O‘zbekiston respublikasi milliy gvardiyasi harbiy-texnik instituti r. M. Maxmudov, G‘. Z. Ikmatullayev harbiy pedagogika


IV BOB. HARBIY XIZMATCHILARNI O‘QITISH VA TARBIYALASHDA OFITSER BOSH TARBIYA SUBYEKTI SIFATIDA


Download 493.41 Kb.
bet24/42
Sana08.06.2023
Hajmi493.41 Kb.
#1465703
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   42
Bog'liq
Harbiy pedagogika

IV BOB. HARBIY XIZMATCHILARNI O‘QITISH VA TARBIYALASHDA OFITSER BOSH TARBIYA SUBYEKTI SIFATIDA

1-§. Ofitser pedagogik jamoaga rahbar sifatida


Qurolli Kuchlar faoliyatida ofitser bosh tarbiya subyektidir. Ofitser harbiy xizmatchilarga ruhiy jihatdan kuch beruvchi, kuch bag‘ishlovchi shaxs hisoblanadi. Ofitserlarning kasbiy tayyorgarligi, bilimi, madaniyati, dunyoqarashi, xizmat jarayonidagi tajribasi, harbiy xizmatchilarning kasbiy mahoratini oshirishda, Vatanga bo‘lgan muhabbatini uyg‘otishda asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Ofitser qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilarni tarbiyalashda nafaqat harbiy jamoaning tarkibiy qismini shakllantirib boradi, shuningdek, yuqori harbiy tayyorgarlik ishlariga javobgar shaxs hisoblanadi, ayniqsa, jamoadagi yuqori psixologik muhitga, har bir harbiy xizmatchining sog‘lig‘iga ham javob beradi.
Harbiy xizmatchilarning o‘quv-tarbiyaviy ishlarini to‘g‘ri tashkil etish orqali jamoadagi sog‘lom ruhiy muhitga erishiladi, oilalaridagi muhitni mustahkamlashga yaqindan yordam beriladi. Harbiy pedagogika ham pedagogikaning boshqa tarkibiy qismlari singari pedagogik jarayonlarni o‘z ichiga oladi va dinamik xarakterga ega hisoblanadi.
Harbiy xizmatchilar jamoasi47dagi (jangovar xizmat, tarbiyaviy, o‘quv, metodik) ishlarni to‘g‘ri tashkil etilishiga eng avvalo, komandir (boshliq) ofitserning nafaqat biz yuqorida aytib o‘tgan xususiyatlari muhim hisoblanadi, shu bilan birga, uning harbiy jamoani mohirona boshqara olish (ayniqsa, jamoaning birdamligiga erishish) xususiyati ham ko‘p narsani belgilaydi.
Ofitserlarning shaxsiy tarkibni boshqarish usuli (stili), degan savolga javob berishga harakat qilamiz. Harbiy xizmatchilar jamoasini boshqarish Qurolli Kuchlar Umumharbiy nizomlari asosida olib boriladi va tashkil etiladi. Boshqarish stili eng avvalo, qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilarni qonun, nizomlar asosida xizmat olib borishga majbur qilishi kerak.
Boshqarish stili (usuli) keng tushuncha bo‘lib, uning iqtisodiy, psixologik, pedagogik kabi bir qancha turlari mavjud. Boshqarishni avtoritar, demokratik, liberal shaklda amalga oshirishni amerikalik ijtimoiy psixolog K.Levin taklif etgan. Ushbu shakl hali ham o‘zining dolzarbligi tufayli, jamiyatning barcha sohalarida qo‘llanib kelinmoqda. Lekin, biz xohlaymizmi yo‘qmi, ofitser rahbar ushbu boshqarish shakllari va usullaridan bevosita hamda bilvosita foydalanadi. Harbiy xizmatchilar jamoasini boshqarishda Umumharbiy nizomlarga asosan, harbiy xizmatchilarni jamoa orqali tarbiyalash yo‘lga qo‘yilgan. Jamoa orqali tarbiyalash degani hamma bir kishi uchun, bir kishi hamma uchun javob beradi. Ushbu boshqarish usulining ko‘p ijobiy tomonlari mavjud.
Pedagogik jamoaning o‘zi bu ofitser-tarbiyachilar jamoasi hisoblanadi, chunki, har bir rahbar ofitser tarbiyachi sifatida har qanday qaltis vaziyatlarda, jamoa uchun javobgarlikni, mas’uliyatni o‘ziga ola bilishi lozim. Ofitserlardan har qanday muammolarni tezkor echa olish, hal eta olish salohiyatiga ega bo‘lishlari talab etiladi, shundagina ofitserlarni rahbar sifatida obro‘si oshib boradi. Muammolarni tezkor hal qilish uchun esa ofitserda mustahkam iroda bo‘lishi lozim. Boshqarishni san’at deb qaraydigan bo‘lsak, albatta san’at sohasida xato bo‘lganidek, harbiy jamoani boshqarishda ham xatolar bo‘lishi mumkin, lekin harbiy xizmatchilar jamoasida yuzaga keladigan xatolar bu kechirib bo‘lmas xato hisoblanadi, sababi har bir xatoning ortida inson, uning oilasi taqdiri yotibdi. Agar, shunday xatolar sodir bo‘lganda, yuqori qo‘mondonlik albatta ofitser-pedagog, rahbarning pedagogik faoliyatini ko‘rib chiqishlari lozim. Ko‘pincha harbiy xizmatchilar jamoasini va har bir harbiy xizmatchini tarbiyalashda majburlash usulidan keng foydalaniladi, bu boshqarishda qonunga zid usulni qo‘llash degani emas, aksincha, bilmaganlarini o‘rgatamiz, xohlamasa majburlaymiz tamoyili asosida ofitserning faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Majburlash usuli qanday usul, deb Ch.R.Nasriddinov o‘zining o‘quv-uslubiy qo‘llanmasida yozgan va muallif usul bilan shaklni adashtirib yuborgan48, bunga aniqlik kiritish lozim deb o‘ylaymiz. Shuningdek, Ch.R.Nasriddinovning ba’zi fikrlarida jon bor, masalan, “Majburlash usulini boshqa usullar naf bermaganidan keyin qo‘llash lozim”49 deyilgan. Umuman olganda, harbiy tarbiyada majburlash usulini qo‘llashda quyidagilar inobatga olinishi lozim:

  1. Harbiy xizmatchiga majburlash usulini qo‘llashda ularning harbiy xizmatdagi tajribasini, individual xususiyatlarini inobatga olish maqsadga muvofiqdir;

  2. Majburlash usulini adolatli va asoslab qo‘llash;

  3. Majburlash usulida shaxsiyatga tegish, shoshma-shosharlik, qo‘pollik kabi xatti-harakatlar mumkin emas;

  4. Harbiy intizomni buzadigan harbiy xizmatchilarning o‘z xatosini anglashlariga yordam berish.

Mashq bajarish usuli – mashq bajarish vositalari bilan bevosita bog‘liq. Mashq bajarish vositalari quyidagicha, ya’ni harbiy intizomga qat’iy amal qilish; aqliy xarakterdagi topshiriq va masalalarni echish; harbiy xizmat bilan bog‘liq topshiriqlarni bajarish; jamoatchilik topshiriqlarni bajarish; harbiy xizmatning ijtimoiy ahamiyati haqida muntazam eslatib turish; kasbiy faoliyatda harbiy intizom me’yorlarini ta’minlash; kasbiy faoliyatni bevosita vatanparvarlik usullari bilan bog‘lash; harbiy xizmatchilarning individual-psixologik xususiyatlarini hisobga olish; har bir harbiy xizmatchining faoliyatini muntazam nazorat qilish va baholab borish.
Namuna usuli – o‘zining mohiyatiga ko‘ra quyidagicha amalga oshiriladi, ya’ni:
– harbiy xizmatchilarga buyuk insonlar hayoti va faoliyatidan dalillar ko‘rsatish;
– namunali harbiy xizmatchi va jamoalarning yutuqlarini targ‘ib qilish;
– harbiy xizmatchilar jasorati va qahramonligi, buyuk insonlarning faoliyatlari haqida hikoya qilib tushuntirib berish;
– namuna ko‘rsatish usulini bevosita vatanparvarlik usullari bilan birgalikda qo‘llash.
Harbiy faoliyatda musobaqa usuli musobaqaning boshqa tamoyillari bilan ham bevosita bog‘liqdir, bular:
– harbiy musobaqadagi oshkoralik;
– musobaqa natijalarini qiyoslash imkoniyatining mavjudligi;
– ilg‘or tajribalarni keyingi safdoshlar tomonidan takrorlash imkoniyatining mavjudligi;
– musobaqa g‘oliblarini muntazam rag‘batlantirib borish.
Harbiy jamoani boshqarishda, boshqaruv qobiliyatining rahbarlarda ro‘yobga chiqishini ta’minlashda kasbiy pedagogika va psixologiya fanlarining o‘ziga xos o‘rni bor. Ofitser tomonidan harbiy jamoani boshqarish jarayonidagi muomalasi va uning pedagogik mexanizmlari haqidagi bilimlarni mukammal darajada bilishi va uni kasbiy faoliyatida qo‘llash qobiliyatiga ega bo‘lishi alohida ahamiyat kasb etadi. Ofitserning harbiy jamoani boshqarishda qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilar jamoasi bilan muomala qilishi (Umumharbiy nizomlar doirasida) xususan muomalaga moyilligi eng muhim jihat hisoblanadi.
Kasbiy muomala rahbar ofitser uchun juda murakkab jarayon hisoblanadi. U harbiy xizmatchilar, ofitserlar o‘rtasidagi harbiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-madaniy, ma’naviy munosabatlar yig‘indisidan tashkil topadi. Muomala jarayoni ofitserlarning va qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilar faoliyatida muhim tarbiyaviy vosita hisoblanadi. Shu bois ham harbiy muomalaning har bir turi ularning kasbiy faoliyati jarayonida namoyon bo‘lib boradi. Muomalada ofitserlarning rahbar sifatida Umumharbiy nizomlar talablariga asoslangan holda, qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilar bilan muomala qilishga majbur etadi. Ofitser rahbar sifatida o‘zining qo‘l ostidagi jamoada turli lavozimdagi harbiy xizmatchilar majmuasidan iborat. Jamoadagi har bir harbiy xizmatchi o‘z intilishi va maqsadlariga ega. Har bir rahbar, komandir va boshliqlar xizmat faoliyatida boshqaruv muomalasini va uning pedagogik-psixologik mexanizmlarini mukammal darajada o‘rganish talab etiladi.
Ofitser rahbar sifatida qo‘l ostidagi harbiy xizmatchi bilan muomalaga kirishar ekan, qo‘l ostidagi har bir harbiy xizmatchiga pedagogik-psixologik ta’sir etishda boshqaruv jarayonining pedagogik-psixologik mexanizmlaridan mohirona foydalanadi. Shuningdek, ofitser rahbar-tarbiyachi sifatida qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilarning individual-psixologik xususiyatlarini ham inobatga olsa, faoliyatida samara bo‘ladi.
Harbiy jamoani boshqarish madaniyati har bir harbiy xizmatchining xulqini tashqi muhit talablariga mos ravishda tartibga solishdir.
Ofitser-rahbar bo‘lganligi uchun xizmat faoliyatida qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilar ular uchun asosiy obyekt bo‘lib hisoblanadi. Ofitser jamoani boshqarishda harbiy xizmatchilarning individual xususiyatlarini, temperamenti, xarakteri, kasbga oid qobiliyati, shuningdek, ko‘nikma va malakalarini hisobga olib boradi.
Harbiy jamoalarda ofitserlarning boshqaruv muomalasi va ularning psixologik-pedagogik mexanizmlari rahbarning quyidagi xatti-harakatlarida namoyon bo‘ladi:

  1. harbiy xizmatchilar bilan bo‘ladigan kasbiy muomalasida;

  2. xizmat faoliyati jarayonida turli toifadagi fuqarolar bilan bo‘ladigan munosabatida;

  3. rahbarning o‘z-o‘ziga munosabatida.

S.L.Rubinshteyn “Inson olami” asarida inson-biosfera (noosfera) munosabatlari nafaqat alohida olingan shaxsga bog‘liq ekanligi, balki jamoa va uning rahbari hamkorligining natijasi, mahsuli, ana shu munosabatlarning negizi bo‘lishini dalillar bilan asoslab bergan. Uning fikricha, rahbarning eng muhim xususiyati uning atrof-muhitni subsensor tarzda aks ettira olishidir. Irodaviy sifatlar negizi motivatsion-hissiy, kognetiv (ichki, ya’ni subyektiv) va regulyativ jabhalarning harakatlantiruvchi kuchi ekanligi shaxsning o‘zini o‘zi boshqarish imkoniyatlaridan kelib chiqib bildirgan fikridir. Ofitserning rahbar sifatida regulyativ xususiyati jamoa faoliyati va uni maqsadga muvofiq ravishda yo‘naltirishi tufayli, ijobiy natijalarga erishish mumkin.50
S.L.Rubinshteyn asarlarida shaxslararo munosabat xususiyatlari (gorizontal, vertikal, shaxsiy, rasmiy) shuningdek, rahbarning ish uslublari to‘g‘risida (demokratik, avtoritar, liberal) muayyan fikrlar bildirilgan va ularni takomillashtirish yo‘llari ko‘rsatib o‘tilgan.
Psixologik jihatdan rahbarlar harbiy xizmat faoliyatidagi ish uslublarining quyidagi turlariga to‘xtalib o‘tamiz. Boshqaruv ta’sirlarini amalga oshirish usulidan kelib chiqib, har bir rahbarni boshqaruv stili (yo‘li)ni shartli ravishda 3 ta turga bo‘lish mumkin. Bular, liberal (murosali), avtoritar, demokratik rahbarlar (barcha rahbarlik turlari qonun, Umumharbiy nizomlar, buyruq, ko‘rsatmalar asosida olib boriladi).
Liberal rahbar ofitser faoliyatini qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilar bilan murosa asosida olib borishga harakat qiladi, harbiy xizmatchilarga buyruq va ko‘rsatmalarni iltimos shaklida beradi, qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilar bilan muomalasi o‘ta muloyim, ziyolilarcha bo‘ladi.
Avtoritar rahbar esa, liberal rahbarning aksidir. Unga rahbarlik qilish, buyruqlar berish, hatto amalning o‘zi unga huzur bag‘ishlaydi. U harbiy xizmatchilar jamoasini boshqarishni g‘ayrat bilan, dadil amalga oshiradi. O‘ziga ishonadi, qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilar bilan bahsda qarshi fikrlarga juda qiyinchilik bilan toqat qiladi. Bunday toifadagi rahbarlarga qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilar bilan muloqotning faqat rasmiy shakli xos bo‘ladi. Bunday toifadagi rahbarlarda kasbiy bilim, umumiy madaniyat etishmasligining ba’zi bir jihatlari namoyon bo‘ladi. Ba’zida ular o‘zboshimchalik hislatlarini namoyon etib, qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilarning sha’nini tahqirlashga borib etadilar. Bu esa harbiy jamoada nomaqbul ijtimoiy-psixologik muhitning shakllanishiga, boshqaruv va tarbiya tizimida nizoli vaziyatlar yuzaga kelishiga olib kelishi, harbiy xizmatchilarda o‘z kuchiga ishonmaslik, sustkashlik, rasmiyatchilik, laganbardorlik, xushomadgo‘ylikni keltirib chiqarishi mumkin.
Demokrat rahbarda liberal rahbarning sabr-bardoshliligi, kirishimliligi va umumiy madaniyati avtoritar rahbardagi dadillik, g‘ayrat va harbiy xizmatchilarni boshqarish mahorati bilan uyg‘unligi bo‘ladi. SHuni alohida ta’kidlash lozimki, liberal rahbarlar harbiy qism (muassasa) ning ba’zi bo‘linma va xizmatlariga rahbarlik (boshchilik) qilishlari mumkin. Lekin ularga qat’iy-intizomga bo‘ysunish talab qilinadigan bo‘linmalarga rahbarlikni ishonib topshirish maqsadga muvofiq bo‘lmaydi. Bunday boshliqlarga jasurlik, dadillik va tavakkalchilik bilan harakat qilish zarur bo‘lgan biror o‘ta muhim tadbirni o‘tkazishni o‘ylab ko‘rib topshirish kerak.
Rahbarlikning liberal namunasi ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanadigan bo‘linma va xizmatlar uchun maqbul hisobalanadi.
Harbiy xizmatchilar xizmat faoliyatida har doim avtoritar rahbar maqbul bo‘lavermaydi. Basharti, u chindan ham o‘z sohasining ustasi, yaxshi mutaxassis bo‘lsa, unga faqat muayyan vaqtgacha toqat qilish mumkin. Biroq, barcha hollarda ham uning boshqaruv faoliyatiga Qurolli Kuchlarning yuqori lavozimlardagi rahbarlari jiddiy e’tibor berishlari va ularni nazoratga olishlari lozim bo‘ladi. Ofitserlar tomonidan harbiy xizmatchilar faoliyatining boshqarilishi asosan Umumharbiy nizomlarga asoslanadi va ushbu nizomlar asosida olib boriladi.
A.N.Leontevning quyidagi fikrlari harbiy xizmatchilarni boshqarayotgan ofitserlar va harbiy xizmatchilar uchun juda ham qadrli deb hisoblaymiz. “Rahbar emotsiyasi, motivatsiyasi, ehtiyoji uning shaxsiy hislatlarini belgilovchi asosiy omillar hisoblanadi. Ichki qo‘zg‘atuvchilarning qat’iyatliligi, barqarorligi shaxsning mukammalligini bildiradi va hamkorlik faoliyati uchun puxta zamin hozirlaydi. Subyektda boshqaruv faoliyatini amalga oshirish davomida rahbarlikning muayyan sifatlari shakllanib boradi va u asta-sekin ish uslublari, shaxslararo munosabatlar shakllarini egallaydi. Rahbar uchun ma’no kasb etuvchi motivatsiya uning faoliyatini boshqarishga zarur shart-sharoitlar yaratadi, buning natijasida nizoli vaziyatlarni bartaraf etish imkoniyati tug‘iladi”.51
B.G.Ananev o‘zining ijtimoiy psixologiyaga bag‘ishlangan asarlarida asosan 3 ta omilga, ya’ni shaxslararo munsabatdagi ijtimoiy-psixologik holatga, mazkur munosabatdagi liderlik xususiyatlariga hamda hamkorlikdagi tashkilotchilik qobiliyatiga e’tibor qaratadi.52
Ofitserning tarbiyachi, rahbar sifatida faoliyati serqirra, mazmunli shu bilan birga, qiyin jarayon hisoblanadi. Ushbu o‘rinda A.S.Makarenkoning quyidagi fikrlarini eslashni joiz deb hisoblaymiz: “Tarbiyachi o‘zini shunday tutishi kerakki, uning har bir harakati tarbiyalash kerak”.53
Ofitser rahbar, tarbiyachi, tashkilotchi shaxs sifatida qo‘l ostidagi xodimlarga g‘amxo‘rlik, adolatlilik, mehribonlik hislatlari mujassam bo‘lishi lozim. Ofitser qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilarni eng avvalo, so‘z bilan, qolaversa, o‘zining axloqiy xatti-harakati bilan tarbiyalab borishi lozim. Ofitser tomonidan o‘ylanmay aytilgan so‘z eng avvalo, qo‘l ostidagi bo‘ysunuvchilarda o‘zini yo‘qotish, ezilish, “nevroz” holatlarini yuzaga keltiradi, ayniqsa, agar harbiy xizmatchi xizmatni yangidan boshlagan bo‘lsa. Harbiy xizmatni endi boshlagan harbiy xizmatchilarga harbiy xizmat juda qiziq (romantik holatday) tuyuladi. Xizmatni olib borish jarayonida asta-sekin harbiy xizmatning mohiyatini, harbiylik kasbi nima ekanligini tushunib boradi, ularning kun tartibi tig‘iz, ba’zida kun tartibida ko‘rsatilmagan ko‘plab ishlarni bajarishga to‘g‘ri kelishi oqibatida ular charchashadi va doimo o‘zlarida zo‘riqish hollari namoyon bo‘lib boradi. Ofitser rahbar sifatida harbiy qonunlar, buyruq, ko‘rsatmalarni bilishi, ularga rioya qilishi, ayni vaqtda qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilardan ham shuni talab qilishi va shu orqali ularga kasbiy faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishiga yordam beradi. Ofitser o‘z kasbining ustasi bo‘lishi va boshqarishning zamonaviy usullaridan (Umumharbiy nizomlar asosida) xabardor bo‘lishi, o‘zining ustida tinmay ishlashi lozim, chunki, bu harbiy xizmatda ijobiy samaraning asosi hisoblanadi.
Bugungi kunda ofitserlarni pedagogika va psixologiyaning so‘nggi yutuqlari va harbiy sohadagi ma’lumotlarga bo‘lgan zaruriyati kattadir. Ofitserning tarbiyachi, rahbar, boshliq bo‘lishi uchun avvalo, Vatan himoyasi uchun jonini fido qilish, Vatan himoyasi uchun hech ikkilanmasdan, o‘ylanmasdan o‘zining jonini fido qilish xislatlari shakllangan bo‘lishi lozim. Ofitser bo‘lish uchun tug‘ma qobiliyat ham, yoshlikdan bunga intilish, professional ma’lumot va tayyorgarlik, safdoshlari orasida o‘z fikriga ega bo‘lish, o‘z g‘oyalarini ilgari sura olish, fikrlarini asoslab berish, turli yot g‘oyalarga qarshi kurasha olishda o‘ziga xos uslub va usullarni qo‘llay olish sifatlari zarur.
Harbiy xizmat faoliyatida har bir ofitserning kasbiy faoliyatida jamoa a’zolarining axloqiy dunyoqarashi o‘ta muhim rol o‘ynashini barcha biladi. SHu bilan birga, jamoadagi ruhiy muhitning sog‘lomlashuvida jamoadagi harbiy xizmatchilarning nizom talablari asosidagi o‘zaro munosabatlari ham katta rol o‘ynaydi. Harbiy xizmatchilar jamoasini boshqarishda tarbiyachi ofitserning omilkorligi, rahbar tomonidan jamoadagi turli-tuman voqealarni oldindan ko‘ra bilishi, noqonuniy ishlar bilan shug‘ullanuvchi harbiy xizmatchilarning paydo bo‘lishi harbiy xizmatchilar uchun qimmatga tushadi. Shuning uchun harbiy xizmatchilar jamoasidagi sog‘lom muhit, ularning sog‘lom muhitda xizmat qilishning garovi hisoblanadi.

Download 493.41 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   42




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling