"E" fonemasi - o‘rta keng, old qator, lablanmagan unli. Bu fonema bir bo‘g‘inli so‘zlarning boshida va o‘rtasida (en, es, men, sen, besh kabi), ko‘p bo‘g‘inli so‘zlarning birinchi bo‘g‘inida (etik, teshik, beshik kabi) ko‘proq qo‘llanadi. Turkiy so‘zlarda birinchi bo‘g‘indan keyingi bo‘g‘inlarda ishlatilmaydi (bor-e, yog„-e kabi holatlarda so‘zga qo‘shilgan "e" yuklamasi bundan mustasno). Biroq, boshqa tillardan o‘zlashtirilgan tobe, tole, voqe, foye, telefon, televizor kabi so‘zlarda "e" fonemasi so‘zning keyingi bo‘g‘inlarida qo‘llanadi, chunki bu so‘zlardagi "e" etimologik jihatdan o‘zbekcha "e"ning o‘zi emas. O‘zbekcha "e" ekin, eshik so‘zlarining boshidagi to‘la ochiq bo‘g‘inda, shuningdek, ertak, ellik kabi so‘zlar boshidagi berkitilmagan bo‘g‘inda ochiqroq talaffuz etiladi. Begzod, mergan kabi so‘zlar boshidagi to‘la yopiq bo‘g‘inda esa yumuqroq bo‘ladi; xesh, xesh-aqrabo kabi so‘zlarda (chuqur til orqa x undoshi ta'sirida) orqa qator unli tarzida talaffuz etiladi. Ammo bu holat juda kam uchraydi. E'tibor, e’tiroz, e’lon, me'yor, me’mor kabi arabcha o‘zlashmalarda bu unli o‘zbek tilida talaffuz qilinmaydigan ayn yoki hamza hisobiga biroz cho‘ziladi.
O‘zbek tiliga rus tilidan o‘zlashgan so‘zlarning urg‘usiz bo‘g‘inidagi "e" unlisi "i"ga yaqinroq (torroq) talaffuz etiladi: emal > imal, emotsiya>imotsiya,energiya> inergiya, meditsina>miditsina kabi. O‘zbek tilining o‘z so‘zlarida bu hodisa yuz bermaydi: eman, eshik, etik so‘zlaridagi "e" toraymaydi (ehtiyot, ehtimol, mehmon kabi ayrim o‘zlashma so‘zlar bundan mustasno).
"E" unlisi tarixan keyin paydo bo‘lgan. U asosan "a" unlisidan kelib chiqqan.
Do'stlaringiz bilan baham: |