Yangi davrda borliqning mohiyati Xudoning ishlariga emas, balki tabiat
qonunlariga bog‘lanadi. Tabiat borliqning butun yashirin manosini qamrab oladi,
shu sababli u bilan muloqot qilish, uning tabiiylik darajasini sinab ko‘rish muhimdir.
Tabiatni o‘rganuvchi fanlar birinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Jamiyatda
tashabbuskorlik, faollik va omilkorlikning rivojlanishi individualizmga asoslangan
antropotsentristik dunyoqarashni shakllantiradi.
XVII-XVIII asrlarning faylasuflari Golbax, Gelvetsiy, Lametri borliq
tushunchasini fizik borliq bilan bog‘laydi. Bu faylasuflarning naturalistik qarashlari
mexanikaning faol rivojlanishi bilan belgilangan va ularning tabiat haqidagi tabiiy-
ilmiy tasavvurlarini aks ettirgan. Bundan borliqni «naturallashtirish» g‘oyasi kelib
chiqqan.
Spinoza (1632-1677) dunyo haqidagi monistik talimotni yaratdi. Uning
monizmi panteizm ko‘rinishida namoyon bo‘ladi: Benedik Spinoza o‘z
ontologiyasida Xudo va tabiatni ayniylashtiradi, bunda Xudo yaratuvchi tabiat va
yaratilgan tabiat sifatida amal qiladi. Ayni vaqtda B.Spinoza birgina moddiy
substansiya mavjud bo‘lib, uning asosiy atributlari ko‘lamlilik va fikrlashdir, degan
g‘oyani ilgari suradi. Shunday qilib, butun tabiat u Xudo bo‘lgani uchungina emas,
balki unga fikrlash xos bo‘lgani uchun ham jonli hisoblanadi. Spinoza butun tabiatni
jonlantirib, shu tariqa gilozoist-faylasuf sifatida ham namoyon bo‘ladi.
Jyulen Ofre de Lametri (1709-1751) moddiy dunyo «o‘z holicha mavjud»
ekanligiga, uning boshi ham, oxiri ham yo‘qligiga ishongan. Lametri talimoti
Epikurning atomistik g‘oyalari, Spinozaning monistik talimoti va J.Lokk
sensualizmi tasirida vujudga kelgan. Lametri jonni aql faoliyati funksiyasi va
ko‘rinishi deb hisoblagan va Dekartning umrboqiy nomoddiy jon haqidagi g‘oyasi
asossiz ekanligini isbotlashga harakat qilgan.
Deni Didro borliq muammolarini o‘rganish sohasiga dialektikani tatbiq etadi.
Uning fikricha, butun materiya his qiladi (bu gilozoizm nuqtai nazari). Ammo u
«inert hissiylik» va «faol hissiylik»ni farq qiladi. «Faol hissiylik» muayyan tarzda
uyushgan materiyadagina namoyon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |