Panjara ortiga ravona bo'lmoq - fe'l. Qonunga xilof ish, jinoyat uchun qamalmoq.
Aks holda, ulardan ba'zilari hatto panjara ortiga ravona bo'lishlari ham muqarrar edi (Buxoronoma, 2013-y. 23-fevral).
Piyoda - ravish. Ulovsiz, o'z oyog'i bilan, yayov.
Sizni shuncha piyoda olib yurdim-a? (P.Qodirov, Uch ildiz).
Po'rsildoq - sifat. Ko'pchib, bo'rtib turgan, bilqillama, yumshoq.
Azamat teraklarga chirmashgan aymoqi uzumlar, paxsa devorlar orqasida yoqutdek yalturagan olchalar, po'rsildoq oq o'riklar (S.Ahmad, Qadrdon dalalar).
- Q -
Qabriston xodimi - ot. Qabristonda go'r qazuvchi kishi, go'rkov.
Qoratoy cholni uyda qoldirib, O'roz bilan birga mozorga, qabriston xodimiga jo'nadi (Oybek, Tanlangan asarlar).
Qonunni chetlab o'tmoq - fe'l. Bo'ysunmaslik, itoat etmaslik.
Ba'zida qonunni chetlab o'tadigan kimsalar ham topiladi (Postda, 2004-y. 14-aprel).
Qotmadan kelgan - sifat. Terisi suyagiga yopishgan; ozg'in, oriq; Ramaqijon.
Saltonbu g'am-u g'ussadan, muhtojlik va doimiy ochlikdan so'lishib ketgan qotma yuzini cho'zg'ilovchi kulgidan o'zini tutolmay kular edi (M. Ismoiyliy, Farg'onada tong otguncha).
Qurbon bo'lgan - fe'l. Biror sabab tufayliuning yo'lida hayotdan ko'z yummoq, o'lmoq.
Xalq jinoyatchi bo'lishi mumkin emas, qurbon bo'lishi mumkin (Gazetadan).
- R -
Rafiqa - ot. Umr yo'ldoshi, xotin, yor.
Farzandim, otam, rafiqam - mendin so'ng yonar chirog'im - ana shu do'stlarim (S.Siyoyev, Yorug'lik).
"Rais" - ot. Qorin qo'yib olgan, beo'xshov ko'rinishli erkakka kinoyali tarzda qo'llaniladi.
O-o-o, rais buva bo'libsiz-ku! (So'zlashuv nutqidan).
Raqib - ot. Dushman, ag'yor, yov.
Otabek qo'llarini bo'shatuvchi qo'rboshining bunchalik titrab-qaltirashidan o'z raqiblaridan bittasi shu kishi bo'lganini o'yladi (A.Qodiriy, O'tkan kunlar).
Do'stlaringiz bilan baham: |