O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi guliston davlat universiteti hayitboy mirhaydarov


- mavzu: Nazmiy asar (she’r) tahlili mezonlari


Download 1.31 Mb.
bet21/28
Sana30.03.2023
Hajmi1.31 Mb.
#1309703
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   28
Bog'liq
portal.guldu.uz-SHE’R POETIKASI

8- mavzu: Nazmiy asar (she’r) tahlili mezonlari
Asosiy savollar:
8.1. Nazmiy tahlil haqida qarashlar va uning tasnifi.
8.2. She’r tahlili mezoni unsurlari.
8.3. Lirik qahramon masalasi.

Tayanch tushuncha va iboralar:


She’r tahlili mezoni, she’r tahlili tasnifi, lirik qahramon.
Mavzuga oid muammolar:
She’r tahlili mezonlarining qomusiy, ta’limiy turlari haqida sizning qarashingiz?
8.1- asosiy savol bo’yicha darsning maqsadi:
Nazmiy asar tahlili ko’rinishlarini talabalar bilimiga ko’chirish.
Identiv o’quv maqsadlari:
8.1. Nazmiy asar tahlili mezonining ilmiy ko’rinishi bo’yicha tasavvur paydo qiladi.
8.2. Ommaviy va qomusiy tahlilning bir-biridan farqini biladi.
8.3. Ta’limiy tahlil mezonini idrok etadi.
8.1- asosiy savolning bayoni:
She’r tahlili mezoni turlari haqida xilma- xil qarashlar mavjud. Shundan hozircha to’rttasi ilmda qabul qilingan: a) ommaviy; b)ilmiy; v) qomusiy; g) ta’limiy.
She’r tahlilining ilmiy ko’rinishi u yoki bu problemaning haliga bag’ishlangan muammo bilan bog’liq. Agar ilmiy mavzu qofiya va shaxsiy uslub bo’lsa, G’.G’ulom, H.Olimjon va Uyg’un she’riyatining qofiya tizimi va uning shaxsiy uslubdagi mavqei tahlil qilinadi. Ya’ni ilmiy mavzu qaysi muammoga bag’ishlansa, she’r ham ana shu mavzuga moyil tahlil qilinadi. Bundan tashqari qofiya haqida tadqiqot qilinar ekan, qofiyaning mumtoz shaklidan tortib erkin vazndagi to’liqsiz qofiyagacha ilmiy chuqur va har tomonlama isboti bilan tahlilu talqin etiladi.
Masalan, ohu-suv qofiyadosh so’zlari mumtoz qofiya qonuniyatida nuqsonli yoki qofiyasida «aybg’inasi» bor hisoblanadi.
Tahlilning ta’limiy, ya’ni dasturlashgan ta’lim ko’rinishi o’ziga xosdir. Bunda ta’lim mavzusi va talabi asosiy rol o’ynaydi. Ta’lim dasturi bo’yicha G’.G’ulomning «Sen etim emassan» she’riga bir necha xil yondoshish mumkin:

  1. shoir tarjimai holini sharhlaganda;

  2. urush yillari o’zbek adabiyoti mavzusini o’tishda;

  3. erkin vazn nazariyasi o’rganilganda bevosita «Sen etim emassan» she’ri tahlilga tortiladi va undan misollar keltiriladi.

Muhokama uchun savollar:
8.1.1. Nazmiy asar tahlil turlarini sanang?

      1. Nazmiy asar tahlilinining ilmiy ko’rinishini gapirib bering?

      2. Nazmiy asar tahlilining ta’limiy ko’rinishini misollar asosida tushuntiring?

8.2 – asosiy savol bo’yicha darsning maqsadi:


Nazmiy asar tahlili mezoni unsurlari haqida talabalarda tushuncha hosil qildirish.
Identiv o’quv maqsadlari:
8.2.1. Nazmiy asar tahlili mezonlarini tasniflay oladi.
8.2.2. Nazmiy asar tahlili mezonlaridan biri lirik qahramon haqida to’liq tasavvur paydo qiladi.
8.2.3. Nazmiy asar tahlili mezoni - an’ana va nuktasanjlik borasida tushunchaga ega bo’ladi.
8.2- asosiy savolning bayoni:
She’rshunoslikda nazmiy asar tahlili mezoni unsurlari quyidagicha (albatta nisbiy) belgilangan: a) she’r mavzusi; b) g’oyaviy yo’nalishi; v) falsafiy asoslari; g) lirik qahramon; d) an’ana va nuktasanjlik; e) badiiy xususiyatlari; j) zamonaviyligi; z) she’riyat taraqqiyotidagi o’rni.
Agar bordiyu tahlilga tortilayotgan she’r yoki g’azalning yozilish tarixi aniq bo’lsa, tahlilni ana shundan boshlash maqul. Bunga Boburning «Qoldimu» radifli g’azali yaqqol misoldir. Mazkur g’azalning bosh va yordamchi mavzulari ham bor. Gardun va falakdan ozorlanish, nihoyat bu dunyoning safosi qolmaganidan u dunyoni istab qolish kabi ilova fikr-mavzu ohanglari ishq otashida yonib, omadi kelmagan oshiq ruhiyatini chizishda qo’l kelgan.
Inson va dunyo muammolari shoir g’azalining falsafiy asosini tashkil qilgan. Falak, charx, daxr, gardun kabi falsafiy timsollar shoir dunyo qarashini ifodalaydi.
Oshiqning omadsizligi, ma’shuqaning jabru jafolari dunyo muammolari bilan bog’lanib ketganini shoir chuqur iztiroblarga berilib kuylaydi. Shulardan g’azalning g’oyaviy yo’nalishi ham anglashiladi. Ishqda ahdu vafo va sadoqat g’azalning g’oyaviy yo’nalishidir. Zikrimizdagi g’azalda Bobur falsafasi bilan sharq falsafasi qorishib ketgan.
G’azalda mavzu, tasviriy vositalar, janr, vazn va badiiy san’atlar an’anaviyligi saqlangan. Shu bilan birga u Navoiyning «Soqiyo, men yutmag’on xunobu hijron qoldimu?» g’azaliga tatabbu’ tarzda yaratilgan. G’azaldagi ohoriy poetik timsollar uning an’anaviy va nuktasanjlik jihatini ta’minlagan.
Muhokama uchun savollar:
8.2.1. Nazmiy asar tahlili mezonlarini tasniflang?
8.2.2. Boburning «Qoldimu?» g’azalining yozilish tarixini ayting?
8.2.3. Mazkur g’azalning mavzusi, falsafiy g’oyasi, an’ana va nuktasanjligini tushuntiring?
8.3 – asosiy savol bo’yicha darsning maqsadi:
Talabalarda lirik qahramon va uning ko’rinishlari haqida tasavvur hosil qildirish;

Identiv o’quv maqsadlari:


8.3.1. Lirik qahramon tushunchasini asar qahramoni atamasidan farqlay oladi.
8.3.2. Shoir lirik qahramon bo’lish bo’lmasligini ajrata biladi.
8.3.3. Lirik qahramonning ko’rinishlarini sanaydi.

8-3-asosiy savolning bayoni:


50-yilar she’r ilmida lirik qahramon masalasi ilmiy bahsning boisi bo’ldi. Bir guruh olimlar – lirik qahramon shoirning o’zi deyishsa - ikkinchi guruh olimlar esa lirikada qahramon «u», «men», «sen», «biz», «siz» shaklida ham ifodalanishini qayd qildilar. Ayrim lirik asarlarda shaxs va shaxslarning umumlashgan obrazi ham o’rin oladi. Bu lirik personaj deyiladi. Shoirning «meni» tufayli muallif shaxsini lirik qahramon deyish ham unchalik to’g’ri emas. Shu bilan birga «men»da shoir shaxsi ham yotishini unutmaslik ham kerak. To’g’ri, lirik qahramon shoir tasavvur va kechinmasi orqali yaratiladi. Buyuk Belinskiy ta’biri bilan aytganda, lirika «sub’ekt» (shoir shaxsi) orqali o’tadi. Aslida lirik qahramon bir oniy his-tuyg’uning lirik badiiy ifodasi sifatida namoyon bo’ladi.
Lirik qahramon surat va siyratini kashf qilishda poetik tafsil, timsol va obraz bosh tayanchdir.
Muhokama uchun savollar:
8.3.1. Lirik qahramon borasidagi bahs haqida tushuncha bering?
8.3.2. Lirik qahramon shakllarini sanang?
8.3.3. Lirik «men»ni tushuntiring?
Mavzu bo’yicha echimini kutayotgan muammo:
G’azaldagi lirik qahramon masalasi hali o’zining to’liq echimini topishi zarur.
8-amaliy mashg’ulot: Nazmiy asar tahlili mezonlari
Darsning maqsadi: Talalabalarda nazmiy asar tahlili mezonlari haqida bilim va malakasini shakllantirish.
Identiv o’quv maqsadlari:
8.3.1. Nazmiy asar tahlili mezonlarini tasniflaydi.
8.3.2.Nazmiy asar mavzusi, falsafiy g’oyasi, zamonaviyligini Boburning «Qoldimu?» g’azali misolida tahlil qiladi.
8.3.3. Lirik qahramon masalasini to’g’ri va to’liq payqay oladi.

Ishni bajarish tartibi:


1. Nazmiy asar tahlili ko’rinishlarini tasniflash.
2. Tahlilning ilmiy va ta’limiy turlarini misollar vositasida sharhlash (misol erkin tanlanadi).

  1. Nazmiy asar tahlili mezonlarini tasniflash.

4.Boburning «Qoldimu?» va Navoiyning «Soqiyo, men yutmag’on xunobu hijron qoldimu» g’azali tatabbu’ jihatidan qiyoslanadi.

  1. She’rining an’anaviy, nuktadonlik va zamonaviylik xususiyatlari tahlil qilinadi.

  2. Lirik qahramon masalasi Bobur g’azallarining biri misolida o’rganiladi.

Mustaqil ish topshiriqlari:


8.1-topshiriq: Boburning «Qoldimu?» g’azalining mavzusi, falsafiy asosi, poetik timsollarini mahorat nuqtai nazaridan tahlil qilish.
8.2-topshiriq: «Qoldimu?» g’azalidagi an’anaviy va nuktasanj poetik obrazlarni g’oyaviy – estetik yo’sinda o’rganish.

Asosiy adabiyotlar: 12,18.


2-modul bo’yicha yakuniy mashg’ulot:



  1. Balog’at (so’z)-she’rning asosi. She’rda so’z betaraf va ko’chma ma’noda qo’llaniladi. So’z quyidagi tarzda ko’chma ma’noga aylanadi: KqDQS. She’rda so’zning poetik ma’nosi kuchayib borib, maxsus nazmiy turg’un ifodalarning hosil bo’lishiga bois bo’ladi: qaro qoshing, junun vodiysi, ishq hajri, sevgi otashi va h.o.

  2. She’rda maxsus uslubiy vositalar shakllanadi. Ular turg’unlashadi. Jumladan, sodda ko’chimlar-o’xshatish, sifatlash. Murakkab ko’chimlar – istiora, tashxis (jonlantirish), metonimiya, sinekdoxa ramz, tanosib, kinoya va h.o.

  3. Fasohat – gap qurilishi she’rda maxsus o’rin tutadi. Poetik sintaksis- misrada gap bo’laklarining o’rin almashib kelishi. Uning inversiya turi eng ko’p uchraydi.

Gap urg’usi ritorik so’roq-istifhom san’atini yuzaga keltiradi. Istifhomdan esa savolu javob san’ati paydo bo’lgan.
Nazmiy nutqda bog’lovchilarning ishtirok etish va etmasligi ham she’r san’atini hosil qiladi. Jumladan, iltifot.
Jim qolish, ellpsis, amr va nahiy kabi san’atlar esa misra tarkibida so’zlarning tushib qolishi yoki buyruq va man’ etish ma’nolarini ifodalash sirasidan kelib chiqqan. Fasohatga oid san’atlar she’r ifodaliligi, jarangdorligi va obrazliligi uchun xizmat qiladi.

  1. She’r poetikasi maxsus mezonlar asosida tahlil qilinadi. Uning ommaviy, qomusiy, ilmiy va ta’limiy tahlil ko’rinishlari mavjud. She’r poetikasi quyidagi mezonlar asosida tahlil qilinadi: she’r mavzusi, g’oyaviy yo’nalishi, falsafiy asoslari, lirik qahramoni, an’ana va nuktadonligi, badiiy xususiyatlari, zamonaviyligi, umuman, she’riyat taraqqiyotidagi o’rni va h.o.

2-modul bo’yicha nazorat savollari:
5-mavzu bo’yicha:

  1. She’r- so’z sultoni (Abay) iborasini qanday tushundingiz?

  2. She’rda jonli so’zlashuv (xalq) tilining qo’llanilishiga misollar keltiring?

  3. Sheva, jargonga misollar tanlang?

  4. Argotik va arxaik so’zlarga misollar bering?

  5. She’rda so’zning betaraf va ko’chma ma’nolarda qo’llanilishini tushuntiring?

  6. «Yuz» so’zining poetik ma’nolarini izohlang?

  7. «Gul» so’zining ko’chma ma’nosini aniqlang?

  8. So’zning atamalik ma’nosi bilan poetik ma’nosini farqlang?

  9. «Balog’at» atamasini qanday tushundingiz?

  10. So’zning o’z va poetik ma’nosiga mustaqil misol tanlang?

6-mavzu bo’yicha:



  1. Tasviriy – uslubiy vositalarni tasniflang?

  2. Ko’chimning asosiy hususiyatlarini sanang?

  3. Ko’chim mantiqga asoslanishini misollar orqali izohlang?

  4. Uslubiy vositalarning vazifasini ayting?

  5. Sodda ko’chimlarni tasniflang?

  6. O’xshatish turlari va unusurlarini izohlang?

  7. Murakkab ko’chimlarni tasniflang?

  8. Metonimiya va sinekdoxani misollar vositasida tushuntiring?

  9. «Tilla baliqcha» she’ridagi ramzlarning badiiyatini izohlang?

  10. Kinoya turlarini sanang va misollar keltiring?

7-mavzu bo’yicha:





  1. Fasohat va poetik sintaksis istilohlarini izohlang?

  2. Fasohatning vazifasini aniqlang?

  3. Fasohatga oid tasvir vositalari qanday badiiy «yuk» tashiydi?

  4. Inversiyaga ta’rif bering va unga misollar keltiring? Zamon va omon so’zlari vositasida bayt yozing, unda inversiya qatnashsin?

  5. Gap ohangi (urg’u)ga ko’ra qanday badiiy san’atlar yuzaga kelgan, sanab ko’rsating?

  6. Iltifot san’atining matndagi mavqeini tushuntiring?

  7. Ellipsis va uning turlariga misol keltiring?

  8. Amr va nahiyga misollar ayting?

  9. Taajjub va nidoni misollar orqali izohlang?

  10. Oybekning «Na’matak» she’ridagi inversiyalarni daftaringizga ko’chirib yozing?

8-mavzu bo’yicha:



  1. She’r tahlili turlarini sanab bering?

  2. Ilmiy tahlilga misollar keltiring?

  3. Ta’limiy tahlilni misollar orqali izohlang?

  4. Ommaviy tahlil haqida tushuncha bering?

  5. «Qoldimu» (Bobur) g’azali misolida she’r tahlili mezonlarini tushuntiring?

  6. «Qoldimu» g’azalining falsafiy asosini sharhlang?

  7. «Qoldimu» g’azalidagi poetik timsol va poetik tafsilning lirik qahramon qiyofasini ochishdagi mavqeini aniqlang?

  8. Mazkur g’azaldagi an’ana va nuktadonlikni izohlang?

  9. Lirik qahramon shakllari borasida tushuncha bering?

  10. G’.G’ulomning «Sen etim emassan» she’rini ta’limiy tahlil qiling?

3-MODUL:
9-mavzu: She’r badiiyati


Asosiy savollar:

    1. Poetik timsol va so’z san’atikorligi.

    2. She’r timsoli va ritm uyg’unligi.

    3. Nazmiy tafsil va poetik ohang.

Tayanch tushuncha va iboralar:
Poetik obraz, nazmiy timsol, timsol va so’z san’atkorligi, timsol va ritm, tafsil va poetik ohang uyg’unligi.
Mavzuga oid muammolar:

    1. Poetik timsol bilan poetik obrazning mushtarak va nomushtarak tamonlarini qanday tushundingiz?

    2. Poetik timsol bilan poetik tafsilning ifodalilikdagi xizmati haqida sizning fikringiz?

Identiv o’quv maqsadlari:
9.1. Poetik timsolning so’z san’ati bilan bog’liqligini idrok etadi.
9.2. Poetik timsol she’r ritmi bilan uyg’un bo’lishi haqida tushuncha hosil qiladi.
9.3. Poetik tafsil she’r mantiqi va ohangi bilan mos bo’lishini tasavvurlaydi.
9.1-asosiy savol bo’yicha darsning maqsadi:
Talabalarga poetik timsol va tafsillarning poetik mahoratdagi o’rni haqida tushuncha berish.
9.1-asosiy savolning bayoni:
Bu mavzuda poetik asardagi nazmiy obraz, timsol, tafsil va nihoyat so’z san’atkorligi haqida fikr ketadi. Bir obraz tahlilga tortilsa, uning tarixi, badiiy «yuki», an’ana va nuktasanjlik masalalari o’rganiladi. She’r poetikasining bevosita vazifalaridan biri ham shu.
Ogahiyning «Ustina» g’azali uslubiy yo’nalishining xalqchilligi hamda so’z san’atlariga boyligi bilan ajralib turadi.
Jallod tuklar ko’z ustida hay’atlangan. Boz ustiga yor qoshi sodning quyidagi nunga qiyos qilingan. Voqean ham sod harfining boshlanish qismi ko’zni, nun qismi esa qoshni eslatadi. Yana bir qiyos. Yor qomati shamshod ustiga gulni payvand qilib qo’ygandek. Zotan, yuz go’zalligi gulga, qomat tikligi shamshodga o’ta monand. Shu tartibda qolgan baytlar ham tahlil qilinadi.
Poetik asarni tasavvufiy jihatdan tahlil qilish kundan-kun dolzarblashmoqda. Bu ham poetika sirasidan mustahkam o’rin olmoqda.
She’riy asarni tahlil qilganda xalq maqol, ibora va kinoyalarini ham nazardan qochirmaslik lozim.
Hozirgi zamon she’rlari tahlil qilinganda undan mumtozlardan va xalq og’zaki ijodidan foydalanish kabi masalalar dastlabki rejada o’rganilishi shart. Abdulla Oripovning «Birinchi muhabbatim » she’rida «dunyo anglab bo’lmas sir», «tuynuksiz qasr» singari mumtoz poetik timsollar ayni vaqtda ritmik zarb vazifasini ham o’tab, she’r ohangini jarangdor qilgan.
Muhokama uchun savollar:
9.1. She’rning sof poetikasini qanday tushundingiz?
9.2. Ogahiyning «Ustina» g’azali timsollarini badiiy tahlil qiling?
9.3. Zamonaviy she’rlarda mumtoziylik deganda nima nazarda tutiladi?
9.2- asosiy savol bo’yicha darsning maqsadi:
Talabalarga she’riy timsol va ritmning mosligini anglatish.
Identiv o’quv maqsadlari:
9.2.1. Timsol ritmik zarbga mos bo’lishini anglab etadi.
9.2.2. Timsol ritmik ohangga uyg’un bo’lishini idrok etadi.
9.2-asosiy savolning bayoni:
She’rda timsol ritm va ritmik zarbga uyg’un bo’lishi kerak. Ritmik zarb timsolning qirralarini oydinlashtiradi.
Dunyo degan shundayin anglab bo’lmas sir ekan,
Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan.
Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan.
Misoldagi dunyo va tuynuksiz qasr timsoldir. Sir ekan, qasr ekan, asir ekan qofiya va radif bo’lish bilan birga ritmik zarb hamdir.
Birinchi muhabbatini yo’qotgan va chuqur hasratu nadomatga cho’mgan lirik qahramon tuyg’usi «dunyo anglab bo’lmas sir», «tuynuksiz qasr» singari poetik timsollar uyg’unligida aks etgan. Ayniqsa ritmik zarblar lirik qahramonning armon va hasratli tuyg’usini yanada botiq ta’kidlash uchun xizmat qilgan. She’rda mumtoz timsollar (dunyo sir ekan, tuynuksiz qasr ekan) bilan ritmik ohangning muvozanati saqlangan. Natijada teran fikr she’riy kuychanlikda o’z ifodasini topgan.
Muhokama uchun savollar:
9.2.1. Ritmik zarbning she’riy timsolni oydinlashtirishda qanday xizmati bor?
9.2.2. Lirik qahramonning surat va siyratini ochishda timsolning rolini tushuntiring?
9.2.3. Timsol va ritmik zarbning she’r ritmidagi mavqeini «Birinchi muhabbatim» she’ri misolida aniqlang?
9.3- asosiy savol bo’yicha darsning maqsadi:
Talabalarga poetik tafsil va uning she’r ritmi bilan uyg’unligini singdirish.
Identiv o’quv maqsadlari:
9.3.1. Poetik tafsilni idrok etadi.
9.3.2. Poetik tafsil bilan ritmning uyg’unligi haqida tushuncha hosil qiladi.
9.3-asosiy savolning bayoni:
She’rda timsol-poetik obrazga tayanch va ustun. Tafsil - timsolga tagzamin.
Tafsil – timsolga, timsol esa poetik obrazga tirgak. Har ikkisi birikib poetik obrazning muayyan qirrasini oydinlashtiradi.
G’olib bahodirning nayzasi misol,
Mayus egiladi terak uchlari.
-----------------------------------------
Nima ham qilardim, ne ilojim bor,
Bahor kunlarida kuzning havosi.
Abdulla Oripovning baytidagi «bahodirning nayzasi», «terak uchlari» kabilar poetik tafsildir. Ayni paytda mazkur tafsillar timsolilik vazifasini ham o’tamoqda. Tafsilu timsol lirik qahramonning «bahor kunlarida kuzning havosi» degan fikrini izohlab kelmoqda. Lirik qahramon o’z davri davronidan koyish topgan. Tafsil va timsol ana shu koyingan ruhning ifodasiga xizmat qilgan. She’r ritmi – sokin va xazin. Shu nuqtada ritm va tafsil uyg’unlashgan.
Muhokama uchun savollar:
9.3.1. Poetik tafsilga aniqlama bering va misol keltiring?
9.3.2. Poetik tafsil va ritmning uyg’unligini tushuntiring?
9.3.3. Tafsil bilan timsolning poetik obrazga munosabatini aniqlang?
9-amaliy mashg’ulot: She’r tahlili poetikasi
Darsning maqsadi: Nazmiy timsol va tafsilning poetik obrazdagi xizmatini talabalarga singdirish.
Identiv o’quv maqsadlari:
9.1. Poetik timsolni misollar vositasida idrok etadi.
9.2. Poetik timsol va tafsilning she’r ritmiga mosligini Abdulla Oripovning «Birinchi muhabbatim» she’ri misolida tushuna oladi.
9.3. Nazmiy tafsilning she’r ohangiga uyg’unligini misollar vositasida anglaydi.
Ishni bajarish tartibi:

  1. Timsol – misol vositasida mustahkamlanadi.

  2. Timsol va tafsilning mushtarak va nomushtarak tomonlari aniqlanadi.

  3. Timsol va tafsillarning mutanosibligi A.Oripovning «Birinchi muhabbatim» she’ri misolida o’rganiladi.

  4. Timsol va tafsilning ritmga uyg’unligini A.Oripovning «Bahor kunlarida kuzning havosi» she’ri misolida kuzatiladi.

Mustaqil ish topshiriqlari:
9.1-topshiriq:
Qayu til birla, ey jono, sening vasling bayon aylay,
Tilim lolu ko’zim giryon, so’ngaklarni chunon o’rtar
baytini tasavvufiy jihatdan tahlil qiling.
9.2-topshiriq:
Vah muhabbat kuyida qon yig’ladim,
Etti iqlim g’arq bo’ldi yoshima
baytidagi she’r san’atlarini aniqlang.
Asosiy adabiyotlar: 12,16,18,27.



Download 1.31 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   28




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling