Qiyoslang: rezinka-rezinka, rediska-rediska kabi.
Mashq. Quyida o‘zlashgan so‘zlarni orfoepik qoidalarga rioya qilgan holda talaffuz qiling. So‘zlarning urg‘ulanishiga e’tibor bering.
Abonement, aviatsiya, akkreditatsiya, aktyor, aksiz, aksioner, aksiya, aeroport, apparat, zaryad, doktor, tonna, konstitutsiya, demokratiya, professor, laboratoriya, rektor, traktor, televizor, lift, sirk, vistavka, prezidium, muzika, reduksiya, byudjet, dirijor, suflor, etud, bulleten, salut, sujet, arxitektor.
TO‘G‘RI YOZUV (ORFOGRAFIYA) ME’YORLARI
Adabiy nutqning og‘zaki va yozma shakllari mavjud bo‘lib, ular ma’lum qonun-qoidalar asosida rivojlanadi. Nutqning og‘zaki shaklida talaffuz me’yorlariga (orfoepiyaga) amal qilinsa, yozma shaklda esa imloviy me’yorlarga (orfografiyaga) amal qilinadi.
Orfografiya grekcha orphos va grapo so‘zlaridan tarkib topgan bo‘lib, «to‘g‘ri yozaman» degan ma’noni bildiradi.
Orfografiya adabiy tilning yozma shakliga tegishli bo‘lib, so‘zlarni to‘g‘ri yozish, so‘zlarning o‘zak va negizlarini, qo‘shimchalarini, qo‘shma so‘zlarning qo‘shilib yoki ajratib yozilishini, qisqartma so‘zlarning yozilishini, bosh harflarning yozilishini, bo‘g‘in ko‘chirilishini adabiy talaffuz me’yoriga moslab, qoidalashtirib beradigan fandir. Adabiy tilning yozma shaklini ma’lum qonun qoidalar asosida turg‘un holatda ushlab turadigan orfografiyaning qo‘yidagi prinsiplari mavjud: fonetik prinsip, fonematik prinsip, morfologik pгinsip, tarixiy an’anaviy prinsip, etimologik yoki grafik prinsip.
Fonetik prinsip. Bu prinsipga ko‘ra so‘z yoki uning tarkibiy qismlari qanday talaffuz qilinsa, shunday yoziladi: 1) ko‘k+ga>ko‘kka, tok+ga>tokka, qishloq+ga>qishloqqa kabi; 2) og‘iz+im>og‘zim, o‘g‘il+im>o‘g‘lim, burun+i>burni kabi; 3) yosh+a>yasha, son+a>sana, ong+la>angla kabi; 4)so‘ra+q>so‘roq, qishla+v>qishlov, sayla+v>saylov kabi; 5) ikki+ov>ikkov, etti+ov>ettov kabi; 6) qot+iq>qattiq, achi+iq>achchiq, isi+iq>issiq kabi; 7) ulug‘+ay>ulg‘ay, sariq+a>sarg‘ay kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |