O‘zbekiston respublikasi milliy gvardiyasi harbiy-texnik instituti r. M. Maxmudov, G‘. Z. Ikmatullayev harbiy pedagogika
-§. Harbiy xizmatchilar oilalarini boshqarishning ijtimoiy-psixologik muammolari
Download 493.41 Kb.
|
Harbiy pedagogika
3-§. Harbiy xizmatchilar oilalarini boshqarishning ijtimoiy-psixologik muammolariHarbiy xizmatchilar oilalaridagi muammolarni yanada batafsil tahlil qilish maqsadida, quyidagilarga e’tibor qaratishimiz lozim: Harbiy xizmatchi oilasining tarbiyadagi vazifalari qandayligi; Oila nikohga asoslanganligi (shar’iy ham bo‘lishi mumkin); Oilaviy tarbiya qanday olib borilishi; Oila qanday parametrlar bo‘yicha tavsiflanishi hamda uning o‘ziga xos jihatlari va boshqalar. Oila – ijtimoiy-pedagogik faoliyatning obyekti va subyekti. Jamiyatning bir bo‘g‘ini sifatida oila ijtimoiy muhitning o‘ziga xos ko‘rinishi bo‘lib, bu muhitning sifati bir qator omillarga bog‘liq: Demografik (oila tarkibi): katta – tarkibida boshqa qarindoshlar ham mavjud; nuklear – faqatgina ota-ona va farzandlardan iborat; to‘liq – ikkala ota-ona va farzandlar; noto‘liq – ota-onaning yo‘qligi; farzandsiz – farzandi yo‘q; yakka farzandli – bitta bolasi bor; kam farzandli – 2-3 nafar bolali; ko‘p farzandli – 3 nafardan ko‘p bolali; Ijtimoiy-madaniy (ota-onaning ma’lumot darajasi, ularning jamiyat hayotidagi ishtiroki, mulkiy tavsiflar va ota-onaning ish bilan bandligi); Texnik-gigienik (yashash sharoiti, turmush tarzining o‘ziga xos xususiyatlari). Oilaning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi: Reproduktiv vazifalar; Iqtisodiy (xo‘jalikka oid) vazifalar; Tarbiyaviy vazifalar; Kommunikativ vazifalar; Ishdan bo‘sh vaqtni o‘tkazish, hordiq chiqarish va boshqa vazifalar. Ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi o‘n yil ichida o‘zgarib borib emotsional-psixoligik ko‘rinish olmoqda. Borgan sari ko‘proq insonlar uchun aynan farzandlar hayotning eng asosiy qadriyatlaridan biriga aylanmoqda. Ammo bu qanchalik mantiqqa zid bo‘lmasin, oilaviy hayotni mustahkamlash o‘rniga uni yanada murakkablashtirmoqda. Buning ko‘plab sabablari bo‘lib, ularning asosiylari quyidagilar: Oilalarning ko‘pchiligi bittadan farzandga ega va ikki avloddan – ota-ona va farzanddan iborat. Buva, buvi va boshqa qarindoshlar ko‘p hollarda alohida yashamoqda. Buning oqibatida ota-onalar kundalik hayotda keksa avlod vakillarining farzand tarbiyasi borasidagi tajribalaridan foydalanish imkoniyatidan, ularning qo‘llab-quvvatlashlaridan mahrum bo‘lib bormoqda. Er-xotinning munosabati borgan sari ularning o‘zaro mehr-muhabbati darajasiga qarab baholanadigan bo‘lib bormoqda. SHuning uchun ularning bir-biridan kutadigan orzu-umidlari darajasi ham oshib bormoqda. Lekin ko‘p hollarda madaniyat va shaxsiy fazilatlar saviyasining yetarli emasligi natijasida bu orzu-umidlar o‘zini oqlamayapti. Ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlar borgan sari murakkablashib, muammoli jihatlari ortmoqda. Farzandlar oiladabarvaqt yuqori maqomga ega bo‘lib bormoqdalar. Aksar hollarda ular yuqori ma’lumotlilik darajasiga erishish bilan birga, bo‘sh vaqtlarini ko‘pincha uydan tashqarida o‘tkazish imkoniga ega bo‘lmoqdalar. Bunday vaqtlarni ular ko‘pincha tengdoshlari davrasida,turli mashg‘ulotlarda o‘tkazsalar-da, o‘zlarining bunday vaqt o‘tkazishlari ota-onalari tomonidan ma’qullanishi haqida doim ham o‘ylab ko‘rmayaptilar. Ota-ona hukmining nufuzi bugunga kelib, aksar hollarda o‘z kuchini yo‘qotmoqda. Farzandlar uchun ota-onaning shaxs sifatidagi nufuzi zarurdir. Farzandlarni tarbiyalash vazifasi oilaning vazifalari ichida eng muhimidir. Bu borada uch omilga alohida e’tibor qaratish lozim: Oila jamoasining o‘z tarkibidagi har bir a’zosiga uning butun umri davomida tizimli ravishda tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatishi; Ota-onalarning farzand oldidagi doimiy javobgarligi. bu omil farzandlarda o‘z-o‘zini tarbiyalash va o‘z ustida faol ishlab, kamol topishga intilishiga turtki beradi; Ota-onaning o‘z farzandiga pedagogik (ijobiy) ta’sir ko‘rsatishi. Oilaviy tarbiya ‒ ozmi-ko‘pmi anglangan tarzda oilaning katta a’zolari tomonidan bolalarni shakllantirish uchun urinishlar majmui. bu urinishlar oilaning kichik a’zolarini katta a’zolarning bola, o‘smir, yigit yoki qiz qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi tasavvurlariga moslashtirishga qaratilgan bo‘ladi. Oilaviy tarbiyaning tarkibi, xususiyatlari va natijasi bir qator muhim omillarga bog‘liq bo‘lib, quyidagilar shular jumlasidandir: Oilada shaxs manbalari: ota-ona, aka-uka, opa-singil, yaqin qarindoshlar va oilaviy hayotga qo‘shilganlar (buva, buvi, xola va b.) ning mavjudligi; Oila a’zolarining individual xususiyatlari: sog‘lig‘ining holati, fe’l-atvor, ma’lumot darajasi va turi, individual qiziqishlari va ta’bi, turli qadriyatlarga nisbatan munosabati, ijtimoiy yo‘nalganligi, qat’iyatlilik darajasi; Kattalarning kichiklarga, ularning tarbiyasiga o‘zining so‘zsiz majburiyatlari sifatidagi munosabati; Kattalar va kichiklar munosabatlarining xususiyatlari. Harbiylar oilasidagi ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar uslubi avtoritar, demokratik, avtoritar-demokratik, demokratik-avtoritar ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin. Avtoritar (“hukm-bo‘ysunish” prinsipiga asoslangan) uslub kattalarning kichiklarni imkon qadar o‘z hukmiga bo‘ysundirishga, ularning tashabbusini sindirishga, o‘z talablarining qat’iyan bajarilishiga erishishga, ularning xatti-harakatlarini, qiziqishlari va hatto, xohish-istaklarini ham mutlaq nazorat qilishga harakat qilishi bilan ifodalanadi. Ota-onalarning o‘z bolalarining nafaqat xatti-harakati ustidan, balki ichki dunyosi, fikrlari va xohish-istaklari ustidan nazorat yurg‘izishga zo‘r berib urinishi nizolar keltirib chiqarishi mumkin. Ba’zi ota-onalar o‘z farzandlari go‘yoki istalgan shaxsni yasab olsa bo‘ladigan loy va mum kabi tasavvur qiladilar. Agar bola qarshilik qilsa, uni jazolaydilar. Tashabbus faqat ota-onadan chiqadi. Bu uslub bir jihatdan farzandlarini intizomli qiladi va ularda ota-ona xohlagan ong mexanizmlari va xatti-harakat ko‘nikmalarini shakllantirsa, boshqa jihatdan ‒ farzandlarda kattalarga nisbatan nafrat, uzoqlashish hissi, norozilik kayfiyati, tajovuzkorlik, loqaydlik va sustkashlikni keltirib chiqaradi. Demokratik uslub ota-onalarning farzandlar bilan iliq munosabatlar o‘rnatishga, ular muammolarining echimini topishga jalb qilishga intilishi, tashabbuslarini va mustaqilligini rag‘batlantirishi kabi xususiyatlar bilan ajralib turadi. Ota-onalar o‘z talablarining boisini tushuntiradilar, ularning muhokama qilinishini rag‘batlantiradilar, farzandlardagi itoatkorlik bilan bir qatorda, mustaqillik xususiyatlarini qadrlaydilar. Farzandlar bilan munosabatda ular ko‘proq nazorat o‘rniga ishonchga suyanadilar. Ma’qullash, mukofotlash kabi usullar bunday tarbiyaning asosiy vositalari hisoblanadi. Fikr almashinish ikki tomonlama kechadi. Bu uslub farzandlarda mustaqillik, mas’uliyat, faollik, samimiyat, chidamlilik xislatlarini tarbiyalaydi. Hayotda avtoritar va demokratik tarbiya uslublari sof ko‘rinishda kamdan-kam uchraydi, odatda asosan, u yoki bu uslubga yaqinroq bo‘lgan murosa shakli ko‘proq qo‘llaniladi (avtoritar-demokratik, demokratik-avtoritar). Bu uslublarning farqi shundaki, ularning birida avtoritar xususiyatlar, ikkinchisida demokratizm ustunlik qiladi. Harbiy xizmatchilarning oilaviy tarbiyasi jarayonida quyidagi vazifalar echiladi: farzand shaxs sifatida shakllanadi, uning qobiliyatlari rivojlanadi va qiziqishlari kengayadi; farzandlarda dunyoqarash, mehnatga nisbatan mas’uliyatli yondashuv hosil bo‘ladi; jamoaga uyushganlik, o‘zini tutish me’yorlariga amal qilish ko‘nikmalari shakllanadi; aql-idrok boyiydi, estetik rivojlanish va jismoniy kamol topish jarayoni amalga oshadi, sanitar-gigienik madaniyat ko‘nikmalari shakllanadi. Harbiylar oilasi farzandlarining shaxs sifatida shakllanishi uchun quyidagi tarbiyaviy imkoniyatlar mavjud: u farzandning jismoniy va emotsional rivojlanishini ta’minlaydi; farzandning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi; farzandning aqliy rivojlanishida asosiy rolni o‘ynaydi. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, o‘ziga to‘q va etishmovchilikka duchor bo‘lgan oilalarda o‘sgan bolalarning aqliy rivojlanishidagi farqlar salmoqli ekan; farzandlarning jamiyatdagi ijtimoiy me’yorlarni o‘zlashtirishida muhim ahamiyatga ega. Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, kelajakda turmush o‘rtoqni tanlash va yangi oilasidagi muomala xarakteri inson ulg‘aygan oiladagi muhit va o‘zaro munosabatlar ta’sirida shakllangan bo‘lar ekan; farzandlarning ijtimoiy rivojlanishini belgilab beradi. Ma’qullash, qo‘llab-quvvatlash, befarqlik va ayblash yoki tanbeh berish shaxsning hayot yo‘lida o‘z aksini topadi, murakkab vaziyatlarda, o‘zgaruvchan shart-sharoitlarga ko‘nikishda, murakkab vaziyatlardan chiqish uchun yo‘l topishda yordam beradi yoki aksincha, halal beradi; farzandlarda qadriyatlarga bo‘lgan fundamental yo‘nalishni shakllantiradi. Harbiy xizmatchilar oilalarining ijtimoiy-pedagogik tahlili hozirgi kunda ba’zi bir tendensiyalarni aks ettiradi: harbiy xizmatchilar (ofitserlar, serjantlar) oilalari avvalgidek nikoh rishtalarining mustahkamligi bilan xarakterlanmayapti; 1990 yillarda harbiy xizmatchilar oilalarining buzilish holatlari ko‘paydi. ittifoq tarqalganidan keyin, aralash oilalarda ajralish ko‘paydi, chunki, ofitserlar boshqa respublika, davlatlardan O‘zbekistonga chaqirtirildi, natijada ko‘pchilikning oilasi O‘zbekistonga kelmadi, ba’zilari O‘zbekistondan ketmadi. Harbiy xizmatchilar oilalarining muammolariga ofitserlar, komandirlar va tarbiyachilarning e’tibori susaydi, bu sohadagi faoliyat tizimi izdan chiqdi, ijtimoiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash kuchsizlandi, uy-joy bilan ta’minlash ishlari doim ham ko‘ngildagidek kechmadi, harbiy xizmatchilar oilalari bilan olib borilgan ishlar tajribasidan foydalanilmayapti. Ma’lum darajada harbiy xizmatchilarning harbiy shaharchalarda uyushib, kollektiv xo‘jalik ko‘rinishida yashashi, hamjihatlikda yashash uchun yaxshi ijtimoiy sharoitlar yaratib berishdan manfaatdorlik saqlanib turibdi. SHuning uchun bu ishda oilalarni mustahkamlash, ularning xotirjamligi va rivojlanishiga asosiy e’tiborni qaratish lozim, zero, bu jangovar-xizmat vazifalari bajarilishining sifatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi. Harbiy xizmatchilarning oilalari bilan ishlash tizimiga quyidagilar yo‘nalishlar taalluqli: 1) barcha toifadagi rahbarlarning e’tibori oilalarning oyoqqa turishi va rivojlanishida amaliy yordam ko‘rsatilishiga qaratilishi; 2) harbiy xizmatchilar oilalarining fikrlari, kayfiyatlari, talablari va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga turli muammolarini echishda real yordam ko‘rsatish; 3) harbiy xizmatchilar oila a’zolarining ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ularning xizmat va jamoatchilik ishlarida faolligini, madaniy darajasi va ta’lim sifatini oshirish; 4) harbiy xizmatchilar oila a’zolarining axloqiy, estetik, huquqiy, iqtisodiy, oilaviy, jinsiy, jismoniy tarbiyasini tashkillashtirish. Bunday vazifalarni hal qilish quyidagi omillarga asoslanadi: tarbiyaning ijtimoiy yo‘nalganligi; tarbiyaning hayot bilan aloqadorligi, tarbiyaviy jarayonning loyihalashtirilganligi va dasturlashtirilganligi; jamoatchilik va oila tarbiyasining hamjihatligi; tarbiyaning uzluksizligi va yuqori faolligi, uning dominantligi (bir tarafning boshqa tarafga ta’siri kattaroqligi); ijobiy emotsional (hissiy) muhit; tarbiyaviy pozitsiyalarda talablarning birligi; tarbiyalanuvchining faoliyatga jalb qilinganligi. Harbiy xizmatchilarning oilalari bilan ishlash tizimida uchta jihat alohida ahamiyatga ega: tashkiliy, mazmuniy, uslubiy. Tashkiliy jihat quyidagilarga asoslanadi: oilada bajariladigan ishlarni rejalashtirish; uning maqsadlari va vazifalarini aniqlash va amalga oshirish; oila a’zolari bilan olib boriladigan chora-tadbirlar ijrochilarini belgilash; tarbiya yo‘nalishlari, shakllari va vositalarini aniqlashtirish; tarbiyaviy chora-tadbirlarni amalga oshirish; komandirlarning tarbiyaviy faoliyat jarayonidagi ko‘nikma va malakalarini oshirib borish. Mazmuniy jihat quyidagilarni o‘z ichiga oladi: tarbiyaning axloqiy, vatanparvarlikka taalluqli, estetik, jismoniy, harbiy (mehnatga taalluqli), ekologik, huquqiy, jinsiy va boshqa yo‘nalishlari; muomala madaniyatini shakllantirish; alohida qobiliyatlarni rivojlantirish (sport turlari, madaniyat, bilim tarmoqlari kabilarda); ma’lum bir kasbga yoki faoliyat sohasiga tayyorlash; turli ijtimoiy omillar (moddiy, moliyaviy yordam ko‘rsatish, psixologik qo‘llab-quvvatlash va b.). Uslubiy jihat ‒ bu harbiy xizmatchilarning tarbiya yo‘nalishidagi hamkorligi va ularning oilalariga ta’sir ko‘rsatish uslublari, usullari va yo‘sinlari. Harbiy xizmatchilar oilaviy munosabatlarining bo‘linmalar va harbiy qismlarning jangovar shayligigiga unumli ta’sir ko‘rsatishini hisobga oladigan bo‘lsak, hayot ularning oilalari bilan olib boriladigan ishlarni taraqqiy ettirishni, ularning samaradorligi va sifatini oshirishni, iliq, yaqin oilaviy munosabatlarni qo‘llab-quvvatlashga ta’sir o‘tkazishni, oilalarni mustahkamlashni, harbiy xizmatchilar turmush o‘rtoqlarining tarbiyaviy masalalardagi ishtirokini faollashtirishni taqozo qilmoqda. Harbiy xizmatchilar oilalarini shartli ravishda ikki guruhga bo‘lish mumkin: 1) muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning oilalari; 2) shartnoma asosida harbiy xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning oilalari. Ushbu guruhlarning har biriga pedagogik ta’sir o‘tkazish o‘zining individual xususiyatlariga ega. Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning oilalari bilan ishlashda uning askarga o‘tkazadigan ta’sirini hisobga olish lozim. Bunday oilalarga ta’sir ko‘rsatish shakllariga quyidagilarni kiritish mumkin: turli mazmunga ega yozishmalar (savol tarzidagi xatlar, tashakkurnomalar va b.); askarlar xizmat o‘tayotgan harbiy qism, bo‘linmaga ota-onalar, turmush o‘rtoqlarni taklif etish; askarlar yaqin qarindoshlarining harbiy qismga, bo‘linmaga yaqin joyda vaqtincha yashab turishlarini ta’minlash orqali ularga askar kundalik turmush va dam olish sharoitlari bilan yaqindan tanishish imkonini berish; harbiy xizmatchining Qurolli Kuchlar saflarida xizmat o‘tash muddatlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlarning amalga oshishida amaliy yordam ko‘rsatish; ma’ruzalar, suhbatlar, munozaralar, kechalar, uchrashuvlar shaklida axloqiy, estetik, huquqiy va boshqa sifatlarni kamol toptirish maqsadida tushuntirish ishlari olib borish. SHartnoma asosida harbiy xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilar oilalari bilan ishlashda ikki asosiy toifani e’tiborga olish muhimdir: harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlari va bolalari.Turlarga ajratish uslubida ish olib borish ularni yana kichik toifalarga ajratishni taqozo qiladi: ishlaydigan turmush o‘rtoqlar va uy bekalari, yosh onalar va ulg‘aygan bolalarning onalari, harbiy xizmatchi onalar va harbiy bo‘lmagan onalar; maktab yoshigacha bo‘lgan bolalar, boshlang‘ich sinf yoki yuqori sinf o‘quvchilari; tayyorlash bosqichlari, so‘rovlari, maqsadlarida farqlarni hisobga olish; barcha tarbiyaviy maqsadlar echimini kompleks ravishda topishni ta’minlash. Ma’naviy, axloqiy, psixologik tarbiya avvalo oiladan boshlanadi. Oila tinch, mustahkam va farovon bo‘lsagina, jamiyatda rivojlanish bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida ma’naviy va ruhiy muhitning sog‘lomligiga yetarli zamin yaratadi. Farzandlarmiz yoshlarimiz bizning nafaqat ishonchimiz va kelajagimiz, balki bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchidir. Oiladagi muhitning buzilishi uni kundalik hayotini izdan chiqaradi va unga to‘sqinlik qiladi. Oilada nosog‘lom muhitning yuzaga kelishiga ota-onaning o‘zaro janjallari, ayniqsa, onaning tinimsiz oila a’zolariga o‘z fikrini o‘tkazishga jon-jahdi bilan intilishi turmush o‘rtog‘ida va bolalarida unga nisbatan bo‘lgan hurmat va e’tiborni pasayishiga olib keladi. Oilada ona bolalarining eng yaqin ishongan odami bo‘lmog‘i kerak. O‘z fikrlarini birinchi galda ona yoki ota bilan o‘rtoqlashishi va maslahatlar olishi o‘smirlarda oilaga bo‘lgan hurmatini va mehrini oshiradi. Oilada sog‘lom psixologik mezonlarga quyidagilarni talluqli deyishimiz mumkin: ota-ona psixologiyasi (otaning fe’l-atvori, onaning fe’l atvori, temperamentlari, shaxs toifalari); oiladagi boshqa kishilar psixologiyasi (buvi-bobo, amaki-tog‘alar, amma-xolalar, aka-ukalar va boshq); oiladagi o‘zaro munosabatlar (er-xotin, ota-ona va farzand, qaynona-kelin, ovsinlararo, jinslararo munosabatlar); oila turlari (nuklear, ko‘p pog‘onali, rasmiylashtirilgan, sha’riy nikoh, ajralishganlar, ikkinchi nikoh, befarzand, kam farzandli, serfarzand, ma’lumot darajasi bo‘yicha turlicha, yashash va ish faoliyati bo‘yicha turlicha, baynalminal, bir millatli, to‘liq va noto‘liq va boshq); oila a’zolarining saviyasi, dunyoqarash darajasi(ziyolilar, dindorlar, ma’lumoti yuqori, o‘rta va tugallanmaganlar); oilaning yashash sharoiti ( mahalla, hovli tipidagi, ko‘p qavatli uylarda yashaydiganlar va boshqa); oilaviy bandlik (hunarmandlar, ishsizlar, tadbirkorlar, fermerlar, o‘qituvchilar, shifokorlar, haydovchilar va boshq). Oilaviy munosabatlar birinchi navbatda er-xotin o‘rtasidagi tabiiy-biologik munosabatlarning tarkibiy qismidir. Erkak va ayolning bir-biriga intilishi tabiiy xodisa bo‘lib, bu munosabat bevosita oilaning asosini tashkil etadi. Jamiyat erkak va ayol o‘rtasidagi tabiiy-biologik munosabatning qay tarzda ro‘y berishiga befarq qarab turolmaydi. Chunki ishlab chiqaruvchi kuchlarni saqlash va rivojlantirish, jamiyat a’zolarining o‘zaro munosabati madaniyatining takomillashuvi, kamoloti jamiyatning asosidir. Shuning uchun ham har bir jamiyatda erkak va ayol o‘rtasidagi tabiiy-biologik munosabatlar betartib stixiyali ro‘y bermay, muayyan, barqaror, ijtimoiy-madaniy shaklda, nikoh yo‘li bilan bo‘lib, ular huquqiy qonunlar va ahloq norma qoidalari, urf-odat, jamoatchilik fikri, qolaversa davlat, jamoat tashkilotlari tomonidan boshqarilib boriladi. Oilaviy munosabatlarning shakllanishi jarayoniga e’tibor berar ekanmiz, nikoh va oilani bir-biridan farqlashimiz lorzim. Nikoh oiladan ilgari vujudga kelgan, bu davr urug‘chilik davri deb nomlanadi. Oilani mustahkamlash maqsadida hamisha oilaviy munosabatlar takomillashtirib kelingan. Harbiy xizmatchilarning oilaviy munosabatining sofligi uning bolalardagi xulq-atvoriga, ma’naviy kamoloti ta’sirini kuchaytirish, ko‘p hollarda ota-ona o‘rtasidagi va ularning bolalar bilan o‘zaro munosabatiga bog‘liq bo‘ladi. Oiladagi kundalik munosabat, bu hayotiy ehtiyoj, bolani ijtimoiy-madaniy hayotga tayyorlashning asosidir. Ota-ona oiladagi moddiy, tashkiliy, tarbiyaviy va o‘zaro shaxsiy masalalar yuzasidan bir-biri bilan bo‘ladigan o‘zaro munosabatlari sof, samimiy, erning xotiniga, xotinning erga nisbatan o‘zaro hurmati, ularning har qanday murakkab sharoitda ham o‘zaro bir-birini tushuna olishi, iffati asosiga qurilsagina, bunday oilada musaffo ma’naviy muhit vujudga keladi. Otaning onaga, onaning otaga bekallufligi, bir-biriga qo‘pol muomalasi, hayotiy qiyinchiliklarni engishi, bola tarbiyasidagi, oilaning moddiy ta’minotidagi turli fikrlilik shu oiladagi o‘zaro munosabatlarning buzilishiga olib keladi. Oilaviy munosabatlarda ayniqsa ota-ona munosabatidagi sabrlilik, o‘ylab, aql-zakovat bilan oilaviy yumushlarni birgalikda maslahat bilan hal etishi, ularning bir-biriga mehribonligi, farzandlarga bir xilda muomalada bo‘lishi, har ikkala tomonning qarindosh-urug‘lariga, qo‘ni-qo‘shnilariga bir xil mehr-muhabbat, hurmat bilan qarashi, bir so‘zligi, haqiqatni gapirish kabi ijobiy fazilatlarga ega bo‘lishi, shuningdek, ichish, chekish, yolg‘onchilik, maishiy buzuqlik, dimog‘dorlik, manmanlik va boshqa shu kabi illatlardan holi bo‘lishi oilaviy madaniyatining sofligini ta’minlovchi xususiyatdir. Oilaviy munosabatlarning umumiy tushunchasi juda keng bo‘lib, alohida aniq fikrlash bilan chegaralash mumkin emas. Chunonchi oiladagi ikir-chikirlar uning tuzilishi, o‘zaro munosabatlar, yangi-yangi qirralarini keltirib chiqaradiki, bu esa oilaviy munosabatlarni yanada kengroq doirada tushunishni taqozo etadi. Ajralish qaerda yuz bersa, oqibati nafaqat ikki insonga balki, uning atrofidagilarga ham ko‘proq ta’sir etadi, degan savolga ko‘pchilik, bu – albatta oilada yuz beradi deb javob berishadi. Chunki biror mehnat yoki o‘qish jamoasidan ajralish, odamga oiladan ajralishdek kuchli ta’sir etmaydi. Oila bor erda ming afsuski, “ajrim” tushunchasi ham mavjud bo‘lar ekan. 82 Aksariyat holatlarda nikohning barbod bo‘lishi ko‘plab ichki ruhiy siqilishlar, ziddiyatlar, salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun ham biz bor kuchimiz blan paydo bo‘lgan har qanday oilani, qayd etilgan har qanday nikohning barqaror bo‘lishi va buzilmasligiga harakat qilamiz. Harbiy xizmatchilar oilasidagi (barcha oilalar kabi) ajralish – bu har bir harbiy uchun hayotidagi qattiq iztirob chekish holati va davridir. Buning natijasida ko‘pchilik noxush hollarning kelib chiqishi, ya’ni xayolga berilib, avtomobil halokatiga yoki turli baxtsiz hodisalarga uchrash, alkogol ichimliklarga berilish, ruhiy va jismoniy xastaliklarga duchor bo‘lish yuzaga keladi va bunday noxush hodisalarning amalga oshishida bosh sababchi – shu ajralish bo‘ladi. SHuning uchun oila qurgach, uni saqlab qolishga harakat qilish lozim. Oilaviy ajralishlar tufayli jamiyatda bir qator salbiy holatlar yuzaga keladi, ayniqsa, xizmat faoliyatida: noto‘liq oilalar soni ko‘payadi; oilalararo yoki qarindoshlararo adovat yuzaga keladi; bir jinsning ikkinchi jinsga nisbatan nafrati paydo bo‘ladi; nikohdan tashqari munosabatlar ortadi; shaxsning ijtimoiy faolligi susayadi. Oila ajralishi oqibatida oila a’zolarida psixologik vaziyatlar quyidagilar orqali namoyon bo‘ladi: oila mevasi bo‘lmish bola ruhiyatida tiklab bo‘lmaydigan chuqur o‘zgarishlar ro‘y beradi; oilaning har bir a’zosi psixologiyasida ishonchsizlik, g‘azab, qahr, o‘ch olish, agressivlik kabi bir qator salbiy xususiyatlar vujudga keladi; erkaklarda yolg‘izlik hissining ortishi giyohvandlik va ichkilikbozlikka berilish, turli kasalliklar; ayollarda yolg‘izlikni his qilishning ortishi, qayta oila qurish imkoniyatining cheklanganligi, nevrozlar, stresslar, turli hastaliklar, o‘z joniga qasd qilish; oilada tinch bo‘lmagan, ajralishga yo‘liqqan odamning mehnati, o‘qishi, faoliyati samaradorligi pasayib ketadi; salomatligiga, hayotdagi qiziqishlariga putur etadi; umri qisqaradi va boshqa bir qator holatlar. Ko‘pincha ajrashayotganlardan ajralish sababi so‘ralsa, ular qandaydir hamma uchun standart bo‘lib qolgan sabablarni ko‘rsatishga harakat qilishadi. Masalan, “xarakterimiz to‘g‘ri kelmaydi”, “o‘zga shaxsning aralashuvi”, “qo‘pollik”, “moddiy qiyinchilik”, “ichkilikbozlikka berilish”, “yashash sharoitining noqulayligi”, “ota-onalarning noo‘rin aralashuvi” va h.k. Agar tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak, vaziyatga qarab bunday ko‘rsatkichlar ba’zilarda sabab, ba’zilar uchun esa bahona vazifasini o‘taydi. SHuni alohida ta’kidlash lozimki, oiladagi ma’naviy-ruhiy iqlim qanchalik mustahkam va er-xotinlar bir-birini qanchalik yaxshi tushunsalar, bu “sabablar” (bahonalar) oilaning buzilishiga asosiy sabab bo‘la olmaydi. Yoshlar (er-xotin) o‘rtasidagi munosabat qanchalik noxush bo‘lsa, bu bahonalar shunchalik kuchli va salbiy ta’sir ko‘rsatadi hamda bu holatlar ajrashishlarning sababi bo‘lib qolishi mumkin. O‘zbek harbiylari oilalarida “turmush o‘rtog‘ining qo‘polligi”, “turmush o‘rtog‘iga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lish”, “turmush o‘rtog‘ining ota-onasining va boshqa qarindoshlarining aralashuvi”, “turmush o‘rtoqlardan birining oilaning umumiy masalalariga befarq qarashi” kabilar ko‘proq sabab bo‘lsa, Evropa harbiylari oilalari uchun esa, ajralish sabablari sifatida aksariyat hollarda ichkilikbozlikka berilish, er-xotin xiyonati, xarakterlarning mos kelmasligi kabilar qayd etiladi. Oilada ajrashish muammosi hozirgi kunda jamiyatimizning eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Oilalarda ajralishlarning mavjudligi bizning respublikamizda ham keng jamoatchilik diqqatini o‘ziga tortoqda. Ajralishlar natijasida yuzlab odamlar – eng avvalo, farzandlar, ayollar, qolaversa erkaklar va hatto ajralishganlarning yaqinlari ham “ma’naviy jarohat” oladilar. Ota-onalar o‘rtasidagi janjal, kelishmovchilik, bir-biriga qo‘rslik har qanday yoshdagi bolalarni, jumladan, maktab yoshidagi bolalarning psixikasiga, kelajagiga o‘zining ta’sirini ko‘rsatadi. Masalan, I.B.Xushmurodova tomonidan 2017 yilning kuzida Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarining tumanlarida yaqin orada ajralgan 58 ta oilalar farzandlarining turmush tarzi hamda hayoti o‘rganilgan. Mazkur oilalardagi 4-6 yoshli maktabgacha davr yoshidagi, 12-14 yoshli o‘smirlar va 15-17 yoshli ilk o‘spirinlar bilan uzoq muddat mobaynida (2017-2018 yillarda) suhbatlar o‘tkazilgan. So‘rovda qatnashgan 142 ta bolalarning qariyb barchasi ota-onalarining ajralishi vaqtida o‘tkir emotsional holatni boshdan kechirishgan. Ushbu bolalarning ma’lum bir qismi bunday fojeada o‘larini aybdor deb hisoblab yurishgan, 12-14 yoshdagi o‘smirlarning 69 tasida ya’ni 48,6 foizida ota-onalarining ajralishi natijasida ularning xulqida qo‘pollik, qo‘rslik alomatlari kuzatilgan. 15-17 yoshdagi o‘spirinlarning 57 nafari ota-onalarining niyatlarini tushunishsalarda, lekin ularning ajralishi natijasida ularning xulqida qo‘pollik alomatlari kuzatilgan. Ularning 40,1 foizida g‘azablanish va agressivlik kuzatilgan.83 Demak ota-onalarning ajralishi ota-ona uchun muhim shaxsiy muammo bo‘lishi mumkin, lekin farzand kelajagi va sog‘lig‘i uchun o‘ta noxush holatdir. So‘rovnomadagi bolalarning 1/3 qismi yolg‘izlik va yaqin odamlarini yo‘qotish qayg‘usida o‘z hayotlaridan qoniqmaganliklarini aytishdi. Ota-onalar ajralishining natijalari farzandlarining maktabdagi o‘qishlariga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Harbiylar oilasida ajralish masalasiga jiddiyroq e’tibor berish lozimligini va uning oldini olish, salbiy asoratlarni kamayirish chora-tadbirlarini ilmiy asoslangan holda ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatadi. “Oila” markazining ma’lumotlariga ko‘ra, ajralishlarga quyidagilar sabab bo‘lmoqda: kelin-kuyovlarning turmushiga ota-onalarning o‘rinsiz aralashuvi; yangi oiladagi sharoit bilan hisoblashmaslik; umr yo‘ldoshini ma’lum maqsadni ko‘zlab tanlash; oilada tenglik qonuniyatining buzilishi; er-xotin xarakterining kelishmay qolishi; ota-onaning tarbiyada yo‘l qo‘ygan xatolari; xotinning uy-ro‘zg‘or tuta bilmasligi; er-xotindan birining ichishi; er-xotindan birining bevafoligi; uzoq muddat farzandsizlik; xotinning ma’naviy qarashlaridan iqtisodning ustun qo‘yishi. Download 493.41 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling