash, haqqa yetishish vositasi edi. Bu narsa shoirning hatto naqshbandiylikning bosh shiorlari va tushunchalari talqiniga bag‗ishlangan she‘rlarida ham sezilab turadi. Bobur, ayniqsa, mashrab va so‗fi olloyor ijodi tasavvufiy hissiyotlar bilan to‗lib toshgandir. Bizningcha, o‗zbek adabiyotini tasavvuf kontekstida tekshirib, yangi yutuqlarga erishmoq uchun quyidagilarga alohida ahamiyat berish zarurga o‗xshaydi: «so‗fiylar bir firqaga mansub bo‗lmaganliklari kabi, - deydi r. A. Nikolson, - umumiy bir e‘tiqod sistemasiga ham sohib emasdi. Tariqatlar yoki ollohga borish yo‗llari, insonlarning nafaslari soni qadardir va so‗ngsiz farqlarga egadir. Ayni paytda barchasida bir yaqinlik ko‗zga tashlanadi». Demak, masalaning ayni shu jihatini hisobga olmasdan, tasavvuf adabiyotiga xolis baho berish dushvordir. Asmo yo‗lini tanlagan ayrim tariqatlarda odamlarni zohidlik, tarkidunyochilik, fikriy passivlik mayllariga undash tamoyili mavjudligi tarixiy haqiqat, bundan ko‗z yumib bo‗lmaydi. Qolversa, o‗tmishda yashab ijod etgan hamma shoiru yozuvchilarning asarlaridan so‗fiyona ma‘no va tuyg‗ularni axtarish o‗zini aslo oqlamaydi. Ma‘lumki, so‗fiylar tarix sahnasida ko‗rina boshlagan dastlabki zamonlarda zohidlikni va zohidlarning dunyo ishlaridan qo‗l siltab, xalqdan uzoqlashishlarini keskin qoralashgan. Ammo vaqt o‗tishi bilan zohidlikdagi xato va qusurlar boshqacha shakllarda so‗fiylikda ham takrorlangan. So‗fiylar hayot tarzlari, dunyoga munosabatlari va irfoniy qarashlari jihatidan o‗zlarini xavos – xos kishilar, axos – xoslarning xosi deb e‘lon qilishgan. Amalga oshirilgan marosimlari, xususiy kiyimlari va boshqalar bilan xalqdan ajralganlar. «xurosoniylar» deb nom qozongan malomatiylar mana shunday ajralish va kiborlikka qarshi o‗rtaga chiqqan toifa edi. Ular boshdanoq ba‘zi so‗fiylar tabiatidagi yashirin kibru riyoni fosh aylab, zohiriy toat-ibodatlarga bog‗liqligi bo‗lmaganidan, insonni ixlos va beg‗araz ishonch ila komillikka yetishuviga qat‘iy ishonganlar. Shu bois «malomatiylik, so‗fiylarga qarshi zohidona bir tasavvuf» deb ta‘riflanganki, bandagi «zohidona» kechish, tark etish mazmuniga ega. O‗n birinchi asrdan so‗ng paydo bo‗lgan qalandariylik, haydariylik, samoviylik kabi tariqatlar – malomatiylikdan quvvat olib, uning asoslariga qurilgan tariqatlardir. Javonmardlik va malomatiylik bilan tasavvufdagi fikr-qarash vva tushunchalar o‗rtasida yaqinlik, ba‘zan juda o‗xshashliklar bor. Bularni farqlash adabiyotni yoppasiga tasavvuflashtirish yo‗lidagi urinishlarga to‗siqlik qilishi shubhasizdir. E‘tirof etish kerakki, tasavvuf maslagi va mafkurasi nechog‗li jozibali tuyulmasin, hech bir haqiqaiy iste‘dod qalb va ruhiyat zavqini so‗ndiruvchi so‗fiylik aqidalari targ‗ibi uchun she‘rni xizmat qildirgan emas. Jaloliddin rumiy hazratlarining «so‗fiy soqolini taraguncha, orif haqqa yetishur», degan fikrlari zamirida ulkan ma‘no bor. Mumtoz adabiyotimizning ulkan vakillari asarlari bilan tanishganda, ko‗pincha bir jihat kishini hayratlantiradi. Bu – ularning turli ilm sohalaridan chuqur xabardorligi. Xususan, tasavvuf adabiyotiga mansub yoki ijodi tasavvuf bilan o‗zaro yaqin qalamkashlar asarlarida astronomiya, astrologiya, falsafa, mantiq, tib ilmiga doir to‗g‗ri va ramziy ma‘nolarda tatbiq etilgan istilohlar ancha keng o‗rin egallagandir. Demak, ilmning tasavvufdagi o‗rni, mavqei va tasavvuf ta‘limotining ilm- fan taraqqiyotidagi xizmatlarini ham hisobga olish lozim. Shuning uchun mutasavvif, faqir yoki darvesh haqida gapirilganda tasavvurida darrov zuhd va taqvodan boshqani bilmaydigan, tarki dunyo aylagan qandaydir g‗arib, aftodahol kimsalar qiyofasi gavdalanmasligi kerak. Tasavvuf ahli orasida zunnun al-misriy, shohin al-xilvatiy kabi kimyo ilmi bilimdonlari, abdurahmon as-so‗fiy, ibrohim haqqiy kabi astronomlar va fanning boshqa tarmoqlari bo‗yicha yana qancha mutaxassislar yetishib chiqqan. Chin ma‘nodagi so‗fiy va mutasavvif, junayd bag‗dodiy fiqh ilmini mukammal bilganligi uchun bag‗dod halifasining qahridan qutulib, o‗limdan omon qolgan. Imom g‗azzoliyning mutasavvifligi uning astronomiya ilmi bilan mashg‗ul bo‗lishiga xalaqit qilmagan. Zohir ilmi peshvolari orasida uchragani singari, botin ilmi vakillari safida ham falsafani inkor etib, faylasuflarni kofirlikda ayblaganlar bo‗lgan. Ammo bu xarakterli hodisa emas edi. Xullas, tasavvufni yaxshi o‗rganish tariqatlar tarixi va haqiqatlarni bilish jihatidan nechog‗lik muhim yoki zarur bo‗lsa, mumtoz adabiyotimiz sir asrorlarini puxta egallash jihatidan ham nihoyatda ahamiyatli. Yunus Emro devonida shunday bayt bor: Yunus bir so‗z so‗zlamish so‗zga o‗xshamas, Munofiqlar dastidan yopar ma‘no yuzini. Darhaqiqat, tasavvuf adabiyoti vakillarining so‗zlari tub mohiyati bilan o‗ziga xos, ya‘ni boshqalarnikiga o‗xshamaydi. Fikr va ma‘no «yuzi»ni pardalash ham fakat ularga xos bir hunar yoki san‘atdir. Shu boisdan ham haqiqiy so‗fiy yoki mutasavvif shoir «asrori nozini sharh etolmas ahli dunyoviy» degan qanoat ila yashagan va ijod qilgan. Tasavvuf adabiyoti o‗rganilganda birinchi galda ana shu «jumboq»ni to‗g‗ri hal etish shartdir. Download 0.86 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling