O‘zbekiston respublikasi milliy gvardiyasi harbiy-texnik instituti r. M. Maxmudov, G‘. Z. Ikmatullayev harbiy pedagogika


-§. Harbiy xizmatchilarning oilasi alohida ijtimoiy jamoa sifatida


Download 493.41 Kb.
bet27/42
Sana08.06.2023
Hajmi493.41 Kb.
#1465703
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   42
Bog'liq
Harbiy pedagogika

2-§. Harbiy xizmatchilarning oilasi alohida ijtimoiy jamoa sifatida


O‘zbekiston Respublikasida oila o‘rtacha 4-4,5 kishidan tarkib topgan. Demak, bizda jami 7,5-8 million oila bor.62 Ushbu oilalarning ma’lum bir qismini harbiy xizmatchilarning oilalari tashkil qiladi.
Harbiy xizmatchilarning oilasidagi ijobiy muhit ularning kasbiy faoliyatini samarali amalga oshirishda muhim omil hisoblanadi. Harbiy xizmatchilarning oilasi armiya hayotining bir qismi hisoblanadi va ularni bir-biridan ajralgan holda tasavvur qilish mumkin emas. Har bir harbiy xizmatchilarning oilasi harbiy-vatanparvarlik, harbiy qadriyatlarni hurmat qilish, e’tiqod qilish va armiyaning manfaati yo‘lida yashaydi.
Harbiy xizmatchilarning kasbiy faoliyatidagi har qanday o‘zgarish (ijobiy yoki salbiy) bevosita ularning oila a’zolarining taqdiriga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Bu fikrga yetarlicha misollar keltirish mumkin, ya’ni navbatdagi harbiy unvonni olish, lavozimining ko‘tarilishi, xizmat joyining o‘zgarishi va hokazolar. SHunday oilalar borki, oilada oila boshlig‘i ham, oila boshlig‘ining jufti haloli ham harbiy xizmatchi. Kerak bo‘lsa farzandi ham harbiy xizmatchi bo‘lgan oilalar ko‘pchilikni tashkil etadi, buni sulola deyishadi.
Harbiy xizmatchilarning oilasi oiladagi farzandlarni harbiy kasbni tanlashga, vatanparvarlikni shakllanishiga o‘z hissasini qo‘shishadi, shuningdek harbiylik kasbi obro‘sini nafaqat armiya muhitida, balki jamiyatda ham oshirishga bevosita ta’sir ko‘rsatish kuchiga egadir. Harbiy xizmatchi va uning oilasining o‘zaro bir-birini tushunishi xizmatdagi muvaffaqiyatining garovidir.
Kasbdoshlarning oilaviy bir hududda yashashi, o‘zaro ittifoqligi, xizmat faoliyatida maqsadning birligi ularning Qurolli Kuchlarga nisbatan bo‘lgan munosabati armiyaning tashqi qiyofasini, ya’ni imidjini shakllantiradi. Oila – jamiyat va Qurolli Kuchlarda barqarorlikni ta’minlovchi ijtimoiy institut bo‘lib xizmat qiladi, deb aytiladigan umume’tirof etilgan fikr mavjud.
Harbiy xizmatchilarning oilalari bilan olib boriladigan huquqiy, psixologik, tarbiyaviy, ijtimoiy ishlarning asosiy maqsadi, oilada sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirish, ma’naviy va jismoniy jihatdan barkamol avlodni tarbiyalash, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash, diniy ekstremizm va aqidaparastlik mafkurasining ta’siridan himoya qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdir.
Harbiy xizmatchilarning oilalari bilan ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy va madaniy-sport ishlari kompleks tarzida olib boriladi, aks holda, komil insonni shakllantirishdek muhim vazifa jamiyatda bajarilmagan bo‘ladi. Harbiy xizmatchilar oilasidagi ma’naviy-axloqiy muhit oilaning ijtimoiy ahvoli, ehtiyojlarini o‘rganish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlari eng avvalo, qo‘mondonlikka ko‘p jihatdan bog‘liq. Harbiy xizmatchilarning orasida nizoli oilalar, xizmat burchini bajarish davrida halok yoki nogiron bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oilalariga e’tibor qanchalik darajada yuqori bo‘lsa, harbiy xizmatchilar shunchalik darajada Vatanga, burchga e’tiqodi kuchli bo‘lib boraveradi. Harbiy xizmatchilar xalq oldida, Vatan oldida tinchlik uchun, Vatan himoyasi uchun mas’uldirlar.
“Har bir davlat xizmatchisi xalq oldida mas’ul ekanini hech qachon unutasligimiz kerak”63, deydi O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti SHavkat Mirziyoyev. Davlat xizmatchisi degan tushuncha harbiy xizmatchilar uchun bevosita taalluqlidir. Oila harbiy xizmatchilar uchun ham, jamiyat uchun ham birlamchi ijtimoiy guruh sifatida vatanparvarlikni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Dastlabki “Vatan”, “Vatanparvarlik” tushunchalari oilada farzandlarimizning qulog‘iga kiradi va vatanparvarlikka zamin yaratiladi. Keyinchalik bu tushunchalar harbiy xizmatchilarning tarbiyasi va amaliy faoliyatida rivojlanadi hamda shakllanadi. Vatanparvarlikni shakllantirish uchun oilani har tomonlama mustahkamlash; Vatanimiz tinchligi oila a’zolari uchun birinchi o‘ringa o‘tishi; xalq farovonligi, oila farovonligi avvalo Vatanimiz tinchligiga bog‘liq: farzandlarimiz ongida baynalmilal ruhni shakllantirish; diniy-ma’rifiy tushunchalar hosil qilish zarur. Respublikamizda yuz berayotgan har qanday voqea-hodisa va o‘zgarishlar oilaning ijtimoiy turmush tarziga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. SHuning uchun jamiyatdagi har qanday ijtimoiy o‘zgarishlar oila faoliyatida namoyon bo‘ladi.
Harbiy xizmatchilarning oilasida ulardagi vatanparvarlik ishlarini shakllantirishda va ommalashtirishda “Postda”, “Vatanparvar” gazetalarining roli katta. Ushbu gazetalarning har bir soni harbiy xizmatchilarning oilasiga kirib boradi, eng asosiysi ularda “Vatanparvarlik” sohasida qanday ishlar amalga oshirilayotganligini yoritib boradi. Ushbu matbuotlarda nashr etilgan oila tarbiyasiga bag‘ishlangan maqolalarni yetarli deb ayta olmaymiz64.
“Vatanparvar” gazetasining 2017 yilgi sonlarida harbiy xizmatchilarning oilasi va ularning tarbiyalashning o‘ziga xosligi haqidagi maqolalarning aksariyat qismi jurnalistlar tomonidan yozilgan. Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassislar tomonidan yozilganlari ham yetarli emas. Tarixiy romanlar bilan bog‘liq bo‘lgan vatanparvarlik mavzusidagi maqolalar ham mavjud, lekin ularni ham yetarli, deb ayta olmaymiz65.
“Vatanparvar” gazetasida chop etilayotgan maqolalarning aksariyati maqtovga sazovor va ular o‘qishga bo‘lgan qiziqishni, Vatanga bo‘lgan muhabbat cho‘g‘ini uyg‘otadi.
Umuman olganda, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassislar tomonidan maqolalar yozilsa, namunali oilalar bilan bo‘lgan bevosita suhbatlar chop etilib, targ‘ib qilib borilsa, harbiy xizmatchilarning dunyoqarashida ham o‘ziga xos Vatan tuyg‘usi mash’alasi yanada alanga oladi. Harbiy xizmatchilarning oilasidagi tarbiya bevosita vatanparvar, yurtga sodiq kadrlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Buyuk pedagog Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, deb aytgan fikrlari bevosita vatanparvarlik tarbiyasiga ham taalluqlidir. Haqiqatdan ham, harbiy xizmatchilarning oilasidagi tarbiya masalasi doimo dolzarb vazifa bo‘lib qoladi.
Kasbiy xizmatning o‘ziga xos qiyinchiliklari harbiy xizmatchilarning oilaviy muhitiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatishi tabiiy. Chunki harbiylarning muhitida ko‘nikib yashab ketishiga hamma ayolning ham irodasi bardosh bera olmaydi. Ma’lumki, harbiy shaxs oilasida farzandlarini ayol kishining deyarli bir o‘zi tarbiyalashiga to‘g‘ri keladi. Onadan boshqa hech bir zot bolaning injiqligini, kasalligini, erkaligini ko‘tara olmaydi. Farzandning aqliy rivojlanishida ham onaning dunyoqarashi, bilimi, saviyasi muhim omil hisoblanadi.
Harbiy xizmatchilarning oilasidagi tarbiyaviy ishlarning ona tomonidan olib borilishining ahamiyati yana shundaki, ona bergan tarbiyani hech bir muassasa, tashkilot bera olmaydi. Ota-ona farzandining aqliy rivoj­lanishida asosiy subyekt hisoblanib, uni har jihatdan tarbiyalaydi. Ko‘pincha harbiy xizmatchilar va ichki ishlar organlari xodimlarining oilasida vatanparvarlik hissi to‘liq shakllanib boradi. SHuning uchun ham o‘g‘il bolalar otasining bosh kiyimini kiyib, harbiy bo‘laman deb mag‘rur aytishadi, yurishadi, o‘ynashadi.
Bugungi kunga kelib harbiy xizmatchilarning oilasini mustahkamlash borasida ham davlatimiz tomonidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ularning oilalarini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlashda quyi bo‘g‘inlardagi rahbarlar tomonidan ham amaliy yordam ko‘rsatilishi maqsadga muvofiqdir.
Tarbiya oilaning mustahkamligini ta’minlovchi asosiy omil hisoblanadi. Yaxshi tarbiya – jon ozug‘i. Yomon tarbiya esa doimo kishiga azob beradi. Ota-ona farzand tarbiyasida rasmiy pedagogik ma’lumotga ega tarbiyachi emas, aksincha universal tarbiyachidir. Oilaviy tarbiya nafaqat harbiylarda, shuningdek barcha oilalarda ham katta ahamiyatga ega. Har bir oilada er va xotin avvalo, bir-birini hurmat qilishi lozim. Undan keyin esa oila a’zolarini tarbiyalash bosqichi amalga oshiriladi. Ammo hayotiy taj­ribalarimiz, kuzatishlarimizdan shu narsa ayon bo‘lmoqdaki, ko‘pincha harbiy xizmatda bo‘lib, oilaviy tarbiyaga unchalik e’tibor bermaydigan harbiy xizmatchilar bilan farzandlari o‘rtasida ijtimoiy muammolar kelib chiqishi tabiiy hol.
Harbiy ota-onalar farzandlari bilan iliq, samimiy munosabatda bo‘lishga harakat qilishadi, ularning fikrlarini eshitib, tashabbuslarini rag‘batlantiradi. Bu kabi usullar tarbiyaning ijobiy turining asosiy poydevori hisoblanadi.
Oiladagi muhit farzandlarning ongi va qadriyatlarga bo‘lgan munosabatlarini belgilaydi. Umuman olganda, harbiy xizmatchilarning oila a’zolari, ayniqsa farzandlarining tarbiya­sini to‘g‘ri tashkil etish davr talabidir.
Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan tarbiyaviy ishlar ularning yashash va dam olish joylarida, kerak bo‘lsa, xizmat joylarida ham tizimli ravishda olib borilmoqda. Ayniqsa, yosh xodimlarni ona-Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat ruhida tarbiyalash, harbiy intizomni mustahkamlashga qaratilgani o‘z samarasini bermoqda.
Professional kasb egalarini, yosh oilalarni mustahkamlashda, katta yoshdagi namunali oilalarning roli beqiyos. Chunki, harbiylik kasbining baland-pastini bilgan, o‘zida his qilgan oila boshliqlari Vatan oldidagi burch, sadoqat tushunchalarining targ‘ibotchisi hisoblanadi.
Bugungi kunda mamlakatimiz xotin-qizlari orasida 514 nafar fan doktori, 6 nafar akademik, 15 nafar O‘zbekiston Qahramoni, 17 nafar senator, 15 nafar Qonunchilik palatasi deputati, mahalliy Kengashlar deputatlarining 23 foizdan ziyodini hamda ilm-fan, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at sohalarida mehnat qilayotganlarning 72 foizini aynan ayollar tashkil etishini alohida ta’kidlash lozim. Ushbu ayollar orasida ma’lum qismini harbiy xizmatchilarning ayollari, opalari, singillari, qizlari tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasida Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari oilasidagi muammolarni hal etish davlat siyosati darajasida hal etilmoqda. Nima sababdan davlat siyosati darajasida – degan savolga javob bitta, ya’ni oilani mustahkamlashda, oilani ijtimoiy jihatdan tartibga solishda uy-joy muammosini hal qilish oila mustahkamligini ta’minlashdagi bosh mezonlardan biri hisoblanadi. Undan tashqari, ofitserlar oilasidagi ikkinchi bir muammolardan biri bu yangi oilani yangi muhitga, yangi sharoitga, yangi jamoaga va iqlim sharoitiga o‘rganishidir.
Ofitserlar oilasi xizmatning boshida ilgari o‘zi yashab o‘tgan muhitga, iqlimga, yoru do‘stlariga nisbatan sog‘inch hissi bilan yashaydi. Eng asosiysi, ishga joylashish, ish joyidagi muhit va ish joyiga borib keladigan avtotransport muammolari qiynasa, uchinchi bir tomondan esa farzandlarini bog‘chaga joylashtirish, maktabga borishlari ham muhim muammolardan biri hisoblanadi.
Milliy gvardiya ofitserlari oilasidagi muammo faqat ofitserlarga taalluqli emas, balki kontrakt asosidagi xizmat qiladigan serjant va oddiy askarlarning ham asosiy muammosi hisoblanadi.
Harbiy xizmatchilarning oilalaridagi muammolarni dolzarb muammmo sifatida o‘rganishni o‘tgan asrning 90-yillarida bir qator olimlar chuqurroq o‘rganishni boshlashdi. Masalan: N.A.Miloradov66 ofitserlarning oilasidagi psixologik omillarni tahliliga asosiy e’tiborni qaratgan bo‘lsa, V.V.Forsova67 esa harbiy xizmatchilarning oilasining o‘ziga xosligiga, A.V.Shavlov68 esa Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining oilasidagi qoniqish muammolarini chuqurroq o‘rgangan, I.I.Andryushin69 esa ofitserlar tomonidan oilaviy qiyinchiliklarni bartaraf etish muammolarini o‘rgangan bo‘lsa, A.A.Kochubey70 Harbiy-dengiz floti ofitserlari oilasidagi ijtimoiy muammolarga bag‘ishlagan.
O‘zbekiston Respublikasining pedagogik tadqiqotchilari orasida oilaviy tarbiyaga bag‘ishlangan bir qancha dissertatsiya ishlari mavjud bo‘lib, lekin harbiy pedagogika yo‘nalishida ilmiy ishlar yo‘q, biroq mazkur yo‘nalishda G‘.Z.Ikmatullaev ilmiy tadqiqot ishlarini empirik materiallar asosida olib bormoqda71.
Harbiy xizmatchilar tushunchasi keng tushuncha bo‘lib, ushbu tushuncha Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarini ham o‘z ichiga oladi. SHuning uchun ba’zi joylarda harbiy xizmatchilar deb yozib o‘tamiz. Oiladagi ijtimoiy munosabatlarning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi nafaqat Milliy gvardiya ofitserlarining kasbiy faoliyatiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi, shuningdek, jamiyat taraqqiyoti uchun ham o‘zining ijobiy ta’siri namoyon bo‘ladi. CHunki “oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi”72.
Oiladagi ijobiy muhit Milliy gvardiya yosh ofitserlarining kasbiy faoliyatga moslashishlariga to‘liq yordam beradi, ofitserlarning Vatan himoyasiga, jamiyat rivojiga o‘z hissasini to‘liq qo‘shishga ko‘maklashadi. Milliy gvardiya ofitserlarining oilaviy muhiti va sharoitini o‘rganishimiz va natijasi shuni ko‘rsatadiki, ushbu muammo ilmiy va empirik tadqiqot olib borishni talab etar ekan. Oilaviy notinchlik kasbiy faoliyatga, xizmat vazifalarini sidqidildan bajarishga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatishi hech kimga sir emas. Harbiy xizmatchilarning oilasidagi ijtimoiy munosabatlardagi muammolardan yana biri bu – oilada otaning roli va o‘rnidir. Kasbiy kuzatishlarimiz natijasi shuni ko‘rsatadiki, harbiy xizmatchilarning oilalarida otaning kasbiy faoliyatga va xizmatga ko‘p vaqtini sarflagani uchun onaning roli birmuncha ko‘proq ekan. Sababi, ota doimo band, ba’zida jismoniy charchoq ularda ustun bo‘ladi.
Bugungi kunda pedagogikada “Harbiylar oilasi” degan tushuncha mavjud, lekin “Harbiylar oilasi”ning “o‘ziga xosligi”, “kasbiy dunyoqarashi” degan tushunchalarning mohiyatini ochib berishga bag‘ishlangan ishlar deyarli yo‘q. Harbiy xizmatchilarning oilasidagi ba’zi bir muammolarni o‘rganishimizda oiladagi farzandlarning soni, oiladagi onaning uyda o‘tirishi (ishlamasligi) yoki vaqtincha ishsizligi ko‘p omillarni keltirib chiqarsa, boshqa tomondan ularni farzandlari bilan birga bo‘lishi farzand tarbiyasiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.
Harbiy xizmatchilar oila qurganidan keyin turmushining boshida qo‘mondonlik tomonidan qo‘llab-quvvatlanishga muhtoj bo‘ladi. Ayniqsa, uy-joyga ega bo‘lishlarida, ijtimoiy-maishiy muammolarni hal qilishda, muhitga moslashishda xizmat joyidan yashash joyining uzoqligiga yordam berishi va hokazo omillar. Bizning kuzatishlarimiz natijasi shuni ko‘rsatadiki, harbiy xizmatchilarning oilaviy muammolari birinchi uch yillikda ko‘proq namoyon bo‘lar va keyinchalik esa iziga tushib ketar ekan.
Harbiy xizmatchilarning oilasidagi muqimlik bizning kuzatishimizcha, besh yildan so‘ng boshlanadi. Chunki bu davrga kelib oiladagi ko‘p muammolar hal qilinadi, oiladagi (bir yoki undan ko‘p) farzandlar hayotining mazmuniga aylanadi. Ota-onaning e’tibori endi bir-biriga emas, balki farzandlarga qaratiladi. Endi farzandlarning muammosi ota-onaning birlashishiga, ittifoq bo‘lishiga xizmat qiladi. Tadqiqotlar natijasi va kuzatishlardan shuni aniqlandiki, ba’zi ota-onalar bir-biri bilan janjallashganda farzandlari orqali bir-biri bilan gaplashar ekan, farzandlar otaning yoki onaning bir-birini tushunguncha o‘rtada vositachi sifatida bo‘lar, birining gapini biriga etkazar ekan. Harbiy xizmatchining oilasidagi er-xotinning yosh tafovutlari ham muhim hisoblanadi, nafaqat yosh tafovuti, balki ma’lumoti ham ular o‘rtasidagi dunyoqarashni belgilashga xizmat qiladi. Harbiy xizmatchilarning oilasidagi mustahkamlik ba’zida ularning turmush tarzini qurishda qisqa bosqichda turmush qurgani eri bilan yoki xotini bilan tanishganligi ham muhimdir. Ba’zi ofitserlar xotini bilan maktabda o‘qib yurgan vaqtida sevishgan va turmush qurgan bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda ularning bir-birini tushunishi oson bo‘lishi mumkin, chunki bir-birini xarakter, etnopsixologiya jihatidan tushunishadi.
Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari uchun harbiylar shaharchasida dam olish tadbirlarini tizimli ravishda o‘tkazib borish ham oilaviy munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi. SHu o‘rinda mahalla institutining oilalar mustahkamligini ta’minlashda alohida ahamiyatga egaligini ta’kidlab o‘tish joiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qarori73ga muvofiq, harbiy shaharchalarda mahalla fuqarolar yig‘inlarini tuzilishi vazifa sifatida belgilab berildi.
Psixologik muhit oila mustahkamligining asosi hisoblanadi. Ba’zida oilada er-xotinning o‘zaro muloqotiga vaqtning kamligi ham oiladagi ijtimoiy munosabatlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bunga harbiy xizmatdagi sutkalik naryad, tizimli faol dam olishning to‘g‘ri tashkil etilmaganligi, jismoniy, psixologik yuklamaning ko‘pligi ham sabab bo‘ladi. Ba’zida oila boshlig‘ining xizmatdagi muammoning oilaga olib kelishi, xizmatdagi mavzuning uyda ham davom etishi harbiy xizmatchilar oilasidagi kasbiy deformatsiyani yuzaga keltiradi. Umuman olganda, har bir harbiy xizmatchining oilasida o‘ziga xos muammolar mavjud bo‘lib, buni biz kuzatishlarimiz natijasida uchga bo‘lib o‘rganishga harakat qildik. Ya’ni, birinchisi oilaviy muammolari vaqtinchalik bo‘lib, qisqa vaqt ichida o‘zlari hal qiladiganlar, ikkinchisi oilasida doimiy muammosi bor bo‘lgan oilalar bo‘lib, bunday oiladagi muammo ota-onaga bog‘liq bo‘lmaydi, masalan farzandlardan birining nogironligi bo‘lishi, oila a’zolaridan biri surunkali kasal va hokazo muammolari mavjudlar, uchinchisi ajrashib ketish arafasidagi oilalar bo‘lib, bunday oilalarda eri biror-bir boshqa ayolni sevib qolgan va o‘z oilasi bilan yashashni xohlamaydi, har qanday sharoitda ham yoki aksincha, ayoli biror-bir erkakni yaxshi ko‘rib axloqsizlikka yo‘l qo‘ygan bo‘lishi va muhitga chidamasligi.
Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari o‘rtasidagi har qanday ziddiyatning yuzaga kelishiga nafaqat oila a’zolari, shuningdek, qo‘mondonlik, tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlar ham sababchi bo‘lishi, xizmat joyidagi muhitning yaxshi emasligi sabab bo‘lishi mumkin.
Ushbu muammo bugungi kunda empirik jihatdan o‘rganiladigan va o‘rganilishi talab qilinadigan jarayon hisoblanadi. Harbiy xizmatchilar oilasidagi oila a’zolarining bir-birini to‘g‘ri tushunishi davlat xizmatini to‘g‘ri tashkil etishga xizmat qiladi. Oilada baxtli kishi jamiyatdagi eng baxtli odam (xizmatchi) hisoblanadi.
Harbiy xizmatchilarning asosiy qismi yoshi 45 yoshga to‘lib yoki to‘lmasdan iste’foga chiqib ketishadi. Iste’foga chiqqandan so‘ng ular birdaniga moddiy qiyinchilikka to‘g‘ri kelishadi, natijada oilada yana muammo bo‘lishi mumkin. Lekin, ushbu yoshda iste’foga chiqish ularni yangi turmushga, hayotga tezroq moslashib ketishlariga ko‘maklashadi. Moslashuv harbiy xizmatchilarning boshqa kasbni o‘rganishlariga yordam beradi. Ba’zida harbiy xizmatchilar yoshi katta bo‘lganda ham, farzandlari katta bo‘lishiga qaramasdan (iste’foga chiqqandan keyin) ajrashib ketishadi, buning sabablaridan biri oila boshlig‘i doimo xizmatda bo‘lib, xotini bilan muqim yashamagan, natijada ular bir-birini yaxshi bilishmas ekan.
Harbiy xizmatchilarning oilasidagi muammolar xohlaysizmi yo‘qmi (muammo katta-kichik bo‘lishidan qat’i nazar) albatta ofitserning mansab pog‘onasida o‘sishiga, xizmat faoliyatiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.
Harbiy xizmatchining oilasidagi farzandlarning soliha ayol tomonidan tarbiyalanishi harbiy xizmatchining kelajagini, baxtini, mansab pog‘onasidan ko‘tarilishini, Vatan himoyasi uchun har tomonlama tayyor turishga yordam beradi. SHuning uchun harbiy xizmatchilarning oilasidagi muammolarni hal qilishda ayoli bosh subyekt hisoblanadi, chunki u doimo kechayu kunduz oilasi bilan, naryadga kuchaytirilgan xizmatga (trevogaga) bormaydi (chunki bu uning ishi emas). Harbiy xizmatchilarning oilasi bugun O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan siyosatning bir bo‘lagi sifatida qaralmoqda, masalan: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida “yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilani mustahkamlash, nizoli holatlar va ajralishlarning oldini olish sohasida kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bo‘yicha ishlar tashkil etilmagan”74 deyiladi. Ushbu fikr qaysidir ma’noda harbiy xizmatchilarning oilasiga ham bevosita va bilvosita taalluqlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoyev o‘zining Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrigida “Bugungi kunda milliy armiyamiz ming-minglab o‘g‘lonlarimiz uchun chinakam mardlik, fidoyilik, haqiqiy vatanparvarlik maktabiga aylangani, hech shubhasiz shu yo‘lda erishgan eng katta yutug‘imizdir”75, degan edilar.
Vatan so‘ziga ta’riflar beqiyos. SHoirlar, yozuvchilar, tarixchilar shu paytgacha yozib ado qila olishmagan. Harbiy xizmatchilarga berilayotgan uylar, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashlar, albatta Vatanga muhabbatni nafaqat harbiylar oilasi boshlig‘iga, shuningdek oila a’zolarida ham uyg‘otadi. Chunki, ularning Vatan ichra kichik vatanlari bor.
Vatani yo‘q hech bir joyga, hech qaerga sig‘maydi. Shuning uchun Vatan har bir vatanparvar uchun eng “Aziz” hisoblanadi.
Ajdodlarimiz oilalarda farzandlarini vatanparvarlikka 5-7 yoshdan tayyorlashgan. Masalan kamon otgan, ot minishga o‘rgatishgan, qilich choptirgan, umuman jismoniy tayyorgarlikka yaxshi e’tibor berishgan. Vatanparvarlikni shakllantirishda asrlar davomida bu qiyin mas’uliyatli jarayonning shakli shamoili o‘zgarib kelgan, lekin mazmun-mohiyati doimo o‘zgargan emas. Vatanparvarlikni shakllantirishda oilada bayroq, madhiya haqidagi fikrlar ham xarbiy xizmatchilarni ruhan tetiklashtiradi.
Harbiy xizmatchilarning oilasini mustahkamlash keng tushuncha bo‘lib, bu tushuncha o‘zida Vatanga sadoqat ruhini singdirishga qaratilgandir. Bugungi kunda harbiy xizmatchilarning oilasini mustahkamlashda chet el tajribalarini o‘rganish ham foydadan holi emas. Masalan, AQSHda yoshlar o‘rtasida burch va vatanparvarlik borasida tarbiya bilan jamoatchilik asosida faoliyat olib boruvchi va davlat tomonidan ko‘mak beruvchi ko‘plab faxriylar tashkilotlari shug‘ullanadi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra 70 dan ortiq shunday tashkilot o‘z atrofiga 15 milliondan ziyod faxriyni birlashtiradi. Ushbu faxriylar urush ko‘rgan faxriylar bo‘lishi talab etiladi. Urush ko‘rgan faxriylar oila mustahkamligiga asosiy e’tiborni qaratadi.
Angliyada esa yoshlarning harbiy-vatanparvarligi bilan bevostita Mudofaa vazirligi shug‘ullanadi. Mudofaa vazirligi 12 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan 125 mingdan ziyod o‘smirlarni qamrab oluvchi Kadetlar kuchlari ham o‘ziga xos rol o‘ynaydi. Ularga ta’lim-tarbiya berishga 125 mingdan ziyod xodimlar jalb qilinadi.
Germaniyada armiyaga tayyorlash maktab yoshidan boshlanadi. Armiyasida yoshlar bilan ishlaydigan ofitserlar lavozimi bor.
Isroilda esa GADNAE “Yyshlar bataloni” deb nomlangan harbiylashgan tashkilot maktab o‘quvchilari uchun boshlang‘ich harbiy tayyorgarlikni olib boradi. Tashkilot boshqaruvi tarkibida mamlakat armiyasi ofitserlari bo‘lib, faoliyatini ta’lim vazirligi bilan muvofiqlashtiriladi.
Ushbu tahlillar bizga shunday xulosa qilishga yordam beradi, ya’ni dunyoda harbiy xizmatchilar oilasini mustahkamlashning shakli turli tuman bo‘lishidan qat’i nazar mazmuni bir xil oilani saqlashdir.
O‘zbekiston Respublikasida harbiy xizmatchilarning oilasini mustahkamlashga davlat va jamiyat birdek mas’uldir. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasi76ga ko‘ra, davlat yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini tashkil etish, uning natijalari monitoringini yuritishni ta’minlaydigan asosiy institut hisoblanadi. Davlat yosh avlodning tarbiya jarayonini oilada, maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim muassasalarida, harbiy xizmat davomida, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, turli davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari doirasida tashkil etadi.
Konsepsiyada yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari to‘rt bosqichda amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Birinchi bosqichda 3-7 yoshdagi farzandlarimizga vatanparvarlik ruhini singdirib borish, qaysi usul va uslublar ushbu yoshdagi farzandlarimizga ko‘proq ta’sir etadi, degan savolga konsepsiyadan ertak, hikoya, she’r, qo‘shiq, multfilmlar, elektron o‘yinlar, muzeylar ekskursiyalar degan javobni olamiz. Savol tug‘ilishi mumkin, nima ilgari ushbu usul va uslublar qo‘llanilmasmidi? Qo‘llanilar edi, bugungi kundagi konsepsiya esa uni muvofiqlashtirishga, takomillashtirishga qaratilgan. Ikkinchi bosqich 7-16 yoshdagi bolalar bilan olib boriladigan tarbiyaviy ishlar. Ushbu yoshda o‘smir yoshlar ongida, ruhida o‘zgaruvchanlik ustun bo‘ladigan davr. SHuning uchun ushbu yoshda “Vatanparvarlik oyliklari”da ishtirok etishlari “Vatanparvar” gazetasini o‘qishlari, unga obuna bo‘lishlari o‘z samarasini beradi. Ushbu yoshda Vatanga sadoqat ruhi shakllanadi, oilaviy vatanparvarlik shakllanadi, oila mustahkamligi yuzaga keladi. Ushbu davr yoshlarimizni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirishga qaratilgan davr bo‘lib hisoblanadi. Uchinchi bosqich 16-18 yoshdagi o‘smirlar bo‘lib ularda Vatan tuyg‘usidan faxrlanish, harbiy xizmatga tayyorlash muhim hisoblanadi. Ushbu yoshdagi o‘smirlar orasida vatanparvarlikni shakllantirishga mudofaa ishlari bo‘linmalari, harbiy qism ofitserlari, harbiy qismlarga ekskursiyalar tashkil etish, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda harbiy o‘quv yurtlarida ochiq eshik kunlari tashkil etish an’anaga aylanib bormoqda. Ayniqsa Qurolli Kuchlardagi islohotlar haqida batafsil ma’lumot berib borish yoshlarda Vatan himoyasiga bo‘lgan tuyg‘uni uyg‘otadi.
To‘rtinchi bosqich esa 18-30 yoshdagi yoshlar bilan olib boriladi. Ushbu yoshda yoshlar hayotda o‘z yo‘lini topib olgan, harbiy xizmatni o‘tagan, ko‘pchiligi oilali, oliy ma’lumotlilar hisoblanadi. Ushbu yoshdagi shaxslarda milliy mafkuraviy immunitetni o‘ziga ishonch, ogohlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan barcha chora-tadbirlar olib boriladi. Ayniqsa o‘zining pozitsiyasida mustahkam tura oladigan o‘zini mustahkam, mustaqil fikr-mulohazalarini bayon eta oladigan, qat’iy tartib-intizomga rioya qilish fazilatlarini shakllantirishga o‘rgatish.
Harbiy xizmatchilar oilasi ham jamiyatning bir bo‘lagi bo‘lib, ushbu oilalarda davlat arboblari, olimlar, mutafakkirlar, faylasuflar, harbiylar, huquqshunoslar tarbiya topishgan.
Oiladagi barcha yaxshi-yomon odatlar, achchiq-chuchuk gaplar, vatanparvarlik haqidagi fikrlar, barcha-barchasi farzandlarimiz ongida shakllanadi. Harbiylar oilasining boshqa oilalardan farqi bo‘lib, uning o‘z tarbiya muhiti bo‘ladi. Harbiy xizmatchilar farzandlari Vatanga muhabbat, Vatanni sevishga yoshligidanoq tayyorlanishi barchamizga ma’lum va bu ko‘pchilik oilalarga xosdir. G‘arb faylasuflaridan masalan, Platon va Aristotel bola tarbiyasini davlat ixtiyoriga qo‘yib, tarbiya jarayonidagi barcha zarur ishlarni davlat zimmasiga yuklashni ilgari surgan va bola tarbiyasi bilan shug‘ullanish jamiyat va davlat manfaati uchun zarur va foydaliroq deb bu bilan tarbiyani ota-ona zimmasidan soqit qilgan bo‘lsalar, Ibn Sino buning aksini aytadi. U bola tarbiyasi bilan oila, ota-ona shug‘ullanmog‘i kerak, deydi. Ibn Sinoning bolani tarbiyalashda tarbiyachini ota-onaning o‘zi tanlashini ta’kidlaydi. Farzandning didi, salomatligi, madaniyatli, Vatanga muhabbati ko‘ngildagidek bo‘lib o‘sishi, bunga ko‘p jihatdan bog‘liqligini uqtiradi.
Xalq orasida Ibn Sino shaxsiyati bilan bog‘liq bo‘lgan bir rivoyat bor. Bir kishi Abu Ali Ibn Sino oldiga bola tarbiyasi haqida maslahat so‘rab keladi.

  • Bolani necha yoshdan tarbiyalash kerak, – deydi, haligi odam.

  • Bolangiz necha yoshda – deydi, Ibn Sino. Maslahat so‘ragan kishi unga – uch yoshda, – deb javob qaytaradi.

SHunda Ibn Sino unga – Siz uch yil kechga qolibsiz, – deb javob beradi.
Ota-onaning xulq-atvori oilada bola tarbiyasiga bevosita ta’sir qiladi. SHuning uchun ota-ona ham axloq namunalariga qat’iy itoat qilishi, zarur.
SHarq mutafakkirlari farzandni jamiyatdan ajratib, alohida tarbiyalashga qarshi chiqishgan. Ibn Sino tibbiyot, falsafa jarayoni bilan bir butunlikda tarbiyani ham qo‘shib olib borgan. Uning bu durdonalarini o‘zbek xalq pedagogikasi tarixiga qo‘shilgan ulkan hissa deyish mumkin. Haqiqatdan ham, xalqning vatanparvarlik qarashlari uzoq asrlar davomida shakllangan va ular ayrim yozma manbaalar va xalq og‘zaki ijodi namunalari orqali etib kelgan.
Abu Rayxon Beruniy insonning axloqiy kategoriyalari “haqiqat va adolatsizlik”, “yaxshilik va yomonlik”, “rostgo‘ylik va yolg‘onchilik”, “faxr va loqaydlik”, “bilim va jaholat”, “halol va harom” va boshqa shu kabi xususiyatlari kishilarning tabiati, tarbiyasi va psixologiyasi bilan bog‘laydi. Mana oradan necha yuz yildan ortiq vaqt o‘tishiga qaramasdan, Abu Rayxon Beruniyning pedagogik va falsafiy g‘oyalari hozir ham g‘oyatda qimmatlidir.
Umuman olganimizda, Abu Rayxon Beruniynning qarashlarini quyidagilarga bo‘lishimiz mumkin:

  1. Oilada bola tarbiyasi.

  2. Oilada aqliy ta’lim.

  3. Axloqiy va jismoniy tarbiya.

  4. Mehnat va insonparvarlik tarbiyasi.

  5. Jinoyat qilmaslikka chaqirish, birovga zarar etazmaslik.

  6. Turmushdagi hodisalar yordamida yomonlikning oqibati voy bo‘lishini isbotlab berish.

Amir Temur vatanparvarlik, odob-axloq, iymon-e’tiqod, ta’lim-tarbiyada yuksaklikka, mukammallikka erishgan siymolardan biridir.
Amir Temur o‘z faoliyatini qonun bilan tartibga solgan, qonun buzilishining oldini olishga qaratgan. U o‘z saltanatini qat’iy qonun asosida qurib, tarbiyani ham shunga yo‘naltirgan. Masalan, Amir Temurning o‘gitlarida shunday so‘zlar uchraydi: “Saltanatim martabasini qonun-qoidalar asosida shunday saqladimki, saltanatim ishlariga aralashib, ziyon etkazishga hech bir kimsaning qurbi etmasdi”.77
Amir Temur adolatsizlik, qonunbuzarlik, axloqsizliklarni sodir qilganlar uchun jazo tayinlashda qonunchilik, adolat va insonparvarlik prinsiplariga asoslangan holda siyosat yuritganki, bu jamiyatdagi shaxslarni, bunday salbiy xatti-xarakatlarni sodir etishdan to‘xtatishga imkon bergan, deb xulosa qilishimiz mumkin.
Qonun yoki qonun ijrosiga putur etkazadigan, unga rioya qilishga to‘sqinlik qiladigan omillar sababini tarbiyasizlikdan izlash to‘g‘ridir. Bu haqida yana bir SHarq faylasuf olimi Mahmudxo‘ja Behbudiy shunday deydi: “Badbaxtlik va musibatga sabab, jaholat va nodonlikdir, bilimsiz va tartibsizlikdir bolangizni ota tarbiya etmadi, o‘qitmadi. Oxiri baloga uchradi. Bizlarni xonavayron, bachagiryon, bevatan va bandi qilgan tarbiyasizlik va jaholatdir. Bizlar tarbiyasiz va bizlar bolalarimizni o‘qitmaymiz, bul tariqa yomon hodisalar va badbaxtliklar oramizda doimo hukmfarmo bo‘lsa kerak”.78
SHarq faylasuflari aytgan bunday dono fikrlar hali ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan va dono so‘zlar xalq pedagogikasining bir bo‘lagi bo‘lib, millat ta’lim-tarbiya faoliyatiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
SHarqdagi eng qadimiy qonunlar, diniy-huquqiy ta’limotlar, maktablar va oqimlar tomonidan yaratilgan ta’limotlarga mujassamlashgandir. YAna shuni aytish kerakki insoniyat taraqqiyotining dastlabki bosqichlaridanoq, Vatan, vatanparvarlik tushunchalari mazmun-mohiyatini tushunib etishgan (bu tushuncha keng ma’noda).
Namunali oilalarda bolalar yoshligidan Vatanga muhabbatli bo‘lib o‘sishi uchun, ular mehnat bilan chiniqtirilgan, ota-onalarni ibrat qilib ko‘rsatishgan. Oila qurish ham mamlakat tuzish kabi murakkab va ko‘p qirrali bo‘lib, bu kichik mamlakatni idora qilish bilan tengdir. Vatanni sajdagoh kabi bilgan, qadrlagan oilalarni rag‘batlantirish lozim. CHunki bunday oilalarda barkamollik, tinchlik, osoyishtalik hukm suradi.
Sohibqiron Amir Temurning oilaga nisbatan chuqur hurmatini isbotlovchi fikrlar mavjud: “O‘g‘illarim, nabiralari va yaqinlarimni uylantirish tashvishida kelin izlamoqqa e’tibor berdim. Bu ishlarni davlat yumushlari bilan teng ko‘rdim. Kelin bo‘lmishning nasl-nasabini, etti pushtini surishtirdim. Xolis odamlar orqali sog‘lik-salomatligini, jismonan kamolotini aniqladim. Kelin bo‘lmishning nasl-nasabi, odob-axloqi, sog‘lom va baquvvatligi bilan barcha qusurlardan xoli bo‘lsagina el-yurtga katta to‘y tomosho berib, kelin tushurdim”79.
Oilaning ijtimoiy asosini farzandlar tashkil etadi. Farzandning aqlli, zakovatli bo‘lib o‘sishi, shu uydagi ayollarga ko‘p jihatdan bog‘liq, masalan ayrim oilalarda bola ozoda, tartibli, injiq va qaysar emas, u onaning aytganini undan qo‘rqqanidan emas, balki hurmat qilgani uchun bajaradi, ba’zi joylarda buning teskarisini ko‘rish mumkin. Ota-onaning o‘ylovsiz maishati orqasida ba’zan bolaning ruhiy nosog‘lom, mayib va majruh bo‘lib tug‘iladi. Bu jamiyat uchun ham og‘ir holatdir.
Spirtli ichimlik yoki giyohvandlik moddalari XXI asr uchun ham jiddiy muammodir. E’tibor bering-a, Afg‘oniston va Tojikistondan O‘zbekistonga olib o‘tilayotgan giyohvandlik moddalarining keti uzilayotgani yo‘q. Bunday hollarning oldi olinmasa, qanchadan-qancha oilalar barbod bo‘lishini tasavvur qiling. Shu joyda oilaning sofligi, farzandlarning sofligi, farzandlarning sog‘lomligi faqatgina oilaning emas balki davlatning ham tashvishi ekanligi ko‘zga tashlanmoqda.
Sohibqiron Amir Temur oilaning sog‘lom bo‘lishi xususida shunday degan: “O‘g‘illarim, nabiralarim va yaqinlarimga biron tomchi sharob ichib xotinlariga yaqinlashishni man etdim. Zero sharbatning ta’sirida dunyoga kelgan farzand nasl-nasabining buzulishiga tasir etgay deb, shu pokiza yo‘lni tutdim”80.
Bular shunchaki aytilgan so‘zlar emas, buning asosida millatning pokligi, nasl-nasabning tozaligini asrab qolishdek, buyuk fikr yotadi. Tarbiya farzandning savoliga to‘g‘ri javob berishdan boshlanadi deyish mumkin, chunki har bir savolga to‘g‘ri javob berish yangi o‘sayotgan niholga o‘z vaqtida ozuqa berish bilan barobardir. O‘zbek oilasi qadimdan ko‘p oilali deb hisoblangan. Ko‘p oilali bo‘lib yashashning o‘ziga yarasha xususiyatlari mavjud. Masalan, oilada mehnat taqsimlanadi, katta yoshdagi bolalardan kichiklar o‘rnak oladilar, muhimi, bajariladigan ishlar izchil, o‘ylab amalga oshiriladi. Bugungi kunda kam bolali oilalardagi tarbiya ko‘p bolalik oilalardagi tarbiyadan farq qiladi, ayniqsa oilada farzand yolg‘iz bo‘lsa, u ota-onaning butun diqqati shu farzandda bo‘ladi, uning ko‘nglini ovlaydi natijada farzand ko‘p xollarda, injiq va kamxafsala va izzattalablikka moyil bo‘lib o‘sadi. Bolalarni tarbiyalashda ularning yashab turgan sharoiti ayniqsa, muhimdir. Chunki muhit ham shaxsning tarbiyalanishiga ancha ijobiy yoki salbiy ta’sir qiladi. Bolalarning tarbiyali yoki jinoyat qilishga moyil bo‘lib o‘sishda obyektiv va subyektiv omillar mavjud.
Obyektiv omillarga oilaning moddiy ta’minlangan uy-joy sharoiti, oiladagi shaxslarning soni va hakozolar taalluqli.
Subyektiv omillarga esa oiladagi o‘zaro ijtimoiy munosabatlar, oila a’zolari ish bilan qay darajada bandligi, ma’naviy saviyasi, ota-onalarning o‘zaro muomala madaniyatlarini kiritish mumkin.
Bu har qanday salbiy yoki ijobiy munosabatlarning asosiy sababini oiladan, uning hayot bosqichlaridan ma’naviy-axloqiy turmush tarzidan, qadr-qimmatidan axtarish lozimligini ta’kidlaydi.81
Abdulla Avloniyning oila pedagogikasi va psixologik fikrlari ham diqqatga sazovor. Allomaning “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida oila muhitidagi bola tarbiyasi va umuman oilaning ijtimoiy roli ochib berilgan. Uning fikricha, bolalarda axloqiy xislatlarning tarkib topishida ijtimoiy muhit, oilaviy sharoit va bolaning atrofidagi kishilar g‘oyat katta ta’sir kuchiga ega ekanligi hamda insonning hur fikrli bo‘lishida oila, oilaviy tarbiyaning ahamiyati ko‘rsatib berilgan. Oilada bolaga ilk yoshdan boshlab odob va axloqqa oid tarbiya berish lozimligini tushuntirgan: “Tarbiyani tug‘ilgan kundan boshlamoq, vujudimizni quvvatlantirmoq, axloqimizni kuchlantirmoq kerak, zehnimizni esa ravshanlantirmoq lozim”.
Abdulla Avloniyning ta’kidlashicha, bolani sog‘lom va zehnli tarbiyalanishida dastlab oila va ota-onalar asosiy tarbiya kuchi hisoblanishadi. Bolani har tomonlama barkamol bo‘lishida dastlab oilada ota-onalar murojat qiladi va ulardan shaxsiy namuna oladi. Zero, xalqimiz “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, – deydi. “Inson javhari qobildir, agar yaxshi tarbiya topib, buzuq xulqlardan saqlanib, go‘zal xulqlarga odatlanib katta bo‘lsa, har kim qoshida maqbul, baxtiyor bir inson bo‘lib chiqar…”. Demak, olim bola tarbiyasida oilaning rolini birlamchi darajaga qo‘yadi. “Tarbiyani kim qilur? Qanday qilinur?”degan savol keladi. Bu savolga birinchi uy tarbiyasi – ona vazifasidir. Ikkinchi maktab va madrasa tarbiyasi – bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidir, – degan javob bersak”. Ko‘rinib turibdiki, Abdulla Avloniy bolaning mukammal tarbiyasida oila va ota-onani alohida ko‘rsatish bilan birga maktab va jamoat tashkilotlariga ham bog‘liqligini e’tirof etib, tarbiya masalasini umuminsoniy vazifalar darajasiga talqin etgan.
Oilada farzandga berilayotgan tarbiya uning kelgusida kim bo‘lib etishishini ta’minlaydi. Oilada farzand yo komil shaxs, yo xudbin inson bo‘lib shakllanishiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Bugungi kunda ham bu hikmatli so‘zlarning ahamiyati o‘z kuchini yo‘qotmaganini ko‘rishimiz mumkin. Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida farzandlarimizni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish, ularda yon-atrofda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish, tinch-osoyishta hayotimizga, ko‘p asrlik ma’naviyatimiz va milliy qadriyatlarimizga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan tajovuzlarga qarshi kurashishda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotlarning ahamiyati kun sayin ortib bormoqda. Bunda esa avvalo, onalarimizni o‘rni va ular tarbiyasi asosiy o‘rinni egallaydi.
Amaliyotdagi huquqshunos-pedagog olimlar jumladan, U.Abdug‘ani­evning fikricha, jinoyatlar ilgarilari iqtisodiy qiyinchilik va etishmovchilik mavjud bo‘lgan oilalarda sodir etilar edi, hozirgi kunda esa buning aksi bo‘lmoqda, ya’ni huquqbuzarliklar moddiy jihatdan o‘ziga to‘q, ma’lumotli oilada o‘sgan farzandlar tomonidan sodir etilmoqda. Masalan bunday jinoyatlar, spirtli ichimliklar, giyohvandlik moddalari iste’mol qilishi natijasida sodir etilmoqda. Bu bilan yoshlar faqat o‘zlari emas, balki kelajakda tug‘iladigan farzandlariga ham biologik ziyon etkazayaptilar. Biologik, fiziologik nosog‘lom tug‘ilgan farzand bu dunyodan bir umr armon bilan o‘tib ketadi.
Oilada bolani vatanparvar qilib o‘stirish uchun birinchidan, oilada farzandlarni adolatga o‘rgatish va mehnatini to‘g‘ri tashkil etilishiga e’tibor berilishi zarur; ikkinchidan ota-onalar bolaning dam olishini, mehnatini, o‘z ustida ishlashini to‘g‘ri tashkil etishi talab etiladi.
Harbiy xizmatchilarning oilaviy tarbiyasining natijalarini biz farzandlarning xatti-harakatlarida, ularning Vatanga muhabbatida, jamiyatga, tabiatga, qonunga bo‘lgan munosabatlarida ko‘rishimiz mumkin. Oilaviy tarbiyaning ahamiyati jamiyatimiz taraqqiyoti uchun salmoqli ulush qo‘shayotgan yoshlarning qay darajada vatanparvarlikning tushunishiga ham bog‘liqdir.
Qurolli Kuchlar oldiga qo‘yilgan muhim va mas’uliyatli vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish uchun barcha bo‘g‘inda, shu jumladan, harbiy xizmatchilarning oila a’zolari o‘rtasida ham, vatanparvarlik tarbiyasi ishlari saviyasini oshirish qat’iy talab etiladi. Bu tarbiyaviy ishlarning o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan muhim qismidir.

Download 493.41 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   42




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling